Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Muhtaram faxriylar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun jonajon Vatanimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 73 yilligi keng nishonlanmoqda.
Ana shu qutlugʻ ayyom bilan sizlarni, sizlar orqali koʻp millatli butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga oʻzimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Siz, azizlarni biz fashizmga qarshi mardona kurashgan, buyuk Gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshgan, Vatanimizning haqiqiy qahramonlari, deb bilamiz va sizlar bilan cheksiz faxrlanamiz.
Sizlarning bugun oramizda mana shunday nuroniy boʻlib, duogoʻy boʻlib yurishlaringiz biz uchun albatta katta baxt, katta davlatdir.
Hammamizga ayonki, bu dunyoda tinchlik va omonlik, baxtu saodat barqaror boʻlishi uchun inson oʻzini ayamasdan kurash olib borishi, fidokorona mehnat qilishi kerak. Sizlarning yuksak jasorat va matonatingiz, butun hayotingiz bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Bugun fashizmga qarshi kurashda halok boʻlgan minglab vatandoshlarimizning soʻnmas xotiralarini yod etib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish – biz uchun ham qarz, ham farzdir.
Qonli jang maydonlarida mardlik koʻrsatgan, front ortida mehnat qilib, bugun hayotimizga fayz bagʻishlab yurgan muhtaram faxriylarimiz oldida barchamiz bosh egib taʼzim qilamiz.
Ayni vaqtda mustaqil Vatanimiz ozodligi, el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan jasur harbiylarimizning nomlarini ham hurmat va ehtirom bilan esga olamiz. Ularning oila aʼzolari, farzandlariga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishni oʻzimizning muqaddas burchimiz, deb bilamiz.
Aziz va muhtaram doʻstlar!
Ikkinchi jahon urushi haqiqatan ham insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirgʻin boʻlgan edi. Bu urush xalqimiz boshiga qanday ogʻir azob-uqubat va talofatlar, behisob qurbonlar keltirganini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi.
Albatta, bu haqda juda koʻp gapirish mumkin. Ruxsatingiz bilan, men takror boʻlsa ham, faqat baʼzi misollarga toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Urush arafasida Oʻzbekistonda 6,5 million aholi yashagan boʻlsa, shundan 1 million 500 mingdan ziyodi frontga safarbar etilgan. Bu oʻsha paytdagi xalqimizning 22 foizini, mehnatga yaroqli aholining esa 40-42 foizini tashkil etardi.
Mehribon ota-onasini, aziz farzandlari, tabarruk ona yurt tuprogʻini himoya qilishga otlangan bu botir insonlar kechayu kunduz qon kechib, Moskvadan to Berlingacha boʻlgan olovli yoʻllarni qahramonlarcha bosib oʻtdilar.
Urushda oʻzbekistonlik jangchilardan 500 mingdan koʻprogʻi – frontga safarbar etilganlarning har uchtasidan biri halok boʻldi, 60 mingdan ortiq hamyurtimiz nogiron boʻlib qaytdi.
Bu yovuz urush tufayli qancha-qancha oilalar oʻz boquvchisidan ajraldi, goʻdaklar yetim, ayollar beva boʻlib qoldi. Oʻz jigarbandidan judo boʻlgan ming-minglab onalar qalbidagi alam va iztirobni ifoda etishga soʻz ojiz.
El-yurtimizning buyuk Gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasi haqida gapirar ekanmiz, quyidagi raqamlarga alohida toʻxtalish oʻrinli, deb oʻylayman. Urushda qatnashgan 120 mingdan ortiq Oʻzbekiston farzandi jangovar orden va medallarga sazovor boʻlgan. Ularning 280 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan, 82 nafari esa uchala darajadagi “Slava” ordeni bilan mukofotlangan.
Urush yillarida Oʻzbekiston frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylandi. Yurtimizdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirildi, barcha imkoniyatlar front uchun, gʻalaba uchun safarbar etildi.
Oʻlkamizga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni ishga tushirishda ishchi va muhandislar bilan birga ayollar va keksalar, oʻspirin bolalar mardlik va matonat bilan mehnat qildilar.
Urush davrida xalqimiz tomonidan frontga 2 mingdan ziyod samolyot, koʻplab qurol-yarogʻlar, yuzlab harbiy-sanitariya poyezdlari, dala oshxonalari, palatkalar, juda katta miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berildi.
Oʻzbekiston mehnatkashlari toʻplagan mablagʻlar hisobidan oʻnlab harbiy samolyot va tanklar, jangovar mashinalar barpo etildi.
1941 – 1945 yillarda mamlakatimiz sobiq Ittifoq miqyosidagi ulkan gospitalga aylandi. Bu yerda ming-minglab jangchilar davolanib, urush va mehnat frontlariga qaytdilar.
Oʻsha suronli yillar haqida gapirganda, xalqimizning olijanob gumanistik fazilatlari toʻgʻrisida har qancha faxrlanib, gʻururlanib soʻz yuritsak, arziydi, albatta.
Oʻzbekiston urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan, front hududlaridan koʻchirib keltirilgan qariyb 1 million kishini oʻz yaqinlaridek kutib oldi. Ularning 200 ming nafari bolalar edi. Yuzlab oʻzbek oilalari evakuatsiya qilingan yetim bolalarni oʻz tarbiyasiga oldi. Oxirgi burda nonini ham ular bilan baham koʻrdi.
Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov xonadoni ana shunday oilalardan biri edi.
Bahri aya i Shoahmad ota 14 nafar och-yupun, yetim bolani oʻz tarbiyasiga olib, ularga mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatdilar.
