Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
85
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlar!

Qadrli urush va mehnat faxriylari!

Avvalo, mana shu ulugʻ ayyom kunlarida, muhtasham Gʻalaba bogʻida turib, siz, azizlarni, bugungi tantanali marosimni joylardagi studiyalarda, harbiy okruglarda, oila davrasida televideniye orqali tomosha qilayotgan barcha faxriylarimizni koʻpmillatli butun xalqimizni Xotira va qadrlash kuni hamda buyuk Gʻalabaning 76 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga oʻzimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Muhtaram urush va mehnat fronti faxriylari!

Bugungi shonli sanani biz doimo cheksiz quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlaymiz. Vatan ozodligi uchun, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok boʻlgan ota-bobolarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, hurmat bajo keltiramiz.

Siz, moʻtabar faxriylarimizning beqiyos qahramonligingiz insoniyat tarixiga abadiy oʻchmaydigan, buyuk sahifa boʻlib yozilganini chuqur minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz.

Ulugʻ va tabarruk yoshlarga yetib, bugun oramizda sogʻ-salomat, duogoʻy boʻlib yurgan urush va mehnat frontining barcha jangchilariga yana bir bor yuksak mehr va hurmatimizni izhor etib, ularning barchasiga chin yurakdan tashakkur aytamiz.

Hayotning ogʻir va achchiq sinovlarini mardona yengib oʻtgan Siz, azizlarning Oʻzbekistonimizni har tomonlama rivojlantirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalashga qoʻshayotgan munosib hissangizni barchamiz yuksak baholaymiz.

Sizlarning mardlik va matonatingiz koronavirus pandemiyasi davom etayotgan hozirgi murakkab davrda ham ana shu xatarli kasallikka qarshi kurashda bizga kuch va madad bermoqda.

Biz – bugungi minnatdor avlodlar sizlar kabi jasur otalarimiz bilan umrbod faxrlanamiz.

Mana shu hayajonli daqiqalarda sizlarning jang maydonlarida buyuk qahramonlik koʻrsatganingiz, urushdan keyin mamlakatni tiklash va rivojlantirish yoʻlida qilgan fidokorona xizmatlaringiz uchun barchamiz bosh egib taʼzim qilamiz.

Oradan yana qancha yillar, asrlar oʻtmasin, sizlarning fashizmga qarshi koʻrsatgan matonatingizni xalqimiz hamisha qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun abadiy ibrat namunasi boʻlib qoladi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh insonlarning oʻlimiga sabab boʻlgan, mislsiz yoʻqotish va talafotlarga olib kelgan eng dahshatli qirgʻin boʻlganini hammamiz yaxshi bilamiz. Olti yil davom etgan bu qonli urushda oʻsha paytda dunyodagi mavjud 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgani ham bu haqiqatni tasdiqlaydi.

Yevropa, Osiyo va Afrika qitʼalaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan urush harakatlariga 110 million kishi safarbar etilgani va bu qirgʻinda jami 70 million kishi halok boʻlgani har qanday odamni larzaga soladi. Eng koʻp qurbonlar sobiq Ittifoq respublikalari hissasiga toʻgʻri kelib, qariyb 27 million kishini tashkil etganini bugun ham ulkan qaygʻu va iztirob bilan eslaymiz.

Oʻzbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatorida urushning birinchi kunlaridan boshlab fashizmga qarshi jangga kirdi. Yovuz dushmanni tor-mor etish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.

Shu borada baʼzi bir eng muhim, ilgari bizga nomaʼlum boʻlgan fakt va raqamlarni yana bir bor eslab oʻtish oʻrinli, deb hisoblayman.

Maʼlumki, 1941 yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlandi. Har biri tom maʼnoda qahramon boʻlgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok boʻldi.

Bizbu raqamlarni har yili 9 may – Gʻalaba bayramida qayta-qayta esga olamiz. Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qaygʻu va hasrat mujassam.

Bu dardu alamlarni hech qanday raqam, hech qanday soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi, desak, yanglishmagan boʻlamiz. Nega deganda, 500 mingdan ziyod qurbon – bu 500 mingdan ortiq fojia degani. Bu umr yoʻldoshidan ayrilgan ming-minglab ayollar, ota-onasidan judo boʻlgan millionlab yetim bolalar degani. Bu – oradan shuncha yillar oʻtsa hamki, xalqimiz yuragidagi bitmagan, hech qachon bitmaydigan mudhish yara, tuganmas nola va armon demakdir.

