Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
22
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim!

Avvalo, siz, azizlarni, koʻpmillatli butun yurtimiz ayollarini 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy buyuk ona siymosi, moʻtabar ayol zotini ulugʻlab, ularning baxt-saodati yoʻlida barchamizni fidokor boʻlishga daʼvat etgani albatta bejiz emas.

Chindan ham, mehr-oqibat, olijanoblik, muhabbat va sadoqat kabi yuksak insoniy qadriyatlarni kamol toptirishda, oila qoʻrgʻonini mustahkamlashda sizlarning xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi.

Bugungi qutlugʻ bayramning fayzli Ramazon oyida boʻlib oʻtayotgani uning ezgu ruhi va mazmunini yanada oshirmoqda.

Muqaddas dinimiz ham muhtarama onalarimiz, dilbar opa-singillarimiz, munis qizlarimizga hamisha yaxshilik qilishga, ularning izzat-hurmatini joyiga qoʻyishga buyuradi.

Mana shunday quvonchli ayyomlar barchangizga muborak boʻlsin!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Soʻnggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini toʻliq taʼminlash, ularning qadr-qimmatini ulugʻlash Yangi Oʻzbekistonning davlat siyosatida yetakchi oʻringa qoʻyilmoqda.

Bugungi kunda hurmatli ayollarimiz turli soha va tarmoqlarda Vatanimizning jadal taraqqiyoti uchun munosib hissa qoʻshayotganlarini minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz.

Masalan, 2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar oʻrtacha 20 foizni tashkil etgan boʻlsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat aʼzolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.

Ayollarning davlat boshqaruvi va parlament faoliyatidagi ishtiroki kuchaygani jamiyatimiz rivojiga ham ijobiy taʼsir etayotganini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda.

Eng muhimi, aql-zakovatli, bilimli va isteʼdodli xotin-qizlarimiz davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna boʻlishmoqda.

Oʻtgan yili Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidagi ayol sportchilardan 3 nafari oltin, 8 nafari kumush, 3 nafari bronza medalini qoʻlga kiritgani tariximizda ilgari boʻlmagan natijadir.

Qizlarimiz madaniyat va sanʼat sohasida ham Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarishmoqda. Oʻtgan yili madaniyat va sanʼat sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda 25 nafar, mamlakat miqyosidagi koʻrik-tanlovlarda esa 71 nafar isteʼdodli qizlarimiz gʻolib boʻlganlari ham shundan dalolat beradi.

Mana shunday ayollarimiz safi kengayishi, qizlarimiz bunyodkor avlod boʻlib maydonga chiqishi uchun kelgusida ularga qoʻshimcha sharoitlar yaratib beramiz.

Albatta, bunday keng koʻlamli ishlarimiz xalqaro miqyosda haqli ravishda eʼtirof etilmoqda.

Qadrli yurtdoshlar!

Bir haqiqatni barchamiz yaxshi tushunib olishimiz zarur. Ayollarning tashvish va mashaqqati ham, zimmasidagi masʼuliyati ham erkaklarga nisbatan ancha yuqori.

Uy-roʻzgʻor ishlari va farzand tarbiyasidan ortib, taʼlim olayotgan, mehnat qilayotgan va tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlar zamonamizning haqiqiy qahramonlari, desak, toʻgʻri boʻladi.

Yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning ogʻirini yengil qilish, ular uchun barcha sohalarda zarur sharoitlarni yaratib berish doimo davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, ijtimoiy himoya sohasidagi ishlarni tubdan yangicha tashkil etmoqdamiz. Bu borada har bir mahallada xotin-qizlarning holati oʻrganilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand 1 million nafar xotin-qizlarimiz “Ayollar daftari”ga kiritildi.

Joriy yilda ularning har biri bilan manzilli ishlab, nogironligi boʻlgan 162 ming nafar ayolga sanatoriy, shifoxona va oʻzlari yashayotgan mahallada tibbiy yordam koʻrsatiladi, boquvchisini yoʻqotgan 130 ming nafar xotin-qizga moddiy yordam beriladi, yana 6 ming nafar ayolning uy-joy sharoitlari yaxshilanadi, mehnatga layoqatli va ish izlayotgan opa-singillarimiz ishga joylashtiriladi.

Shuningdek, har yili ogʻir vaziyatga tushib qolgan 50 ming nafar xotin-qiz mamlakatimizdagi soʻlim maskanlarga oʻqish va hordiq chiqarish uchun yuboriladi. Ularga psixologik yordam koʻrsatilib, tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻrgatish boʻyicha motivatsion seminarlar tashkil etiladi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q.Rafiqov bu ishlarga bosh-qosh boʻladi.

Xotin-qizlarning salomatligi – har tomonlama sogʻlom va qudratli jamiyat poydevoridir.

