Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi

0
39
marta koʻrilgan.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etayotgan siz, azizlarni chin qalbimdan samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.

Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardimki, yildan-yilga yaxshi anʼanaga aylanib borayotgan ushbu format doirasida yurtimizda dunyoning barcha qitʼalaridan yangidan-yangi ishonchli hamkorlarimiz jam boʻlmoqda.

Oʻtgan uch yil davomida mazkur forum ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilgʻor gʻoya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi. Bugungi tadbirimizga 93 ta davlatdan ikki yarim mingdan ortiq xorijiy mehmonlar kelgani ham forumning ahamiyati tobora ortib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Bu oʻz navbatida, mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga boʻlgan ulkan qiziqishdan dalolat beradi.

Hurmatli forum qatnashchilari!

Bugungi anjumanimiz global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yoʻlida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga toʻgʻri kelmoqda.

Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi – vaziyat naqadar beqaror va zaif ekanini yaqqol koʻrsatmoqda.

Jahon iqtisodiyotining oʻsish surʼatlari soʻnggi uch yil davomida pasaymoqda. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar bilan bogʻliq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti. 2023 yilda rivojlanayotgan davlatlarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 9 foizga kamaydi.

Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir oʻzgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi oʻtkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. Oʻzaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qoʻllab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni boʻlib qolaveradi.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Biz mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yoʻldagi toʻsiqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qatʼiy qadamlar tashladik. Aynan shu bois har bir sarmoyador oʻzini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirayapmiz.

Sizlar yaxshi bilasiz, bundan yetti yil muqaddam biz uchun oson boʻlmagan, lekin katta marralarni koʻzlagan tizimli islohotlarni boshlagan edik. Biz iqtisodiyotni erkinlashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni har tomonlama kengaytirishni asosiy maqsadimiz etib belgiladik.

Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar oʻsdi. Oʻtgan yil yakuni boʻyicha bu oʻsish 6 foizni tashkil qildi. Inflyasiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi koʻrsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʻlari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

Oʻtgan yilning oʻzida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar koʻpaydi. Shu oʻrinda energetika sohasida “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren”, “Voltalia”, “Ҫalɩk” va “Aksa”; kimyo sanoatida “Air Products”, “Indorama” va “Kamse”, togʻ-kon va metallurgiyada – “Orano” va “DANIELI”, avtomobilsozlik va elektrotexnika yoʻnalishlarida “BYD”, “Kia” va “Samsung”, qurilish sohasida “Koҫ” va “KNAUF” kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilgani va yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratilganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchiman.

Bugungi forum doirasida dunyoning ilgʻor kompaniyalari hisoblangan “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklarimiz ishtirokida yangi yirik loyihalarga start beramiz.

Fursatdan foydalanib, bu ishga oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan xorijiy investorlarga, barcha hamkorlarimizga oʻzimning chuqur va samimiy minnatdorligimni izhor etaman.

Biz tadbirkorlik va biznesni qoʻllab-quvvatlash maqsadida boshqa ustuvor yoʻnalishlarda qator aniq choralarni ishlab chiqqanmiz.

Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar boʻyicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi.

Yaqinda Xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunni qabul qildik. 250 ta yirik korxonaning davlat ulushini va salkam 1000 ta koʻchmas mulk obyektlarini sotish, 12 ta korxona aksiyalarini fond bozorlarida birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun yangi dastur ham ishga tushirildi.

Tadbirkorlar barqarorligi reytingi joriy etildi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlik subyektlari uchun soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi.

Energetika yoʻnalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etishni rejalashtirganmiz. Xususan, Xitoyning “Sitik” va “Kamse” kompaniyalari bilan irrigatsiya va avtomobil yoʻllari, Fransiyaning “Suez” va “Veolia” kompaniyalari bilan ichimlik suvi taʼminoti, “Inter Health” va “Pure Health” arab kompaniyalari bilan zamonaviy tibbiyot muassasalarini qurish loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Sanoat zonalari infratuzilmasini byudjet mablagʻlari hisobidan rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratmoqdamiz. Tadbirkorlarga yer ajratishning zamonaviy shaffof tamoyillari – yaʼni, auksion savdo tizimi yoʻlga qoʻyildi. Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish doirasida qonunchilikni uygʻunlashtirishga qaratilgan 60 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilib, 2030 yilgacha moʻljallangan Milliy strategiya ishlab chiqilmoqda. Oʻtgan yili Toshkentda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro tadbirlarni oʻtkazdik.

