Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitidagi nutqi

0
158
marta koʻrilgan.

Hurmatli Ilhom Geydarovich!

Muhtaram davlat va hukumat rahbarlari!

Hurmatli Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Bosh direktori!

Qadrli doʻstlar!

Avvalambor, Turkiy Kengashning bugungi navbatdan tashqari sammitini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Janobi Oliylariga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Hozirgi vaqtda butun dunyoda katta tashvish va xavotir uygʻotayotgan koronavirus pandemiyasiga bagʻishlangan ushbu video muloqotimiz favqulodda muhim va dolzarb ahamiyatga ega.

Hurmatli hamkasblarim toʻgʻri taʼkidlab oʻtganlaridek, bu xatarli ofat, jahonning barcha mamlakatlari qatori, 160 milliondan ortiq aholiga ega boʻlgan davlatlarimizni ham chetlab oʻtmadi. Va afsuski, bu kasallik tobora tarqalib bormoqda.

Bu pandemiya, oʻzining koʻlami va miqyosiga koʻra, mislsiz global inqirozga, butun bashariyat taqdiri va jahon iqtisodiyoti uchun gʻoyat jiddiy sinovga aylandi.

Maʼlumki, turkiy xalqlarimiz oʻzlarining koʻp asrlik tarixida turli ogʻir sinovlar va murakkab damlarni boshidan kechirib, ularni hamjihatlik bilan mardonavor yengib oʻtishgan.

Mazkur sammitimiz hozirgi jiddiy va tahlikali vaziyatda umumiy yondashuvlarni belgilab olish va saʼy-harakatlarimizni uygʻunlashtirish, hamkorlikda dolzarb muammolarni tezkorlik bilan yechishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Buning asosiy yoʻnalishlari:

— pandemiyaning keng tarqalishining oldini olish, odamlarning sogʻligʻi va hayotini himoya qilish boʻyicha taʼsirchan hamda keng qamrovli chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

— ushbu xavf-xatarning davlatlarimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy taʼsirini kamaytirish;

— bu borada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iboratdir.

Aziz hamkasblar!

Oʻzbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Isroil va Germaniyaning yuqori malakali shifokorlari bilan muntazam tajriba almashib, ularning eng ilgʻor amaliyoti tele-meditsina orqali keng qoʻllanilmoqda.

Biz Oʻzbekistonda epidemiologik vaziyatni nazoratga olish maqsadida, xalqaro tajribadan kelib chiqib, barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.

Birinchidan, butun mamlakat miqyosida qatʼiy karantin tizimi joriy etildi.

Bu borada aholining masʼuliyatini oshirish maqsadida qisqa muddatda qonunchilikka tegishli oʻzgartirish kiritdik.

Ikkinchidan, koronavirusga qarshi kurashish uchun barcha viloyatlarimizda maxsus tibbiyot maskanlari va karantin hududlarini tashkil etdik.

Misol uchun, Toshkent viloyatida barcha shart-sharoitlarga ega boʻlgan maxsus karantin hududi ishga tushirildi. 20 ming oʻrinli bu kompleksning 10 ming kishiga moʻljallangan birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 10 ming oʻrinli zamonaviy modul kasalxona shu oyning oxiriga qadar qurib bitkaziladi. Ular zarur tibbiy uskuna va jihozlar bilan taʼminlanmoqda. Bu kasallikning oldini olish maqsadida ushbu tajriba boshqa hududlarda ham keng tatbiq etilmoqda.

Shu bilan birga, bu kurash maydonida birinchi zarbani oʻziga qabul qilayotgan, fidoyi va jonkuyar tibbiyot xodimlarini
har tomonlama ragʻbatlantirish, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash kafolatlari kuchaytirildi.

Uchinchidan, kasallikni erta jilovlash maqsadida aholi oʻrtasida ogohlantirish va keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Toʻrtinchidan, taʼlim tizimi uzluksizligini taʼminlash uchun bu sohadagi barcha muassasalar oʻz faoliyatini toʻliq
onlayn tarzda amalga oshirmoqda.

