Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtgan tantanali marosimdagi nutqi

0
208
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Xonimlar va janoblar!

Barchangizni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulugʻ ayyom – mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Yigirma besh yil – tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon Oʻzbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladi, tom maʼnoda ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi.

Ana shu mashaqqatli va sharafli yoʻlda erishgan barcha yutuqlarimizni eng avvalo Konstitutsiyamiz bilan bogʻlashimiz albatta bejiz emas. Nega deganda, Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yoʻlimiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.

Toʻla ishonch bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram boʻlmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati boʻlib kelmoqda.

Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora oʻsib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun Konstitutsiyamizning 25 yillik bayramini nishonlar ekanmiz, Asosiy qonunimizni yaratishda unutilmas xizmat qilgan insonlar nomini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.

Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimov rahbarligida 1990 yil iyun oyida tuzilgan Komissiyaning ikki yillik mashaqqatli mehnati natijasida Konstitutsiyaning birinchi, ikkinchi va soʻngra uchinchi loyihalari ishlab chiqildi.

Ushbu Komissiya aʼzosi sifatida men ana shu tarixiy jarayonda bevosita ishtirok etganimni doimo faxr bilan eslayman. Konstitutsiyaning yaratilishi bilan bogʻliq qizgʻin bahs-munozaralar, turli gʻoya va fikrlar hali ham xotiramda.

Asosiy qonunimiz ikki marta – 1992 yil sentyabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga olib chiqildi. Loyihalar muhokamasida keng jamoatchilik, butun xalqimiz faol ishtirok etib, mamlakatimizning taraqqiyot yoʻli, uning kelajagiga daxldor koʻplab fikr-mulohazalar va takliflarni bildirdi.

Umumxalq muhokamasi yakunlariga koʻra, Bosh qomusimiz loyihasiga
100 ga yaqin tuzatishlar kiritildi va 1992 yil 8 dekabr kuni Oliy Kengash sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Mana shu oʻtgan chorak asr davomida mamlakatimizdagi tub islohot va oʻzgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga toʻla javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi.

Bu bilan har qancha faxrlansak, gʻururlansak arziydi, albatta.

Ayni paytda biz Asosiy qonunimiz talablarini toʻliq amalga oshirish borasida hali oldimizda ulkan vazifalar turganini yaxshi tushunamiz.

Yaʼni, xalqimiz hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda taʼminlash boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz kerak. Eng avvalo, odamlarimiz islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun oʻz hayotida his etishlari zarur.

Aynan shu maqsadda biz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyar ekanmiz, salohiyat va imkoniyatlarimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qildik.

Shu asosda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Mazkur hujjat mohiyatiga koʻra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning “yoʻl xaritasi”ga aylandi.

Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida shu yilning oʻzida 20 dan ortiq qonun va 700 dan ziyod qonunosti hujjatlari qabul qilindi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb eʼlon qilingan 2017 yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ulugʻ” degan gʻoya asosida katta ishlar amalga oshirildi.

Bu ishlar Konstitutsiyamizning asosiy tamoyillarini roʻyobga chiqarishda yana bir ulkan qadam boʻldi.

Albatta, bu haqda uzoq va batafsil gapirish mumkin. Lekin bugungi tantanali marosim yangicha mazmun va yoʻnalishda oʻtayotganini hisobga olib, men faqat eng muhim oʻzgarishlar haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman.   

Joriy yil yakunlari va yangi yilga nom berish toʻgʻrisida esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yaqin kunlarda Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladigan Murojaatnomasida atroflicha fikr yuritiladi, albatta.  

Maʼlumki, bu yil davlat hokimiyati tizimida mutlaqo yangi institut – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Ushbu tuzilmalar barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining fuqarolar bilan hamkorlik qilish, aholining eng dolzarb muammolarini hal etishning samarali tizimiga aylandi.

Hokimiyatning xalq saylagan vakillik organlari – parlament, xalq deputatlari kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va ahamiyati tubdan oʻzgardi. Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirildi, parlament va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlandi.

Poytaxtimiz Toshkent shahrida tumanlar darajasida xalq deputatlari kengashlari taʼsis etildi. Shu vaqtgacha poytaxt tumanlarining fuqarolari bunday imkoniyatga ega emas edi.

Biz bu borada adolatni tiklab, Konstitutsiyamizga tegishli oʻzgartirishlar kiritdik. Toshkent shahri aholisi ham endi oʻz vakillari – deputatlar orqali tumanlarni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

Barchangiz xabardorsiz, shu yil 24 dekabrda ilk bor poytaxtimiz tuman kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtadi.

Ana shu saylovlarda el-yurt uchun chinakam jon kuydiradigan, odamiylik fazilatlari va grajdanlik pozitsiyasi bilan aholi oʻrtasida hurmat-eʼtibor qozongan insonlar xalq noiblari etib saylanadilar, deb ishonamiz.

Oʻtgan davrda ijro etuvchi hokimiyatni demokratlashtirish ishlari ham izchil olib borildi. Hukumatning vazifa va vakolatlar doirasi kengaytirilib, parlament oldida hisob berish darajasi va masʼuliyati kuchaytirildi.

Bu Konstitutsiyaning 7-moddasida mustahkamlangan «xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» degan ulugʻvor gʻoyaning amaliy ifodasi, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi. 

