Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

0
706
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar! 

Hurmatli qishloq xoʻjaligi xodimlari! 

Men uchun qadrli boʻlgan dehqon va fermerlar! 

Muhtaram doʻstlar! 

Avvalo, siz, azizlarni va sizlar orqali butun xalqimizni yurtimizda birinchi marotaba nishonlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. 

Bugun mana shu muhtasham koshonada yigʻilgan mirishkor dehqon va fermerlar, suvchi va irrigatorlar, mexanizator va agronomlar, agrar tarmoq olimlari timsolida dunyodagi eng sharafli kasb egalarini koʻrib turibmiz. 

Uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlagan inson sifatida mening turli soha vakillari orasida doʻstlarim, tanishlarim koʻp. Lekin qalbimga eng yaqin insonlar, qadrdonlarimning eng koʻpi mana shu soha – qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida, desam, ishoninglar, ayni haqiqatni aytgan boʻlaman. 

Bu bilan men, albatta, doimo chin dildan faxrlanaman, sizlarni qalbimga, yuragimga eng yaqin va aziz insonlar, deb bilaman. 

Chindan ham, hammamiz bolaligimizdan yerga, dehqonchilik va chorvachilikka mehr qoʻyganmiz. 

Bu sohaning mehnati qanchalik sharafli, noni esa, qanchalik totli va shirin ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. 

Dehqon deganda, bepoyon dalalar, bogʻu rogʻlar, dasturxonimizdagi turli noz-neʼmatlar, toʻy-tomoshalar, xursandchilik kunlarimiz, butun hayotimiz koʻz oldimizda namoyon boʻladi. 

Shu maʼnoda, dehqon bu – hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchi, desak, hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi. 

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz “olam ahlining toʻqligi, quvonchi, avvalo, yerga urugʻ sochib, bebaho noz-neʼmat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir”, deb mirishkor dehqonlar xizmatiga juda katta baho berganlar. 

Mamlakatimizda hamma soha vakillarining bayrami bor. Lekin barchamizni, butun halqimizni boqadigan, kiyintiradigan qishloq xoʻjaligi xodimlarining bayrami shu paytgacha yoʻq edi. Shuni oʻylab, ochigʻini aytganda, men sizlarning oldingizda va butun zahmatkash dehqonlarimiz oldida haqiqatdan ham xijolat boʻlib yurardim. Albatta, bu adolatdan emas edi. 

Shuning uchun maxsus qonun qabul qilib, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi xodimlari kunini belgilaganimiz, oʻylaymanki, hayotimizdagi yana bir adolatli qaror, xalqimizning dilidagi gap boʻldi. 

Ilgari respublikamizda dehqonchilik mavsumi yakuni boʻyicha qishloq xoʻjaligi xodimlarining qurultoyi oʻtkazilar edi. Bunday qurultoylarda oʻtgan mavsumda qoʻlga kiritilgan yutuqlar ham, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham batafsil tahlil qilinar, sohaga tegishli yangi rejalar belgilab olinar edi. 

Bugun biz nafaqat qishloq xoʻjaligi sohasi, balki butun ijtimoiy-iqtisodiy hayotimiz taraqqiyoti uchun yangi ufqlarni ochib beradigan ana shunday anjumanni – ezgu anʼanani qayta tiklamoqdamiz. 

Hurmatli doʻstlar! 

Hozirgi kunda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini tahlil qilish va kelgusi yil uchun eng muhim chora-tadbirlarni belgilab olish dolzarb vazifa hisoblanadi. 

Fermerlik harakatini rivojlantirish natijasida mamlakatimizda keyingi yillarda 160 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklari shakllanib, ular bugungi kunda 10 dan ortiq yoʻnalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda. 

Eng quvonarlisi, 12 mingdan ziyod fermer xoʻjaligi rahbarlarini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etsa, 6 mingdan ortiq fermer xoʻjaligiga xotin-qizlarimiz rahbarlik qilmoqda. 

Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari oxirgi ikki yilda 45 foizga koʻpayib, bugungi kunda ularning soni 75 mingtaga yetdi. Faqat shuning hisobidan joylarda, uzoq-uzoq qishloqlarda yuz minglab yangi ish oʻrinlari barpo etildi. 

Olib borilgan iqtisodiy islohotlar, fermerlik harakatining rivojlanishi natijasida joriy yilda mamlakatimiz boʻyicha 8 million 377 ming tonna gʻalla yetishtirildi. 

Sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli 2 million 930 tonnadan ziyod paxta hosili, 12 ming 450 tonna pilla, 318 ming tonna sholi, 23 million tonna meva-sabzavot, 13 million tonna goʻsht va sut mahsulotlari olishga erishdik. 

Bu yil birinchi marta gʻalladan boʻshagan qariyb 1 million gektar maydonga sabzavot, kartoshka, poliz va dukkakli ekinlar ekildi va 5,5 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirildi. 

Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, yer-suv resurslaridan yanada oqilona foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish orqali dehqonlarning daromadini oshirish borasida olib borayotgan tizimli ishlarimiz ham asta-sekin oʻz samarasini bermoqda. 

Masalan, joriy yilda 96 ming gektar hosildorligi past maydonlarda paxta va gʻalla oʻrniga 32 ming gektar yerda karam, turli sabzavot va koʻkatlar ekildi va bu maydonlardan olingan minglab tonna mahsulotlar eksport qilindi. Shuningdek, 11 ming gektarda intensiv bogʻ va yangi tokzorlar, 1 ming 500 gektarda issiqxonalar barpo etildi. 

Bu borada Ispaniya, Polsha, Niderlandiya, Gretsiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Vyetnam va Indoneziya davlatlarining ilgʻor tajribasidan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi. 

Shuningdek, mamlakatimizda birinchi marta shafran kabi noanʼanaviy ekin ekish yoʻlga qoʻyildi, soya ekish kengaydi. 

