Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
153
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar!

Munis opa-singillar!

Dilbar qizlarim!

Avvalo, sizlarni, butun Oʻzbekiston xotin-qizlarini goʻzallik va nafosat ayyomi – 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Barchangizga oʻzimning eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirib, doimo oilangiz va yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardogʻida boʻlish baxtini tilayman.

Aziz yurtdoshlar!

Yer yuzida ongli hayot paydo boʻlibdiki, odamzot muqaddas Ona siymosini, ayol zotini ulugʻlab, sharaflab keladi.

Onalarimiz sharofati bilan Vatanimiz tuprogʻi jannat bogʻlaridek goʻzal va moʻtabardir. Onalar duosidan yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, ishimizda unum, hayotimizda baraka bor.

Maʼlumki, muqaddas Qurʼoni karimning eng katta suralaridan biri – “Niso”, yaʼni, “Ayollar” deb ataladi. Alloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda boʻlishga daʼvat etadi va bu ilohiy soʻzlar zamirida albatta teran hikmat mujassam.

Bir haqiqat ayonki, har qanday xalqning maʼnaviy darajasini avvalo shu yurt ayollarining maʼnaviy saviyasi belgilaydi.

Buyuk siymolarning hayotiga nazar tashlasak, ularning shaxs sifatida kamol topishida mehribon onalari, dono rafiqalari gʻoyat muhim rol oʻynagani ayon boʻladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.

Bugun siz, azizlarning chehrangizda xursandchilik, shukronalik ifodasini koʻrib, ana shunday ishlarimiz natijasini oz boʻlsa-da, his etmoqdamiz. Va biz mana shu toʻgʻri yoʻlni davom ettirish, uning samarasini yanada oshirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Qadrli opa-singillar!

Bugungi kunda keng koʻlamli demokratik islohotlarimiz natijasida ayollarimizning siyosiy-ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki tobora kuchayib bormoqda. Buni oʻtgan yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlar yana bir bor tasdiqladi.

Saylovlar natijasiga koʻra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu koʻrsatkich Senatda va mahalliy kengashlarda 25 foizdan oshdi.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-oʻringa koʻtarildi. Holbuki, – shunga eʼtibor berishingizni soʻrayman – bundan 5 yil avval biz bu borada 128-oʻrinda edik.

Hozirgi vaqtda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 380 nafardan ziyod xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda.

Muhtarama ayollarimizdan 16 nafari Vatanimizning eng oliy mukofoti – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlgani barchamizni quvontiradi. Xotin-qizlarimiz oʻrtasida fan doktorlari, professor va akademiklar, “Xalq oʻqituvchisi”, “Xalq shoiri”, “Xalq artisti” unvonlariga sazovor boʻlgan yuzlab opa-singillarimiz borligi – bu bizning faxrimiz.

Biz hozirgi kunda ishlab chiqarish, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat va sport sohalari rivojida ham ayollarimizning munosib hissasi borligini yuksak baholaymiz.

Barchangiz xabardorsiz, milliy parlamentimiz tarixida birinchi marta ayol kishi – hurmatli Tanzila Kamolovna Norboyeva Senat Raisi lavozimiga saylandi.

Yurtimizda ayol rahbarlar – vazirlar, hokimlar, ishlab chiqarish birlashmalari, bank va kompaniyalar raislari, huquq-tartibot idoralarida, Qurolli Kuchlarimiz tarkibida masʼul vazifalarda xizmat qilayotgan opa-singillarimiz soni ortib bormoqda.

Yaqinda tashabbuskor va tashkilotchi ayollarimizning munosib vakillari gʻoyat masʼuliyatli vazifaga – tuman va shahar hokimi lavozimlariga tayinlandilar. Jumladan, Andijon viloyatining Boʻston tumaniga – Sadbarxon Mamitova, Buxoro viloyatining Olot tumaniga – Nargiza Neʼmatova, Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumaniga – Zulayho Mahkamova, Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahriga – Gavhar Alimova, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumaniga – Dilfuza Oʻrolova, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumaniga – Mahsuda Mustafoyeva birinchi rahbar etib tasdiqlandilar.

El-yurtimizning katta ishonchini qozongan bu opa-singillarimiz bugungi anjumanda ishtirok etmoqdalar. Ularning barchasini samimiy tabriklab, ishlariga yutuq va omadlar tilashga ijozat bergaysiz.