Shu bilan birga, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning aybi sudda aniq boʻlmaguncha u aybdor hisoblanmasligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy normalarni amalda taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrildi.

Albatta, bu qoidani hayotga toʻliq tatbiq etish, birinchi navbatda, sudlarning chinakam mustaqilligi, ularning adolatli faoliyat yuritishi bilan chambarchas bogʻliq.

Shu maqsadda biz sud tizimini tubdan isloh qilishga alohida eʼtibor berib kelmoqdamiz. Jumladan, yagona sud amaliyotini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirildi.

Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi taʼsis etildi.

Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Shu asosda sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish boʻyicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi.

Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida maʼmuriy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Endilikda fuqarolarimizning haq-huquqlari davlat idoralari tomonidan buzilsa, ular har bir tuman va shaharda tuzilgan maʼmuriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin.

Sudlarning xalq oldidagi masʼuliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan oʻtkazilmoqda. Fuqarolarning ijobiy fikri mavjud boʻlgan taqdirdagina ular lavozimga tayinlanmoqda.

Sudning tarbiyaviy rolini kuchaytirish, uning faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, sud hukmlarini qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga olishga jiddiy eʼtibor qaratildi.

Shu maqsadda sud ishlarini sayyor tartibda koʻrish yoʻlga qoʻyildi. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida sudlar tomonidan 373 ming 256 ta ish koʻrib chiqilgan boʻlsa, shundan 169 ming 289 tasi yoki 45 foizi sayyor sud muhokamalarida koʻrildi.

Ishlarni nazorat tartibida koʻrish muddatlari uch yildan bir yilga qisqartirildi. Apellyasiya va kassatsiya instansiyalari bosqichida ish yuzasidan yuqori sud instansiyasi tomonidan yakuniy qaror chiqarish kafolatlari mustahkamlandi. Shu tariqa fuqarolarimizning sudma-sud ovorayu sarson boʻlib yurishi kabi salbiy amaliyotga barham berildi.

Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qoʻshimcha tergovga qaytarish tartibi bekor qilindi. Bu esa sud va tergov organlarining haqiqatni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish borasidagi masʼuliyatini oshirdi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, joriy yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi. Holbuki, ilgari bitta oqlov hukmi chiqarish ham sudlar faoliyatida oʻta kam uchraydigan hodisa edi.

Tergovning sifati yaxshilanib, tergovchilar masʼuliyati oshirildi. Xususan, shu davr mobaynida tergov organlari tomonidan 238 ta holatda jinoiy hodisa yuz bermagani aniqlandi. 302 ta holatda javobgarlikka tortish muddati oʻtgani, 370 ta holatda aybdorlar qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgani inobatga olindi. 549 ta holatda qilmish ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʻqotgani, 1 ming 636 ta holatda qilmishda jinoyat tarkibi yoʻqligi isbotlandi. Ana shunday asoslarga tayanib, 3,5 mingdan ortiq jinoyat ishi tugatildi.

Har bir hukmning qonuniy va adolatli boʻlishini taʼminlash maqsadida jamoatchilik fikrini inobatga olish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Mahalla fuqarolari yigʻinlari, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tuman va shahar kengashlari, xotin-qizlar qoʻmitalari kafilligi asosida sudlanuvchilarga, ayniqsa, yoshlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo turlari tayinlanmoqda. Ularning toʻgʻri yoʻlga qaytishlari uchun yana bir bor imkoniyat berilmoqda.

Xususan, shu yilning oʻzida mahalla fuqarolari yigʻinlari kafilligi asosida – 152 nafar, Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida – 18 nafar, xotin-qizlar qoʻmitalari kafilligi asosida – 3 nafar, jami 173 nafar fuqaroga nisbatan jazo tayinlashda jamoatchilik kafilligi eʼtiborga olindi. Bu fuqarolarning 38 nafarini yoshlar, 18 nafarini voyaga yetmaganlar, 11 nafarini ayollar tashkil etadi. Masalan, birgina Shayxontohur tumanida 15 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlashda mahalla fuqarolar yigʻinlarining kafilligi eʼtiborga olindi.

Ana shunday ishlar natijasida mamlakatimiz boʻyicha 63 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi, 11 nafar shaxs javobgarlikdan ozod qilindi, 97 nafar shaxsga nisbatan yengilroq jazo turi qoʻllandi.

Hurmatli marosim qatnashchilari, keling, bir oʻylab koʻraylik: aslida, odamni sud qilishdan maqsad nima? Uni tarbiyalash, toʻgʻri yoʻlga solish emasmi?  Jinoyatchilikning oldini olish emasmi?

Lekin insonni faqat jazolash bilan, faqat repressiv usullar bilan tarbiyalab boʻlmaydi. Buning uchun butun jamiyat harakat qilishi, avvalambor, jinoiy holatlarni tugʻdiradigan sabab va omillarni hayotimizdan bartaraf etishimiz kerak. Barchamiz birgalikda shu ishga hissa qoʻshishimiz kerak.

Ayni vaqtda hammamiz yaxshi tushunamizki, sudning mustaqilligini taʼminlash, uni inson manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylantirish uchun hali koʻp ish qilishimiz zarur.

Aholi bilan oʻtkazilayotgan ochiq muloqot natijalari bir haqiqatni yaqqol koʻrsatmoqda: sud-tergov amaliyotida dalillarni toʻplash va baholashda qonuniylik va xolislikni taʼminlashga toʻsqinlik qiladigan holatlar toʻliq bartaraf etilmagan.