Xalqimizga xos ana shunday buyuk insonparvarlik yuksak maʼnaviy jasorat namunasi sifatida butun dunyoda eʼtirof etildi.
Keyingi paytda jamoatchiligimiz tomonidan bildirilgan koʻplab murojaatlarni hisobga olib, biz Shoahmad Shomahmudov oilasiga qoʻyilgan haykalni Toshkent shahri markazidagi avvalgi joyiga qaytarishga qaror qildik.
Ushbu yodgorlik yonida joylashgan markaziy koʻchalardan biriga Shoahmad Shomahmudov nomi berildi. Shuningdek, haykal oʻrnatilgan maydon, shu hududdagi metro stansiyasi, sanʼat saroyining “Xalqlar doʻstligi” degan avvalgi nomi qayta tiklandi.
Albatta, bunday qaror chuqur asosga ega. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari doʻstlik, oʻzaro hurmat muhitida tinch-totuv yashamoqda.
Ishonchim komil, Oʻzbekiston poytaxti markazida qayta tiklangan majmua azaldan xalqimizga xos boʻlgan, tobora mustahkamlanib borayotgan bagʻrikenglik va hamjihatlik, saxovat va olijanoblik fazilatlarining yorqin timsoli boʻlib qoladi.
Aziz doʻstlar!
Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz koʻrsatgan mardlik va olijanoblik haqida koʻplab ilmiy va badiiy asarlar yaratilganini albatta minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz.
Shu bilan birga, el-yurtimizning buyuk Gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasi hali toʻla ochib berilmagan, desak, bu ham adolatdan boʻladi.
Bugungi fursatdan foydalanib, men tarixchi olimlarimizga, adabiyot va sanʼat arboblariga, keng jamoatchiligimizga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman. Bu dahshatli urushda qatnashgan ota-bobolarimizning qahramonligi haqida yangi-yangi asarlar yaratish, jumladan, aniq tarixiy hujjatlar asosida mukammal kitob-albom tayyorlab, nashr etishning, oʻylaymanki, vaqti-soati keldi.
Haqiqatan ham, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimiz fashizm balosiga qarshi kurashda jasur ajdodlarimiz koʻrsatgan mardlik va matonatni aslo yodidan chiqarmasligi kerak. Bu tarixiy haqiqatni ularga toʻla yetkazish, farzandlarimizni milliy gʻurur va iftixor ruhida, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda barcha mutasaddi tashkilotlar, olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz faol ishtirok etadilar, deb ishonaman.
Qadrli yurtdoshlar!
Bugun azim poytaxtimiz Toshkent shahrida, barcha viloyat va tumanlarda el-yurtimiz Xotira maydonlarini ziyorat qilib, urushda halok boʻlgan vatandoshlarimizni yod etmoqda. Muhtaram faxriylarimiz bilan samimiy uchrashuvlar oʻtkazilib, ularga mukofotlar, esdalik sovgʻalari topshirilmoqda.
Hammamiz yaxshi tushunamiz, keksalarimiz, moʻtabar otaxon va onaxonlarimizni rozi qilsak, butun xalqimiz, jamiyatimiz bizdan rozi boʻladi. Ularning tabarruk duolari – bu, avvalo, el-yurtimizning duosi, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.
Shu munosabat bilan taʼkidlab aytmoqchiman – keksa avlod vakillariga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni kuchaytirish, ularning ijtimoiy taʼminoti, tibbiy xizmatdan foydalanishi, maishiy sharoitlarini yaxshilash, hurmatli faxriylarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, eʼzozlash va ardoqlash bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻlib qoladi.
Albatta, mana shu qutlugʻ bayram kunlarida, yam-yashil tabiat bagʻrida, musaffo osmon ostida turib, har birimiz tinch va ozod hayotning qadrini, ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Lekin, ming afsuski, dunyoning turli mintaqalarida keskinlik oʻchoqlari koʻpayib bormoqda. Bu ham ayni haqiqat. Shunday murakkab davrda tinchlik uchun kurash chindan ham eng dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Shuning uchun biz yaqin va uzoq qoʻshnilarimiz bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni kuchaytirmoqdamiz. Ayniqsa, mintaqamizda doʻstlik va hamkorlik ruhini mustahkamlash boʻyicha katta ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi maʼlum. Jumladan, jafokash Afgʻoniston zaminida salkam 40 yildan buyon davom etayotgan mojaroni tinch yoʻl bilan hal etish borasidagi tashabbuslarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Mintaqamizdagi tinchlik va taraqqiyot barchamizning birgalikdagi saʼy-harakatlarimizga bogʻliq. Shu maʼnoda, bugun Markaziy Osiyo davlatlari oʻzaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarishga intilayotgani gʻoyat muhim ahamiyatga ega.
Ayni paytda Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, sarhadlarimiz daxlsizligini saqlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xatarlarga qarshi kurashish bosh vazifamiz boʻlib qoladi. Bu borada Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirib, tinchlik va xavfsizlik yoʻlida olis va yaqin davlatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytiramiz.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekistonni xayrixohlik bilan qoʻllab-quvvatlab kelayotgan, bugungi davramizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, barcha xorijiy mehmonlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildiramiz. Ularning mamlakatlari va xalqlariga oʻz nomimdan, el-yurtimiz nomidan tinchlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.
Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!
Siz, azizlarni qutlugʻ bayram – Xotira va qadrlash kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Dunyodagi eng katta baxt – farzandlar, nabiralarning baxtu kamolini koʻrish barchangizga nasib etsin.
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!
Osmonimiz doimo musaffo boʻlsin!