Mamlakatimizda oʻz faoliyati, ezgu ishlari bilan koʻpchilikka ibrat va namuna boʻlayotgan xotin-qizlarimiz koʻpayib borayotgani barchamizni xursand qiladi. Shular qatorida Fargʻona viloyati, Rishton shahrida yashaydigan tadbirkor ayol Izrabu Usmonova haj ziyoratiga atab yillar davomida yigʻib kelgan mablagʻini moddiy sharoiti ogʻir mahalladoshlariga begʻaraz yordam sifatida hadya qilgani matbuotda keng yoritildi.

Sirdaryo viloyati, Sayxunobod tumani, “Oʻzbekiston” mahallasida Gavhar Husanova degan faol singlimiz bor. Ayni vaqtda u tuman kengashining deputati etib saylangan. Gavharning qaynonasi Gulbahor aya oʻqituvchilik faoliyati davomida minglab kitoblar toʻplagan ekan. Gavhar Husanova ularning yoniga yana koʻp adabiyotlarni qoʻshib, qishloq ahli uchun oʻz hisobidan “Mumtoz” deb nomlangan katta kutubxona barpo etgani tahsinga loyiq.

Yaqinda ommaviy axborot vositalari orqali isteʼdodli yosh olima Aziza Shonazarovaning Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi nufuzli Kolumbiya universitetining professori etib tayinlangani haqida xushxabar tarqaldi.

Poytaxtimizning Qoraqamish dahasida voyaga yetib, Toshkent sharqshunoslik institutida, keyinchalik Polsha va AQSHdagi mashhur universitetlarda taʼlim olgan Azizaxon 32 yoshida tarix va dinshunoslik yoʻnalishida fan doktori boʻlgani, 500 ta talabgor orasida konkursda gʻolib chiqib, ana shunday yuksak ilmiy darajaga erishgani olqishga sazovordir.

Bu singlimizning ayni vaqtda yaxshi oila bekasi va ona ekani, arab, fors, turk, rus, ingliz, fransuz, nemis, polyak tillarida erkin muloqot qilishi, erishayotgan yuksak natijalari mamlakatimiz yoshlari uchun chinakam ibrat namunasi boʻladi, deb ishonaman.

Azizaxon oʻz xursandchiligini yurtdoshlari bilan baham koʻrish uchun olis yoʻl bosib, AQSHdan Oʻzbekistonga yetib keldi. Kelinglar, yosh olimamizni samimiy tabriklab, unga yanada ulkan yutuqlar tilaylik.

Ayni vaqtda bugungi tantanali marosimda mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yan, Misr Arab Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Amani al-Itr, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer va Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakolatxonasining rahbari Lian Kuppens, Xalqaro Qizil xoch qoʻmitasiining mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Sangita Kyonig, Osiyo taraqqiyot bankining doimiy vakolatxonasi rahbari Sintiya Malvichini xonimlarni koʻrib turganimizdan benihoya mamnunmiz.

Mamlakatimiz bilan samarali hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotgan ana shu hurmatli mehmonlarimizni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklab, ezgu tilaklarimizni bildirishga ruxsat bergaysiz.

Qadrli anjuman qatnashchilari!

Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ogʻirini yengil qilish maqsadida oʻtgan yili salmoqli ishlar bajarildi. Jumladan, ayollarimiz uchun jami 170 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi. Tijorat banklari va Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan 172 mingdan ortiq opa-singillarimizga 4,9 trillion soʻm kreditlar ajratildi.

Respublikamizning barcha hududlarida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etildi. Bugungi kunda ular tomonidan 28 mingga yaqin opa-singillarimizga tadbirkorlik, hunarmandlik, kasbga qayta tayyorlash, bandlikni taʼminlash yuzasidan amaliy yordam koʻrsatilmoqda. Shuningdek, besh muhim tashabbus doirasida 21 ming 500 nafar qizlarimiz qisqa muddatli kasb-hunar kurslarida oʻqitildi.

Ana shunday imkoniyatlar tufayli tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan ayollar soni bir yilda qariyb 45 ming nafarga koʻpayib, ular tomonidan minglab yangi ish oʻrinlari barpo etilmoqda.