Shuning uchun ham oʻtgan haftada “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmonga binoan bundan buyon Oʻzbekistonda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim oʻtkazish va boshqa shafqatsiz zoʻravonlik holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi.

Bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan har qanday shaxs, u kim boʻlishidan qatʼi nazar, muqarrar ravishda javobgarlikka tortiladi.

Jinoyat ishlari doirasida noqonuniy usullar bilan olingan har qanday maʼlumotlardan, jumladan, audio va video materiallardan, ashyoviy dalillardan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi. Qiynoqqa solish, himoyaga boʻlgan huquqni buzish, insonni aldash va tergov jarayonida boshqa noqonuniy usullarni qoʻllash man etiladi.

Dalillarni soxtalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy qilinadi. 

Endilikda advokatlar jinoyat ishi boʻyicha dalillarni toʻplash va taqdim etish huquqiga ega boʻladi. Bu dalillar tergov va sud idoralari tomonidan majburiy tekshirilishi va baholanishi kerak.

Qiynoqqa solish kabi noqonuniy usullarni qoʻllashni qatʼiyan cheklash maqsadida tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi.

Eng muhimi, noqonuniy usullar qoʻllash toʻgʻrisidagi bironta ham xabar eʼtiborsiz qolmasligi shart. Prokuratura organlari har bir holat boʻyicha chuqur tekshiruv oʻtkazib, aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini taʼminlaydi.

Biz sud-huquq sohasini tubdan isloh qilishga alohida ahamiyat berayotganimiz bejiz emas. Chunki, Konstitutsiyamizda mustahkamlangan inson huquqlarini taʼminlash ushbu islohotlarning amaliy natijasi bilan bevosita bogʻliqdir.

Bu jarayonda eng asosiy eʼtibor fuqarolarimizga oʻz huquqlarini roʻyobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratildi. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Shu asosda aholi uchun maqbul boʻlgan usullar – ishonch va tezkor aloqa telefonlari orqali hamda videokonferens-aloqa vositasida murojaat qilish tartibi joriy etildi.

Fuqarolarimizning Konstitutsiyada muhrlab qoʻyilgan davlat organlari va muassasalariga, xalq vakillariga murojaat qilish huquqini taʼminlash maqsadida ommaviy uchrashuvlarda murojaatlarni qabul qilish tartibi belgilandi. Bugungi kunda fuqarolarimiz mansabdorlar oldiga emas, balki mansabdor shaxslarning oʻzi xalqimiz oldiga bormoqda. Bu – katta oʻzgarish.

Joriy yilda sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari hamda tijorat banklari rahbarlari mamlakatimizning koʻplab hududlarida sayyor qabullar oʻtkazdi. Bu qabullarda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish bilan bogʻliq muammolar boʻyicha 43 ming 127 nafar fuqaro ishtirok etdi.

Bu tadbirlarda fuqarolar tomonidan kredit ajratish, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari qarorlariga doir, bandlik va ish haqi toʻlovlari, tadbirkorlik, elektr va tabiiy gaz taʼminoti, sogʻliqni saqlash va boshqa masalalarga oid 22 ming 186 ta murojaat bildirildi.

Murojaatlarning 6 ming 484 tasi joyida hal etildi, 15 ming 702 tasi tegishli organlarga koʻrib chiqish uchun topshirildi. 94 ta holat yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlanib, aybdor shaxslarning javobgarligi belgilandi.

Shu borada yana bir muhim hujjat – “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida” yangi Qonun qabul qilindi.

Unda fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyati yanada oshirildi.

Bundan keyin fuqarolarimiz har qanday davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan huquqiy axborotni hech qanday cheklovsiz olishi kafolatlanadi.

Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarimiz tizimini takomillashtirib borish ham eʼtiborimiz markazida boʻldi.

Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyilgan “Har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli” hamda “Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida” degan normalarni amalda roʻyobga chiqarish maqsadida yangi institut – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil instituti taʼsis etildi.  

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili faoliyati takomillashtirildi.  Uning jazoni ijro etish muassasalarida nazoratni amalga oshirishga oid vakolatlari kengaytirildi.

Adashib jinoyat yoʻliga kirgan yoki sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni jamiyatga, oilasi bagʻriga qaytarish muhim ijtimoiy masalalardan biri hisoblanadi. Nega deganda, ular ham Oʻzbekiston fuqarolari, shu yurt farzandlaridir.

Bugungi tarixiy sana arafasida men Prezident sifatida oʻzimning konstitutsiyaviy vakolatimdan foydalanib, sudlar tomonidan hukm qilingan 2 ming 700 nafar shaxsni avf etish toʻgʻrisidagi Farmonni imzoladim.

Bunday Farmon Oʻzbekiston tarixida birinchi marta qabul qilindi.

Hammamizga  yaxshi maʼlum, shu vaqtgacha mamlakatimizda har yili amnistiya aktlari qabul qilinar edi. Amnistiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, u avval jinoyatlar toifasini belgilab beradi, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlanadi.

Albatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish boʻyicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, oldindan chuqur oʻrganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon boʻlmagan, yetkazilgan zararni toʻliq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab boʻlgan. Bu masalada, ming afsuski, korrupsiya holatlari ham yoʻq emas.

