Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

0
52
marta koʻrilgan.

Hurmatli Qosim-Jomart Kemelovich!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalambor, siz, azizlar bilan yana diydor koʻrishib turganimdan gʻoyat mamnunman.

Bugungi sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevga chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Soʻzimni buyuk ajdodimiz – qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqonning quyidagi daʼvati bilan boshlamoqchiman: “Ey turkiy elim, oʻzligingga qayt, oʻzingni angla – yanada yuksalgaysan!”

Ushbu ibratli soʻzlar bugungi shiddatli zamonda – Turkiy davlatlar tashkiloti oʻz faoliyatini tobora takomillashtirib borayotgan bir davrda albatta chuqur maʼnoga ega. Tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bogʻlangan qardosh xalqlarimiz ovozi endilikda dunyo boʻylab yanada baland, yanada kuchliroq yangramoqda.

Fursatdan foydalanib, doʻst Qozogʻiston elini yaqinda keng nishonlangan mamlakat milliy bayrami – Respublika kuni munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Shuningdek, Turkiya Prezidenti, qardoshim Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylarini va butun turk xalqini Respublika eʼlon qilingan kunning qutlugʻ 100 yillik tantanalari bilan samimiy tabriklayman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Barchangiz yaxshi bilasiz, turkiy dunyoda doʻst Ozarbayjon xalqi oʻzining munosib oʻrni va katta obroʻ-eʼtiboriga ega. Soʻnggi yillarda Ozarbayjon xalqi qadrli birodarim Ilhom Haydarovich yetakchiligida olamshumul yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

Tarixiy adolat qaror topib, mamlakatning ajralmas qismi boʻlgan Qorabogʻ hududini bunyodkorlik makoniga aylantirish borasida ulkan natijalarga erishilmoqda.

Men avgust oyida Shusha va Fuzuliy shaharlarida boʻlib, keng koʻlamli oʻzgarishlarga, zamonaviy infratuzilma barpo etilayotgani, vayron boʻlgan madaniy meros obyektlari qayta tiklanayotganiga shaxsan guvoh boʻldim.

Ozarbayjon xalqini buyuk gʻalaba – mamlakat hududiy yaxlitligi toʻliq tiklangani bilan yana bir bor chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida oʻziga xos muhim oʻringa ega boʻlib bormoqda. 160 million aholini qamrab olgan Tashkilotimiz hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir.

Bizning mamlakatimiz Tashkilotning barcha aʼzolari bilan strategik sheriklik aloqalari oʻrnatganini katta mamnuniyat bilan aytib oʻtmoqchiman.

Oʻtgan yili “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida boʻlgan Samarqand sammitida imzolangan hujjatlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Oʻzbekiston raisligi davrida yuzdan ortiq turli tadbirlar oʻtkazildi, muhim tashabbuslar ilgari surildi. “Turkiy nigoh – 2040” konseptual dasturi asosida amaliy hamkorlikning yangi va yanada samarali mexanizmlari yaratildi. Jumladan, Turkiy davlatlar Kasaba uyushmalari tashkiloti, Fazo tadqiqotlari akademiyasi, Joʻgʻrofiy kengash, Qurgʻoqchilikni bartaraf etish instituti, Notarial idoralar uyushmasi kabi yangi tuzilmalar ish boshladi. Qator nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning turli ixtisoslashgan institutlari, Islom hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan yaqin sheriklik aloqalari oʻrnatildi.

Global iqtisodiy inqiroz kuchayib borayotganiga qaramasdan, olib borayotgan tizimli ishlarimiz natijasida oʻzaro savdo hajmi oʻsmoqda.

Oʻzbekistonning raisligi davrida bizga faol koʻmak koʻrsatgan barcha davlatlarga va Tashkilot Kotibiyatiga yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Barchamiz guvoh boʻlayapmiz, bugungi kunda jahon miqyosida ishonch inqirozi tobora avj olmoqda. Global xavfsizlikni taʼminlashda yangi muammolar yuzaga kelmoqda va xalqaro huquq meʼyorlaridan chekinish holatlari kuchaymoqda.

Ayniqsa, Yaqin Sharqda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan Falastin-Isroil muammosining nihoyatda xavfli tus olgani barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda. Qurolli toʻqnashuvda tinch aholi, ayniqsa, keksalar, ayollar va bolalar orasida qurbonlar va jarohat olganlar soni keskin ortib, nizoning keng yoyilib ketish xavfi kuchaymoqda.

Shu munosabat bilan tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarga barham berib, oʻt ochishni toʻxtatishga, gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga chaqiramiz.

Mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi – nizoni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishdir.

Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyusiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega. Biz Tashkilotimiz doirasida bu boradagi yakdil va qatʼiy pozitsiyamizni butun dunyoga eʼlon qilishimiz zarur.

Hurmatli sammit qatnashchilari!

“Turkiy davr” shiori ostida oʻtayotgan bugungi sammitimizda koʻp tomonlama va uzoq muddatli aloqalarimizni yanada kengaytirishga qaratilgan quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan, Tashkilot doirasida oʻzaro hurmat, ishonch va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash, birgalikda turli toʻsiqlarni samarali yengib oʻtish bosh maqsadimizdir.