Mamlakatimizda jamiyat negizi boʻlgan oila institutini, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni mustahkamlash boʻyicha ham eʼtiborga loyiq ishlar olib borilmoqda. Jumladan, xonadonlardagi oʻzaro kelishmovchilik va nizolarni bartaraf etish, oilaviy ajrimlar sonini kamaytirish boʻyicha davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan keng qamrovli ishlar bajarilmoqda. Ularni ijobiy baholagan holda, bu yutuqlar birinchi qadamlar ekanini, hali bu sohada qiladigan ishlarimiz juda koʻpligini ham taʼkidlash lozim.

Albatta, hayot degan narsa sinov va mashaqqatlarsiz boʻlmaydi. Lekin arzimagan qiyinchilikka ham sabr qilmasdan, muqaddas oila qoʻrgʻonini buzish, ajrimlarga yoʻl qoʻyishni barchamiz milliy urf-odatlarimizga, mehr-oqibatli, andishali xalqimizga mutlaqo yarashmaydigan holat, deb baholashimiz zarur. Nega deganda, agarki bironta oilada notinch vaziyat hukmron boʻlsa, oʻzaro nizolar tufayli begunoh bolalar tirik yetimga aylanadigan boʻlsa, yordam va koʻmakka muhtoj insonlar oʻz holiga tashlab qoʻyilsa, bunday holatga qarshi hammamiz birgalikda kurashishimiz kerak.

Hozirgi vaqtda ayollarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish, ularning salomatligini mustahkamlashga doir dasturlarimiz oʻzining dastlabki samarasini bera boshladi. Xususan, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan ishlar tufayli 2019 yilda onalar va goʻdaklar oʻlimi sezilarli ravishda kamaygani ham shundan dalolat beradi.

Xotin-qizlarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha ham muntazam ish olib borilmoqda. Shu maqsadda 2019 yili 141 ming 500 dan ortiq opa-singillarimiz turli masʼul idoralar xodimlari tomonidan qabul qilinib, ular koʻtargan muammolarning aksariyat qismi ijobiy hal etilganini aytish zarur.

Oʻtgan davrda yurtimizdagi 197 ta tumanda zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bugungi kunda bilib-bilmay jinoyat koʻchasiga kirib qolgan ayollarga nisbatan kechirimli boʻlish, ularni sogʻlom hayotga qaytarishda xotin-qizlar tashkilotlari faol ishtirok etmoqda. Buning natijasida 261 nafar xotin-qizlar ushbu tashkilotlarning kafilligi asosida sud zalidan ozod qilingani xalqimizga xos insonparvarlik namunasidir.

Ana shunday xayrli ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida men kuni kecha Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan yana bir muhim tarixiy farmonga imzo chekdim. Ushbu hujjatga muvofiq, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 83 nafar xotin-qizlar afv etildi. Ular bayram arafasida oʻz oilasi, yaqinlari, farzandlari bagʻriga qaytish imkoniga ega boʻldi.

Ana shu afv etilgan ayollarning ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush kechirib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul idoralar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda barcha davlat va nodavlat tashkilotlari, keng jamoatchilik ham faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Barchangizga maʼlumki, yanvar oyida Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomada xalqimiz, jumladan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini yanada samarali taʼminlash boʻyicha koʻpgina dolzarb vazifalarni belgilab oldik. Hozirgi vaqtda ularni amalga oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga oid davlat siyosati samarasini oshirish boʻyicha Prezidentning maxsus farmoni va qarori qabul qilinganidan xabaringiz bor.

Oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Hech kimga sir emas, ilgari mahalla va xotin-qizlar idoralariga nisbatan talablar koʻp edi. Lekin, afsuski, buning uchun ularda imkoniyat va vakolatlar yetarli emas edi.

Bugungi kunda xotin-qizlar manfaatlarini oila, mahalla va jamiyat manfaatlaridan ajratgan holda tasavvur etib boʻlmaydi. Ana shu masalalarni kompleks hal etish, bu borada davlat siyosatini yanada yuqori bosqichga koʻtarish – yangi vazirlikning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Mahallalarning mamlakatimiz hayotidagi katta oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib, 22 mart sanasini yurtimizda – Mahalla tizimi xodimlari kuni deb eʼlon qildik. Nasib etsa, bu yangi bayramni birinchi bor shu yil Navroʻz kunlarida sizlar bilan birgalikda keng nishonlaymiz.

Qadrli doʻstlar!