Bu esa ana shunday kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan notoʻgʻri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan.

Eng yomoni, amnistiyani qoʻllashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Shuning uchun, afsuski, amnistiya boʻyicha ozod qilingan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ham uchramoqda.

Ana shu holatlarni inobatga olib, maxsus komissiya tomonidan jazo oʻtayotgan har bir shaxs bilan alohida suhbat oʻtkazildi, u yashagan mahalla ahli, jabrlangan odamlarning fikri oʻrganildi.

Bu jarayonda sodir etilgan jinoyatning ogʻirlik darajasi, sud tayinlagan jazoning qanchalik adolatli ekani ham eʼtiborga olindi. Chuqur tahlil va oʻrganishlar natijasida chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan mahkumlarning aniq doirasi belgilandi va aynan shunday shaxslar avf etildi.

Oʻylaymanki, Prezident tomonidan kechirilgan har bir shaxs oʻziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga munosib hissa qoʻshadi, jamiyatda oʻz oʻrnini topadi.

Shu oʻrinda yana bir muhim masalaga eʼtiboringizni qaratishni joiz, deb bilaman.

Maʼlumki, davlat organlariga kadrlarni tanlashda eskidan saqlanib qolgan, qoʻshtirnoq ichidagi bir “tizim” mavjud edi. U ham boʻlsa, yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bogʻliq. Bunday nomaʼqul yondashuv tufayli koʻplab yoshlarimiz, malakali mutaxassislarimiz “beayb aybdor boʻlib”, yaqin qarindoshlarining qilmishlari uchun jabr tortib keldilar.

Oʻzingiz ayting, bu adolatdanmi? Nima sababdan bir jinoyat uchun butun bir avlod javob berishi kerak? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi kerak?

Demokratik normalarga ham, hayotning bugungi talablariga ham mutlaqo toʻgʻri kelmaydigan bunday adolatsiz “tizim”dan biz endi butunlay voz kechamiz.

Hurmatli yurtdoshlar!

Konstitutsiyamizning 37-moddasida belgilangan majburiy mehnatni taqiqlash toʻgʻrisidagi qoidaga qatʼiy amal qilish uchun yil davomida bir qator ishlar bajarildi.

Xususan, taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatildi. Fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha Parlament komissiyasi tuzildi. Deputat va senatorlardan iborat ishchi guruhlar respublikamizning barcha hududlariga chiqib, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha parlament nazoratini amalga oshirmoqda.

Mana, bu yil hammangiz koʻrdingiz, eshitdingiz, biz byudjet tashkilotlari xodimlari va talabalarni majburiy ravishda paxta terimiga chiqarishni qatʼiyan taqiqladik.

Paxta mavsumida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish boʻyicha tizimli monitoring yoʻlga qoʻyildi.

Bu muhim masalani avvalo oʻzimiz qattiq nazoratga olganimiz tufayli bironta salbiy holat aniqlanmadi. Amalga oshirilgan ishlar samarasi xalqaro tashkilotlar, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan harakatlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga toʻla hamohangdir.

Bu holat tariximizda birinchi marta Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zeyd al-Husayn hamda Din va eʼtiqod erkinligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shohid tomonidan ham eʼtirof etildi.

Taʼkidlash kerakki, Konstitutsiyamizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy prinsiplari oʻz aksini topgan. 2018 yil ushbu deklaratsiyaning 70 yilligi butun dunyoda keng nishonlanadi. Biz ham inson huquqlariga oid birinchi universal xalqaro hujjat boʻlgan mazkur deklaratsiyaning mazmun-mohiyatini atroflicha targʻib etish uchun maxsus Davlat dasturini qabul qilamiz.   

Ana shunday amaliy tadbirlarimizning yakuni sifatida 2018 yil noyabr oyida Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha Osiyo xalqaro anjumanini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz.

Hammangizga ayonki, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda ichki ishlar idoralari gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan oʻtgan davrda ushbu idoralarning faoliyati ham tubdan isloh qilindi. Xalq manfaatlariga xizmat qilish ular faoliyatining asosiy mezoni etib belgilandi.

Jinoyatchilikning oldini olish maqsadida yangi dastur va rejalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Mahallalar, koʻchalar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarida 114 mingdan ortiq videokuzatuv vositasi oʻrnatildi. Ularning yordamida  10 mingga yaqin jinoyat fosh etildi.  Yil davomida jinoyatchilik darajasi 2016 yilga nisbatan 14 foizga kamaydi va bunda ana shu ishlarning ahamiyati katta boʻldi.

Bu sohadagi maqsadimizni qisqacha ifoda etadigan boʻlsak, biz kelajakda el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom maʼnodagi xalqchil ichki ishlar tizimini yaratishimiz kerak.

Albatta, “Xavfsiz shahar” loyihasini hayotga tatbiq etish natijasida bu boradagi ishlarimiz samarasi yanada ortib boradi.

Ayni vaqtda bu ishlar katta yoʻlning boshlanishi, dastlabki bosqich ekanini oʻzimizga yaxshi tasavvur etamiz. Jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan prinsipni qaror toptirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Mazkur yoʻnalishdagi eʼtiborga molik ishlar qatorida korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilganini alohida taʼkidlash lozim.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonunning qabul qilinishi davlat apparati va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu xavfli illat bilan kurashdagi kuch va imkoniyatlarini birlashtirish imkonini berdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyat mazmuni butunlay oʻzgardi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Faqat jazolash bilan qoʻrqitib, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi.

