Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Sharq taronalari” oʻn uchinchi xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimidagi nutqi

0
28
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar!

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Bugungi shukuhli oqshomda sizlar bilan serquyosh Oʻzbekistonda, Vatanimizning bebaho gavhari boʻlmish azim Samarqand shahrida koʻrishib turganimdan baxtiyorman.

Avvalambor, YUNYeSKO shafeligida oʻtkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga tashrif buyurgan siz, muhtaram sanʼat namoyandalariga, nufuzli faxriy mehmonlarimizga, xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillariga, ommaviy axborot vositalari xodimlariga chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Barchangizga samimiy hurmat-ehtiromimni bildirib, butun Oʻzbekiston xalqining salomi va ezgu tilaklarini yetkazishga ijozat bergaysiz.

Muhtaram festival ishtirokchilari!

Pandemiya tufayli yuzaga kelgan besh yillik tanaffusdan soʻng oʻtayotgan “Sharq taronalari” festivalini sanʼatkorlar ham, muxlislar ham birdek sogʻingan, desam, haqiqatni aytgan boʻlaman. Shu bois, bugungi sanʼat bayrami barchamizni yangicha ruh va shukuh bilan oʻziga chorlamoqda.

Mamlakatimizda oʻn uchinchi bor oʻtkazilayotgan ushbu anjuman garchi “Sharq taronalari” deb atalsa-da, bugungi kunda u mohiyat eʼtiboriga koʻra, “Jahon taronalari” festivaliga aylanganiga barchamiz guvohmiz.

Bu haqiqatni birinchi festivalda 31 ta mamlakat vakillari qatnashgan boʻlsa, bu yil barcha qitʼalardagi 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod sanʼatkor va olimlar ishtirok etayotgani ham tasdiqlaydi.

Oʻtgan davr mobaynida Samarqandning yulduzli osmoni ostida qanchadan-qancha sehrli navolar, hayotbaxsh ohanglar yangradi. Koʻhna Sharq bagʻrida tugʻilgan musiqiy qadriyatlar anjumanimiz tufayli xalqaro miqyosda keng eʼtibor va eʼtirof qozondi. Festival oʻnlab mahoratli xonanda va sozandalarni, isteʼdodli yoshlarni kashf etdi, ularning parvoziga qanot, ijodiga kuch va ilhom bagʻishladi.

Qadrli doʻstlar!

Dunyodagi jamiki xalqlar qatori oʻzbek eli ham tinchlik va osoyishtalikni yuksak qadrlaydigan, oqkoʻngil va bagʻrikeng xalqdir. Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining tub mohiyatini ham turli davlatlar bilan tinchlik va hamkorlik, doʻstona munosabatlarni rivojlantirish tamoyili tashkil etadi.

Shu maʼnoda, yurtimizda “Sharq taronalari” anjumani bilan birga, xalqaro maqom sanʼati, baxshichilik sanʼati, hunarmandchilik festivallari, folklor va raqs sanʼati boʻyicha “Buyuk ipak yoʻli”, “Lazgi” xalqaro festivallari, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Ular, taʼbir joiz boʻlsa, Oʻzbekistonning jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan ezgu daʼvatidir.

Bunday chorlov hozirgi vaqtda gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Chunki bugun koʻz oʻngimizda dunyoning butunlay yangi, beqaror, xavotirli geosiyosiy va geoiqtisodiy arxitekturasi shakllanmoqda. Turli mamlakatlar oʻrtasida nizo va adovatlar, qarama-qarshilik, ishonchsizlik muhiti kuchaymoqda. Jamiyatlar ichida maʼnaviy tanazzul ildiz otmoqda. Notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul boʻlib bormoqda.

Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl sanʼat, musiqa va adabiyot xaloskor kuch boʻlib maydonga chiqishi zarur.

Bugun biz tanlagan yoʻl kelajagimiz va taqdirimizni belgilaydi. Bu koʻhna dunyo tinchlik va doʻstlik bilan yashnaydi, yasharadi. Insonlar, xalqlar va davlatlar oʻrtasidagi hamjihatlikni esa, birinchi navbatda, sizlar kabi ezgu niyatli ijodkorlar, sizlarning hamfikr va birdamligingiz, adabiy-madaniy hamkorlik mustahkamlaydi.

Aziz doʻstlar!

Mana shu muhtasham maydonda magʻrur hilpirab turgan bayroqlarga qarang! Qaysi mamlakat, qaysi xalq timsollarini koʻrmaysiz bu yerda! Ular ifoda etadigan ranglar jilosi va garmoniyasi, festivalda yangraydigan kuy va qoʻshiqlar barchamizning koʻnglimizdagi olijanob orzu-intilishlar bilan uygʻun va hamohangdir. Shu holatning oʻzi ham insoniyatning asli va nasli bir ekanidan dalolat bermaydimi?

Mana shunday ezgu va ulugʻ maqsadlarni oʻz hayotining mazmuni deb bilgan siz, azizlarni – yetti iqlimdan kelgan tinchlik va doʻstlik elchilarini bugun mehmondoʻst va maʼrifatli Samarqand ahli, butun Oʻzbekiston xalqi bagʻrini ochib qarshi olmoqda.