Har bir ota-ona oʻz farzandining sogʻlom va barkamol boʻlib, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni oʻrganib, jamiyatda munosib oʻrin egallashini astoydil istaydi. Ayni shu ezgu maqsadlarga erishish uchun mamlakatimiz taʼlim va tarbiya tizimida misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum. Jumladan, joriy yilda taʼlim-tarbiyaning poydevori boʻlgan bolalar bogʻchalari sonini keskin oshirish boʻyicha keng qamrovli amaliy ishlar olib borilmoqda.

Qiyoslash uchun bir misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Agar oʻtgan yilning birinchi choragida yurtimizda jami 9 ming 700 tadan ortiq bogʻcha boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 14 ming 50 tani tashkil etmoqda, yaʼni bir yilda 4 ming 350 taga ortdi.

Ana shunday saʼy-harakatlarimiz bilan bu yil bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish darajasini hozirgi 54 foizdan 60 foizga yetkazamiz. Natijada bogʻcha tarbiyasini olayotgan farzandlarimizning soni bir yilda 400 mingtaga koʻpayib, jami 1 million 800 ming nafarga yetadi.

Bu sohada biz albatta katta ish qildik. Ammo bu raqamlar hali bizni qoniqtirmaydi. Nega deganda, biz bu masalada marrani baland olganmiz. Buning zamirida juda katta maʼno, maqsad bor. Chunki bogʻcha tarbiyasi nafaqat bolaning oʻziga, balki uning ota-onasiga ham, qolaversa, butun jamiyat hayotiga ham kuchli ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bolasi bogʻchada, munosib sharoitda tarbiya topayotganini koʻrgan ayol kishi albatta xotirjam kayfiyatda, shukronalik bilan yashaydi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanib bormoqda. Shu kunlarda “Zamonaviy maktab” dasturi ishlab chiqilmoqda. Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash boʻyicha ham katta ishlarni boshladik.

Bu borada biz taʼlimning barcha bosqichlarida qiz bolalar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Buyuk allomalarimiz, atoqli adiblarimiz nomlaridagi maktablar, Prezident maktablari barcha yoshlarimiz qatori ilm-fan va sanʼatga intiluvchi qizlarimiz uchun ham keng imkoniyatlar ochib bermoqda.

Albatta, yosh qizlarimizni asrab-avaylash, ularga toʻgʻri tarbiya berish, mustaqil hayotga tayyorlash, xalqimizga munosib farzandlar etib kamolga yetkazish uchun davlat va jamiyat oʻz zimmasidagi barcha ishlarni bajaradi. Lekin bu oʻta muhim vazifani ado etishda oilaning, mehribon buvilarimiz, munis onalarimiz, mahalladagi kayvoni ayollarning oʻrni va taʼsirini hech kim bosolmaydi.

Shu oʻrinda ruxsatingiz bilan, mashhur shoirimiz Muhammad Yusufning ikki qator sheʼrini oʻqib bermoqchiman:

Qiz bor uyning fayzi boʻlak, deydilar,

Jannat yoʻli – qiz bor yoʻlak, deydilar.

Qarang, qanday maʼnoli, qanday haqqoniy soʻzlar!

Shu munosabat bilan bugungi davramizda ishtirok etayotgan va meni eshitib turgan muhtarama opa-singillarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: kelajagimizning baxtu iqboli boʻlgan qizlarimizni eng goʻzal fazilatlar, bilim va odob sohibalari etib tarbiyalashni oʻz eʼtiboringizga, oʻz masʼuliyatingizga olsangiz, davlatimiz ham, xalqimiz ham sizlardan cheksiz minnatdor boʻladi.

Bu borada yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, koʻpni koʻrgan nuroniylarimiz, xotin-qizlar faollari, hurmatli muallima va murabbiyalar, Oʻzbekistonning barcha jonkuyar ayollari ushbu tashabbusni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, yosh qizlarimizga munosib taʼlim va tarbiya berishdek gʻoyat mashaqqatli, ammo olijanob va savobli ishga ulkan hissalarini qoʻshadilar, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, men bugun bir taklif bilan Sizlarga murojaat qilmoqchiman: mana shu ezgu ishlarimizga kamarbasta boʻlib, yosh qizlarimizga ustozlik qilib, ularga taʼlim-tarbiya beradigan haqiqiy murabbiylarni ragʻbatlantirish maqsadida kelgusi yil 8 mart bayramidan boshlab har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan eng munosib vakilni davlat mukofoti bilan taqdirlashni taklif etaman.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Taʼlim-tarbiya masalasida koʻp yillar bizni qiynab kelgan ogʻir muammolardan biri – bu oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalarining cheklangani bilan bogʻliq edi. Masalan, 2-3 yil avval oliy taʼlim muassasalariga qabul darajasi yiliga 60-70 ming kishini, boshqacha aytganda, maktab bitiruvchilarining atigi 9 foizini tashkil etar edi.