Shu maqsadda yurtimizdagi 230 ta tugʻruq muassasasi 21 mingta eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, joriy yilda 1,5 million nafar xotin-qizda saraton kasalligini erta aniqlash maqsadida skrininglar oʻtkaziladi.

Ayollar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sport ommalashib borayotgani jamiyatda sogʻlom muhitni shakllantirishga katta turtki bermoqda. Shu bois, bu yil barcha mahallalardagi 4 million xotin-qiz ommaviy sport musobaqalariga jalb qilinadi.

Biz bir muhim haqiqatni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz zarur. Ayollar sogʻlom boʻlsa – oila mustahkam boʻladi, ularda maʼnaviy muhit, ishchanlik kayfiyati yuksaladi, kelajakka ishonch ortadi.

Bugungi kunda yurtimizda 40 mingta ana shunday oila barchaga namuna boʻlayotgani, oʻtgan yili ularning 208 tasi “Ibratli oila” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangani barchamizni xursand qiladi.

Birgina misol. Toshloq tumanidagi Qoʻziboyevlar oilasi 45 yil davomida barchaga oʻrnak boʻlib kelmoqda. Oila bekasi Muqaddamxon opa umrining 35 yilini yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishga bagʻishlagan. U kishi turmush oʻrtogʻi bilan birgalikda fermer xoʻjaligi ham tashkil etib, tumandagi ellikka yaqin oilani daromadli qilgan.

Yana bir jihatiga eʼtibor beringlar. Bu oila 30 dan ortiq ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlariga gʻamxoʻrlik koʻrsatib, taʼlim olishi, kasb-hunar oʻrganishiga koʻmaklashmoqda.

Mahallalarda barkamol avlodni voyaga yetkazish va kambagʻallikka qarshi kurashishda bizga mana shunday ibratli oilalar yelkadosh boʻlib kelayotgani har qanday yuksak eʼtirofga munosibdir.

Fursatdan foydalanib, Yangi Oʻzbekiston timsoli boʻlgan ana shunday ibratli oilalarga chin dildan samimiy tashakkurlarimni bildiraman.

Bunday oilalar qancha koʻpaysa, Vatanimiz shuncha kuchli, xalqimiz shuncha qudratli boʻladi! Ibratli oila – ibratli va adolatli jamiyat uchun asos boʻladi.

Aziz opa-singillar!

Barchangizga yaxshi maʼlum, keyingi yillarda xotin-qizlarning sifatli taʼlim olishiga alohida eʼtibor qaratyapmiz.

Men bir fikrni takror va takror aytishdan sira ham charchamayman.

Bitta qizni oʻqitsak, butun oilaga taʼlim bergan boʻlamiz. Agar oila bilimli, maʼrifatli boʻlsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi.

Yurtimizdagi 203 ta oliygoh talabalarining 52 foizdan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etayotgani mana shu ezgu gʻoyaning amaliy natijasi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Oʻtgan yilning oʻzida magistraturada oʻqiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard soʻmga yaqin kontrakt puli toʻlab berildi.

Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda ularning oʻrni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ularning orasida xalqaro darajada eʼtirof etilayotgan ilm-fan vakillarining borligi barchamizga cheksiz faxr-iftixor bagʻishlaydi, yoshlarimizni yangi-yangi yutuqlarga undaydi.

Masalan, taniqli mikrobiolog olimamiz Dilfuza Egamberdiyeva shoʻrlangan tuproqda serhosil ekinlar yetishtirish boʻyicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari uchun YUNYeSKOning nufuzli Karlos Finley xalqaro mukofotiga sazovor boʻldi.

Ayollari oʻqimishli va kasb-hunarli boʻlgan yurtda tinchlik va taraqqiyot boʻladi. Ayollari maʼrifatli boʻlgan xalq albatta baxtli boʻladi.

Shu bois, har bir oiladagi qizlarimiz bogʻcha, maktab bilan toʻliq qamrab olinishi, zamonaviy kasb-hunar va chet tillarini egallashi, oliy maʼlumotga ega boʻlishi uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratamiz. Xususan, bu yil 250 ming nafar qizimiz oliy taʼlimga qamrab olinadi. Bu 2017 yilga nisbatan 3,5 karra koʻp. Natijada har bir mahalladan 25-30 nafar xotin-qiz oliygohlarda taʼlim olish imkoniga ega boʻladi.

Buning uchun Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z.Mahkamova, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri H.Umarova har bir maktabda yuqori sinfda taʼlim olayotgan qizlarimiz bilan ishlashni individual yondashuv asosida tashkil etib, ularni oliygohlarga tayyorlaydi.