Beshinchidan, aholi oziq-ovqat, dori-darmon va zarur tibbiyot vositalari, boshqa hayotiy muhim ashyolar bilan muntazam taʼminlanmoqda.

Bu borada imkoniyatlari cheklangan, kam taʼminlangan va koʻmakka muhtoj aholi qatlamlariga begʻaraz manzilli yordam koʻrsatish tizimi shakllantirildi.

Mazkur jarayonda keng jamoatchilik, nodavlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari ham faol ishtirok etmoqda.

Oltinchidan, iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini toʻla qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi.

Shu maqsadda Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi tuzildi.

Biznes va tadbirkorlik subyektlariga bank kreditlari foizlarini hisoblashda “muzlatish tartibi” hamda “soliq taʼtillari” joriy etildi. Soliqlar va import bojlari kamaytirildi.

Keyingi masala – biz mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni chuqur monitoring va prognoz qilish boʻyicha milliy tizimni joriy etmoqdamiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Yuzaga kelgan qaltis vaziyat nafaqat milliy, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda zudlik bilan taʼsirchan
chora-tadbirlar koʻrishni talab etmoqda. Shularni inobatga olgan holda, ijozatingiz bilan, quyidagi takliflarni bildirmoqchiman:

Birinchi. Turkiy Kengash doirasida doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻshma epidemiologik kuzatuv tizimini shakllantirish zarur.

Ikkinchi. Davlatlarimizning sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida oʻta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, diagnostika, davolash, epidemiologik holatni oʻrganish va ilmiy izlanishlar boʻyicha maʼlumot va tajriba almashuvni keng yoʻlga qoʻyish lozim. Jumladan, hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda, yetakchi mutaxassislarimiz ishtirokida tez kunlarda birinchi
video-konferensiyani oʻtkazishni taklif etaman.

Uchinchi. Turkiy Kengash kotibiyatida pandemiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus muvofiqlashtiruvchi guruhni tuzish lozim.

Ushbu guruh davlatlarimizda faoliyat yuritayotgan milliy shtablar bilan yaqin amaliy aloqalar oʻrnatishi kerak.

Mamlakatlarimizda olib borilayotgan saʼy-harakatlarni tezkor yoritish, oʻzaro tajriba almashish va undan keng foydalanish uchun alohida maʼlumotlar bazasini yaratish ham maqsadga muvofiqdir.

Toʻrtinchi. Hozirgi gʻoyat murakkab sharoitda qardosh xalqlarimizni zarur oziq-ovqat va meva-sabzavot, dori-darmon, tibbiyot mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida yuk tashish va transport kommunikatsiyalaridan keng foydalanish, chegara punktlarida transport vositalarining oʻzaro harakatlanishiga amaliy yordam koʻrsatish zarur.

Transport va logistika sohalarida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish va samarali muvofiqlashtirish maqsadida transport vazirlarimizdan iborat Ishchi guruhini tashkil etish lozim.

Beshinchi. Koronavirus talofotlarini yumshatishda xalqaro tashkilotlar koʻmagi juda muhimdir.

Bu borada Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maqomi va vakolatlarini yanada oshirish, ushbu nufuzli tashkilot va Turkiy Kengash oʻrtasida sheriklik aloqalarini oʻrnatishni taklif etamiz.

Qadrli doʻstlar!

Hammamizga ayonki, biron-bir davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi.

Biz birdamlik, hamkorlik va oʻzaro gʻamxoʻrlik tamoyillari asosida ish tutishimiz lozim. Biz birgalikda koʻp narsaga qodirmiz.

Shu munosabat bilan video muloqotimiz natijalari boʻyicha yakuniy deklaratsiya qabul qilinishini qoʻllab-quvvatlayman.

Aziz hamkasblar!

Shunday murakkab vaziyatda masʼuliyatli faoliyatingizni ado etish uchun barchangizga Yaratgandan kuch-gʻayrat, mustahkam sihat-salomatlik, qardosh xalqlarimizga omonlik tilab qolaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.