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot, eʼtibor bering, tayyor mahsulot eksport qilindi. 724 ming tonna hoʻl meva chetga sotildi va bu yurtimizga 856 million dollar valyuta keltirdi. Holbuki, ilgari ming-ming tonna turli shirin-shakar mevalarimiz dalada qolib, chirib ketar, isrof boʻlardi, eng yomoni, uvol boʻlar edi. 

Pillachilikda yuqori hosil olishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan, ammo deyarli yoʻqolib borayotgan anʼanalar qayta tiklanmoqda. Eng muhimi, qimmatbaho xomashyo boʻlgan ipak yetishtirishning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu sohada ishlarni mutlaqo yangi asosda yoʻlga qoʻyish maqsadida “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etildi. Bu yil mamlakatimizda birinchi marta pilladan yiliga ikki marta hosil olish tajribasi sinovdan oʻtkazildi va ijobiy natija berdi. 

Har bir viloyatda pilla xomashyosini qayta ishlab, tayyor mahsulot olish maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari jalb qilinmoqda. Natijada shu yilning oʻzida ipakni qayta ishlashga ixtisoslashgan 10 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi. 

Keyingi yillarda chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish dasturlari doirasida baliq, asal yetishtiriladigan, parranda, echki, qoramol boqiladigan koʻplab xoʻjaliklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 

Yana bir muhim, ammo keyingi yillarda eʼtiborimizdan chetda qolib ketgan masala haqida alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Hozirgi kunda mamlakatimizda yilqichilik tarmogʻi boʻyicha 15 ta nasl xoʻjaligi faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 3 ming 150 dan ziyod zotdor ot boqilmoqda. 

Zotdor qorabayir otlarini koʻpaytirish va ot sportini rivojlantirish maqsadida Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ tumanida yangi yilqichilik kompleksi tashkil etildi. Toshkent viloyatida va yurtimizning boshqa hududlarida ham bunday majmualar barpo etilmoqda. 

Umuman olganda, ota-bobolarimiz ardoqlab, parvarishlab kelgan, yaxshi va yomon kunlarida doʻst bilgan qorabayir otlarni millatimizning gʻururi, desak, arziydi. Farzandlarimiz qalbida mardlik, jasurlik, ona yurtga sadoqat fazilatlarini shakllantirishda undan toʻgʻri foydalansak, oʻylaymanki, nur ustiga nur boʻladi. 

Oxirgi 20 yilda eʼtibordan chetda qolgan yana bir tarmoq – baliqchilik sohasini tiklash uchun “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etildi. Uning tizimiga 3 ming 600 ta baliqchilik xoʻjaligi kiritildi. Joriy yilda 580 ming gektar maydondagi tabiiy va 28 ming gektar sunʼiy koʻllarda 100 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirildi. 

Vyetnam va Xitoy texnologiyasi asosida intensiv usulda baliq yetishtirish, uni koʻpaytirish, baliq ozuqasi ishlab chiqarish borasida ushbu mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. 

Yana bir muhim yoʻnalish – asalarichilik sohasini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston asalarichilar uyushmasi tashkil etilib, unga asal yetishtiradigan 14 mingdan ortiq tadbirkor aʼzo boʻlib kirdi. 

Bunday salmoqli yutuqlar haqida gapirganda, siz, aziz fermer va dehqonlar, barcha mirishkorlarning fidokorona mehnatingizni, shu soha rivojiga umrini, butun hayotini bagʻishlagan insonlar nomlarini faxr bilan tilga olamiz. 

Ayniqsa, Oʻzbekiston Qahramonlari Azim Latipov, Avaz Ergashev, Anorboy Eshmatov, Parda Ziyodov, Sarsenbay Seytnazarov, Doʻstmurod Abdullayev, Isaxon Bahromov, Siyosatxon Abdullayeva, Avaz Hosilov, Gulmat Hayitmetov, Sharifboy Rajabov, Ahmad Narzullayev, Abdumurod Bozorov, Abdurayim Homidov, Patilaxon Ergasheva, Xalchaxon Mirzayeva, Toʻra Narziyev kabi fidoyi yurtdoshlarimiz haqida har qancha gapirsak arziydi. 

Sizlarga yaxshi maʼlumki, hozirgi kunda fermer xoʻjaliklari va umuman, qishloq xoʻjaligi sohasi davlatimiz tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, ularga barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. 

Mamlakatimizda irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarining barcha xarajatlari toʻliq davlat byudjeti hisobidan qoplanmoqda. Bu qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl hosil olishda muhim omil boʻlmoqda. 

Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini suv bilan kafolatli taʼminlash maqsadida har yili davlat byudjetidan 2 trillion soʻmdan ortiq, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun 400 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilmoqda. 

Hosildorligi past yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta yetishtiradigan fermer xoʻjaliklarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan mablagʻ ajratish hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Agar 2008 yilda ushbu maqsadlar uchun 80 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 300 milliard soʻmni tashkil etdi. 

Yil davomida qilingan mashaqqatli mehnat, agrotexnik tadbirlarning oʻz muddatida va sifatli oʻtkazilishi natijasida gektaridan oʻrtacha 50 sentnerdan ziyod hosil olgan fermerlar 1 ming 121 tani, 45 sentnerlik marrani egallagan fermerlarimiz 2 ming 130 tani, 40 sentnerchilar 7 ming 208 tani tashkil etdi. Bu paxtachilik boʻyicha oʻz tajriba maktabini yaratayotgan fermerlar koʻpayib borayotganidan dalolat beradi. 

Joriy mavsumda Amudaryo, Buloqboshi, Paxtaobod, Vobkent, Buxoro, Mirishkor, Nishon, Qiziltepa, Mingbuloq, Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Jarqoʻrgʻon, Yuqorichirchiq, Bogʻot, Xonqa, Qoʻshkoʻpir tumanlarida paxtadan moʻl hosil olindi. 

