Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqi

0
221
marta koʻrilgan.

Muhtaram Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani Janobi Oliylari!

Hurmatli Federika Mogerini xonim!

Hurmatli tashqi ishlar vazirlari va delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Mamlakatimiz poytaxtida boʻlib oʻtayotgan Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaning barcha ishtirokchilari va mehmonlarini Oʻzbekiston xalqi nomidan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

Ushbu anjumanda ishtirok etayotganingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorlik bildiraman va mehmondoʻst oʻzbek zaminida sizlarni koʻrib turganimdan gʻoyat xursandman.

Bugungi konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasining birgalikdagi tashabbusi bilan oʻtkazilmoqda. 

Mazkur anjuman xalqaro hamjamiyat tomonidan Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarning mantiqiy davomidir.
Forumda shaxsan ishtirok etayotgani uchun Prezident Ashraf Gʻani Janobi Oliylariga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. 

Shuningdek, xalqaro konferensiya oʻtkazish boʻyicha bizning tashabbusimizni avval-boshdanoq qoʻllab-quvvatlagan va barcha qatnashchilarga oʻzining tabrik xatini yoʻllagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi janob Antoniu Gutterishga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Biz janob Antoniu Gutterishning Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish jarayonlari doirasida muzokaralar oʻtkazish tarafdori ekanini, shuningdek, mintaqamizda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholaymiz. 

Shu yilning yanvar oyida BMT Xavfsizlik Kengashida Qozogʻiston raisligida Markaziy Osiyo va Afgʻoniston boʻyicha fikr almashuvlar boʻlib oʻtgan edi. Fursatdan foydalanib, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyevga ana shu oʻta muhim muammoni muhokama etish boʻyicha koʻrsatgan tashabbusi uchun samimiy tashakkur bildiraman.

Shuningdek, boʻlib oʻtgan muhokamalar chogʻida bildirgan zarur va qimmatli takliflari uchun BMT Xavfsizlik Kengashining barcha aʼzolaridan minnatdorman. Bu takliflarning katta qismi ushbu konferensiyaning afgʻonistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda tayyorlangan yakuniy hujjati loyihasi – Toshkent deklaratsiyasida hisobga olindi.

Shu bilan birga, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan:

— Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Federiko Mogerini xonimni;
— Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi siyosat mahkamalari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari va vakillarini chin qalbimdan qutlashdan gʻoyat mamnunman. 

Bugun ushbu zalda BMT Xavfsizlik Kengashining  doimiy aʼzosi boʻlgan davlatlar va Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar vakillari toʻplanganini alohida taʼkidlamoqchiman.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Biz shu kunlarda bahor va yangilanish bayrami boʻlgan Navroʻz ayyomini keng nishonlamoqdamiz. Azal-azaldan bu faslda urush-janjallar toʻxtatilgan, odamlar eski gina-kuduratlarni unutib, bir-birini kechirgan va hatto eng murakkab, hal etib boʻlmaydigandek tuyulgan masalalar boʻyicha ham kelishib, hamjihatlikka erishgan.  
Ishonchim komil, bugun biz ham davrimizning eng oʻtkir mintaqaviy va global muammolaridan biri – Afgʻonistondagi qarama-qarshilikni hal etishni amaliy ruhda muhokama qilib, birgalikda umumiy bir yechim ishlab chiqishga qodirmiz. 

Ming afsuski, jafokash Afgʻoniston zaminidagi bu toʻqnashuv qariyb 40 yildan buyon davom etmoqda.

Maʼlumki, “urush olovi” afgʻon xalqiga chetdan tiqishtirildi, bu – uning tanlovi emas. 
Ana shu yillar mobaynida yuz minglab tinch aholi urush qurboniga aylandi, millionlab insonlar oʻz uylarini tashlab ketishga va boshqa mamlakatlardan boshpana izlashga majbur boʻldi.   

Bu mojaroga yangi-yangi kuchlarning jalb etilishi uning mislsiz darajada keskinlashib ketishiga olib keldi. Ushbu urush nafaqat Afgʻonistonning muammosi, balki tobora murakkablashib borayotgan xalqaro muammoga aylandi.