Maʼlumki, Asosiy qonunimizda “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi” toʻgʻrisidagi norma belgilab qoʻyilgan. Uning ijrosini amalda taʼminlash maqsadida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilindi.

Konsepsiyaga asosan davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta ustuvor yoʻnalishi belgilandi va maxsus «yoʻl xaritasi» boʻyicha 100 dan ortiq ijro hokimiyati organlari faoliyati qayta koʻrib chiqilmoqda.

Maʼmuriy islohotlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad – ixcham va professional ijro organlari tizimini, zamonaviy menejmentga asoslangan boshqaruv tizimini yaratishdan iborat.

Shu borada bir fikrni hammamiz chuqur tushunib olishimizni istardim.

Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan,  Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bogʻliq.

Shu maqsadda yana bir muhim hujjat – “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi.

Bu haqda gapirganda, Oʻzbekiston aholisining 60 foizidan ziyodini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etishini taʼkidlash lozim. Biz yoshlar uchun ularning sogʻlom tugʻilishidan boshlab, toki mustaqil hayotga kirgunicha barcha zarur sharoitlarni yaratib berish maqsadida qanday katta ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi maʼlum.

Ayni paytda farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy boʻgʻin hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimining zamon talablariga mos kelmasligi ham sir emas. Ushbu sohaga bir paytlar eʼtiborimizni susaytirib yuborganimiz oqibatida koʻpgina muammolar yigʻilib qolganini ochiq aytish lozim.

Bogʻcha tarbiyasini koʻrgan bolaning ongi, dunyoqarashi qanday yuqori boʻlishini bugun kimgadir isbotlab oʻtirishning, oʻylaymanki, hech qanday hojati yoʻq.

Bu holatlarning barchasini hisobga olib, Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik zimmasiga maʼmuriy islohotlar doirasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, bir qator muhim vazifalar yuklandi.  

Bu borada qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin 2-4 yil mobaynida yurtimizdagi barcha hududlarda – bu katta shaharlar boʻladimi yoki olis qishloq va ovullar boʻladimi, minglab yangi bogʻchalarni qurishimiz zarur.

Ularni zamonaviy talablar asosida jihozlab, malakali tarbiyachi va mutaxassislar, yangi metodika bilan taʼminlashimiz kerak.

Oʻzingiz tasavvur qiling, qishloqda yashayotgan onalar uchun, opa-singillarimiz uchun oʻz farzandini bogʻchaga berish imkoniyati qanday yangi, qanday keng sharoitlar tugʻdiradi. Bola bogʻchada sogʻlom turmush asosida, maktabga tayyor boʻlib voyaga yetadi.

Hurmatli ayollarimiz bolasidan koʻngli toʻq boʻlib, ijtimoiy mehnat bilan, uy-roʻzgʻor ishlari bilan bemalol shugʻullanadi. Qolaversa, ularda dam olish, oʻz sogʻligʻi haqida oʻylash uchun ozgina boʻlsa ham sharoit paydo boʻladi.     

Shuning uchun maktabgacha taʼlim sohasida ana shunday ulkan islohotlarni hayotga joriy etish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Qanchalik qiyin boʻlmasin, bu tarixiy vazifani amalga oshirishimiz shart va uni barchamiz birgalikda albatta amalga oshiramiz.

Hurmatli doʻstlar!

Maʼlumki, Konstitutsiyamizning 53-moddasida «Davlat iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligi, xususiy mulk daxlsizligi va muhofaza etilishining kafolati», deb belgilab qoʻyilgan. Bu fikrning amaliy isboti sifatida joriy yilda milliy valyutamiz – soʻmning erkin konvertatsiyasiga yoʻl ochildi.

Bojxona toʻlovlari stavkalari 2 barobar pasaytirildi, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirishlar bekor qilindi.

Xalqimiz uchun munosib hayot darajasini yaratib berish maqsadida, eng avvalo, kuchli iqtisodiyotni barpo etish, mamlakatimizning xalqaro maydonda har tomonlama raqobatbardoshligini taʼminlashimiz zarur.

Bugungi kunda dunyo miqyosida shafqatsiz raqobat tobora keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish boʻyicha biz uzluksiz ish olib borishimiz kerak.

Nega deganda, bu masala hozirgi vaqtda aholi farovonligini yuksaltirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini barqaror rivojlantirish, Vatanimizning yorugʻ kelajagini bunyod etishning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.

Yaqinda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmon ayni shu maqsadlarni roʻyobga chiqarishga qaratilgani bilan gʻoyat muhim ahamiyatga ega.

 Aziz yurtdoshlar!

Fuqarolarimizning Konstitutsiyada mustahkamlangan ijtimoiy huquqlarini taʼminlash borasida yil davomida qishloq joylarda yangi namunaviy loyihalar asosida 24 mingta, shaharlarda 187 ta zamonaviy koʻp qavatli uy-joylar barpo etildi.

Aholini markazlashtirilgan tarmoqlar orqali suv bilan taʼminlash maqsadida 218 ta loyiha amalga oshirilib, 350 ming kishining suv taʼminoti yaxshilandi.