Paxta yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishgan Amudaryo tumanidagi “Amudaryo sohili” fermer xoʻjaligi rahbari Islombek Matkarimov, Mirishkor tumanidagi “Turdiali bobo” fermer xoʻjaligi rahbari Abduvohid Begaliyev, Peshku tumanidagi “Fattoyev” fermer xoʻjaligi rahbari Yoqub Fattoyev kabi fermerlar faoliyati tahsinga sazovordir. 

Gʻallachilik boʻyicha erishgan yutuqlarimizda Beruniy, Oltinkoʻl, Qoʻrgʻontepa, Doʻstlik, Romitan, Peshku, Shahrisabz, Norin, Ishtixon, Piskent, Oltiariq, Uchkoʻprik, Quva tumanlari fermerlari oʻrnak va namuna boʻldilar. 

Eng asosiysi, bu yil yetishtirilgan gʻallaning 5 million 200 ming tonnadan ortigʻi fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda aholi ixtiyorida qoldirildi. Bularning barchasi dehqonlarimizning omborlari donga, roʻzgʻorlari qut-barakaga toʻlib borayotgani, ular oʻz mehnatidan katta manfaat koʻrayotgani, xalqimiz iborasi bilan aytganda, tom maʼnoda ularning kosasi oqarayotganining amaliy dalili, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. 

Suv resurslari cheklangan mintaqamizda dehqonchilik qilish, moʻl va sifatli hosil olish qanchalar ogʻir va mashaqqatli ekanini siz, shu sohaning mohir ustalari juda yaxshi bilasiz. Shuning uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tadbirlar qoʻllab-quvvatlanib, buning tashabbuskori boʻlgan xoʻjalik va tashkilotlarga qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar yaratib berilmoqda. Natijada bugungi kunda qariyb 240 ming gektar maydonda ana shunday texnologiyalar, jumladan, 28 ming gektar yerda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilindi. 

2017 yilning oʻzida qishloq xoʻjaligi sohasiga oid 5 ta qonun, 20 dan ortiq farmon va qaror qabul qilindi, 2 ta yangi qoʻmita va 3 ta uyushma tuzildi. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi faoliyati tubdan takomillashtirildi. 

Qishloq tumanlarida hokimlarning qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilindi. Oʻzbekiston Fermerlari kengashi Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sifatida qayta tashkil etildi. 

Endi ana shunday oʻzgarishlar amaliy natija va samara berishi uchun barchamiz bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz kerak. 

Qadrli doʻstlar! 

Shu oʻrinda men bir fikrni alohida taʼkidlashni istardim. 

Fermer va dehqonlarimiz qishloq xoʻjaligida asosiy kuch boʻlib, nafaqat mazkur sohani, balki butun mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish, xalqimizning turmush darajasini oshirish, yurtimizni har jihatdan obod va farovon qilishda beqiyos ishlarni amalga oshirayotganini bugun faxr va gʻurur bilan, minnatdorlik bilan qayd etamiz. 

Oʻzbek dehqonlari ona zaminimizga, muqaddas tuprogʻimizga eng sadoqatli, elu yurt taqdiri uchun chinakam fidoyi insonlardir. Ularning bunday fazilatlaridan barchamiz oʻrnak olsak arziydi. 

Aziz fermerlar, dehqon va mirishkorlar! 

Qishloq xoʻjaligi sohasida erishayotgan yutuq va natijalarimiz haqida yana koʻp gapirishimiz mumkin. Lekin yutuqlarga mahliyo boʻlib oʻtirish, xotirjamlikka berilish bizga yarashmaydi.Chunki qishloq xoʻjaligi sohasida hali ishga solinmagan imkoniyatlar, oʻz yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar ham juda koʻpligini barchamiz yaxshi bilamiz. 

Oʻzbekistonni 2017-2021 yillarda yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida barcha sohalar qatori qishloq xoʻjaligini ham modernizatsiya qilish borasida eng muhim vazifalarni aniq belgilab, ularni izchil amalga oshirib borayotganimiz sohadagi ulkan muvaffaqiyatlarga asos boʻlib xizmat qilmoqda. 

Bugun sizlar bilan ana shu masalalar haqida ochiq-oydin gaplashib, ularni yechish yoʻllarini aniq belgilab olsak, oʻylaymanki, ayni muddao boʻladi. Bu kelgusi yilda qishloq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida yanada yuksak natijalarga erishishimiz uchun puxta zamin yaratadi. 

Birinchidan, yerdan unumli foydalanish va uni talon-taroj qilishning oldini olish – eng muhim vazifalardan biridir. 

Mamlakatimizda sugʻoriladigan yerlar atigi 3 million 300 ming gektar boʻlib, uni koʻpaytirishning hech iloji yoʻq. Chunki bizda suv resurslari cheklangan. Aholimiz esa yildan-yilga koʻpayib bormoqda. 

Joylarda qatʼiy nazorat yoʻqligi oqibatida sugʻoriladigan yerlarni fermerlar va boshqa mutasaddi rahbarlar tomonidan sotish, oʻzboshimchalik bilan egallab olish va talon-taroj qilish holatlari, afsuski, davom etmoqda. 

Joriy yilning oʻzida 20 dan ortiq tumanda, jumladan, Boʻz, Angor, Navbahor, Jomboy, Ohangaron va boshqa tumanlarda sugʻoriladigan yerlar fuqarolar tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan. Bunday noxush holatlarni deyarli barcha viloyatlarda kuzatish mumkin. 

Hozirgi kunda mamlakatimizdagi mavjud 700 ming gektarga yaqin lalmi yerning bor-yoʻgʻi 300 ming gektariga gʻalla va moyli ekinlar ekilmoqda. 