Shu munosabat bilan Turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk oʻtmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan “Turkiy dunyo xartiyasi”ni ishlab chiqish zarur, deb hisoblayman. Ushbu oʻziga xos ramziy qomusni sohaning yetuk olimlari va ekspertlar ishtirokida tayyorlashni taklif qilaman.

Ikkinchidan, shu kunlarda Turkiy investitsiya fondi oʻz ishini boshlaydi. Davlatlarimiz oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida keyingi bosqichda Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini ham faollashtirishimiz kerak. Ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirishga tayyormiz.

Uchinchidan, Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish boʻyicha boshlangan amaliy ishlarni toʻliq maʼqullaymiz. Kelgusida Markaz imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, birgalikda savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini koʻpaytirish boʻyicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur.

Toʻrtinchidan, global logistika zanjirlari va transport yoʻlaklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmogʻini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga ega.

Yuk tashuvlariga oʻsib borayotgan talabni qondirish maqsadida Oʻrta koridor salohiyatini kengaytirish choralarini qoʻllab-quvvatlaymiz. Shuningdek, qoʻshimcha koʻptarmoqli yoʻnalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlarimiz orqali oʻtadigan koridorlarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish tarafdorimiz.

Davlatlarimiz Temir yoʻl idoralari kengashini taʼsis etishni va bu tuzilmaning direksiyasini yurtimizda joylashtirishni taklif etamiz.

Beshinchidan, ekologiya sohasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz.

Qadimdan ajdodlarimiz ona tabiat bilan uygʻun va hamohang boʻlib yashaganlar. Afsuski, bugungi kunda tabiatga nisbatan isteʼmolchilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Iqlim oʻzgarishlari tufayli yuzaga kelayotgan turli muammolardan butun insoniyat qattiq aziyat chekmoqda. Bunday holat barchamizdan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qilmoqda.

Vazirlar darajasida doimiy faoliyat koʻrsatadigan Turkiy ekologiya forumining tuzilishi bu yoʻlda muhim qadam boʻlishi shubhasiz. Bunday taʼsirchan mexanizm Tashkilotimiz faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan rejalarimizga mosdir.

Oltinchidan, turkiy sivilizatsiyani yuksaltirish gʻoyasi texnologik taraqqiyot va ilgʻor bilimlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bilan bevosita bogʻliqdir.

Ijodiy fikrlaydigan, isteʼdodli va shijoatli yoshlarimiz istiqbolda turkiy dunyoning yangi Renessansini barpo etishiga ishonchim komil. Bu yoʻlda ularga buyuk ajdodlarimiz yaratgan ilmiy kashfiyotlar va maʼnaviy meros mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi.

Taʼkidlash oʻrinliki, oʻtgan asrda yashagan jadid bobolarimizning ibratli faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini chuqur oʻrganish yuzasidan aʼzo mamlakatlarda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ishlarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida joriy yilning dekabr oyida yurtimizda boʻlib oʻtadigan “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusidagi xalqaro anjumanda vakillaringizni faol ishtirok etishga taklif etamiz.

Shu bilan birga, yangilikka intilib yashaydigan, tashabbuskor oʻgʻil-qizlarni ragʻbatlantirish uchun Oʻzbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Ming yillar davomida tarixi va taqdiri turkiy elatlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan koʻpmillatli Afgʻoniston zaminida tinchlik va osoyishtalik oʻrnatish mintaqamizda strategik barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashning asosiy shartidir. Biroq dunyoning boshqa nuqtalarida nizo va urushlar avj olayotgan hozirgi sharoitda ushbu muammo xalqaro hamjamiyat eʼtiboridan tobora chetda qolmoqda.

Afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatishni susaytirmaslik, bu yurtdagi oʻtkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz.

Bizga mintaqaviy sheriklik va barcha qoʻshnilari bilan iqtisodiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etadigan, tinch va barqaror Afgʻoniston kerak.

Biz ilgari surayotgan Transafgʻon temir yoʻlini barpo etish tashabbusi aynan mana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston afgʻon xalqiga bundan buyon ham zarur yordamni berib boradi. Termizdagi logistika xabi orqali gumanitar koʻmak koʻrsatishni, taʼlim markazida esa afgʻon fuqarolarini oʻqitishni faol davom ettiramiz.

Qadrli doʻstlar!

Fursatdan foydalanib, Davlat rahbarlari kengashida raislikni qabul qilib olayotgan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevga ulkan zafarlar tilayman.

Bugun qabul qilinayotgan muhim hujjatlar va qarorlar, jumladan, sammit deklaratsiyasi hamda Ostona akti mamlakatlarimizning yorqin turkiy kelajak sari navbatdagi dadil qadamlari boʻlishiga ishonaman.

Oʻz tarixi davomida koʻp-koʻp sinovlarni boshidan kechirgan va ularga birgalikda yechim topgan qardosh xalqlarimiz kelgusida ham buyuk ishlarni amalga oshirishi shubhasiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.