Shuning uchun bu sohada ham jiddiy islohotlarni boshladik. Oʻtgan yili tariximizda birinchi marta 150 ming nafar yoshlarimiz talabalikka qabul qilindi. Shu tariqa maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazdik.

Albatta, bu ishlar osonlik bilan boʻlayotgani yoʻq. Buning uchun mavjud moddiy-texnik, oʻquv-uslubiy bazani mustahkamlash, oliy oʻquv yurtlari tarmogʻini kengaytirish, professor-oʻqituvchilar, pedagoglar, ilmiy xodimlarning professional malakasini oshirish uchun katta kuch, mablagʻ va imkoniyatlarni safarbar etishga toʻgʻri kelmoqda. Lekin qanchalik qiyin boʻlmasin, farzandlarimiz taqdiri uchun, kelajagimiz uchun biz bu ishlar koʻlamini yanada kengaytirgan holda, albatta amalga oshiramiz. Oliy taʼlimga qamrov koʻrsatkichini joriy yilda kamida 25 foizga, kelgusida esa 50-60 foizga yetkazamiz.

Ayollarning ilmiy va madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash maqsadida bu yil qizlarimiz uchun oliy oʻquv yurtlariga alohida qabul kvotalari joriy etiladi. Buyam tariximizda birinchi marta qoʻllanayotgan tajribadir. Chunki oʻqimishli, oliy maʼlumotli ayol oilada ham, ishda ham, jamiyat hayotida ham hamma narsaga ilm-maʼrifat bilan, ongli va faol yondashadi va munosib ishtirok etadi.

Binobarin, agar biz farzandlarimizni sogʻlom va barkamol, Vatanga sodiq insonlar etib voyaga yetkazish niyatida ekanmiz, avvalo xotin-qizlar uchun ilm-fan va kasb-hunar yoʻllarini keng ochib berishimiz kerak.

Agar biz boʻlgʻusi xorazmiylar, fargʻoniylar, beruniylar, buxoriylar, ulugʻbeklar, navoiylarni tarbiyalamoqchi ekanmiz, birinchi navbatda, har tomonlama sogʻlom, yuksak bilimli va maʼnaviyatli onalarni tarbiyalashimiz zarur.

Biz joriy yilga yurtimizda Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb nom berdik, bu borada Davlat dasturini qabul qildik. Ana shu dasturni ishlab chiqishda biz avvalo hurmatli onalarimiz, opa-singillarimizning orzu-istaklari, talab va ehtiyojlarini ham inobatga oldik. Bu borada oʻz oldimizga qoʻygan ulkan vazifalarni amalga oshirishda ham, butun xalqimiz qatori, siz, azizlarning boy bilim va tajribangiz, madaniy va maʼrifiy salohiyatingizga tayanamiz.

Ayollarimiz hayotiy muammolarni, oila va mahalladagi oʻtkir masalalarni, ularni bartaraf etish yoʻllarini, jamiyatning tomir urishini boshqalardan koʻra yaxshiroq biladilar. Ular oʻzlarining mehribonligi, yuksak masʼuliyat tuygʻusi, mehnatsevarligi bilan barchaga oʻrnak boʻla oladilar.

Biz davlat va jamiyat boshqaruvida, vazirlik va idoralarda chuqur bilim va malakaga ega boʻlgan tashabbuskor opa-singillarimizga rahbarlik lavozimlarini ishonib topshirish boʻyicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

Bu masala shaxsan Prezidentning nazoratida boʻladi.

Muhtarama opa-singillar!

Xabaringiz bor, mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish ustuvor vazifa etib belgilandi va bu yoʻnalishda keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirishni boshladik.

Bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz kerak: kambagʻallikni qisqartirish uchun birinchi navbatda ishsizlikni kamaytirish kerak. Avvalo, aholini zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, ularning iqtisodiy va moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda, ayniqsa ayollarimizda tadbirkorlikka ishtiyoqni uygʻotish zarur.