Bu yil sharoiti ogʻir oilalardagi iqtidorli yoshlarni xorijda oʻqitish boʻyicha “Yorqin kelajak” loyihasini boshlayapmiz. Ushbu loyiha doirasida kamida 200 nafar qizimiz har yili dunyoning nufuzli oliygohlariga oʻqishga yuboriladi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidov, Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov tizimi esa yana 250 ming nafar xotin-qizni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish uchun masʼul boʻladi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Biz xalqimizning roziligini, avvalo, sizlarning roziligingiz, deb tushunamiz.

Bu borada ayollarimizni bezovta qilayotgan eng katta masala, bu – ishsizlik. Shu bois, xotin-qizlar bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb etish boʻyicha katta dasturlarni amalga oshiryapmiz. Oʻtgan yilning oʻzida bu maqsadlarga 17 trillion soʻm kredit ajratildi. Ana shunday eʼtibor tufayli ayol tadbirkorlarimiz oʻtgan yili 81 trillion soʻmlik mahsulot yaratib, 450 million dollarlik eksportni amalga oshirgani albatta tahsinga sazovordir.

Masalan, Navoiy shahrida qandolat va non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkor Shahnoza Karimova 50 nafar ehtiyojmand xotin-qizni oʻqitib, ishga olgan. Shulardan 10 nafariga uy-joy sotib olish uchun boshlangʻich toʻlovni toʻlab bergan.

Eng muhimi, bunday saxovatpesha tadbirkor ayollar barcha hududlarimizda koʻplab topiladi. Ular “Men – bunyodkor ayolman” degan loyihani ilgari surib, mahallalarda minglab ayollarni kasb-hunarga oʻqitib, daromadli qilish tashabbusini bildirgani, toʻgʻrisi, meni juda ruhlantirdi.

Men oʻziga katta ijtimoiy masʼuliyat olgan mana shunday ishbilarmon xotin-qizlarni “Yangi Oʻzbekistonning bunyodkor ayollari” deb bilaman va ularga chuqur minnatdorlik izhor etaman. Ularga qanday qoʻshimcha sharoit va yengilliklar kerak boʻlsa, yaratib berishga tayyorman.

Shu boradagi amaliy qadam sifatida Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etsak, nima deysizlar?

Ushbu kengash joylarda ayol tadbirkorlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni hal qilish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri parlament oldiga masala qoʻysa, oʻylaymanki, ayni muddao boʻladi.

Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova bu ishlarga bosh-qosh boʻladi.

Bu yil 2 million nafar ayollar bandligini taʼminlash, shundan 1 million 300 ming nafar xotin-qizni tadbirkorlikka jalb etish boʻyicha katta marralar olganmiz. Buning uchun tijorat banklari tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qulay moliyaviy paketlar taqdim etiladi.

Misol uchun, “Milliy bank” (A.Mirsoatov) xizmatlar sohasida kamida 200 ming nafar xotin-qizning loyihalariga koʻmaklashadi. “Turonbank” ATB (Ch.Mirzayev) limonchilikda 150 ming nafar ayollar daromad topishi uchun arzon kreditlar taqdim etadi.

Xuddi shuningdek, “Mikrokreditbank” ATB (O.Boʻtayev) parrandachilikda – 160 ming nafar, “Sanoat qurilish bank” ATB (A.Akbarjonov) sabzavot va koʻchatlar yetishtirishda – 160 ming, “Xalq banki” (Sh.Otaboyev) uzum, brokkoli va mahalliy karam yetishtirishda – 150 ming, “Agrobank” (E.Qahhorov) bogʻdorchilik yoʻnalishida – 144 ming, “Biznesni rivojlantirish banki” (S.Annaqlichev) koʻkat, bulgʻor qalampiri, baqlajon va pomidor yetishtirishda – 94 ming, “Asakabank” (Q.Toʻlaganov) farmatsevtika va uzumchilikda – 82 ming, “Aloqabank” (K.Irisbekova) IT, asalarichilik va mevali ekinlar yetishtirishda 58 ming nafar ayollarimizni band etishga koʻmaklashadi.

Shu maqsadda bu yil mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qoʻshimcha 3,3 trillion soʻm ajratiladi. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yana 100 million dollar beriladi. Bunga qoʻshimcha ravishda tijorat banklari ham 100 million dollar jalb qilib, mahallalarda oʻzini oʻzi band qilgan xotin-qizlarga 50 million soʻmgacha garovsiz kreditlar ajratadi.

Oʻtgan yili tashkil etilgan “Hamroh” kompaniyasi yangi tizim asosida Tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash dasturini boshlagan edi. Bu loyihaga ham 100 million dollar ajratganmiz.

Kreditini vaqtida toʻlagan ayol tadbirkorlarga ushbu dastur doirasida 100 million soʻmgacha garovsiz kredit berishni boshlaymiz.

Shuningdek, mahallada 5 nafar ayolni biznesga olib kirgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million soʻmgacha grant ajratiladi.