Oʻzbekiston xalqi ana shunday ogʻir talafotlar koʻrib, buyuk Gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshdi. Bu haqiqatni
200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ham yaqqol isbotlaydi. Vatandoshlarimizning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ortigʻi uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor boʻlganini alohida taʼkidlash lozim.

Insoniyat taqdiri va kelajagi hal boʻlayotgan oʻsha suronli yillarda Oʻzbekiston frontning mustahkam taʼminot bazasi boʻlib xizmat qildi.

“Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – Gʻalaba uchun!” degan gʻoya el-yurtimizning hayotiy eʼtiqodiga aylandi. Xalqimiz tunu kun tinimsiz mehnat qilib, ulkan miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha, dori-darmon zaxiralarini jang maydonlariga uzluksiz yetkazib berdi. Bomba va snaryadlar tinimsiz portlab turgan hududlardan 170 ga yaqin zavod va fabrikalar Oʻzbekistonga evakuatsiya qilindi va qisqa muddatda qayta ishga tushirildi.

Urushdan jabr koʻrgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga koʻchirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan yetim bolalar edi.

El-yurtimiz mudhish urush yillarida oʻzining yuksak gumanistik fazilatlarini namoyon etdi. Oʻzbekistonga olib kelingan turli millatga mansub ming-minglab  insonlarga boshpana berdi, mehr-shafqat, odamiylik koʻrsatib, eng soʻnggi nonini ham ular bilan baham koʻrdi. “Toshkent – non shahri”, “Oʻzbekiston – mehr mamlakati” ekanini amalda yana bir bor isbotladi.

Xalqimizning bunday ulkan jasorati, olijanobligi butun dunyoda hurmat-ehtiromga sazovor boʻldi. Va bu bilan biz har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi.

Muhtaram vatandoshlar!

Sizlarga maʼlumki, keyingi yillarda xalqimizning buyuk Gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasini har tomonlama oʻrganish va targʻib etish boʻyicha yurtimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ilgari yopiq boʻlgan arxiv hujjatlari ochilgani, sobiq Ittifoq respublikalari va chet eldagi arxiv tashkilotlari, muzey va fondlar, olim va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaygani muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Hozirgi kunda mamlakatimizning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixi yangi maʼlumot va dalillar, noyob hujjatlar bilan boyib bormoqda. Mavzuga oid yangi-yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilm va albomlar, koʻplab kartina va haykallar yaratilmoqda.

Taʼlim maskanlari va mahalla idoralarida ushbu yoʻnalishda tashkil etilgan stend va koʻrgazmalarda jangchi ota-bobolarimizning oʻlmas siymolari, ular haqidagi muhim tarixiy maʼlumotlar aks ettirilmoqda. Biz bu ishlarni yanada keng koʻlamda, faol davom ettirishimiz zarur.

Bugun urush yillarida besh azamat oʻgʻlidan judo boʻlgan Zulfiya Zokirova va uning oilasiga oʻrnatilgan yodgorlik poyiga gulchambar qoʻyib, hurmat bajo keltirdik. Bu matonatli inson timsolida barcha Oʻzbekiston onalariga yuksak hurmat-ehtiromimizni izhor etdik.

Ishonchim komilki, ana shunday fidoyi onalarimiz – sevgan yori va farzandlariga, oilasi va yurtiga sodiq ayollarimizning jasorati yosh oʻgʻil-qizlarimiz uchun Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat, sabr-matonat timsoli boʻlib xizmat qiladi. Shuning uchun ushbu majmuadagi har bir yodgorlikning maʼno-mazmuni va falsafasini, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga singdirishga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Gʻalaba bogʻi faoliyatini tashkil etish haqida oʻtgan yili qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, bu borada eʼtiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda.

Albatta, ularning barchasi haqida soʻzlash uchun koʻp vaqt kerak. Men faqat eng muhim ishlar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Avvalo, Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasini harbiy tariximiz, urush va mehnat fronti qatnashchilari jasoratini oʻrganish boʻyicha ilmiy markazga aylantirish harakati boshlandi. Shu maqsadda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan majmuaning elektron platformasi, onlayn dasturlar yaratildi va ularning faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Majmuaning veb-sayti takomillashtirildi. Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan 2 millionga yaqin vatandoshlarimizning toʻliq roʻyxatini shakllantirish va shu asosda “Vatan fidoyilari” xotira kitobini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Oʻtgan qisqa davrda, karantin sharoitiga qaramasdan, Gʻalaba bogʻiga 350 mingga yaqin yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar tashrif buyurdi. Ularning orasida oʻquvchi va talaba yoshlar, muhtaram nuroniylar, harbiy xizmatchilar, Hamdoʻstlik davlatlari va boshqa chet el fuqarolari, yuqori martabali xorijiy delegatsiyalar aʼzolari borligi ayniqsa eʼtiborga sazovor.