Qani, aytinglar, qolgan 400 ming gektar yerdan nega foydalanmaymiz? 

Bunday maydonlarni oʻzlashtirish, ularni muntazam ravishda dehqonchilik ekinlari ekiladigan yerlarga aylantirish oson boʻlmaydi, deb oʻtirsak, oʻtiraveramiz. 

Holbuki, bugungi vaziyat barchamizdan tashabbus koʻrsatib, jahondagi ilgʻor tajribalarni chuqur oʻrganish, fidoyilik bilan mehnat qilishni talab etmoqda. 

Bunday ezgu ishga qoʻl urgan fermer va dehqonlarimizga biz har tomonlama koʻmak berishga tayyormiz. 

Oʻzingizga maʼlum, har qarich yer – davlatning, demakki, xalqimizning bebaho boyligi hisoblanadi. Undan noqonuniy, oʻzboshimchalik bilan foydalanishga hech kimning haqqi yoʻq. Afsuski, ana shu oddiy haqiqatni tushunib yetmagan yoki tushunishni va unga amal qilishni istamayotganlar hamon uchrab turibdi. 

“Yergeodezkadastr” qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida joriy yilda 3 ming 600 ga yaqin fermer xoʻjaligi gʻalla va paxtani shartnomada qayd etilganiga nisbatan 19 ming gektar yerga kam ekkani aniqlangan. 833 ta fermer xoʻjaligi esa 13 ming gektar yerda paxta va gʻalla yetishtirish boʻyicha shartnoma tuzgan boʻlsa-da, amalda bu ekinlarni umuman ekmagan. 

Unumdor yerlarni sotayotgan, noqonuniy tarzda uy-joy qurib olayotgan, shartnomada koʻzda tutilgan ekinlarni ekishdan boʻyin tovlayotgan fermerlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻradigan va qonuniy baho beradigan vaqt keldi. 

Shuning uchun Bosh vazir oʻrinbosari, qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Zoyir Mirzayev, mutasaddi idoralar va viloyatlar hokimlari bir oy muddatda ana shunday muammolarni toʻliq bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, koʻrib chiqish uchun taqdim etishi zarur. 

Ikkinchidan, sugʻorish inshootlari eskirib, tarmoqlar yaroqsiz holga kelib qolgani oqibatida 830 ming gektar yerni sugʻorishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. 

Bundan tashqari, 1 million 300 ming gektar sugʻoriladigan yerning meliorativ holatini yaxshilash, 18 ming kilometr kollektor va drenaj tarmoqlarini bosqichma-bosqich tozalash lozim. Shuningdek, 103 ta yirik, 720 ta oʻrta va kichik suv inshootlari yangilash va taʼmirlashga muhtoj. 

2017-2018 yillarda bu tadbirlar uchun davlat byudjetidan 1,5 trillion soʻm, xalqaro moliya institutlarining 150 million dollar mablagʻini yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Biroq shularning oʻzi bilan sohadagi mavjud muammolarni toʻliq hal etib boʻlmaydi. 

Shuning uchun Bosh vazir oʻrinbosarlari Zoyir Mirzayev va Jamshid Qoʻchqorov bir hafta muddatda davlat byudjetidan ushbu maqsadlar uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratish va xalqaro moliya institutlarining mazkur loyihalarda yanada kengroq ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha aniq takliflar kiritishi lozim. 

Mamlakatimizda er resurslaridan samarali foydalanish borasida ham koʻplab ishlarni amalga oshirishimiz zarur. Bu borada suv omborlari tarmogʻini kengaytirish hisobidan lalmi yerlarni oʻzlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratish kerak. 

2018-2019 yillar davomida Toshkent viloyatida jami 44 million kub metr suv yigʻiladigan “Parkentsoy”, “Qizilsoy”, “Toshtepa” suv omborlari quriladi. Shu tariqa Parkent va Ohangaron tumanlarida 5 ming gektar lalmi yerlarni oʻzlashtirish imkoniyati yaratiladi. 

Jizzax viloyatining Forish tumanida “Karaman” suv ombori ishga tushirilgach, 20 ming gektar yer oʻzlashtiriladi. 

Qashqadaryo viloyatida “Guldara”, “Ayaqchisoy”, Samarqand viloyatida “Bulungʻur” suv omborlarini qursak, bu qoʻshimcha ravishda 2 ming gektar ekin maydonlarini oʻzlashtirish, 2 ming 300 gektar yerda suv taʼminotini yaxshilash imkonini beradi. 

Navoiy viloyatidagi “Sentobsoy”, Namangan viloyatidagi “Qorasuv”, “Yertikan”, “Uychi” suv omborlari qariyb 2 barobar kengaytiriladi. 

2018-2019 yillarda irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha davlat dasturiga muvofiq, kelgusi ikki yilda 1 ming 86 kilometr uzunlikdagi kanallar betonlashtirilib, 661 kilometr lotoklar yangidan bunyod etiladi. Shuningdek, 109 ta yirik gidrotexnik inshootlar quriladi va yangi nasos stansiyalari oʻrnatiladi. 

Ana shu tadbirlarni amalga oshirish natijasida 1 million 200 ming gektar yerning suv taʼminoti yaxshilanadi. 

Eng asosiysi, yiliga 1 milliard 700 million kub metr suv tejaladi va 600 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi. 

Hammamiz yaxshi tushunamiz, “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Sohada katta natijaga erishmoqchi boʻlsak, birinchi navbatda rizq-roʻzimiz manbai boʻlgan yerni boqishimiz, tuproq unumdorligini oshirishimiz kerak. 

Uchinchidan, aholini sifatli goʻsht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari bilan yetarlicha taʼminlash – eng asosiy vazifalarimizdandir. 