Afgʻonistonda xalqaro terrorchi guruhlar sonining kengayishi, zoʻravonlik va qon toʻkishlar, narkobiznesning barham topmayotgani – bularning barchasi bu mamlakatdagi vaziyatni jahon jamoatchiligi tomonidan inkor etilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini koʻrsatmoqda.

Eng yomoni, Afgʻonistondagi qurolli qarama-qarshilik va zoʻravonlik sharoitida butun bir avlod voyaga yetdi. Lekin bu, ayrim ekspertlar andishasizlarcha taʼkidlayotganidek, “boy berilgan avlod” emas.  Ular urush, muhtojlik va qiyinchiliklardan charchagan odamlar, xolos. Ular oʻzaro nizolarga chek qoʻyib, tinch hayotga, oʻz mamlakatini taraqqiyot va farovonlikka olib boradigan bunyodkor mehnatga qaytishni xohlaydi va shunga intiladi.

Men qatʼiy aminman: afgʻon xalqida oʻz farzandlari va kelajak avlodlarning baxt-saodati yoʻlida yangi, tinch hayotni boshlash va barpo etish uchun kuch-gʻayrat, donishmandlik, mardlik va matonat yetarli.

Bugungi anjumanimizda vakillari ishtirok etayotgan davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bu jafokash mamlakatdagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etishga koʻmaklashishda muhim rol oʻynashga qodir va shunday boʻlishi kerak.  

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi voqealar oqibatida Afgʻonistondagi vaziyat maʼlum bir vaqt davomida xalqaro siyosat  eʼtiboridan chetda qoldi. Ammo buning natijasida mazkur mojaro oʻz keskinligi va jiddiyligini yoʻqotgani yoʻq.

Oʻzbekistonda xalqaro konferensiya oʻtkazish taklifi va Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlasha qaratilgan saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurati quyidagi omillar bilan bogʻliq.

Birinchidan, bizning tashabbusimiz Oʻzbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga toʻla mos keladi. Bu konsepsiyada avvalo qoʻshni mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilangan Ikkinchidan,  Oʻzbekiston va Afgʻoniston xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-sivilizatsion makonda yashab kelgan. 

Azal-azaldan Amudaryoning ikki tomonida oʻzaro oʻxshash tillar, umumiy muqaddas din va mushtarak maʼnaviy qadriyatlar birlashtirib turadigan xalqlar yashab kelmoqda.
Amudaryo biz uchun hamisha tiriklik manbai boʻlib kelgan, ammo odamlarning erkin harakat qilishiga, savdo aloqalarini yaqindan rivojlantirishga, ilm-fan sohasidagi yutuqlar bilan oʻrtoqlashishga va bir-birini madaniy jihatdan boyitishga hech qachon toʻsqinlik qilmagan.

Afgʻon zaminida  Markaziy Osiyo Uygʻonish davrining Abu Rayhon Beruniy, Lutfiy,  Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk namoyandalari va boshqa koʻplab bizning ulugʻ ajdodlarimiz yashab ijod qilganlar.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida  yaqin siyosiy,  savdo-iqtisodiy  va madaniy-gumanitar aloqalar yoʻlga  qoʻyilgan. Afgʻonistonda  millionlab oʻzbeklar yashaydi. Afgʻoniston Konstitutsiyasiga  muvofiq oʻzbek tili mamlakatning rasmiy tillaridan biri hisoblanadi.

Uchinchidan, barchamiz qatʼiy ishonamizki, xavfsizlik yagona va boʻlinmasdir va uni faqat birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan taʼminlash mumkin. Biz xavf-xatarlarning baʼzi birlarini “oʻzimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmasligimiz kerak, aniqroq aytganda, bunday qilishga haqqimiz yoʻq.

Afgʻoniston xavfsizligi – bu Oʻzbekiston  xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiy mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir.

Xalqaro terroristik tashkilotlar Afgʻonistonni oʻzining doimiy makoniga aylantirib olishiga yoʻl  qoʻyib boʻlmaydi.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga  koʻmaklashish boʻyicha tajribaga ega. 