2017 yilda qishloq vrachlik punktlari negizida 800 ga yaqin oilaviy poliklinikalar, 400 dan ziyod tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi. Tez tibbiy yordam xizmatlari 1 ming 260 ta maxsus transport vositasi bilan taʼminlandi. 300  dan ortiq maktabgacha taʼlim muassasasi taʼmirdan chiqarildi.

Ijtimoiy adolat tamoyilini taʼminlash, koʻmak va yordamga muhtoj insonlar, nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻlaqonli hayot kechirishlari uchun munosib sharoit yaratib berish masalasiga davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ustuvor ahamiyat qaratildi.

Shu borada joriy yilning oʻzida nogironlarga 2 trillion 600 milliard soʻm pensiya va nafaqalar toʻlandi.

Kam taʼminlangan, uy-joyga muhtoj 1 ming 200 dan ortiq nogiron fuqarolarga arzon uy-joy ajratish boʻyicha shartnomalar imzolanib, boshlangʻich toʻlovlar uchun 22 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi.

Mehnatga layoqati cheklangan 972 nafar nogiron ayolga kasanachilik bilan shugʻullanish uchun tikuv mashinalari olib berildi va  ular uchun doimiy daromad manbai yaratildi. 

Shu toifaga mansub fuqarolarga 7 mingdan ortiq protez-ortopediya vositalari, 6 ming 500 dan ortiq nogironlik aravachalari, 1 ming 600 ga yaqin eshitish apparatlari bepul berildi.  

Nogironligi boʻlgan va nafaqa yoshidagi fuqarolarning davolash-profilaktika muassasalarida bepul davolanishi uchun 23 ming 500 ga yaqin yoʻllanma ajratildi.

Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Lekin aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga malakali tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish, kasbga oʻqitish, bandligini taʼminlash boʻyicha hali oldimizda koʻp ishlar turibdi.

Shuning uchun bu boradagi ishlarimizni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʻyicha komissiya tuzilib, sohada chuqur oʻrganishlar oʻtkazildi.

Keng jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi va bu borada qoʻshimcha imtiyoz va imkoniyatlar berildi.

Bu yoʻnalishda yana bir muhim hujjat – “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinadi.

Bu masalalarni hal qilish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshida tashkil etilayotgan Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi samarali faoliyat koʻrsatishi kerak. Shuningdek, yolgʻiz qariyalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlarini ijtimoiy muhofaza qilishga  ixtisoslashtirilgan maxsus tuzilma oʻz ishini kuchaytirishi talab etiladi.   

Bunday savobli ishlarni roʻyobga chiqarishda jamoatchiligimiz, butun xalqimiz albatta faol ishtirok etadi, deb ishonaman. 

Hurmatli marosim ishtirokchilari!

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha oldimizda ulkan va muhim vazifalar turganini, oʻylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.  

Bu borada har qanday islohot konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda amalga oshirilishi, qonun ustuvorligi bosh mezon boʻlishi zarur.

Bizning maqsadimiz – xalq hokimiyatini soʻzda emas, amalda taʼminlashdan iborat. Bu – biz yashayotgan bugungi murakkab davrning asosiy talabidir. Takror aytishga toʻgʻri keladi – odamlarimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni bugun kutmoqda.

Shu sababli biz oʻz faoliyatimizni  «Buyuk kelajak bugundan boshlanadi» degan shior asosida tashkil etishimiz, xalqimizning  farovon hayotini taʼminlash uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solishimiz zarur.

Bu haqda soʻz yuritganda, eʼtiboringizni quyidagi ustuvor masalalarga qaratmoqchiman:

Birinchidan, davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil soʻzsiz taʼminlanishi shart.

«Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan prinsip barcha boʻgʻindagi rahbarlar faoliyatida asosiy qoidaga aylanishi kerak.

Muntazam ravishda joylarga chiqib, odamlarning ehtiyojlari, muammolari bilan yashash va ularning yechimini topish vazifasi mansabdorlar tomonidan xoʻjakoʻrsinga emas, balki amalda taʼminlanishi zarur.

Maʼlumki, biz xalq ichiga kirib borish, aholi bilan muloqot oʻrnatish yoʻlida birinchi qadam sifatida har bir tuman va shaharda Xalq qabulxonalarini tashkil etdik. Ular odamlarning koʻplab muammolarini yechishda amaliy yordam beradigan yaxlit tizimga aylandi. Bir yilda
1,5 millionga yaqin murojaat koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda aholimizning Xalq qabulxonalariga boʻlgan ishonchi tobora ortib bormoqda. Ushbu tuzilmalarning davlat organlari mansabdor shaxslari masʼuliyatini oshirishdagi roli borgan sari koʻproq sezilmoqda.  

Barchamiz yaxshi tushunamiz, xalqimizning hayot darajasi oʻsishi, koʻpgina muammolar hal qilinishi bilan Xalq qabulxonalariga murojaatlar kamayib boradi. Shuning uchun bu qabulxonalar imkoniyatlarini biz davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasiga yoʻnaltiramiz.

Shu maqsadda barcha davlat idoralari va Adliya vazirligi huzuridagi “Yagona darcha” markazlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni Xalq qabulxonalari orqali samarali tashkil etish masalasi koʻrib chiqilmoqda. Shu munosabat bilan Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatiga ushbu masalalar bilan bevosita shugʻullanish vazifasini yuklash koʻzda tutilmoqda.