Nizolarni adolatli hal etish maqsadida Toshkent xalqaro arbitraj markazi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Uning tarkibida Amerika Qoʻshma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlardan 90 dan ortiq nufuzli hakamlar oʻrin olgan.

Investorlar uchun yana bir muhim koʻrsatkich. Oxirgi yetti yilda oliy taʼlim qamrovi 9 foizdan 42 foizga oshdi, oliy oʻquv yurtlari soni 200 tadan ortdi.

Oʻzbekistonda 90 dan ortiq davlatlarga vizasiz rejim joriy etildi.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Bizning asosiy maqsadimiz – Oʻzbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir.

Davlatimiz bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi taʼminlanishini oʻz zimmasiga olmoqda.

Biz bu tamoyillarni oʻtgan yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda qatʼiy muhrlab qoʻydik.

Sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida bugun sizlarga qator aniq takliflarni bildirmoqchiman.

Birinchidan, yangi tahrirdagi “Investitsiyalar toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilamiz. Ushbu hujjat Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga bu boradagi yaqin hamkorligi uchun alohida minnatdorlik izhor etmoqchiman.

Ikkinchidan, tez orada mamlakatimizda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi. Ushbu sud Oʻzbekiston sud-huquq tizimida alohida oʻringa ega boʻladi. Buning uchun yaqin muddatlarda maxsus qonunni qabul qilamiz. Protsessual kodekslarga ushbu xalqaro tijorat sudi qarorlari toʻlaqonli ijro etilishiga oid meʼyorlarni ham kiritamiz.

Uchinchidan, yaqin vaqtda sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlarni joriy etamiz.

Yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari boʻyicha cheklovlar ham bekor qilinadi.

Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha, yaʼni, ikki barobar uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar toʻliq saqlab qolinadi.

Bu masalalarning barchasini ertaga Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yigʻilishida batafsil muhokama qilamiz.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Tizimli islohotlarni davom ettirish, kuchli va farovon davlat qurish maqsadida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini qabul qildik. Bu muhim hujjatda barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish, ijtimoiy himoya, sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimlarini isloh qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha 100 ta aniq vazifa oʻz aksini topgan.

2030 yilga borib, aholi daromadlarini ikki barobar oshirish va ushbu koʻrsatkich boʻyicha oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirishni maqsad qilib qoʻyganmiz.

Iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlarini, qulay investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qoʻshilgan qiymatni yaratishni izchil davom ettiramiz.

Shu oʻrinda oʻzaro manfaatli hamkorligimizni kengaytirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Birinchi yoʻnalish: “yashil” energetika. Energetika tarmogʻi samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda.

Biz 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.

Oʻtgan yilning oʻzida 1,4 gigavatt quvvatdagi yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini strategik sheriklarimiz boʻlgan “Masdar”, “Gezhouba”, “China Energy” kompaniyalari bilan ishga tushirdik. Shuningdek, “ACWA Power” bilan “yashil vodorod” ishlab chiqarish loyihasini ham boshlab yubordik.

Eng eʼtiborli jihati – ushbu muhim loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda.

Bugun forum doirasida siz, investorlarimiz uchun qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimotini oʻtkazamiz. Ushbu yoʻnalishda barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etamiz.

Ikkinchi yoʻnalish: bank-moliya sohasi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda koʻplab xususiy banklar ochildi. Bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib keldi. Qator raqamli banklar oʻz faoliyatini amalga oshirmoqda.

Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Oʻzbekistonning yirik banklaridan biri boʻlgan “Asakabank”ni xususiylashtirish boʻyicha bitim imzolandi. Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki bilan boshqa yirik banklarimizning transformatsiyasi va xususiylashtirish jarayonlari faol olib borilmoqda.