Oʻzbekistonning tashabbusi bilan 1999 yilda Toshkentda Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar, Rossiya va AQSH tashqi siyosat  mahkamalari rahbarlari darajasida  “6+2” guruhining uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi.  Bu uchrashuvda  Shimoliy Ittifoq va “Tolibon” harakati vakillari ham ishtirok etgan edi.

Muzokaralar yakuni boʻyicha Afgʻonistondagi nizolarni tinch yoʻl bilan bartaraf etishning asosiy prinsiplari haqidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi va u Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 54-sessiyasi  va BMT Xavfsizlik Kengashining rasmiy hujjatiga aylandi.

Shu munosabat bilan biz  Afgʻoniston bilan umumiy kelajagimiz, afgʻonistonlik birodarlarimizni ham, bizni ham birdek tashvishga solayotgan masalalar haqida gapirish uchun barcha asoslarga, siyosiy va maʼnaviy huquqqa egamiz.

Aynan mana shuning uchun ham Oʻzbekiston butun dunyo mamlakatlarini  bizning bu ezgu ishdagi saʼy-harakatlarimizni qoʻllab-quvvatlashga daʼvat etadi.
Qadrli doʻstlar!

Bugungi kunda Afgʻonistondagi vaziyatni bartaraf etish boʻyicha koʻp qirrali va murakkab masalalar mintaqa  va xalqaro  miqyosda keng muhokama  qilinmoqda.

Bu oʻrinda Afgʻonistondagi  harbiy-siyosiy  inqirozni hal etish yoʻllarini topish maqsadida tashkil etilgan Kobul jarayoni, Moskva  formati, Xalqaro muloqot guruhi,  “Osiyo yuragi” deb nomlangan Istambul jarayoni,  “ShHT-Afgʻoniston” muloqot guruhi va boshqa koʻp tomonlama muhokama jarayonlari alohida diqqatga sazovordir.

Oʻzbekiston Kobul jarayoni  doirasidagi  ikkinchi majlis ishtirokchilarining Afgʻoniston hukumati bilan “Tolibon” harakatining “oldindan shart qoʻymaslik va kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik” asosida  toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazishni boshlash haqidagi qarorini  qoʻllab-quvvatlaydi.

Ammo tinchlik sari harakatning eng asosiy sharti, bizningcha, avvalo mintaqa va global darajada kelishilgan, Afgʻoniston uchun yagona keng qamrovli tinchlik dasturini  ishlab chiqish va amalga oshirishdan iboratdir. 

Shundan kelib chiqqan holda, bizning birgalikdagi  saʼy-harakatlarimizning asosiy  maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:

birinchi – afgʻon muammosini tinch yoʻl bilan hal etishning asosiy tamoyillarini  ishlab chiqish va ular boʻyicha keng va qatʼiy xalqaro konsensus – murosaga erishish;

ikkinchi – Afgʻoniston hukumati va qurolli muxolifat oʻrtasida  muzokaralarni boshlash  mexanizmini  ishlab chiqish;

uchinchi – Afgʻonistonda milliy kelishuv jarayoniga  xalqaro hamjamiyat tomonidan koʻmak berish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish.

Va nihoyat, barcha manfaatdor tashqi kuchlarning qurolli muxolifatdan Afgʻoniston hukumati bilan muzokaralar stoliga oʻtirishini, qarama-qarshilik va zoʻravonlikka  chek qoʻyishni qatʼiy va bir ovozdan talab qilishi beqiyos ahamiyat kasb etadi. 

Bundan boshqa yoʻl yoʻq. Bizning fikrimizcha, bugungi uchrashuvimizning bosh gʻoyasi shundan iborat.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Afgʻonistondagi nizolar gʻoyat murakkab va qarama-qarshi xususiyatga ega ekanini,  ularga  turli kuchlar jalb etilganini eʼtiborga olgan holda, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyusiyasidan kelib chiqib, keng qamrovli  tinchlik jarayonini uchta oʻzaro bogʻliq darajada amalga oshirishni taʼminlash muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Afgʻoniston mamlakati darajasida – markaziy hukumat va qurolli muxolifatning asosiy kuchlari, birinchi navbatda, “Tolibon” harakati oʻrtasida oldindan hech qanday shart qoʻymasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni boshlashni taʼminlash zarur.

