Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
128
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar!

Hurmatli opa-singillar!

Munis va lobar qizlarim!

Avvalo, siz azizlarni, butun yurtimiz ayollarini 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Inson hayoti va jamiyat rivojida muqaddas Ona zoti, munis ayollarimizning beqiyos oʻrnini oddiy soʻzlar bilan ifoda etish nihoyatda qiyin vazifa. Mana shunday qutlugʻ ayyom kunlarida siz, azizlarning shaʼningizga madhiyalar aytish uchun odam shoir boʻlib tugʻilmaganiga afsuslanib qoladi. Bu yorugʻ dunyoni quyoshsiz, yeru osmonsiz tasavvur etib boʻlmaganidek, hayotimizni ham moʻtabar onalarimiz, mehribon ayollarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz.

Sizlar biz uchun avvalo muqaddas ona, aziz Vatan, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-gʻayrat manbaidirsiz. Bu azaliy haqiqatni murakkab pandemiya sharoitida ayniqsa chuqur his etmoqdamiz.

Sizlar – fidoyi shifokorlar, mehribon hamshiralar koʻrsatgan jasorat va matonat tufayli ming-minglab bemorlar shifo topib, hayot quvonchini yana his etdi.

Sizlarning ustoz sifatidagi faoliyatingiz evaziga millionlab farzandlarimiz taʼlim va tarbiyadan uzilib qolmadi.

Sizlarning barcha sohalardagi fidokorona mehnatingiz hisobidan mamlakatimizning qudrati va salohiyati, xalqaro obroʻ-eʼtibori tobora ortib bormoqda.

Bugun biz barcha sohalarda marrani juda katta olyapmiz, qancha-qancha ulkan dasturlar, reja va loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ular birinchi navbatda onalarimiz, opa-singillarimiz, aziz farzandlarimizning hayot va mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan.

Fursatdan foydalanib, barchamizga doimo togʻdek tayanch boʻlib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ulkan oʻzgarishlar jarayonida faol ishtirok etib kelayotganingiz uchun sizlarga, butun Oʻzbekiston xotin-qizlariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Bugungi davramizda ishtirok etayotgan diplomat ayollar – xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham chin dildan qutlab, mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganlari uchun ularga samimiy tashakkurimni izhor etaman.

Qadrli doʻstlar!

Bugungi kunda azizu mukarram ayollarimizning barcha soha va tarmoqlardagi oʻrni va taʼsiri yanada ortib bormoqda. Buning tasdigʻini respublikamizda mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etayotganida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Ayollarimiz orasida taniqli davlat va jamoat arboblari, jumladan, oʻnlab senator va deputatlar, vazir va hokimlar, Oʻzbekiston Qahramonlari, akademiklar, professorlar, Oʻzbekiston xalq shoirlari, Xalq oʻqituvchilari, Xalq artistlari, nodavlat tashkilotlarning faol vakillari borligi barchamizni quvontiradi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi 33 foizga yetdi. Yurtimiz boʻyicha bir yarim mingga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xususan, tashkilotchi va tashabbuskor opa-singillarimiz 6 ta tumanda hokim vazifasida, yuzlab hududlarimizda oʻrinbosar va maslahatchi lavozimlarida samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Yirik korxonalar, banklar va kompaniyalar, tadbirkorlik subyektlarini boshqarmoqda.

Ana shunday katta salohiyatni yanada oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvida ularning ishtirokini kuchaytirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

Bunday zamonaviy bilim va isteʼdodga, yetakchilik qobiliyatiga ega, el-yurtimiz uchun fidoyi xotin-qizlarimiz – xalqimiz, millatimizning oltin fondi, desak, hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi.

Aziz va qadrli opa-singillar!

Soʻnggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash boʻyicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida eng quyi boʻgʻin – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Xabaringiz bor, 26 fevral kuni boʻlib oʻtgan videoselektorda ana shu tizim asosida amalga oshirilgan ishlar va oldimizda turgan rejalarni atroflicha muhokama qilgan edik. Ana shu muhim vazifalarni amalga oshirishda siz, hurmatli opa-singillarimiz bundan buyon ham faol ishtirok etasizlar, deb ishonaman.

Keyingi vaqtda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi rahbariyati boshchiligida respublika ishchi guruhi tuzilib, barcha hududlarda ayollarni qiynayotgan muammolar aniqlandi. Ushbu muammolar boʻyicha manzilli ish olib borish uchun mutlaqo yangi tizim – “ayollar daftari”ni joriy etdik.