Bunga erishish uchun quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur. 2018-2019 yillarda bank kreditlari hisobidan 145 ta loyiha doirasida qoʻshimcha 35 ming bosh zotdor qoramol boqish yoʻlga qoʻyiladi. Umumiy qiymati 280 milliard soʻm boʻlgan 80 ta loyiha asosida qoʻshimcha 3 million 200 ming bosh parranda boqishga moʻljallangan xoʻjaliklarni tashkil etish kerak. Shuning hisobidan 2018 yilda tuxum yetishtirishni 10 foizga oshirib, uning umumiy hajmini 7 milliard 800 million donaga yetkazish imkoni yuzaga keladi. 

Kelgusi yilda baliq yetishtirishni 150 ming tonnaga yetkazish maqsadida 215 milliard soʻmlik 280 ta loyiha amalga oshiriladi, 1 ming 650 gektar sunʼiy suv havzalari tashkil etiladi. 25 ta suv omborida Vyetnam tajribasi asosida 13 ming tonna, 37 ming gektar sholizorda qariyb 15 ming tonna baliq yetishtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo, Andijon va Namangan viloyatlarida Indoneziyadan keltiriladigan 380 ming dona sermahsul baliq chavogʻini ushbu mamlakat mutaxassislari bilan hamkorlikda mahalliy iqlimga moslashtirish lozim. 

Toʻrtinchidan, meva-sabzavot yetishtirishni yanada koʻpaytirish, uni sifatli tarzda aholiga yetkazish va eksport qilish ishlari, afsuski, yetarli darajada emas. 

Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning atigi 15 foizi qayta ishlanib, 8 foizi eksport qilinmoqda, xolos. Ayniqsa, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu koʻrsatkichlar hamon pastligicha qolmoqda. 

Joriy yilda 860 ming tonna yoki 620 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilingani bizning imkoniyat va salohiyatimizga mosmi? Yoʻq, albatta! 

Rivojlangan davlatlar tajribasi asosida bogʻlar va tokzorlarga ishlov beradigan, sabzavot va kartoshka urugʻlarini ekadigan va yigʻishtirib oladigan texnikalar mavjud emas, fermer, dehqon xoʻjaliklariga yoqilgʻi-moylash mahsulotlari, mineral oʻgʻitlar, urugʻlik yetkazib berish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash ishlari talab darajasida tashkil etilmagan. Bu ham haqiqat. 

Bosh vazir oʻrinbosarlari Nodir Otajonov, Zoyir Mirzayev bir oy muddatda har bir viloyat va tumanda meva-sabzavot yetishtirishni koʻpaytirish, uni qayta ishlash va eksport hajmini oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirishlari kerak. 

Beshinchidan, respublikamiz boʻyicha 445 ming gektar eng unumdor yer aholiga tomorqa sifatida berilgan. 

Lekin tomorqadan foydalanish talab darajasida emas. Bu yoʻnalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish tizimi yoʻq, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. 

Sohada nazoratni taʼminlash, tomorqa egalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga qator vakolatlar berildi. 

Vazirlar Mahkamasi (Z.Mirzayev), Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (B.Yusupov), Kasaba uyushmalari federatsiyasi (Q.Rafiqov), “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi (A.Abdullayev), “Mahalla” jamgʻarmasi (Sh.Javlonov), Xotin-qizlar qoʻmitasi (T.Norboyeva) va hududlardagi sektorlar rahbarlari uyma-uy yurib, aholiga tomorqadan samarali foydalanish yuzasidan zarur tavsiya va amaliy yordam berish mexanizmini ishlab chiqib, amalga oshirishi lozim.

Bu ishlarni samarali yoʻlga qoʻyish natijasida tomorqalardan meva, sabzavot, kartoshka, koʻkat, dukkakli va boshqa mahsulotlar yetishtirish imkoniyatlari yanada kengayadi. 

Shuningdek, aholi tomorqalarida sitrus mevalar yetishtirishga moʻljallangan ixcham issiqxonalar barpo qilish, yongʻoq, unabi va boshqa koʻchatlar yetishtirishni tashkil etish lozim. 

Oltinchidan, hozirgi paytda mamlakatimizdagi 146 ming 295 ta qishloq xoʻjaligi texnikasining 38 foizi allaqachon oʻz umrini oʻtab boʻlgan, yaʼni butunlay eskirgan. 

Ayniqsa, meva va sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlar bogʻ va tokzorlarga ishlov berish, sabzavot ekish, parvarishlash va yigʻib olishga moʻljallangan texnikalar bilan bor-yoʻgʻi 34 foiz taʼminlangan, xolos. Bu mehnat unumdorligi va hosildorlikning pasayib ketishiga sabab boʻlmoqda. 

Ayni paytda mamlakatimiz boʻyicha 16 ming 495 ta qishloq xoʻjaligi texnikasi yetishmasligi aniqlangan. Buning oqibatida belgilangan agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishning imkoni boʻlmayapti va shuning uchun pirovard natijada kutilgan samaraga erishilmayapti. 

Bosh vazir oʻrinbosarlari Zoyir Mirzayev, Jamshid Qoʻchqorov va Nodir Otajonovga qishloq xoʻjaligi texnikasini yurtimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, zarur hollarda ularni xorijiy davlatlardan sotib olish uchun moliyaviy manbalarni aniqlash masalalarini hal etish boʻyicha joriy yil 20 dekabrga qadar aniq va amaliy takliflar kiritish vazifasi topshiriladi. 

Yettinchidan, qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishda ilm-fan hayot talablaridan orqada qolayotgani jiddiy muammolardan biridir. 

Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga qarashli ilmiy-tadqiqot institutlarining agrar fan va seleksiyani rivojlantirish, ilgʻor agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, har bir hududda tuproq va iqlim sharoitiga mos ekin navlarini yaratish va joylashtirishborasidagi oʻrni va rolini keskin oshirish lozim. 

