OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI ShAVKAT MIRZIYOYEVNING MUROJAATI

0
106
marta koʻrilgan.
Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli Joʻqorgʻi Kenges deputatlari!

Bugun men Vatanimizning taqdiri va kelajagiga, qutlugʻ zaminimizdagi tinchlik va barqarorlikka befarq boʻlmagan barcha insonlarga murojaat qilmoqchiman.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida sodir etilgan tashvishli voqealarni har birimiz, barcha Oʻzbekiston fuqarolari yuragimizda chuqur dard va iztirob bilan qabul qilmoqdamiz.

Maʼlumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, “inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani amalda qaror toptirishga qaratilgandir.

Fuqarolarning oʻz fikri va xohish-irodasini demokratik prinsiplar va huquqiy normalar asosida erkin bildirish boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlarga qaramasdan, ayrim gʻarazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zoʻravonlik yoʻlini tanlab, Oʻzbekistondagi vaziyatni beqaror etish va izdan chiqarishga urinmoqda.

Soxta axborotlarni tarqatishning sinalgan texnologiyalaridan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalangan holda, buzgʻunchi kuchlar aniq maqsadni koʻzlab, fuqarolarni Konstitutsiyaga xilof xatti-harakatlarga jalb etmoqda.

Ularning asosiy niyati jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga boʻlgan ishonchni susaytirish, Oʻzbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iborat.

Ilgari xabar qilinganidek, bir guruh shaxslar 2022 yil 1 iyul kuni Nukus shahrida soxta shiorlarni oʻziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning fikrini chalgʻitib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.

Ular 2022 yil 2 iyul kuni jamoat tartibini buzishga qaratilgan harakatlarni toʻxtatish haqidagi talablarga quloq solmasdan, respublikaning maʼmuriy markazidagi asosiy koʻchalarda buzgʻunchilik ishlarini davom ettirdi.

Bundan tashqari, tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan toʻqnashuvlarni keltirib chiqarishga, qoʻriqlanadigan hududlarga zoʻravonlik bilan bostirib kirishga urindi, binolarga tosh va turli buyumlar otishdi.

Shahar boʻylab yurish davomida ular infratuzilma obyektlariga sezilarli darajada zarar yetkazishdi. Binolarning oynalarini sindirib, yongʻinlar sodir etishdi. Bir nechta guruhlar qurol-yarogʻlarni qoʻlga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishdi.

Ushbu kimsalar son jihatiga koʻra nisbiy ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilishdi, ularni ayovsiz kaltaklab, ogʻir tan jarohatlari yetkazishdi.

Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida men 2022 yil 3 iyuldan 2 avgustga qadar “Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida  favqulodda holat joriy etish haqida”gi Farmonni imzoladim.

Ishonchim komil, ushbu Farmon ijrosini taʼminlash davomida koʻpmillatli Qoraqalpogʻiston xalqi mamlakatimiz ravnaqi va farovonligining poydevori boʻlgan tinchlik va barqarorlik,  fuqarolar oʻrtasida hamjihatlikni taʼminlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman: “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi eʼlon qilindi va umumxalq muhokamasidan oʻtmoqda. U faqat Oʻzbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida oʻzgartiriladi va takomilga yetkaziladi.

Shundan soʻng mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyiladi va fuqarolarimiz erkin ovoz berish yoʻli bilan oʻz xohish-irodasini ifoda etadilar. Faqat shundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar qonuniy kuchga ega boʻladi.

Bunday yondashuv “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan prinsipga toʻla mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam”, deb gʻurur bilan ayta oladi.

Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Qoraqalpogʻiston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni oʻrganish asosida Joʻqorgʻi Kenges deputatlari, muhtaram nuroniylarimiz hamda Qoraqalpogʻiston faollari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda men Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, oʻzgartirmasdan qoldirishni taklif etdim.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaqin kunlarda bu masalani koʻrib chiqadi.

Hurmatli deputatlar va Qoraqalpogʻiston ahli!

Maʼlumki, keyingi yillarda biz sizlar bilan birgalikda Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdik. Ularning amaliy natijalarini ushbu diyorda yashayotgan har bir inson bugun oʻz hayotida his etmoqda.

Oxirgi besh yilda hududning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish boʻyicha muhim dasturlar izchil amalga oshirilmoqda.

Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “temir daftar”ga kiritilgan 65 mingga yaqin oilaga, 16 yoshgacha bolalikdan nogiron aʼzosi boʻlgan hamda boquvchisini yoʻqotgan 17 ming oilaga moddiy yordam koʻrsatildi.

Birgina 2020 yil yakuni boʻyicha Qoraqalpogʻistonda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshdi. 

Soʻnggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta oʻsdi. Oʻnlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy agroklasterlar, qoʻshma korxonalar ishga tushirildi. Respublikada minglab yangi obyektlar barpo etildi, rekonstruksiya qilindi va taʼmirlandi. Jumladan, koʻplab bolalar bogʻchalari, umumtaʼlim va ixtisoslashgan maktablar, oliygohlar, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi.

Bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 32 foizdan 75 foizga yetdi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan taʼminlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari holatini yaxshilash boʻyicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ham faol ish olib borilmoqda. Xususan, bir paytlar nochor ahvolga tushib qolgan Moʻynoq bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tumanlardan biriga aylandi.

Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Ushbu hududning oʻsimlik va hayvonot dunyosini tiklash boʻyicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Yuksak xalqaro minbarlardan Orol muammosiga jahon jamoatchiligi eʼtiborini muntazam qaratib kelmoqdamiz.

Toʻliq ishonch bilan aytamanki, Qoraqalpogʻistonda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar bundan buyon ham albatta izchil surʼatlarda davom ettiriladi.

Chunki Qoraqalpogʻistonning taqdiri – bu Oʻzbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun oʻzbek xalqining baxti va farovonligidir.

Men hayot sinovlarida toblangan qoraqalpoq xalqining donishmandligiga ishonaman va ularni aql-idrok bilan ish tutishga, turli xil qutqularga, jumladan, chetdan boʻlayotgan gʻarazli chorlov va harakatlarga aldanmaslik, ularning qurboniga aylanmaslikka chaqiraman.

Separatizmga, ommaviy tartibsizliklarga, hokimiyat organlariga zoʻravonlik yoʻli bilan qarshilik koʻrsatishga daʼvat etadigan har qanday  harakatlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin chora koʻriladi, aybdorlar esa muqarrar jazoga tortiladi.

Aminmanki, Qoraqalpogʻistonning mehnatkash, oqkoʻngil va bagʻrikeng eli oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari taqdirining birligi va yaxlitligiga, ogʻizbirchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarini bundan buyon ham koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab yashaydi.

Sodir boʻlgan voqealar bizni yanada hushyor va sezgir boʻlishga chaqiradi. Bugun jonajon Oʻzbekistonimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, farzandlarimiz va nabiralarimizning yorugʻ kelajagini taʼminlash uchun metin iroda, jipslik va yakdillik har qachongidan ham zarurdir.

Fursatdan foydalanib, men Oʻzbekistonni oʻz ona Vatani deb biladigan barcha yurtdoshlarimizga, muhtaram otaxon va onaxonlarimizga, qadrli aka-uka va opa-singillarimizga, aziz farzandlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman.

Hech kimga sir emas, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida oʻzaro shafqatsiz raqobat, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib bormoqda.

Ana shunday tahlikali vaziyatda mamlakatimizda yashayotgan  turli millat va dinga mansub insonlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, goʻzal diyorimizda barqaror va bardavom taraqqiyotni taʼminlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirish barchamizning, avvalo, rahbar va mutasaddilarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas insoniy burchidir.

Biz faqat mana shu yoʻl bilan bugungi kunning barcha tahdid va xavf-xatarlariga munosib javob berishimiz, turli buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi jamiyatimizda, avvalo, yoshlarimiz qalbida mustahkam immunitet yaratishimiz, xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlangan demokratik islohotlar yoʻlidan ortga qaytmasdan yanada samarali natijalarga erishishimiz mumkin.

Aziz yurtdoshlar!

Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulugʻ bir maqsad birlashtiradi. U ham boʻlsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir.

Barchamiz birgalikda Yangi Oʻzbekiston va Yangi Qoraqalpogʻistonni albatta barpo etamiz.

Oʻz hayoti davomida tarixning koʻp-koʻp mashaqqatli sinovlarini mardona yengib oʻtgan azmu shijoatli, olijanob xalqimiz oʻz oldiga qoʻygan mana shunday buyuk maqsadlarga albatta erishadi, deb ishonaman. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.