Keyingi 3 oyda respublika komissiyasi tomonidan ushbu “daftar”ga kiritilgan 80 ming nafar xotin-qizning muammolari hal etildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti ogʻir ayollarning 32 ming nafari ish bilan taʼminlandi. Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan salkam 17 ming nafar xotin-qizga amaliy yordamlar koʻrsatildi.

Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 126 mingga yaqin ayollarga imtiyozli kreditlar berildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trillion soʻmdan ziyod kredit mablagʻlari ajratildi. Qariyb 55 ming nafar xotin-qizlar tadbirkorlik va kasb-hunar markazlari tomonidan oʻqitildi, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etildi.

“Besh muhim tashabbus” doirasida chekka hududlarda tikuvchilik sexlari tashkil etilib, 10 ming nafar ayollar bandligi taʼminlandi.

Uy-joy sotib olish uchun 1 ming 250 nafar opa-singillarimizga qariyb 22 milliard soʻmlik boshlangʻich badallar toʻlab berildi.

Bunday xayrli ishlar joriy yilda ham davom ettiriladi. Men bu borada kuni kecha yangi qarorni imzoladim. Unga koʻra, jamiyatda ayollarimizga boʻlgan eʼtiborni eng quyi boʻgʻin – mahallagacha yetkazib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi yaratilmoqda.

Bundan buyon Oʻzbekistonda bironta ham ayol davlat va jamiyatning eʼtiboridan chetda qolmaydi.

Shuningdek, joriy yilda turmush sharoiti ogʻir boʻlgan ayollar hamda yolgʻiz onasi qaramogʻida oʻsgan qizlarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida byudjetdan 210 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.  

Boshpanasi boʻlmagan ayollarni ijara asosida “ijtimoiy uy-joylar” bilan taʼminlash uchun yana 211 milliard soʻm yoʻnaltiramiz. Bundan tashqari, boquvchisini yoʻqotgan hamda oʻzgalar parvarishiga ehtiyojmand boʻlgan xotin-qizlarga moddiy yordam berish va malakali tibbiy yordamga muhtoj ayollarni davolash uchun qoʻshimcha ravishda 110 milliard soʻm beriladi.

Shu bilan birga, ayollar bandligini taʼminlash, ularni kasb-hunarga oʻqitish, tadbirkorlik sohasidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun byudjetdan qoʻshimcha ravishda 600 milliard soʻm ajratiladi.

Yana bir muhim masala. Keyingi paytda unib-oʻsib kelayotgan farzandlarimiz tarbiyasiga, umuman, oila institutiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan oilaviy ajrimlarning oldini olish boʻyicha samarali ish olib borilmoqda. Buni mahalla faollari va jamoatchilikning saʼy-harakatlari bilan ajralish yoqasiga kelib qolgan 23 mingga yaqin oila yarashtirilgani, ajrimlar soni 3 mingdan ziyodga kamaygani ham koʻrsatib turibdi. Lekin bir achchiq haqiqatni tan olishimiz kerak: bu raqamlar hamon yuqori boʻlib qolmoqda. Oʻtgan yili 28 mingdan ziyod oila ajralib ketgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Albatta, barchamizning istagimiz, tilagimiz bitta: qani edi, yurtimizda ajrim degan noxush holatning oʻzi boʻlmasa, oilalar parokanda, bolalar tirik yetim boʻlib, sarson-sargardon boʻlmasa.

Men bir fikrni qayta-qayta aytishdan charchamayman.

Oila – bu mehr va baxt qoʻrgʻoni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho neʼmat bor, insoniy qadr-qimmat va maʼnaviyat bor. Oilaviy baxt bu – eng ulugʻ saodatdir. Mashhur qoʻshiqlardan birida aytilganidek, “Uyida baxti borlar – har yerda baxtiyordir”.

Men aziz yigit-qizlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: turmush qurishga, oilaga, farzand taqdiriga nihoyatda chuqur masʼuliyat bilan qarang. Bu masalaga yuzaki yondashib, ham oʻzingiz, ham oʻzga bir inson hayotini xavf ostiga qoʻymang.

Men bu borada koʻpni koʻrgan mahalla faollari, muhtaram faxriylarimiz, kayvonilar, maʼnaviyatimiz va dinimiz fidoyilari, oʻz tengdoshlariga ibrat boʻlib kelayotgan yoshlarimiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladilar, deb ishonaman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Sizlarga maʼlumki, yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib, ijtimoiy-siyosiy hayotda va tadbirkorlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qatʼiy davom ettirishimizni taʼkidladim.

