Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisidagi nutqi

0
63
marta koʻrilgan.

Hurmatli kengash ishtirokchilari!

Hurmatli Reno-Basso xonim!

Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisida ishtirok etayotgan siz, azizlarni chin qalbimdan qutlayman.

Bugungi yigʻilishimizda jahonning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari boʻlgan yaqin hamkorlarimiz va yangi sheriklarimizni koʻrib turganimdan gʻoyat mamnunman.

Kengash oʻtgan davrda oʻzining samarali faoliyatini yaqqol namoyon etdi. Sizlarning sidqidildan koʻrsatayotgan koʻmagingiz va alohida eʼtiboringiz natijasida islohotlarimizga katta yordam beradigan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ilgari surayotgan gʻoya va tashabbuslaringiz hayotimizning barcha jabhalarida faol tatbiq etilmoqda. Sizlar kecha qatnashgan xalqaro forum esa nihoyatda sermazmun oʻtdi, unda qator muhim takliflar ilgari surildi, juda muhim boʻlgan koʻplab kelishuvlarga erishildi.

Fursatdan foydalanib, sizlarga – mamlakatimizning yaqin doʻstlariga Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga qoʻshayotgan munosib hissangiz uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Barchangizga yaxshi maʼlum, bugungi kunda jahon iqtisodiyotida beqarorlik tobora kuchayib, energetika, oziq-ovqat sohalari va ekologik tizimda inqirozlar oʻtkir tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda sizlar bilan bamaslahat, oʻzaro kengashib, aniq amaliy qadamlar tashlasak, koʻzlagan yuksak marralarimizga albatta erishamiz.

Men kecha oʻz nutqimda Yangi Oʻzbekistonning investitsiya siyosati boʻyicha erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlarga batafsil toʻxtaldim. Bugun esa koʻproq sizlarni tinglash niyatidaman.

Ayniqsa, hurmatli Reno-Basso xonim, sizning qimmatli fikr-mulohazalaringiz men uchun gʻoyat muhimdir. Anjumanlarimizda bevosita ishtirokingiz va Kengash ishini faol qoʻllab-quvvatlab kelayotganingiz bizni albatta ruhlantiradi hamda ushbu platforma doirasida ochiq, konstruktiv va samarali muloqot olib borishga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda Investitsiyalar va Maxsus erkin zonalar toʻgʻrisidagi qonun loyihalarini tayyorlashga hissa qoʻshgan ishchi guruhi faoliyatini alohida mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtmoqchiman.

Ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan ushbu muhim hujjatlar mamlakatimizda qulay investitsiya va biznes muhitini takomillashtirishda ulkan qadam boʻlishiga aminman.

Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti jamoasi tomonidan boshlanayotgan investitsiya siyosati tahlili biz uchun juda muhimdir. Ushbu loyiha mamlakatimizdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash borasida asosiy yoʻnalishlarni belgilab olishga va samarali mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi.

Biz bu tashkilotning mamlakatimizni doimiy qoʻllab-quvvatlayotgani va amalga oshirib kelayotgan chuqur tahlillarini yuksak baholaymiz hamda bundan buyon ham u bilan yaqin hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.

Hukumat hamda investorlar oʻrtasida ochiq va samarali muloqotning yoʻlga qoʻyilgani barqaror iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kalitidir.

Albatta, hali oldimizda birgalikda amalga oshirishimiz zarur boʻlgan ulkan vazifa va maqsadlar turibdi. Shu sababli bugungi zamon bilan hamnafas qadam tashlab, oʻz oldimizga aniq rejalarni qoʻyishga va saʼy-harakatlarimizni yanada uygʻunlashtirishga chaqiraman.

Kengashimiz doirasida quyidagi yoʻnalishlarda ishchi guruhlarni tashkil etish va ularni toʻliq amalga oshirishda sizlarni faol ishtirok etishga taklif etaman.

Birinchidan, kapital bozorini rivojlantirish. Bu yoʻnalishda xorijiy investorlarning talablariga toʻla javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga asosiy eʼtiborni qaratish lozim.

Ikkinchidan, masʼuliyatli biznes yuritish. Bu borada iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini taʼminlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifadir.

Uchinchidan, muqobil investitsiyalarni ragʻbatlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Venchur investitsiyalar toʻgʻrisida”gi yangi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish katta ahamiyatga ega.

Toʻrtinchidan, investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish. Xorijiy investorlar bilan davlat organlari oʻrtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish vaqti keldi, deb oʻylayman. Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni oʻz vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi.

Sizlarning boy bilim va tajribangiz, zamonaviy yondashuvlaringiz biz uchun nihoyatda muhimligini yana bir bor taʼkidlamoqchiman. Ishonamanki, Oʻzbekiston sizlarning qizgʻin qoʻllab-quvvatlashingiz orqali jadal oʻsish surʼatlarini namoyish etishda davom etadi.

Men barchangizni bugungi muhokamalar va yangi tashabbuslarni ishlab chiqishda faol ishtirok etishga taklif etaman. Sizlar bilan hamjihat boʻlib, yelkama-yelka turib harakat qilsak, xalqimiz turmush darajasini oshirishga va Oʻzbekistonning farovon kelajagini taʼminlashga qodirmiz.

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Afsuski, tadbir reglamenti va protokol sizlar ilgari surgan barcha takliflar boʻyicha alohida, batafsil toʻxtalishimizga imkon bermaydi.

Oʻzbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni va konstruktiv muloqotni kengaytirish borasidagi qatʼiy intilish va niyatlaringizni yuksak qadrlayman.

Takror aytaman: mamlakatimizda biznesingizni muvaffaqiyatli yuritish, oʻzingizni erkin va ishonchli his etishingiz uchun sizlarga barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz.

Ishontirib aytmoqchimanki, aytilgan barcha tashabbus va tavsiyalaringizni toʻliq inobatga olamiz.

Fursatdan foydalanib, hurmatli Reno-Basso xonimga islohot va oʻzgarishlarimizni doimiy qoʻllab-quvvatlab kelayotgani, qoʻshma dasturlarni samarali amalga oshirayotgani uchun yana bir bor tashakkur izhor etmoqchiman.

Bugundan boshlab, Kengash faoliyatida butunlay yangi tizim joriy etamiz.

Ushbu zalda oʻtirgan hukumatimiz aʼzolari, vazirlarimiz, Prezident Administratsiyasining masʼul xodimlari sizlar bilan har oy uchrashadi va muloqotlarimizni izchil davom ettiradi.

Kiritilgan har bir taklif, aytilgan har bir loyiha boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi” qabul qilinadi. Ularni shaxsan oʻzim qatʼiy nazoratga olaman.

Soʻzimning yakunida sizlarga sihat-salomatlik, professional faoliyatingiz va shaxsiy hayotingizda ulkan muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tilab qolaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.