Bu yerga tashrif buyurgan odamlarning Oʻzbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga koʻrsatilayotgan ulkan hurmat-eʼtibor haqida bildirgan samimiy fikrlari, yuksak baholari, oʻylaymanki, hech kimni befarq qoldirmaydi.

Gʻalaba bogʻi qisqa muddatda tabarruk ziyoratgohga, turli uchrashuvlar, maʼnaviy-maʼrifiy, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar muntazam oʻtkaziladigan qutlugʻ maskanga aylanib qolgani barchamizni quvontiradi. Ayniqsa, 300 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan “Shon-sharaf” harbiy festivali, yosh ijodkorlarning urush mavzusidagi koʻrgazmalari, koʻrik-tanlovlar koʻpchilikda katta taassurot qoldirdi.

Bugungi kunda majmua tarkibida faoliyat koʻrsatayotgan “Shon-sharaf” davlat muzeyida 12,5 mingga yaqin eksponat toʻplangan boʻlib, ularning soni tobora ortib bormoqda.

Bu haqda gapirganda, oʻtgan yili nashr etilgan “Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi” kitob-albomini tilga olish oʻrinlidir. Bu yilgi bayram arafasida uning uzviy davomi boʻlgan “Oʻzbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” va “Gʻalaba bogʻi falsafasi” nomli kitob-albomlar chop etilganini alohida qayd etish lozim. Ushbu nashrlarda xalqimizning urush yillaridagi qahramonligi haqida ilgari bizga nomaʼlum boʻlgan koʻplab yangi maʼlumotlar keltirilgan.

Shu borada birgina misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Maʼlumki, taniqli sahna ustasi Maʼsuma Qoriyeva urushdan oldingi yillarda sobiq Hamza teatrining yetakchi artistlaridan biri boʻlgan. Uning qaynotasi – jadidchilik harakatining taniqli namoyandasi Abduvohid qori, qayin ukasi – isteʼdodli shoir Oltoy Qoriyev, turmush oʻrtogʻi – Madaniyat vazirligi sanʼat boshqarmasining boshligʻi Bosit Qoriyev 30-yillarda nohaq siyosiy qatagʻonga uchraydi. Qaynotasi va eri oʻlim jazosiga hukm qilinadi.

Yurtga yov bostirib kelgan ogʻir kunlarda Maʼsuma Qoriyeva oʻz boshiga tushgan fojiani unutib, ikki farzandi – Shavkat va Botir Qoriyevlarni fashizmga qarshi jangga yuboradi. Oʻzi esa hozirgi Oʻzbek milliy teatrida kasaba uyushmasiga rahbarlik qilib, gʻoyat ogʻir davrda xodimlarni moddiy taʼminlash uchun jonbozlik koʻrsatadi.

Urush tugaydi, lekin Maʼsuma ayaning farzandlaridan darak boʻlmaydi. Mushtipar ona ularning izlarini izlab Moskvaga boradi. U yerda ikkala oʻgʻli ham janglarda halok boʻlganini aniqlaydi.

Maʼlum boʻlishicha, urushda koʻrsatgan jasorati uchun Shavkat Qoriyev “Qizil bayroq” ordeni, Botir Qoriyev esa “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlangan ekan. Ming afsuski, Maʼsuma Qoriyeva u paytda bundan bexabar edi. Onaizor farzandlari dogʻini koʻtarolmasdan, 1946 yili Moskvada vafot etadi.

Mana shunday qaygʻuli voqealar bilan tanishganda, qahramon ajdodlarimizning oʻchmas xotirasi oldidagi qarzimiz va burchimizni yanada chuqur his etamiz. Bugungi tinch, erkin va yorugʻ kunlarning qadriga yetish kerakligini yana bir bor anglaymiz.

Oʻylaymanki, tarixchi olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, kinochi va rassomlarimiz Gʻalaba bogʻidagi har bir majmua haqida yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar yaratib, xalqimizga taqdim etsa, nur ustiga nur boʻlardi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Ikkinchi jahon urushi toʻgʻrisidagi bor haqiqatni aniqlash va xalqimizga yetkazish, ajdodlar xotirasini abadiylashtirish boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz kerak. Yurtimizdagi har bir qishloq, mahalla va taʼlim muassasasi, davlat va nodavlat tashkilotlar, keng jamoatchiligimiz urush ishtirokchilariga doir materiallarni toʻplash va targʻib etishda yanada faol ishtirok etadilar, deb ishonaman.

