Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “yashil” energetika sohasidagi yirik qoʻshma loyihalarni ishga tushirishga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
65
marta koʻrilgan.

Hurmatli tantanali marosim ishtirokchilari!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Avvalambor, siz, azizlarni shunday qutlugʻ kunlarda, Yangi yil arafasida Yangi Oʻzbekiston hayotidagi ulkan tarixiy voqea – “yashil” energetika sohasidagi yirik qoʻshma loyihalarni ishga tushirishga bagʻishlangan tantanali marosimda koʻrib turganimdan benihoya baxtiyorman.

Yaxshi xabardorsiz, biz bundan besh yil muqaddam qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish boʻyicha oldimizga juda katta maqsad va vazifalarni qoʻyib, amaliy ishlarni boshlagan edik.

Biz sohani isloh etishni, birinchi galda, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yetakchi ekspertlari bilan maslahat qilishdan boshladik.

Bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish va yangi qarorlarni qabul qilish orqali energetika tarmogʻida bozor tamoyillariga asoslangan mustahkam qonunchilik bazasini yaratdik. Sohada maʼmuriy-buyruqbozlik mexanizmlari va monopoliyadan voz kechib, zamonaviy boshqariladigan ochiq va shaffof tizimga oʻtdik. Xususiy sektor va xorijiy kompaniyalarning kirib kelishi uchun qulay imkoniyatlar yaratdik.

Energetika vazirligi, shuningdek, har bir alohida yoʻnalish boʻyicha masʼul va javobgar boʻlgan yangi tashkilotlar tuzildi.

Xalqaro maslahatchi va konsalting kompaniyalarini yollab, ikki yil davomida mamlakatimizda quyosh, shamol va gidroenergetikani rivojlantirish imkoniyatlarini puxta oʻrgandik hamda eng samarali hududlar xaritasini tuzdik.

Natijada chet ellik investorlarning yurtimizga boʻlgan qiziqishi va ishonchi keskin oshdi.

Ilk bor 100 foiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan Karmana va Nurobod tumanlarida 2 ta quyosh stansiyasi ishga tushirilib, shu kunga qadar 1 milliard kilovatt soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Bugun esa mamlakatimiz tarixida yana bir yorqin sahifa ochadigan muhim hodisa – umumiy quvvati ikki ming toʻrt yuz megavatt boʻlgan oltita yirik quyosh hamda shamol stansiyalari tarmoqqa ulanmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonning yaqin doʻsti va keng qamrovli hamkori boʻlgan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida uchta quyosh elektr stansiyasining birinchi bosqichi barpo etildi.

Bundan tashqari, ushbu nufuzli kompaniya tomonidan Tomdi tumanida barpo etilayotgan zamonaviy shamol stansiyasining 100 megavatti ishga tushirilmoqda. “Gezhouba” kompaniyasi bilan esa Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi quyosh stansiyalarining dastlabki 400 megavattli generatsiyasi boshlanadi.

Eng eʼtiborli jihati – ushbu barcha loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirildi.

Umumiy qiymati 2 milliard dollarlik bu loyihalar hisobidan yiliga 6 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, ikki milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. 2 million xonadon uzluksiz va kafolatli elektr energiyasi bilan taʼminlanadi. Sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratiladi.

Bizning strategik sherigimiz va yirik savdo hamkorimiz boʻlgan Xitoy ishtirokidagi loyihalar ilgari tajribada kuzatilmagan juda qisqa muddatda – 9 oy ichida ishga tushirilganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchiman.

Jahonda ishlab chiqarish zanjiri va logistika bilan bogʻliq muammolar qanchalik murakkab ekaniga qaramasdan, biz bu borada “Goldwind”, “Sungrow”, “Jolywood”, “Longi” kabi kompaniyalar bilan samarali ish olib bordik.

Fursatdan foydalanib, bugungi tadbirimizda hozir boʻlib turgan “Masdar” kompaniyasi rahbari Muhammad al Ramahiy janoblariga, “China Energy” vitse-prezidenti Vu Yun janoblariga, “Gezhouba” kompaniyasi raisi Lin Syaodan janoblariga, bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etgan “Dong Fang”, “Smek”, “Sepko” va boshqa kompaniyalar rahbarlariga, nufuzli xalqaro bank-moliya institutlariga, mazkur loyihalarni amalga oshirishga munosib hissa qoʻshgan barcha xorijiy va mahalliy mutaxassislarga, quruvchi-muhandislarga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Biz nima uchun “yashil” energetika rivojiga bu qadar katta ragʻbat va eʼtibor qaratyapmiz? Chunki, biz, eng avvalo, 2030 yilga borib sanoat hajmini ikki karra oshirishni, metallurgiya, neft-kimyo va mashinasozlik kabi sohalarni sifat jihatdan mutlaqo yangi darajaga koʻtarishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz. Umumiy qiymati 150 milliard dollarlik 500 dan ziyod yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni koʻzlayapmiz.