Moliyaviy resurslarga talabni qondirish uchun kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha yondashuvlar qayta koʻrib chiqilmoqda.

Oʻzbekistonda xalqaro moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda. Xorijiy sarmoyalar oqimi bir necha barobar ortishi, korporativ boshqaruv sifati oshishi, yangi yetakchi bank-moliya institutlari kirib kelishini kutib qolamiz.

Uchinchi yoʻnalish: foydali qazilmalar. Oʻzbekiston – mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir. Yurtimizda oltin, mis, volfram, kumush, uranning ulkan zaxiralari mavjud. Nodir va noyob minerallar qatorida litiy, magniy, molibden, germaniy, vanadiy va indiy kabi 30 dan ortiq metallarning zaxiralariga alohida eʼtibor qaratishni istardim.

Oʻtgan oyda Yevropa Ittifoqi bilan oʻta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik oʻrnatildi. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borayapmiz.

Bu borada zamonaviy xalqaro tajriba asosida yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinadi. Shu oʻrinda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga bu ishdagi salmoqli hissasi uchun alohida rahmat aytmoqchiman.

Strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni Oʻzbekistonga taklif etamiz.

Toʻrtinchi yoʻnalish: mamlakatning IT transformatsiyasi. Bir yil ichida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz.

IT-park rezidentlari soni oʻn barobar koʻpayadi, kelgusida 100 ming yangi ishchi oʻrni yaratiladi. Bundan tashqari, uning bazasida xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi yaratilmoqda.

Bu borada Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan “yashil” energiya asosida ishlaydigan “Maʼlumotlar markazi”ni barpo etayapmiz. Bu mamlakatimizni raqamli iqtisodiyotga oʻtkazish va sunʼiy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga ulkan turtki bagʻishlaydi, deb hisoblaymiz.

Beshinchi yoʻnalish: transport infratuzilmasini rivojlantirish. Qulay va zamonaviy transport tizimlarini yaratish vazifasiga ustuvor eʼtibor qaratayapmiz.

Temir yoʻl sohasida tub islohotlar olib borilmoqda, tarmoqqa xususiy investorlarni jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Pullik avtomobil va tezyurar temir yoʻllarni qurish boʻyicha qoʻshma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Toshkent, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini rivojlantirish va yangilarini qurish boʻyicha salohiyatli xorijiy investorlar bilan hamkorlik loyihalari tayyorlanmoqda.

Maʼlumki, biz xorijiy sheriklarimiz bilan birgalikda Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston va Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻllarini qurish boʻyicha dastlabki ishlarni boshladik.

Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay oʻzgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va Gʻarb bilan bogʻlaydigan global tranzit markaziga aylantiradi.

Biz investorlarni va xalqaro tashkilotlarni bu yirik mintaqaviy loyihalarda qatnashishga, Buyuk Ipak yoʻlini zamonaviy asosda qayta tiklashga taklif qilamiz.

Aziz doʻstlar!

Yangi Oʻzbekiston – beqiyos imkoniyatlarga ega, adolatli va jadal rivojlanayotgan dunyoviy mamlakatdir.

Biz har kuni hayotga tatbiq etayotgan ulkan gʻoya va buyuk orzularimizning asosiy ilhom manbai – bu, eng avvalo, mehnatkash va olijanob xalqimizdir.

Shuni alohida taʼkidlashni istar edimki, bugun bu yerda yigʻilgan investorlar oʻzlarining eng ilgʻor texnologiya va tajribalari, yangi taklif va yondashuvlari bilan bizni faqat olgʻa yurishga undaydi.

Sizlarga muhim bir fikrni yetkazmoqchiman: har bir tashabbus, har bir loyihangiz boʻyicha davlatimiz, hukumatimiz aʼzolari sizlarga yelkadosh boʻlib, yoningizda turib, ularni toʻliq amalga oshirishda yaqindan yordam beradi.

Shunday qilsak, sizlarga maʼqul boʻladi, deb oʻylayman.

Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir.

Hech shubhasiz, bugungi Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorligimizni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonaman.

Barchangizga anjumanimizda ishtirok etayotganingiz uchun yana bir bor tashakkur izhor etaman.

Eʼtiboringiz uchun katta rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.