Bizning xalqimiz azal-azaldan sanʼatga mehr va ixlos qoʻyib yashaydi, musiqani inson ruhining ilohiy quvvati deb biladi. Buyuk Sharq mutafakkirlari musiqa ilmi va tarixi, maqom sanʼati, cholgʻu sozlari haqida ajoyib asarlar yaratganlar. Biz barchamiz mana shunday oʻlmas madaniy merosning vorislarimiz. Binobarin, bu ulkan merosni birgalikda oʻrganish va keng targʻib etish, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish oldimizda turgan eng muhim vazifadir.

Shu maʼnoda, betakror Samarqand zaminida dunyoning taniqli ilm-fan va madaniyat arboblari ishtirokida mamlakatimizning madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha kuni kecha oʻtkazilgan navbatdagi xalqaro ilmiy kongress muhim amaliy qadam boʻldi.

Ushbu anjumanda mamlakatimiz madaniy-gumanitar hayotida oʻziga xos megaloyiha boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yangi gʻoya va tashabbuslar, qimmatli taklif va tavsiyalar bildirilgani bizni albatta mamnun etadi.

Ayniqsa, muqaddas musulmon dinining gumanistik mohiyatini ochib berish, islom avvalo ezgulik, tinchlik, ilm-maʼrifat va madaniyat taʼlimoti ekanini yana bir bor taʼkidlash, islomofobiya koʻrinishlariga barham berishga qaratilgan saʼy-harakatlar nihoyatda dolzarbdir.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan, Oʻzbekistonning chinakam doʻstlari boʻlgan ushbu kongressning hurmatli aʼzolariga jonajon Vatanimiz, xalqimizga koʻrsatayotgan yuksak hurmat va eʼtiborlari uchun chin qalbdan minnatdorlik bildiramiz.

Qadrli doʻstlar!

Bugungi kunda “Sharq taronalari” festivalining tarixi va anʼanalarini, Sharqning boy va rang-barang musiqiy madaniyatiga doir maʼlumotlarni oʻzida mujassam etadigan alohida ensiklopediya va uning virtual shakli – koʻp tarmoqli axborot platformasini yaratishning vaqti keldi, deb hisoblayman.

Men ushbu qomusni tayyorlashda, jahonning turli muzey va kutubxonalari, arxiv va fondlarida tarqoq holda saqlanayotgan qimmatli maʼlumotlarni toʻplash, ularning yagona bazasini yaratish va kelajak avlodlarga yetkazishdek ezgu va xayrli ishda barchangiz faol ishtirok etasiz, deb ishonaman.

Shu bilan birga, yurtimizda shakllangan ijobiy tajribadan kelib chiqqan holda, ushbu anjumanimizning koʻlami va jozibasini yanada oshirish maqsadida “Sharq taronalari” festivalining xalqaro Doʻstlar klubini tashkil etishni taklif qilaman.

Maʼlumki, har bir festival davomida yangi-yangi musiqiy asarlar yaratiladi, muxlislar qalbidan joy oladigan dilbar kuy-qoʻshiqlar ijro etiladi. Afsuski, mana shunday noyob taronalar koʻpincha faqat bir anjuman doirasida yangraydi, xalqaro miqyosda keng targʻib qilinmaydi. Shu bois, festivalimizning barcha gʻolib va sovrindorlari ishtirokida dunyo mamlakatlarining nufuzli sahnalarida katta-katta konsert dasturlarini namoyish etish taklifini bildirsam, oʻylaymanki, sizlar ham bu fikrni qoʻllab-quvvatlaysizlar.

Muhtaram anjuman qatnashchilari!

“Sharq taronalari” festivali betakror Registon maydonida, “Yer yuzining sayqali” deb nom qozongan, asrlar boʻyi oʻz tarovati va jahonshumul shuhratini saqlab kelayotgan afsonaviy Samarqand shahrida oʻtkazilishi albatta bejiz emas.

Bundan ming yil avval Sharqning mashhur shoiri Abul-Fath al-Bustiy “Bu dunyo jannatining nomi erur Samarqand”, deb yozgan edi. Bu haqqoniy baho nafaqat tarixiy, balki zamonaviy Samarqand uchun ham  bagʻoyat mos va munosibdir.

Oʻtmishda qanchadan-qancha karvon yoʻllari oʻtgan, qanday buyuk tarix va madaniyat yaratgan, shaharlar sarvari Samarqand bugun yana navqiron qiyofa kasb etib, dunyo hamjamiyatiga tinchlik salomini yoʻllab turibdi.

Festival sharofati bilan xorijdan kelgan mehmonlarimiz Samarqandni yana bir bor oʻzlari uchun kashf etar ekanlar, ne-ne shoirlar, ne-ne hofizlar kuylagan bu muazzam shaharning bugungi jamoli, ochiqkoʻngil va saxovatli xalqimizning ezgu fazilatlari ularni albatta oʻziga maftun etadi, deb ishonamiz.

Fursatdan foydalanib, anjuman doirasida oʻtkaziladigan “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uygʻunlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.

Bugungi sanʼat bayramini yuqori saviyada tashkil etishga hissa qoʻshgan, oʻz kasbining ustasi va fidoyisi boʻlgan barcha insonlarga, mehnatkash va olijanob, mehridaryo Samarqand ahliga chin yurakdan tashakkur bildiraman.

Dillarni dillarga, ellarni ellarga bogʻlaydigan “Sharq taronalari” olam uzra hamisha baralla yangrasin!

Festivalning barcha ishtirokchilariga omad va yutuqlar yor boʻlsin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.