Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» temir yoʻli qurilishi boʻyicha strategik loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi ishtirokchilariga tabrik soʻzi

0
73
marta koʻrilgan.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

«Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» temir yoʻli qurilishi boʻyicha strategik loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashdan mamnunman.

Bu mamlakatlarimiz oʻrtasida qaror topgan anʼanaviy yaqin va koʻp qirrali hamkorlik rivojidagi chinakam tarixiy voqeadir. Bugun biz birgalikda keng mintaqamizda iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan muhim amaliy qadamlarni qoʻymoqdamiz.

Shu munosabat bilan, birinchi navbatda, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi, hurmatli Si Szinpin janoblariga “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Transkontinental transport va tranzit koridorining ajralmas qismi hisoblanuvchi ushbu muhim infratuzilma loyihasini ilgari surishda koʻrsatgan shaxsiy eʼtibori va uni toʻla qoʻllab-quvvatlagani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Yangi temir yoʻl Xitoy bilan iqtisodiy hamkorligimizni kengaytirib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonaman.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

«Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» temir yoʻli tarixiy Buyuk ipak yoʻli boʻylab oʻtadi. Darhaqiqat, biz koʻp asrlar davomida savdo aloqalari va madaniy almashinuv rivojiga xizmat qilgan ushbu qadimiy yoʻlni zamonaviy sharoitda qayta tiklayapmiz.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, mazkur temir yoʻl Xitoyni mintaqamiz bilan bogʻlovchi eng qisqa quruqlik yoʻliga aylanadi.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, uning barpo etilishi ortib borayotgan yuk tashish hajmiga samarali xizmat koʻrsatish, ularni tashish vaqti va narxini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy isteʼmolchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.

Loyihaning amalga oshirilishi oqibatida vujudga keladigan iqtisodiy taʼsirni barcha mamlakatlar his qiladi. Avvalo, yangi korxonalar va oʻn minglab ish oʻrinlari yaratiladi, oʻzaro tovar ayriboshlash hajmi va sanoat kooperatsiyasi koʻlami, investitsion jozibadorlik oʻsadi va asosiy natija – fuqarolarimizning turmush darajasi oshadi.

Kelgusida ushbu yoʻl bizning mamlakatlarimizga istiqbolli Transafgʻon yoʻlagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini beradi, tranzit salohiyati va mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikni sezilarli darajada oshiradi.

Qadrli doʻstlar!

Shuni taʼkidlamoqchimanki, ushbu keng koʻlamli loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston hududida barcha zarur infratuzilma yaratilgan.

Bundan tashqari, biz zamonaviy temir va avtomobil yoʻllari milliy tarmogʻini kengaytirmoqdamiz, yuklarni qayta ishlash va tashish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida raqamli texnologiyalarni faol joriy qilmoqdamiz.

Hamkorlarimizni yana bir bor ishontirib aytmoqchimanki, Oʻzbekiston temir yoʻl qurilishi, imzolanayotgan bitim va qabul qilingan “yoʻl xaritasi” boʻyicha izchil hamkorlikni davom ettirishga tayyor.

Aminmanki, uzoq muddatli umumiy manfaatlarimizga javob beradigan «Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston» temir yoʻli strategik loyihasi doʻstlik va sheriklik munosabatlarimizni mustahkamlashga, mamlakatlarimiz, xalqlarimiz farovonligi va taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Ushbu keng qamrovli loyihaning barcha ishtirokchilariga ulkan zafarlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.