Tomonlarning bir-biriga nisbatan savollari va talabi boʻlajak muzokaralarda muhokama qilinishi mumkin.

Oʻz-oʻzidan ravshanki, Afgʻoniston ichidagi siyosiy jarayonlarni boshlashni endi orqaga surib boʻlmaydi. Bu jarayonni choʻzish yana koʻplab begunoh odamlarning qurbon boʻlishiga olib keladi.

Tinchlik jarayonining muvaffaqiyatli boʻlishini taʼminlash uchun afgʻonistonliklarning oʻzlariga tashabbus koʻrsatish, muzokaralar qanday formatda, qachon va qayerda olib borilishi boʻyicha tanlash imkonini berish kerak. 

Bu oʻrinda gap, avvalo, qurolli muxolifat tomonidan ham,  Afgʻoniston milliy xavfsizlik kuchlari tomonidan ham jangovar harakatlar olib borishdan voz kechilishi va oʻt ochishni toʻxtatish rejimiga soʻzsiz rioya qilinishi haqida bormoqda.

Afgʻonistonning kelgusidagi tinch taraqqiyoti uchun umumiy masʼuliyatni his etgan hamda oʻzbek va afgʻon xalqining azaliy doʻstlik aloqalariga tayangan holda, biz Oʻzbekiston hududida tinchlik jarayonlarining istalgan bosqichida Afgʻoniston va “Tolibon” harakati oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Muxolifat tinch muzokaralarda ishtirok etadigan va milliy kelishuvga erishilgan taqdirda Afgʻonistonning siyosiy hayotiga muxolifatning  interatsiyalashuvi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarur boʻladi.

Qurolli muxolifat vakillari, jumladan, toliblar ham afgʻon jamiyatining bir qismi va Afgʻoniston fuqarolari sifatida oʻz mamlakati kelajagini belgilash uchun ovoz berish huquqiga ega.

Bu borada mamlakatda parlament va prezidentlik saylovlarigacha boʻlgan davrda afgʻonlar oʻrtasida oʻzaro muloqotni boshlash va shu tariqa jamiyatning barcha qatlamlari, jumladan, muxolifatdagi kuchlarga ham yangi Afgʻoniston davlatini qurishda toʻlaqonli ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratish gʻoyat muhimdir.

Mintaqaviy darajada – avvalo Pokiston, Hindiston, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Markaziy Osiyo davlatlarining qoʻllab-quvvatlashi bilan tomonlar oʻrtasida mustahkam kelishuvni taʼminlashga erishish zarur.

Afgʻonistonda iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash bilan bogʻliq bir qator jiddiy muammolarni hal etish koʻp jihatdan unga qoʻshni boʻlgan davlatlarga, bizning ezgu xohish-irodamiz, qatʼiy qarorimiz va bu mamlakatda milliy yarashuvni taʼminlash, zoʻravonlikka barham berishda faol ishtirok etishga qanchalik tayyor ekanimizga bogʻliqligini, oʻylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

Barcha qoʻshni va hamkor mamlakatlarning saʼy-harakatlari bir-birini takrorlamasligi, balki toʻldirishi kerak. Biz bu muammoni hal etish boʻyicha oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlar, yondashuv va mexanizmlarni ishlab chiqishimiz zarur.

Shu yilning yanvar oyida BMTning Xavfsizlik Kengashi yigʻilishida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblari taʼkidlaganidek, mintaqaviy hamkorlikning yangi jadal surʼatlari “umumiy, allaqachon pishib yetilgan va dolzarb vazifalarni hal etish boʻyicha barchamizning oldimizda katta imkoniyatlar ochadi”.

Biz endi Afgʻonistonga uning hududidan tinchlik va barqarorlikka tahdid solmaydigan davlat sifatida qaray boshlashimiz kerak. Afgʻoniston – bizning doʻstona hamkorimiz va qoʻshnimizdir.