Hozirgi kunda ana shu ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi zamonaviy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini bermaydi. Ilmiy-tadqiqot ishlari hamon eskicha usullarda olib borilayotgani ham haqiqat. 

Sohada zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan kadrlar yetishmayotganini ham tan olishimiz kerak. Ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta. 

Chorva mollarining zotini yaxshilash, parrandalarda kasalliklarni erta aniqlash va davolash boʻyicha ilmiy izlanishlar deyarli olib borilmayapti. 

Yaqin vaqtgacha chorvachilik sohasida yetakchi boʻlib kelgan yurtimizda bugun zotdor mollarni faqat chetdan olib kelish bilan cheklanib qolayotganimizni nima bilan izohlash mumkin? 

Bunday eʼtiborsizlik va sohaning ertangi rivojini oʻylamaslikni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. 

Ana shu holatlarning barchasini inobatga olib, sohaga ilmiy yondashuvni tashkil etish va malakali kadrlar tayyorlash tizimiin yoʻlga qoʻyish maqsadida yurtimizda Veterinariya institutini tashkil etishning fursati keldi, deb hisoblayman. 

Yana bir muhim masala, yaʼni yiliga mamlakatimizda yetishtirilayotgan 12 million donadan ziyod terini yigʻish, uni chuqur qayta ishlash, ayniqsa, dunyoga mashhur qorakoʻl teridan yuqori sifatli, raqobatdosh mahsulot tayyorlash boʻyicha ishlarimiz ham talab darajasida emas. 

Bosh vazir oʻrinbosari Zoyir Mirzayev tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oʻzbekcharmpoyabzali” uyushmasi faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqib, tizimni takomillashtirish, bu boradagi eksport koʻrsatkichini 150 million dollardan kamida 300 million dollarga oshirish boʻyicha qaror loyihasini tayyorlashi zarur. 

Xabaringiz bor, biz yaqinda rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, hayotimizga yangi innovatsion texnologiyalar joriy etish koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligini tashkil etdik. Ushbu vazirlik bu borada alohida dastur ishlab chiqib, qishloq xoʻjaligi sohasiga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirishi gʻoyat muhim masaladir. 

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini chuqur tahlil qilgan holda, uzumning sanoatbop navlari, limon va mevali daraxt koʻchatlari yetishtirish – hozirgi davr talabidir. Afsuski, ushbu institutning ayni paytdagi holati bugungi mezon va talabga mutlaqo javob bermaydi. 

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Gʻallaorol ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Lalmikor dehqonchilik institutini tashkil etishni zamonning oʻzi taqozo etmoqda. Bunday ilmiy-tadqiqot markazi lalmi yerlardan samarali foydalanish boʻyicha zamonaviy ilmiy izlanishlarni yanada kengaytirish imkonini yaratadi. 

Mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirish, jumladan, kurka, bedana, gʻoz, oʻrdak va tuyaqush parvarishlashni ilmiy asosda yoʻlga qoʻyish maqsadida Parrandachilik ilmiy markazini tashkil etish zarur, deb oʻylayman. 

Xalqimizni eng koʻp isteʼmol qilinadigan oziq-ovqat turlaridan biri boʻlgan kartoshka bilan toʻla taʼminlash uchun bizga yiliga oʻrtacha 50 ming tonna sifatli kartoshka urugʻi kerak boʻladi. Buning uchun Gollandiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya uskunalariga ega boʻlgan mahalliy urugʻchilik markazi va maxsus korxonalar tashkil etishimiz kerak. 

Sakkizinchidan, fermer xoʻjaliklarida har qarich yerdan unumli foydalanish, daromad hajmini oshirish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratishimiz zarur. 

Shu maqsadda mavjud 2 million 626 ming gektar maydonning umumiy uzunligi 385 ming kilometr boʻlgan chekka qismlarida sabzavot va poliz ekinlari ekishni yoʻlga qoʻyish orqali 415 ming tonna qoʻshimcha mahsulot yetishtirishga erishish mumkin. 

Oddiy hisob-kitoblar shuni koʻrsatmoqdaki, hozirgi vaqtda har bir fermer xoʻjaligi dalasida bir boshdan, jami 14 ming sogʻin sigir, 21 ming 125 fermer xoʻjaligining har birida 50 boshdan, jami 1 million 57 ming parranda, 66 ming fermer xoʻjaligining dala chetlarida 329 ming quti asalari boqish hisobidan 7 ming 200 tonna asal yetishtirishni yoʻlga qoʻyish mumkin. 

Yuzaki qaraganda, bu oddiy gapga oʻxshaydi. Agar masalaga jiddiy yondashib, har bir raqam zamiridagi maʼnoni teran anglab yetsak, bular dehqonlarimiz uchun qoʻshimcha daromad manbai ekani maʼlum boʻladi. 

Kelgusi yilda alohida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan yana bir muhim yoʻnalish – bu sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari boʻylarida, yirik gidrotexnik inshootlar atrofidagi maydonlar va dala chetlarida oddiy va arzon usullarda 30 mingdan ziyod ixcham issiqxonalar tashkil etishdan iborat. 

Toʻqqizinchidan, paxta va gʻalla ekilayotgan past rentabelli maydonlarni yildan-yilga qisqartirib, ularning oʻrniga intensiv bogʻlar, yongʻoqzor va tokzorlar barpo etish, shuningdek, serdaromad boʻlgan soya, qalampir va koʻkatlar ekish rejalashtirilgan. 

Mamlakatimizda raps yetishtirishni kengaytirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. 

Shu bilan birga, yengil sanoat korxonalarini sifatli tola bilan taʼminlash haqida ham jiddiy oʻylashimiz kerak. 2018 yilda mamlakatimizda yetishtirilayotgan 1 million 200 ming tonna paxta tolasini yurtimizda toʻliq qayta ishlab, xorijga faqat tayyor mahsulotlar eksport qilishni yoʻlga qoʻyishimiz zarur. 