Mazkur xizmat tarkibida yangi tuzilma tashkil etib, unga Tezkor davlat xizmatlari agentligi deb nom bersak, ayni muddao boʻlardi.

Maʼlumki, hammamiz deyarli har kuni turli idoralarga murojaat qilamiz.

Deylik, notarius, arxiv yoki kadastr idorasidan, gaz, elektr, suv taʼminoti tashkilotidan yoki mahalladan oddiy bir maʼlumotnoma olish uchun baʼzan kun boʻyi navbatda turishga toʻgʻri keladi.

Ana shunday, bir qarashda arzimas boʻlib tuyuladigan ishlar uchun odamlarning qancha vaqti, asabi ketadi. Shularning hammasini bir joyda, markazlashtirgan holda, tezlik bilan hal qilsa boʻladi-ku!

Mamlakatimizda barcha shahar va tumanlarda, misol uchun, olis Chimboy yoki Qoʻrgʻontepa tumanida ham aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatadigan idoralar mavjud. Ular xalqqa xizmat qilish uchun tuzilgan. Lekin, afsuski, aksariyat hollarda ular xalqdan uzilib qolgan, desak, buyam toʻgʻri boʻladi.

Aslida XXI asrda – Internet va axborot kommunikatsiyalari davrida bu ishlarning barchasini uydan chiqmasdan turib, kompyuter yoki uyali telefon orqali bajarish imkoni bor-ku!

Rivojlangan davlatlarda bunday tizim allaqachon yoʻlga qoʻyilgan. Shu tizimni yurtimizda ham joriy etishga, nima, imkoniyatimiz yoʻqmi? Bor, albatta. Faqat biz bu masalaga qandaydir arzimas, mayda masala,  deb qarashga oʻrganib qolganmiz.

Holbuki, inson hayoti, inson manfaati bilan bogʻliq sohalarda mayda narsaning oʻzi yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas.

Shuning uchun biz endi davlat xizmatlarini koʻrsatish borasidagi ishni mutlaqo yangicha asosda tashkil etamiz. Endi davlat xizmatini koʻrsatadigan tashkilot va tuzilmalar bevosita joylarga, mahallalarga chiqib, aholiga xizmat koʻrsatadi.

Viloyatlar, shahar va tumanlardagi Xalq qabulxonalari bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib, nazorat qilib boradi. 

Ana shunday tizimni yoʻlga qoʻysak, oʻylaymanki, xalqimizga katta yengillik yaratiladi, odamlar bizdan rozi boʻladi.  

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga daxldor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 15 kun muddatda ushbu masala boʻyicha Prezident qarori loyihasini kiritish vazifasi topshiriladi.

Ikkinchidan, xalq hokimiyatchiligi haqidagi konstitutsiyaviy tamoyilning asl mohiyatini barchamiz chuqur anglab yetishimiz zarur.

Buning uchun turli darajadagi ijro hokimiyati organlarining xalq vakillari – parlament va mahalliy kengashlar oldida hisobot berish amaliyotini keng joriy qilish kerak. Parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada rivojlantirishimiz zarur.

Har bir davlat xizmatchisi xalq oldida masʼul ekanini hech qachon unutmasligi lozim.

Shu bilan birga, davlat idoralari faoliyatining ochiqligini  taʼminlash ham ushbu tamoyilni amalda qaror toptirishning ajralmas sharti hisoblanadi.

Odamlarimiz davlat organlari, shuningdek, oʻzlari saylagan vakillar nima bilan shugʻullanayotganini bilishlari, ularning faoliyatiga xolisona baho bera olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishimiz darkor.

Uchinchidan, biz uchun eng katta boylik boʻlgan  aholi salomatligini saqlashga oid konstitutsiyaviy normalar ijrosini taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylanishi lozim.

Bu borada malakali tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining xizmatlarini zamonaviy darajaga koʻtarish, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan taʼminlash tizimi  samaradorligini oshirish birinchi darajali vazifamiz boʻlib qoladi. Jamiyatda sogʻlom turmush tarzini va tibbiy madaniyatni ommalashtirish boʻyicha ham jiddiy ish olib borishimiz zarur.

Toʻrtinchidan, bizning faoliyatimiz eng muhim konstitutsiyaviy qoidaga – ijtimoiy adolat tamoyilini taʼminlashga qaratilishi shart. 

Ijtimoiy adolat – bu siyosiy qarashi, jinsi, millati, tili va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, qonun oldida barcha fuqarolarning tengligini taʼminlashdir. Bu – taʼlim, tibbiyot va boshqa sohalardagi imkoniyatlar tengligidir. Bu – kafolatlangan mehnat faoliyati erkinligi, mansab lavozimlari boʻyicha koʻtarilib borishdagi imkoniyatlar tengligidir. Eng muhimi, bu – keksa avlod vakillari va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar toʻgʻrisidagi gʻamxoʻrlikdir.

Jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirish borasidagi asosiy vazifamiz – bu adolatli qonunlar qabul qilishdan iborat.

Qisqacha aytganda, qonun adolatli boʻlsa, u inson huquqlarini amalda himoya qilsa, shundagina odamlar qonunni hurmat qiladi va unga itoat etadi.

Beshinchidan, fuqarolarning fikr, soʻz va eʼtiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir.