Ayniqsa, zamonaviy ilm-fanlarni, xususan, milliy tariximizni katta qiziqish va mehr bilan oʻrganayotgan yoshlarimizdan bu borada yangi tashabbus va harakatlarni kutib qolamiz.

Bugungi kunda yurtimizda urush qatnashchilari haqidagi maʼlumotlarning toʻliq elektron bazasini yaratishning vaqti-soati keldi. Rossiya, Belarus, Qozogʻiston kabi davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribasini oʻrganib, bunday amaliy ishlarni Oʻzbekistonda ham tashkil etishimiz lozim.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddatda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari haqidagi maʼlumotlarning elektron bazasini yaratish, bu borada maxsus saytlar, Internet resurslarni koʻpaytirish haqida qaror loyihasini tayyorlab kiritish topshiriladi.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Hayot qonuniyatiga koʻra, vaqt oʻtishi bilan koʻp narsa unutiladi, esdan chiqadi. Lekin bu yorugʻ dunyoda ulugʻ bir haqiqat borki, u hech qachon oʻzgarmaydi, hech qachon eskirmaydi. Yaʼni, Vatan va xalq ozodligi, kelgusi avlodlarning baxtu saodati yoʻlida mardlik va jasorat koʻrsatgan insonlar xotirasi hamisha barhayot yashaydi.

Shu bois biz uchun urush va mehnat faxriylarining izzat-hurmatini joyiga qoʻyish, oʻtganlarning xotirasini abadiylashtirish doimo muqaddas vazifa boʻlib qoladi. Bayram munosabati bilan bu borada koʻp ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, ularning oila aʼzolarini qutlash, tabrik va sovgʻalar topshirishga bagʻishlangan marosimlar tantanali vaziyatda oʻtkazildi. Yolgʻiz yashayotgan urush va mehnat faxriylarining uy-joylari taʼmirlandi va obod qilindi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatadigan, ularni parvarish qilish bilan shugʻullanadigan patronaj xizmati yoʻlga qoʻyildi. Ana shunday faxriylarimiz oʻz xohish-istaklari asosida respublikamizdagi sanatoriylarda davolanmoqda. Bayram kunlarida barcha shahar va qishloqlarimizda xotira tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Albatta, xalqimiz maʼnaviyatining ajralmas qismi boʻlgan bunday savobli ishlarni biz bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.

Qadrli doʻstlar!

Bugungi notinch va tahlikali hayotning oʻzi Ikkinchi jahon urushining qonli fojialaridan xulosa va saboq chiqarib yashashni butun dunyo xalqlaridan talab etmoqda. Yer yuzida tinchlik uchun kurashish, dunyo davlatlari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamkorlik aloqalarini kuchaytirish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasini aynan mana shunday tamoyillar asosida amalga oshirmoqdamiz va bu yoʻldan hech qachon ortga qaytmaymiz.

Ayniqsa, bebaho boyligimiz boʻlgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo ahillik va totuvlikni asrash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash hamisha bosh vazifamiz boʻlib qoladi.

Dunyoda va mintaqamizdagi notinch vaziyatni hisobga olgan holda, biz doimo hushyor va sezgir boʻlib yashashimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirib, yoshlarimizni vatanparvarlik va jasorat ruhida tarbiyalashimiz zarur.

Ana shunday gʻoyat muhim vazifalarni samarali ado etishda buyuk ajdodlarimiz, muhtaram faxriylarimizning mardligi va shonli anʼanalari, hech shubhasiz, biz uchun doimo ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.

Xalqimiz va millatimizning yuksak qadriyat va fazilatlari aynan ana shunday asosda shakllanadi va rivojlanadi.

Qahramon otalaridan oʻrnak va namuna olib, ular bilan doimo faxrlanib yashaydigan xalq hech qachon kam boʻlmaydi va oʻzining ezgu maqsadlariga albatta yetadi.

Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!

Siz, azizlarni bugungi qutlugʻ bayram – Xotira va qadrlash kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Mana shu imkoniyatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan yana bir ulugʻ ayyom – muqaddas Ramazon hayiti bilan ham barchangizni samimiy muborakbod etaman.

Xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxtu saodat tilayman.

Xalqimiz va butun insoniyat uchun buyuk Gʻalaba keltirgan barcha jasur jangchilarimizga shon-sharaflar boʻlsin!

Tinchlik va ozodlik yoʻlida oʻz aziz jonlarini fido etgan qahramonlar xotirasi hamisha barhayot boʻlsin!

Barcha ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!

Doimo sogʻ-salomat boʻling, azizlarim, qadrdonlarim!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.