Markaziy bank (T.Ishmetov) tijorat banklari bilan birga ikki oy muddatda banklarda xotin-qizlar uchun yangicha yondashuv asosida moliyaviy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish uchun masʼul boʻladi.

Masalan, tugʻruq taʼtiliga chiqqan ayollar uchun bank kreditlari boʻyicha toʻlovlar muddati 10 oygacha uzaytiriladi.

Endi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha 4 bosqichli yangi tizimni yoʻlga qoʻyamiz.

Birinchi bosqichda biznesga qiziqqan, lekin koʻnikmasi boʻlmagan 20 ming nafar xotin-qiz tadbirkorlikka oʻqitiladi. Bunga Savdo-sanoat palatasi (D.Vahobov, N.Shotursunova) masʼul boʻladi.

Ikkinchi bosqichda “Xalq banki” (Sh.Otaboyev, G.Rashidova) oʻzini oʻzi band qilgan 100 ming nafar ayolning kichik tadbirkor boʻlishi uchun koʻmaklashadi.

Uchinchi bosqichda har bir tumanda 2 tadan kichik korxonani namunali oʻrta biznes darajasiga olib chiqishga “Hamroh” kompaniyasi (D.Nurmatova) masʼul boʻladi.

Toʻrtinchi bosqichda Savdo-sanoat palatasi (D.Vahobov) eng faol 50 nafar ayol tadbirkorni yillik aylanmasi 100 milliard soʻmdan oshadigan “chempion tadbirkor”ga aylantiradi.

Joriy yilda 60 ta tumanni “ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hudud”ga aylantirish boʻyicha katta marra olganmiz. Bunga qoʻshimcha ravishda hokimlar har bir viloyatning 2 tadan tumanini ishsiz ayollar qolmaydigan hududga aylantirish uchun masʼul boʻladi.

Umuman, 2025 yil ayollar bandligini taʼminlashda hal qiluvchi yil boʻladi.

Xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, ishli qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 2 million nafar ayolning bandligi taʼminlanadi.

Bunda Markaziy bank (T.Ishmetov) tijorat banklari bilan 1 million 300 ming nafar, Kasaba uyushmalari federatsiyasi (Q.Rafiqov) “Ayollar daftari”ga kiritilgan 636 ming, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi (Z.Mahkamova) tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan 100 ming nafar xotin-qizni oʻqitib, ish bilan taʼminlash va biznesini ochishga koʻmaklashish uchun masʼul boʻladi.

Z.Mahkamova, Q.Rafiqov bugun aytilgan har bir yoʻnalish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini viloyat, tuman, mahalla darajasida samarali tashkil etishga masʼul boʻladi.

T.Norboyeva mahalliy kengashlar bilan birga bu ishlarni tizimli nazoratga olib, masʼullar ishtirokida ularni muntazam muhokama qilib boradi.

Muhtarama opa-singillar!

Bugungi kunda hayotimiz, odamlarning turmush tarzi, tafakkuri, dunyoqarashi va madaniyati tobora yuksalib bormoqda.

Oldimizga barcha soha va yoʻnalishlarda gʻoyat ulugʻvor maqsadlarni qoʻymoqdamiz.

Bunga erishish uchun biz tayanadigan yetuk avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish siz, azizlarning – fidoyi onalarning qoʻlida.

Shuning uchun siz, muhtarama ayollarimizga ulkan tahsinlar aytib, sizlarni qoʻllab-quvvatlashdan hech qachon charchamaymiz.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi bayram munosabati bilan mehnat faoliyati va jamoat ishlarida katta natijalarga erishgan, el-yurtimiz oʻrtasida hurmat va eʼtibor topgan muhtarama ayollarimizdan bir guruhi davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, oʻzining bilimi, iqtidori va odobi bilan tengdoshlariga namuna boʻlib kelayotgan qizlarimizdan 28 nafari turli sohalardagi yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻldilar.

Vatanimizning yuksak mukofotlari barchangizga muborak boʻlsin!

Sizlarni oʻz nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chin yurakdan tabriklab, kelgusi ishlaringizda ulkan yutuq va omadlar tilayman.

Doimo sogʻ-omon boʻlinglar!

Qadrli yurtdoshlar!

Muhtarama opa-singillar!

Bugun biz mard va olijanob xalqimizga, uning bunyodkorlik salohiyatiga ishonib, boshlagan ulkan islohotlarimizni qatʼiy davom ettirishimiz, yangi bosqichga koʻtarishimiz lozim.

Jonajon Vatanimizning yangi yuksalish davrini barpo etishda aziz ayollarimiz doimo oldingi safda boʻladilar, deb ishonaman.

Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, dunyodagi eng katta boylik – oilaviy baxt-saodat yor boʻlishini tilayman.

Doimo farzandlaringiz va yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardogʻida yurish nasib etsin!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.