Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “ShHT plyus” formatidagi uchrashuvdagi nutqi

0
49
marta koʻrilgan.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga Ostonadagi samimiy qabul va sammitni ajoyib tarzda tashkil etgani uchun yana bir bor minnatdorlik izhor etmoqchiman.

Qozogʻistonning Tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishni taʼminlagan ShHTdagi samarali raisligini yuksak qadrlaymiz.

Uchrashuvimizda kuzatuvchi davlatlar, muloqot boʻyicha sherik mamlakatlar rahbarlari va faxriy mehmonlarni koʻrib turganimdan xursandman.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Keng formatdagi “ShHT plyus” majlisini ayni vaqtida va bugungi zamonning talabi bilan oʻtkazilayotgan tadbir, deb hisoblayman. Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham koʻproq ehtiyoj sezmoqda.

Global siyosiy va iqtisodiy “parchalanishlar”, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelmoqda. Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab boʻlmoqda. Mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida toʻsqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda.

Ushbu muammolarni hal qilishning yagona yoʻli – umumiy xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlik uchun saʼy-harakatlarimizni birlashtirishdir.

ShHT har doim xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roliga tayanadigan koʻp tomonlamalik asosidagi adolatli dunyo tartiboti tarafdori boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda. Shu maʼnoda, Tashkilotimiz soxta siyosiy va mafkuraviy qarashlardan xoli boʻlgan keng koʻlamli hamkorlikni oʻrnatishga intilayotgan koʻplab mamlakatlarni oʻziga tortadigan markaz boʻlib qolmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda yuzaga kelgan voqelik Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati samarasini oshirishda yangi strategik yondashuvlarni talab etmoqda. Va bugungi kunda oʻzining 25 yilligi arafasida turgan ShHT uchun uning ulkan salohiyati hamda jahon siyosati va iqtisodiyotidagi ortib borayotgan roliga mos keladigan yangi maqsad va vazifalarni ishlab chiqish vaqti keldi.

“Shanxay ruhi” va Xartiyaning asosiy tamoyillariga tayanib, Tashkilot ichida birdamlik va jipslikni saqlash lozim. ShHT doirasida ishonch va doʻstlik muhitini mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirishni, hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishni taklif qilaman.

Avvalo, xavfsizlikni taʼminlash masalalarida ShHT faoliyatining konseptual asoslariga yangi nigoh bilan qarashimiz zarur.

Tashkilot taʼsis etilgan davrdan buyon zamonaviy tahdidlarning tabiati va miqyosi sezilarli darajada oʻzgardi. Ekologik va tabiiy ofatlar, suv resurslari va oziq-ovqat taqchilligi, kiberhujumlar, suverenitet va iqtisodiy barqarorlikka putur yetkazishning yangi uslublari kuchayib borayotgan tahdidlardir.

ShHT salohiyatini mustahkamlash masalalarini koʻrib chiqishda, jumladan, Xavfsizlikka xatar va tahdidlarga qarshi kurash boʻyicha universal markazni tashkil etishda, bularning barchasini inobatga olish zarur. Bu borada mamlakatlarimiz vakolatli organlari rahbarlari va ekspertlari ishtirokida har yili “Xavfsizlik masalalari boʻyicha ShHT plyus muloqoti”ni oʻtkazishni taklif etaman.

Oʻzbekiston ShHT makonida hamon tarqoq holda boʻlib kelayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil “qayta ishga tushirish”ni taklif qiladi. Biz haliga qadar koʻp tomonlama savdo va tarmoqlararo sheriklikning mustahkam asoslarini yarata olmadik. Ancha vaqtdan buyon ShHT Jamgʻarmasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasi boʻyicha konsensusga erishilmadi.

Biz bugun sammitda savdo jarayonlarini soddalashtirish va elektron savdoni rivojlantirish, texnologik kooperatsiyani, shu jumladan, kelajak sanoat tarmoqlarini ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishga kelishib oldik.

Barcha sheriklarni jalb qilgan holda biznes-muloqot uchun samarali platformani yaratish maqsadida mamlakatlarimizda har yili “ShHT EKSPO” xalqaro sanoat koʻrgazmasini oʻtkazishni taklif etamiz.

Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, ASEAN va boshqa tashkilotlar bilan iqtisodiy munosabatlarni faol ilgari surish va oʻzaro bogʻliq qoʻshma tashabbuslarni roʻyobga chiqarish imkoniyatlarini izlash muhimdir.

Bugungi yangi geosiyosiy voqelik sharoitida mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash uchun inklyuziv va integratsiyalashgan transport-tranzit tizimlarini shakllantirish zarurligiga ishonch hosil qilmoqdamiz.

Iqlim oʻzgarishi va ekologik fojialar kabi global muammolar Tashkilotimiz eʼtiboridan chetda qolib ketishi mumkin emas. Mamlakatlarimiz tabiiy ofatlar, tuproq degradatsiyasi, qishloq xoʻjaligida hosildorlik pasayishi, havoning ifloslanishi, suv yetishmasligi kabi muammolar bilan tez-tez toʻqnash kelmoqda.

Iqlim muammolari boʻyicha hamkorlik ShHT yangi kun tartibining muhim qismi boʻlishi lozim, deb hisoblayman.

“Yashil” taraqqiyot sohasida umumiy maqsad va vazifalarga erishish borasida aniq chora-tadbirlar belgilangan Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishda hamkorlik boʻyicha bitim ishlab chiqish tarafdorimiz.

Toshkent shahrida ShHTning Iqlim muammolari boʻyicha innovatsion yechimlar markazini tashkil etishni taklif qilamiz. Markaz ekologik barqarorlik, “yashil” oʻsish sohalarida tadqiqotlar olib boradi.

Aholining hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy himoya masalalari Tashkilot kun tartibida markaziy oʻrinni egallashi lozim. Kelgusi yili Samarqand shahrida Kelajak sammiti maqsadlariga erishishga munosib hissa qoʻshish uchun BMT shafeʼligida barqaror ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha global konferensiya oʻtkazishni rejalashtirganmiz.

Biz sivilizatsiyalararo muloqotning noyob modelini ilgari surishimiz va birgalikda mustahkamlashimiz zarur. Boy madaniy-tarixiy va maʼnaviy meros, anʼana, urf-odatlar va xalqlarimizning turmush tarzi – bu oʻzaro ishonch koʻprigini, yaxshi qoʻshnichilik va yaqin doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan qudratli va hayotbaxsh kuchdir.

Aynan ana shu ezgu gʻoya yaqinda bizning umumiy tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasida muloqot kuni” rezolyusiyasida oʻz ifodasini topgan.

Bu borada biz ilgari surgan, konstruktiv muloqot va koʻp tomonlama sheriklik yoʻli bilan ishonch taqchilligining oldini olishga qaratilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida hamjihatlik boʻyicha Samarqand tashabbuslari har qachongidan ham dolzarb boʻlib qolmoqda.

Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi barqaror rivojlanish yoʻlidagi ziddiyatlarni yengib oʻtishda sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Aminmanki, biz birgalikda madaniyat, taʼlim, yoshlar va sayyohlik almashuvlar sohasidagi dasturlarni amalga oshirish orqali Tashkilotimizni yanada bunyodkor tuzilmaga aylantiramiz.

Shu maqsadda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalishlardagi loyihalarni tizimlashtirish va barcha manfaatdor tomonlarni jalb etgan holda birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladigan ShHT gumanitar tashabbus va dasturlari yagona bankini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Ushbu uchrashuvimiz yakunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi koʻp qirrali sherikligimiz rivojiga kuchli turtki berishiga ishonaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.