Bu ulugʻvor niyatlarimizga erishish uchun bizga kafolatli va barqaror energiya resurslari suv bilan havodek zarur. Hisob-kitoblarimizga koʻra, kelgusi olti yilda mamlakatimizda elektr energiyasiga boʻlgan talab hozirgi 83 milliarddan 120 milliard kilovatt soatga oʻsishi kutilmoqda. Buni, birinchi galda, qayta tiklanadigan energiya hisobidan qoplaymiz.

Ikkinchidan, biz global muammoga aylangan iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha tinimsiz izlanyapmiz. Xalqaro sammitlarda muhim taklif va tashabbuslarni faol ilgari suryapmiz. Yaqinda Dubayda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi doirasida dunyo mamlakatlari “yashil” generatsiyani uch barobar oshirishga kelishib oldi.

Oʻzbekiston ushbu tashabbusni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi va 2030 yilgacha “yashil” energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettiradi.

Uchinchidan, mamlakatimizda “yashil” energetika boʻyicha nihoyatda ulkan salohiyat mavjud. Yaratganning oʻzi bergan bu buyuk imkoniyatdan unumli foydalanib, uni xalqimiz manfaatlariga yoʻnaltirishimiz zarur.

Sohani ragʻbatlantirish maqsadida quyosh panellari oʻrnatishga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatli sotib olish boʻyicha “Quyoshli xonadon” tizimini yoʻlga qoʻydik. Shu yilning oʻzida yurtimizda 50 ming xonadon va tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari oʻrnatildi. Mamlakatimizda 7 milliondan ortiq uy-joylar borligini hisobga olsak, bu investorlar uchun katta bozor yaratishini alohida qayd etmoqchiman.

Toʻrtinchidan, hozirgi kunda global miqyosda “yashil” energiyadan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga alohida ustunlik berilmoqda. “Yashil energiya” sertifikati keng joriy qilinmoqda.

Oʻzbekiston kelgusida aniq reja va qatʼiy saʼy-harakatlar orqali “yashil” energiyani Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozoriga ham yetkazib berish boʻyicha dastlabki qadamlarni tashlayapti.

Beshinchidan, ushbu soha sanoatning boshqa tarmoqlari va servisni rivojlantirishga juda katta ijobiy turtki beradi. Bugungi loyihalar doirasida 100 million dollarlik elektr jihozlari va qurilish materiallari mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berilgani ham bu fikrimizning yaqqol tasdigʻidir.

Hozirgi vaqtda yurtimizda toʻrtta korxona quyosh panellari, yana ikkita korxona metall konstruksiyalar ishlab chiqarishni boshladi. “Yashil” energiya sohasidagi ellikka yaqin loyihalar esa qoʻshimcha 500 million dollarlik kabel bozorini yaratmoqda.

Biz xorijiy hamkorlarimizni butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar bilan yaqin kooperatsiya aloqalarini yanada kuchaytirishga chaqiramiz.

Hurmatli doʻstlar!

Biz bugun amalga oshirayotgan ulkan ishlar tarmoqda boshlagan katta islohotlarimizning yana bir yaqqol amaliy natijasidir. Bu chora-tadbirlarni izchil davom ettirib, raqobatli bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtib boramiz. Xususan, bu yoʻlda yaqinda energetika bozori regulyatorini tashkil etish boʻyicha muhim qarorni qabul qildik.

Hozir yurtimizda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ustida jadal ishlayapmiz. Shu bilan birga, yangi generatsiya quvvatlarini yetkazish uchun infratuzilmani yanada yaxshilashga alohida urgʻu beryapmiz.

Kelgusi besh yilda jami 70 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 ming dona transformator, 100 dan ortiq podstansiyalar toʻliq yangilanadi. Shuningdek, 10 ming kilometr yuqori kuchlanishli yangi magistral tarmoqlar barpo etiladi.

Hech shubhasiz, sizlar bilan kelajakda yangi tashabbuslarni aniq loyihalarga aylantirish yoʻlidagi sermahsul hamkorligimizni yanada kengaytirib boramiz. Biz uchun ustuvor boʻlgan bu kabi loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlarga barcha sharoit va zarur imtiyozlarni yaratib beramiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizni kirib kelayotgan 2024 yil bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlarga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat va olib borayotgan sharafli ishlaringizda ulkan omadlar tilayman.

Yangi yilimiz ham mana shunday quvonchli va fayzli lahzalarga boy boʻlsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.