Biz bugun, demokratik oʻzgarishlar davrida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy hayotida bevosita va faol ishtirok etish istagida boʻlgan fuqarolarimizning salohiyati toʻla namoyon boʻlishini taʼminlashimiz lozim.

Bu borada koʻppartiyaviylik tizimi, partiyalararo bahs-munozara, fikrlar va dasturlar oʻrtasidagi raqobatni jadal rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va taʼsirchan vositasiga,  xalqning eng yaqin koʻmakchisi va hamdardiga, demokratiya koʻzgusiga aylanishi zarur.

Hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil koʻtarib chiqish ular  faoliyatida asosiy mezon boʻlishi kerak.

Oltinchidan, bizning yana bir muhim vazifamiz – fuqarolar, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro masʼuliyat, huquq va burch bogʻliq ekaniga oid prinsipni izchil amalga oshirishdan iborat.

Bu prinsip mamlakatimiz oldida turgan muhim vazifalarni hal qilishda davlat va shaxs, davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlaydigan konstitutsiyaviy asosdir.

Biz barchamiz – fuqarolar ham, jamiyat ham, davlat ham Vatanimiz ravnaqi uchun, mamlakatimizda tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash uchun, tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosimizni saqlash, boyitish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish uchun birdek masʼulmiz.

Yurtimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari oʻrtasidagi doʻstlik va totuvlik muhiti, oʻzaro hurmat va hamjihatlikni asrash va mustahkamlash maqsadida olib borayotgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz lozim.

Yettinchidan, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda taʼminlash bundan buyon ham davlat siyosatida ustuvor yoʻnalish boʻlib qoladi.

Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, ana shu konstitutsiyaviy qoidaning izchil amalga oshirilishi ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini jadal rivojlantirish boʻyicha olib borayotgan barcha ishlarimizning mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

Biz iqtisodiyotimizni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yoʻl ochib berish siyosatini qatʼiy davom ettiramiz.

Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, uning oldida paydo boʻladigan toʻsiqlarni butunlay olib tashlash masalasi davlat rahbari sifatida mening doimiy eʼtiborim va nazoratimda boʻladi.

Yana bir bor alohida taʼkidlab aytmoqchiman: tadbirkor yoʻliga toʻsiq boʻlishni davlat siyosatiga xiyonat, deb  qabul qilish kerak.

Sakkizinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, mamlakat tashqarisida ham oʻz fuqarolarining huquqiy himoyasini kafolatlashi haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning ijrosini soʻzsiz taʼminlashimiz shart.

Afsuski, shu vaqtga qadar chet ellarda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish masalasiga yetarlicha eʼtibor berilmadi, desak, buyam adolatdan boʻladi.

Ana shu holatni inobatga olib, xorijda qonuniy asosda mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan fuqarolarimizga boʻlgan munosabat bugungi kunda tubdan oʻzgarib borayotganini taʼkidlash zarur.

Oʻzbekiston hukumati bundan buyon oʻz fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, har tomonlama himoya qiladi. 

Bu ishlarni amalga oshirish yoʻlida birinchi qadamlarni boshladik. Rossiya bilan mehnat migratsiyasi boʻyicha kelishuvga erishildi. Oʻzbekistondan maxsus delegatsiyalar borib, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda.

Ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, haq-huquqlarini taʼminlash boʻyicha mahalliy boshqaruv idoralari bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Chet ellardagi yurtdoshlarimizga konsullik xizmatlari va boshqa xizmatlar koʻrsatish, ularning yurtimizga bemalol kelib-ketishlari, mamlakatimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Biz bu ishlarni kelgusida yanada kengaytiramiz.

Yana bir muhim masala –Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining soʻzsiz taʼminlanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolatidir. Biz bu fikrni yanada teran anglab olishimiz kerak.

Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya hamda qonun talablariga ogʻishmay amal qilish  maʼnaviy saviyamiz, madaniyatimizning asosiy mezoniga aylanishi shart.

Biz jahon hamjamiyati bilan yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishni oʻz oldimizga qoʻygan ulugʻ maqsadlarga yetishning eng muhim omili, deb bilamiz.

Shu maqsadda dunyodagi barcha uzoq-yaqin davlatlar, birinchi navbatda qoʻshni mamlakatlar bilan samarali aloqalarimizni yanada kuchaytiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari, chet davlatlarning muhtaram elchilarini samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.

Ularning barchasiga yaqin hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, masʼuliyatli faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz jonajon Vatanimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqishdek yuksak maqsad yoʻlida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.  

Ishonchim komil, ana shu olijanob maqsadlarga erishishda davlat organlari, keng jamoatchilik, barcha fuqarolarimiz oʻzining munosib hissasini qoʻshadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Konstitutsiyaga amal qilinishining kafolati sifatida jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashni, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilishni oʻzimning nafaqat vazifam, eng avvalo, muqaddas burchim, deb hisoblayman. 

Hech shubhasiz, oradan yillar, asrlar oʻtadi, lekin xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi boʻlgan Konstitutsiyamiz yangi-yangi avlodlar uchun hayot qomusi, davrning oʻzi oʻrtaga qoʻyadigan dolzarb muammolarni yechish yoʻlida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.  

Siz, azizlarni Konstitutsiyamizning qutlugʻ bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini koʻrishni tilayman. 

Yaratganning oʻzi yurtimizni balo-qazolardan asrasin, ezgu ishlarimizda doimo madadkor boʻlsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.