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida amalda qoʻllangan – paxtani yetishtirishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan bosqichlarni oʻz ichiga qamrab olgan klaster usuliga biz Oʻzbekiston paxtachiligining kelajagi sifatida qaramoqdamiz. 

Bu istiqbolli tajribani keng yoyish maqsadida mamlakatimizdagi oʻttizdan ziyod yengil sanoat korxonasiga toʻrt yuz ming gektardan koʻproq paxta maydonlari biriktirib beriladi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Nigmatovich Aripovga tegishli kompleks rahbarlari, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bu masala boʻyicha qaror loyihasini 15 kun muddatda ishlab chiqish, viloyat hokimlariga loyiha tashabbuskorlari uchun barcha zarur sharoitni yaratib berish vazifasi topshiriladi. 

Qolgan paxta maydonlarida hosildorlikni oshirish va yerdan samarali foydalanish maqsadida chigitni “qoʻshqator” va “oltmishlik” sxemasi asosida ekishni yoʻlga qoʻyish va samarasiz boʻlgan “toʻqsonlik” sxemadan bosqichma-bosqich voz kechish kerak. Shuningdek, xitoylik olimlar bilan hamkorlikda Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarida gʻoʻza parvarishini zamonaviy texnologiyalar asosida olib borishimiz zarur. Surxondaryo, Samarqand va boshqa viloyatlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini keng joriy etishimiz lozim. 

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari! 

Bugungi kunda oldimizda turgan eng asosiy muammolardan biri bu – respublikamiz qishloq xoʻjaligida ilm va amaliyotning bir-biridan uzoqlashgani, aksariyat hollarda uzilib qolganidir. 

Bir haqiqat barchamizga yaxshi maʼlum: ilm va izlanish boʻlmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish va, umuman, biror-bir sohaning kelajagi boʻlmaydi. 

Afsuski, keyingi 20 yil mobaynida biz agrar tarmoqni ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirishga yetarlicha eʼtibor bermadik, eʼtiborsizligimiz tufayli mavjud ilmiy-tekshirish institutlari moliyaviy muammolar girdobiga, nochor ahvolga tushib qoldi, taʼbir joiz boʻlsa, “chalajon” boʻlib qoldi. 

Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi (sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi) tarkibida ayni paytda 11 ta ilmiy- tadqiqot instituti va 44 ta ilmiy-tajriba stansiyasi mavjud. 

Bundan tashqari, bevosita Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tizimida 4 ta oliy taʼlim muassasasi va ularning 3 ta filiali, shuningdek, 132 ta kasb-hunar kolleji faoliyat koʻrsatmoqda. Lekin Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Andijon va Samarqand qishloq xoʻjaligi institutlarining ilmiy salohiyati va kadrlar tayyorlashdagi mavqei yildan-yilga pasayib bormoqda. Agar oʻtgan asrning 80-90 yillari bilan solishtiradigan boʻlsak, ushbu oliy taʼlim muassasalarida ilmiy, pedagogik va amaliy tajriba borasida salohiyat keskin pasayib ketgan. 

Qishloq xoʻjaligida aniq mezonlar asosida kadrlar tayyorlashning yagona tizimi mavjud emas. Bunga vazirlik va oliy taʼlim dargohlari rahbarlari ham umuman eʼtibor qaratmayapti, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. 

Bugun oliy taʼlim muassasasi yoki kollejda oʻqiyotgan talaba ertaga qayerga ishga boradi, amaliyotda uning bilim va mutaxassisligiga aynan qanday talablar qoʻyiladi, u shu talablarga javob beradimi-yoʻqmi – buni hech kim bilmaydi. 

Hatto shu darajaga borib yetdiki, auditoriyada talabaga boshqa narsa oʻqitiladi, amaliyotda esa undan umuman boshqa bilim va koʻnikma talab etiladi. Agrar tarmoqdagi biror-bir oliy yoki oʻrta maxsus taʼlim muassasasi ishlab chiqarish yoki amaliyotning aniq buyurtmasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlayotgani yoʻq va, afsuski, bu boʻyicha hali harakat ham boshlanmagan. Shunday ekan, malakali va raqobatdosh mutaxassis-kadrlar tayyorlash toʻgʻrisida qanday gapirishimiz mumkin. 

Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tayanch oʻquv dargohlari va oʻquv-metodik markaz sifatida belgilangan edi. Lekin har ikkala taʼlim muassasasining rahbariyati ham bu borada oʻz zimmasidagi vazifani toʻla uddalayotgani yoʻq. Andijon va Samarqand qishloq xoʻjaligi institutlarining faoliyatini esa qoniqarli deb boʻlmaydi. 

Bugungi davr shuni taqozo etmoqdaki, oliy taʼlim muassasasi va kollejlardagi oʻquv dasturlari ishlab chiqarish, firma va kompaniyalarning aniq talab va buyurtmalari asosida tuzilishi va raqobatdosh kadrlarni tayyorlab berishi kerak. 

Agar talab boʻlsa, oliy taʼlim muassasasi va kollej mutaxassis tayyorlashi kerak, muayyan yoʻnalish boʻyicha bitirayotgan kadrlarga ehtiyoj boʻlmasa yoki kadrning bilim saviyasi va ilmiy darajasi past boʻlsa, bunday oʻquv muassasasi yopilishi zarur. 

Bu borada bir misol keltiraman. Fargʻona vodiysida bir necha yillardan buyon zararli hasharotlar paxta maydonlariga sezilarli darajada ziyon yetkazyapti. Lekin vodiydagi birorta oʻquv dargohida olim va mutaxassislar bunday kasalliklarga qarshi kurashish haqida jiddiy bosh qotirayotganlari yoʻq. 