Biz bu borada jahon hamjamiyati tajribasini atroflicha oʻrganib, xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqdamiz. Ayni vaqtda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa davlatlar bilan tadbirkorlik va xususiy biznesni rivojlantirish, kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha shu yilning oʻzida 700 million dollarlik dasturlarni amalga oshirishni koʻzda tutmoqdamiz.

Shu kunlarda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi boshchiligida tuzilgan respublika ishchi guruhi viloyatlarda boʻlib, turmush sharoiti ogʻir boʻlgan xotin-qizlarning ahvolini har bir hudud boʻyicha aniq tahlil qilib, ularga amaliy koʻmak bermoqda.

Ishchi guruh tomonidan qishloq joylarda yashayotgan ayollarning, mustaqil hayotga kirayotgan qizlarimizning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy himoya qilish, ularga har tomonlama yordam berish boʻyicha har bir mahalla kesimida dasturlar ishlab chiqilib, ijrosi tashkil etilmoqda.

Ishchi guruhning kunu tun uzluksiz ishlaydigan, xotin-qizlarning murojaatlarini qabul qiladigan “Ishonch telefonlari” yoki zamonaviy tilda aytganda, “Koll-sentr” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Endi mamlakatimizning istalgan shahar yoki qishlogʻidan, chekka ovullardan ham ayollarimiz 1211 qisqa raqamini terib, ushbu markazga bevosita murojaat qilish imkoniga ega boʻldilar. Biz buni xalq bilan samarali muloqot olib borish yoʻlidagi boshlagan ishlarimizning mantiqiy davomi, deb baholaymiz.

Hurmatli vatandoshlar!

Maʼlumki, yurtimizda xotin-qizlarning qobiliyati va salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning mehnatini munosib qadrlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Jumladan, har yili mamlakatimiz boʻyicha 28 nafar isteʼdodli qizlarimiz ulugʻ shoiramiz Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. 

Hozirgi vaqtda ushbu mukofotga sazovor boʻlganlar soni 311 nafarga yetdi. Bu yil ularning safiga yana 28 nafar oʻz sohasining eng iqtidorli vakillari boʻlgan aziz farzandlarimiz qoʻshilmoqda. Ular oʻzlarining samarali mehnati, yorqin isteʼdodi, ibratli fazilatlari bilan barcha tengdoshlariga oʻrnak boʻladilar, deb ishonaman.

Shu kunlarda onalik va bolalikni himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha namunali faoliyat olib borayotgan hurmatli opa-singillarimizdan 287 nafari “Moʻtabar ayol” nishoni bilan taqdirlandilar.

Fursatdan foydalanib, ularning barchasini bunday eʼtirof bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

Ushbu qutlugʻ ayyom arafasida Prezident Farmoniga muvofiq Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, sogʻlom va barkamol avlod tarbiyasi, oila va jamiyat asoslarini mustahkamlash yoʻlidagi munosib xizmatlari uchun bir guruh qadrli ayollarimiz yuksak unvon, orden va medallar bilan mukofotlandilar.

Bugun sizlarning huzuringizda ana shunday opa-singillarimizning munosib vakillariga hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻlgan qizlarimizga davlatimizning yuksak mukofotlarini topshirish menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Qadrli anjuman ishtirokchilari!

Hayotimizning fayzu farishtasi boʻlgan munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimizga munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, ularni rozi qilish – barcha darajadagi rahbarlarning nafaqat xizmat vazifasi, balki, eng avvalo, insoniy burchidir.

Biz hammamiz – Prezident, Hukumat rahbarlari, vazirlar va hokimlar, deputat va senatorlar – barcha-barcha yetakchilar ana shunday yuksak burchni aniq natijalar, amaliy ishlar bilan oqlashimiz zarur.

Aziz opa-singillar!

Ushbu shukuhli ayyomda butun xalqimiz dilidagi ezgu tilaklarni mujassam qilib, aytmoqchiman: yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi fidokorona mehnatingiz uchun Sizlardan cheksiz minnatdormiz.

Aql-zakovatingiz, mehr-oqibatingiz, sabru qanoatingiz bilan barchamizga ibrat boʻlib, goʻzal yurtimizda tinchlik va hamjihatlikni saqlashga beqiyos hissa qoʻshib kelayotganingiz uchun Sizlarga ming bora tashakkur.

Sizlarni goʻzal bayramingiz bilan yana bir marta tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, mustahkam salomatlik tilayman.

Dunyodagi eng ulugʻ saodat – oilaviy baxt Sizlarga doimo yor boʻlsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.