Ishonamanki, Afgʻonistonni qoʻshni mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalar tizimiga jalb etish boʻyicha umumiy saʼy-harakatlarimiz bu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va uni tinch hayotga qaytarish jarayoniga sezilarli hissa qoʻshadi.

Hech shubhasiz, oxir-oqibatda afgʻon zaminida tinchlik oʻrnatilishi bepoyon Yevroosiyo qitʼasidagi barcha davlatlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi va real naf keltiradi. Bu umumiy xavfsizlik va barqarorlikni mutahakamlash, avtomobil va temir yoʻllari qurish, tabiiy resurslarni tashiydigan quvurlar oʻtkazish, mintaqaviy va transmintaqaviy savdo-sotiqning rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratadi.

Imkoniyatdan foydalanib, Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi uchun Oʻzbekiston imkon darajasida  hissa qoʻshayotganini qayd etmoqchiman.

Biz 2002 yildan buyon Afgʻonistonga elektr energiyasi yetkazib bermoqdamiz. Surxon-Puli-Xumri yangi elektr tarmogʻining ishga tushirilishi bilan Oʻzbekistondan Afgʻonistonga elektr energiyasi yetkazib berish hajmi keskin ortadi.

Biz birgalikda yana bir strategik loyihani amalga oshirish taklifini ilgari surmoqdamiz. Bu oʻzbek mutaxassislari tomonidan qurilgan va hozirgi kunda faoliyat koʻrsatayotgan Hayraton-Mozori Sharif temir yoʻlini Hirotgacha davom ettirish loyihasidir.

Bu loyiha Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash uchun aniq va amaliy hissa boʻlib qoʻshiladi, yangi ish oʻrinlari yaratadi va mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi.

Transafgʻon transprot-kommunikatsiya loyihalari boʻyicha ishlarning shu kabi katta ahamiyatga ega boʻlgan “Oʻzbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon” va “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” kabi boshqa mintaqaviy loyihalar bilan uzviy bogʻliq holda boshlangani Shimoldan Janubgacha hamda Sharqdan Gʻarbgacha boʻlgan barcha yoʻnalishlarda qitʼalararo transport koridorlarini eng qisqa yoʻllar bilan rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratadi.

Gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda. Shu yilning yanvar oyidan boshlab Afgʻonistonga chegaradosh Termiz shahrida maxsus tashkil etilgan Afgʻon fuqarolariga taʼlim berish markazi ish boshladi. Hozirgi kunda bu maskanda 100 nafarga yaqin afgʻonistonlik yigit-qizlar taʼlim olmoqda.

Biz mazkur markazda afgʻon mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha ixtisoslik va yoʻnalishlar sonini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.

Global darajada – dunyoning yetakchi, buyuk davlatlari va donor tashkilotlar tomonidan Afgʻonistondagi tinchlik jarayonlari prinsipial jihatdan siyosiy qoʻllab-quvvatlanishi va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi uchun moliyaviy yordam koʻrsatilishini taʼminlash zarur. Ularning yordami tufayli mamlakat tinch rivojlanish yoʻliga oʻtdi. Bugungi Afgʻoniston – bundan atigi yigirma yil oldingi mamlakat emas. 

Ochiq demokratik saylovlar oʻtkazilgan paytdan boshlab bu yurtda davlat qurilishining yangi davri boshlandi, oddiy afgʻon fuqarolari hayotida ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Mamlakat hukumati aholini taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmati bilan keng qamrab olishga muvaffaq boʻldi. Bularning barchasi afgʻon xalqining tinch-osoyishta hayot va taraqqiyot sari intilayotganidan dalolat beradi.

Yaqin ikki yil ichida Afgʻonistonda muhim siyosiy voqealar – parlament va prezidentlik saylovlari oʻtkazilishi kutilmoqda. Bu voqealar mamlakat barqaror demokratik taraqqiyot yoʻlidan izchil ilgarilab borayotganining tasdigʻi boʻlishi lozim.

Hurmatli doʻstlar!

Barchamiz bir haqiqatni anglab olishimiz zarur: biz bugun faqatgina Afgʻonistonning kelajagi uchun emas, balki umumiy xavfsizligimiz, terrorizm, fanatizm va zoʻrovonlikdan xoli dunyo uchun kurashmoqdamiz.