Bu yoʻldagi muhim qadamlarimizdan biri sifatida shu yil yurtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes forumini oʻtkazamiz.

Bu boradagi ishlarimizni jadallashtirish uchun “2020-2030 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”ni qabul qilib, uni amalga oshirishga kirishmogʻimiz lozim.

Qizlarimiz tarbiyasi, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, zamonaviy bilim va hunarlarni egallashi, ish joyiga ega boʻlishi, jamiyatda munosib oʻrnini topishiga alohida ahamiyat berishimiz zarur.

“Ayollar daftari” boʻyicha “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash usuli orqali har bir mahalla va xonadon kesimida ularning muammolarini ijobiy hal etishimiz shart.

Barchangizga yaxshi ayonki, joylarda yangi-yangi “IT-park”lar tashkil etyapmiz. Bu orqali mehnat bozorida “aqlli texnologiyalar”, innovatsiyalar asosida amalga oshiriladigan yangi xizmat turlari koʻpayib bormoqda. Bu joylarda kim ishlaydi? Bu bozorni kim egallaydi? Albatta, oʻzimizning bolalarimiz, qizlarimiz egallashi kerak.

Ayniqsa, kitobxonlik, adabiyot, sanʼat va sportga mehr yoshlarimiz hayotining ajralmas qismiga aylanishi lozim. Xabaringiz bor, keyingi paytda jamiyatimiz hayotida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirish boʻyicha yangi qaror va dasturlar qabul qildik. Ularni toʻliq amalga oshirishda biz birinchi navbatda siz, hurmatli xotin-qizlarimizning faolligingiz, yuksak intellektual salohiyatingiz, bilim va tajribangizga tayanamiz.

Qadrli vatandoshlar!

Har yili ushbu qutlugʻ sana arafasida oʻqishda, ishda, jamoat ishlarida, oʻzining isteʼdod va qobiliyatini namoyon etishda dastlabki yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarimizni Zulfiya nomidagi davlat mukofotlari bilan taqdirlash mamlakatimizda ezgu bir anʼanaga aylanib qoldi.

Bugun ana shunday qizlarimiz qatoriga yana 28 nafar iqtidorli yoshlarimiz qoʻshilmoqda. Ular kelgusida xuddi Zulfiya opamiz singari oʻqishda, mehnatda, shaxsiy hayotda, oʻz isteʼdodi, bilim va qobiliyatini Vatanimiz ravnaqi yoʻlida safarbar etishda barcha yoshlarimizga oʻrnak boʻladilar, deb ishonaman.

Ayni vaqtda bugungi bayram arafasida koʻp yillar davomida oʻz sohasida katta natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotgan opa-singillarimizdan 297 nafari “Moʻtabar ayol” nishoni bilan taqdirlandi.

Kuni kecha qabul qilingan Farmonga muvofiq, oila va jamiyatni mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi munosib xizmatlari uchun hurmatli ayollarimizdan katta bir guruhi yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻldilar.

Kelinglar, ularning barchasini samimiy olqishlab, chin dildan tabriklaylik!

Bugungi fayzli, unutilmas kunda Sizlar bilan birga opa-singillarimizning munosib vakillariga hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan qizlarimizga ana shu faxriy unvon, orden va medallarni topshirish men uchun katta faxr va sharafdir.

Hurmatli doʻstlar!

Biz yurtimizdagi har bir ayol timsolida, avvalo buyuk zot – Ona siymosini koʻramiz. Shu bois “Avvalo onangizga va yana bir bor onangizga yaxshilik qiling”, degan muborak hadisga amal qilib, moʻtabar onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishni insoniy burchimiz, deb bilamiz. Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, Sizlarning oldingizdagi bu qarzimiz haqqini, ming xazina bilan ham ado etib boʻlmaydi.

Biz yaxshi tushunamiz – xotin-qizlarning huquq va manfaatlari taʼminlangan jamiyatda albatta tinchlik, adolat, erkinlik va farovonlik boʻladi. Ayol baxtli boʻlsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli boʻladi.

Barchamiz – Prezidentdan boshlab eng quyi boʻgʻindagi rahbar va mutasaddilar, ana shu muhim mezonga amal qilib ishlashimiz zarur. Shundagina xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi.

Aziz va muhtarama opa-singillar!

Sizlarni 8 mart bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Doimo yaqinlaringiz, farzand va nabiralaringiz, el-yurtimiz ardogʻida boʻlib yurish nasib etsin!

Umringiz uzoq, baxtingiz ziyoda boʻlsin!

Goʻzal bayramingiz muborak boʻlsin!

Barchangizga katta rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.