Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida oʻtgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada soʻzlagan nutqi

0
253
marta koʻrilgan.

Muhtaram Yencha janoblari! 

Qadrli Mogerini xonim! 

Hurmatli tashqi ishlar vazirlari, xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik missiya rahbarlari, konferensiya ishtirokchilari! 

Xonimlar va janoblar! 

Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyaning barcha ishtirokchilari va mehmonlarini saxovatli Oʻzbekiston zaminida, qadimiy Samarqand shahrida samimiy qutlayman. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va shaxsan Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblariga mazkur forumni oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun alohida minnatdorlik bildiraman. 

Ushbu zalda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa mamlakatlari, Yaponiya, Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston, Afgʻonistondan tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlar, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar vakillarini koʻrib turganimdan mamnunman. 

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari! 

Bugungi Forumning nechogʻli muhim va dolzarbligi uning “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” deb nomlanishidan ham yaqqol koʻrinib turibdi. 

Bizning mintaqamiz xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari bogʻlab turadi. Bizni tarix, din, umumiy madaniyat va anʼanalar birlashtiradi. 

Yevroosiyoning “yuragi”da joylashgan mintaqamiz Yevropa va Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik boʻlib, Rossiya va Xitoy singari yirik davlatlar bilan chegaradoshdir. 

Mintaqamiz tabiiy resurslarga boy, bu yerda koʻplab mamlakatlar va butun mintaqalar rivojiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot salohiyati mavjud. 

Ayni paytda Markaziy Osiyoda qudratli davlatlarning manfaatlari kesishmoqda, beqarorlik va qarama-qarshilik oʻchoqlariga tutash boʻlgan ushbu mintaqa yaqin va uzoq xorijda roʻy berayotgan barcha salbiy jarayonlar taʼsirini his etmoqda. 

Tabiiy savol tugʻiladi: mintaqada vaziyat qanday rivojlanadi? 

Bu yerda qanday kuch ustun keladi – nizo va qarama-qarshiliklarmi yoki hamkorlik va taraqqiyotmi? 

Umumiy aholisi 70 milliondan ortiq boʻlgan mintaqamizning kelajagi bugungi kunda Markaziy Osiyoning har bir davlati tomonidan barpo etilmoqda. 

Bizning qatʼiy ishonchimizga koʻra, amaliy hamkorlikka tayyorlik va unga astoydil intilish, shuningdek, barcha Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy kelajak uchun masʼuliyatni his etishi mintaqaning barqaror rivojlanishi va farovonligining mustahkam poydevori va kafolatidir. 

Oʻzbekiston bahsli masalalarni tezroq hal qilish va oʻzaro ishonchni yanada mustahkamlash tarafdoridir. 

Davlatlarimiz aynan yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida oʻz salohiyatini yanada samarali amalga oshira oladi. 

Ishonchim komil, bundan barcha – Markaziy Osiyo davlatlari ham, boshqa mamlakatlar ham birdek manfaat koʻradi. 

Bizning bosh maqsadimiz – umumiy saʼy-harakatlarimiz bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdan iborat. 

Buning uchun biz turli nizolarni qoʻzgʻaydigan va unga koʻmaklashadigan sabab va omillarga birgalikda barham bermogʻimiz, umummintaqaviy ustuvor manfaatlarni inobatga olish asosida milliy rivojlanishni taʼminlamogʻimiz zarur. 

Biz bugun taraqqiyotimizning umumiy ustuvor yoʻnalishlarini anglagan holda, chegara, suvdan foydalanish, transport va savdo singari oʻtkir mintaqaviy masalalarni yechish boʻyicha oqilona murosa yoʻlini izlamoqdamiz. 

Bugungi konferensiya doirasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston tomonidan Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi hududi haqida shartnoma imzolandi. 

Ushbu shartnoma muddatsiz boʻlib, denonsatsiya qilinmaydi, u uch qoʻshni davlat oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi. 