Ana shunday oʻtkir va hayotiy muammolarni hal etish va zarur yechimlarni topish maqsadida quyidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirish talab etiladi. 

Birinchidan, kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilash, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va ilmiy tadqiqotchilarining ish haqi miqdori, jumladan, yangi oʻquv yilidan boshlab doktorantlar stipendiyalarini sezilarli darajada oshirish boʻyicha Moliya vazirligi (J.Qoʻchqorov) taklif tayyorlasin. 

Shu bilan birga, sohadagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim darajasini oshirish uchun ularni modernizatsiya qilish dasturini 2021 yilgacha choʻzmasdan, 2019 yil oxiriga qadar yakunlash maqsadga muvofiq boʻladi. 

Barchaga maʼlumki, qishloq xoʻjaligi mutaxassislarini magistraturada kontrakt asosida oʻqitish ilmiy kadrlar tayyorlashga jiddiy toʻsqinlik qilmoqda. Shuning uchun yangi oʻquv yilidan boshlab qishloq xoʻjaligining tor mutaxassisliklari boʻyicha magistraturada kadrlar tayyorlashni toʻliq byudjet grantlari hisobiga oʻtkazish taklif etiladi. Bu masala boʻyicha Moliya vazirligi tegishli tashkilotlar bilan birgalikda 10 kunda taklif kiritsin. 

Ikkinchidan, qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy dasturlarni moliyalashtirishga Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlarni 2017 yildagi 39 milliard soʻmdan 2-3 yilda 150 milliard soʻmga yetkazish topshiriladi. 

Shu bilan birga, agrosanoat kompleksi tarkibidagi 14 ta ilmiy-tadqiqot institutini keyingi 2 yilda Davlat byudjetidan bazaviy moliyalashtirishga oʻtkazish lozim. 

Bularga qoʻshimcha ravishda qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy muassasalarni zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlashga 20 million dollar ajratish Moliya vazirligiga topshiriladi. Bundan koʻzlangan maqsad – ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning ilmiy-tajriba stansiyalarini zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalari bilan taʼminlashni tubdan yaxshilashdan iborat. 

Uchinchidan, yuqoridagi topshiriqlar boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosarlari Z.Mirzayev va J.Qoʻchqorov bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini kiritsin. 

Qaror loyihasida qishloq xoʻjaligida ilmiy izlanishlarni moliyalashtirish va innovatsion ishlanmalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan maxsus jamgʻarma tuzish haqida taklif nazarda tutilsin. Jamgʻarmaning manbai sifatida ayrim mahsulotlarga solinadigan aksiz soligʻining qatʼiy belgilangan ajratmalarini belgilashni taklif etaman. 

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirish uchun barcha darajadagi rahbarlar, ayniqsa, tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari masʼuliyatini kuchaytirish talab etiladi. 

Vazir boʻladimi, viloyat yoki tuman hokimi boʻladimi – barcha rahbarlar qishloq xoʻjaligi masalalari, yaʼni oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tashabbus koʻrsatib ishlashi, eng muhimi, natijadorlikka erishmogʻi shart. 

Qishloq xoʻjaligi sohasida nomiga, koʻzboʻyamachilik bilan ish yuritib, natijaga erishib boʻlmaydi. Masalaga ana shu nuqtai nazardan qaragan holda, ishdagi nuqson va kamchiliklari uchun Jizzax va Toshkent viloyatlari hokimlarini, bir qator vazirlar va tumanlar hokimlarini almashtirishga toʻgʻri keldi. 

Vaqtida oldi olinmasa, har bir ishga masʼuliyat bilan yondashilmasa, bunday jiddiy kamchiliklar qishloq xoʻjaligi unumdorligi va natijadorlikka salbiy taʼsir koʻrsatishini barcha rahbarlar yaxshi tushunib yetishi zarur. 

Yuqorida aytilgan reja va dasturlarni amalga oshirish uchun bizda kuch va imkoniyatlar, bilim va tajriba yetarli. Gap faqat ishni fidoyilik va omilkorlik bilan, toʻgʻri va samarali tashkil etishimizga bogʻliq. 

Muhtaram doʻstlarim, qadrdonlarim! 

Bu dunyoda barchamiz ezgu va pok niyatlar bilan yashaymiz. 

Hammamiz farzandlarimiz, nabiralarimiz kamolini koʻrsak, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon hayot kechirsa, deb orzu qilamiz. 

Agar bugun Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatidan koʻzlangan asosiy maqsadni oddiy soʻzlar bilan ifoda etadigan boʻlsak, u avvalo xalqimiz qalbidagi ana shunday ezgu orzu-niyatlarni amalga oshirishga qaratilgandir. 

Keyingi bir yil davomida el-yurtimiz bilan boʻlgan muloqotlar davomida men bu haqiqatga yana bir bor ishonch hosil qildim. 

Biz oldimizga qoʻygan, har bir vatandoshimiz koʻnglida aks sado berayotgan ana shu buyuk maqsadlarni amalga oshirishga eng koʻp hissa qoʻshayotgan, kelgusida ham katta hissa qoʻshadigan insonlar qatorida avvalo siz, azizlarni koʻramiz. 

Barchangizni, sizlar orqali oʻz hayotini qishloq xoʻjaligi sohasi bilan, ayniqsa, saxovatli zaminimiz bilan bogʻlagan fidoyi insonlarni, butun xalqimizni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. 

Jonajon Vatanimizdan hech qachon tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasin! 

Olloh taoloning oʻzi barcha ishlarimizning barorini bersin. 

Yangi yilda hamma ekinlardan hosilimiz yanada moʻl, xirmonimiz har qachongidan yuksak boʻlsin! 

Oʻzbek zamini, oʻzbek dehqoni doimo bor boʻlsin, omon boʻlsin, unga hamisha ulugʻ zafarlar yor boʻlsin! 

Yana bir bor barchangizga katta rahmat. 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.