Biz oʻtmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Umumiy masʼuliyatimizni doimo yodda tutishimiz lozim.

Afgʻonistonda tinchlikka erishish vazifasi bugungi kunda global xavfsizlik va taraqqiyot uchun tom maʼnoda misli koʻrilmagan xatarga aylangan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan saʼy-harakatlar bilan uzviy bogʻliqdir. 

Bizning qatʼiy ishonchimizga koʻra, barcha tashqi kuchlar afgʻon hukumatining Afgʻonistonda xorijiy terroristik tashkilotlarning bazalarini yoʻq qilish borasidagi saʼy-harakatlarini soʻzsiz qoʻllab-quvvatlashi, hech qanday farqlarga qaramasdan, terrorizmni moliyaviy va moddiy-texnik qoʻllab-quvvatlashning oldini olishi oʻta muhim ahamiyatga egadir.  

Oʻzbekiston terrorizm, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurash borasida hamisha prinsipial pozitsiyaga ega boʻlib kelgan.

Bunday xavf-xatarlarga qarshi faqat kuch ishlatish usullari bilan emas, balki birinchi navbatda, ayniqsa yoshlar oʻrtasida, zoʻravonlikni keltirib chiqaradigan jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish lozim. 

Oʻtgan yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish taklifini ilgari surgan edi. 

Bizning asosiy maqsadimiz – yoshlarning sifatli taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlishiga erishish, ularning oʻz qobiliyati va isteʼdodini roʻyobga chiqarishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishdan iborat.

Biz barcha xorijlik hamkorlarimizga islom dinining insonparvarlik mohiyatini aholi va ayniqsa, yoshlarga tushuntirish yoʻlida yaqin hamkorlikda ish olib borishni taklif etamiz. 

Oʻylaymanki, bu borada Oʻzbekistonda tashkil etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston Islom akademiyasining imkoniyatlaridan foydalanish maqsadga muvofiq boʻladi.

Shuningdek, biz tashabbus tariqasida Afgʻonistonda taʼlimni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus xalqaro fond tashkil etishni taklif qilamiz.

Bundan koʻzlanadigan asosiy maqsad – mamlakatda talab katta boʻlgan sohalar boʻyicha milliy kadrlar tayyorlash, isteʼdodli talabalar va yosh olimlar uchun stipendiya va grantlar ajratish borasida afgʻon tomoniga koʻmaklashishdan iborat. 

Bizning qatʼiy ishonchimizga koʻra, jamiyatda taʼlimning nufuzini oshirish va yoshlarning kamolotga intilishini ragʻbatlantirish – bu barqaror va izchil taraqqiyotga erishish kafolatidir. Bularning barchasi, hech shubhasiz, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni zoʻrovonlik va radikalizm mafkurasidan himoya qilishda yordam beradi.

Hurmatli forum qatnashchilari!

Ishonchim komil, ushbu konferensiyaning oʻtkazilishi, amaliy ruhdagi muloqot va munozaralar, shuningdek, yakuniy Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish boʻyicha amaliy jihatdan ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi va tinchlik jarayonining oʻziga xos “yoʻl xaritasi”ga aylanadi. 

Mohiyat eʼtiboriga koʻra sizlarning yordamingiz bilan afgʻon muammosining eng muhim jihatlari boʻyicha barcha manfaatdor tomonlarning siyosiy irodasi va oʻzaro anglashuvini oʻzida aks ettiradigan hujjat qabul qilinadi.  

Afgʻonistonning kelajagi xalqaro hamjamiyatning barchamiz uchun umumiy boʻlgan tahdid va xatarlarga qarshi kurashishga ojiz ekanini koʻrsatadigan misolga aylanib qolmasligi lozim.

Bugun barchamiz birlashib, jafokash Afgʻoniston xalqiga tinchlik va taraqqiyot yoʻlida yordam qoʻlini choʻzishimiz, uni qoʻllab-quvvatlashimiz har qachongidan ham muhimdir. 
Barcha konferensiya ishtirokchilariga chin qalbimdan  samarali ish olib borishlarini tilayman!

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.