Soʻnggi paytda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻz chegaralarining 85 foizi yuzasidan kelishuvga erishdi. Koʻpdan buyon davom etib kelayotgan muammolardan biri deyarli hal etildi. 

Transport sohasidagi hamkorlik kengaydi. Tojikiston bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar tiklandi. Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, chegaraoldi hududlar oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda, madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlar faollashmoqda. 

Shu bilan birga, qoʻlga kiritilgan dastlabki natijalardan xotirjamlikka berilishimiz mumkin emas, biz hali yoʻlning boshida turibmiz, deb hisoblayman. 

Munosib kelajakni taʼminlash uchun bugun biz qanday aniq vazifalarni bajarishimiz muhim va zarur? 

Birinchidan, bu savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda kooperatsiyani mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratishdir. 

Mintaqaviy iqtisodiy forumni tashkil etish bu yoʻnalishdagi amaliy qadam boʻlishi mumkin. 

Bu oʻrinda gap biznes hamjamiyatlari oʻrtasida bevosita muloqot va oʻzaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va innovatsion hamkorlik borasidagi aniq loyihalarni atroflicha muhokama qilish haqida bormoqda. 

Bizning mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari hamda yetakchi korxonalar vakillari bilan bir necha bor oʻtkazgan uchrashuvlarimiz iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va oʻzaro savdo hajmini oshirish imkonini berdi. 

Masalan, yil boshidan buyon Oʻzbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasioʻrtacha 20 foizga, ayrim davlatlar bilan esa qariyb 70 foizga oʻsdi. 

Mintaqalararo hamkorlik masalasiga alohida eʼtibor qaratilishi lozim. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo davlatlarining hududlar rahbarlari (hokimlari) biznes hamjamiyatining assotsiatsiyasini taʼsis etishni taklif qilaman. 

BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi samarali kooperatsiya aloqalari 10 yil mobaynida mintaqaviy yalpi ichki mahsulotni kamida ikki barobar oshirish imkonini bergan boʻlar edi. 

Ushbu mexanizmlar butun Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni taʼminlagan holda, mamlakatlarimiz hududlarining sanoat, investitsiya va intellektual sohalardagi salohiyatini toʻla ishga solish imkonini berishiga ishonaman. 

Ikkinchidan, mintaqaning tranzit-logistika salohiyatidan yanada samarali foydalanish va transport infratuzilmasining jadal rivojlanishini taʼminlash lozim. 

Bu yoʻnalishda mintaqa mamlakatlari tomonidan amaliy qadamlar qoʻyilganini mamnuniyat bilan qayd etishni istardim. 

Turkmanistonlik doʻstlarimiz tomonidan Amudaryodan oʻtadigan Turkmanobod – Forob yangi temir va avtomobil yoʻllari koʻpriklari ishga tushirildi. U Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Oʻmon transport-tranzit yoʻnalishining muhim tarmogʻidir. 

Tez orada Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy temir yoʻli qurilishini boshlash boʻyicha kelishuvga erishildi, shuningdek, ushbu transport yoʻlagi boʻylab sinov tariqasidagi avtopoyga amalga oshirildi. 

Shu munosabat bilan Transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish boʻyicha umummintaqaviy dasturni ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz. 

Umumiy yondashuvlarimizni kelishib olish uchun biz 2018 yilda Toshkentda “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va amalga oshirilmagan imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazishni rejalashtirmoqdamiz. 

Konferensiyaning ishida barcha sheriklarimiz faol ishtirok etishiga umid qilamiz. 

Uchinchidan, bu – Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashdir. 

Bugungi kunda mintaqaning barcha mamlakatlari terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotrafik tahdidlariga duch kelmoqda. 

Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashishni faqat birgalikda, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlik mexanizmlari doirasida taʼminlash mumkin. 

Xavfsizlikka tahdidlarni “oʻziniki va oʻzgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yaxlit xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish zarur, degan qatʼiy fikrdamiz. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti mintaqaviy xavfsizlik muammosini, avvalo, preventiv diplomatiya usullaridan foydalangan holda hal qilishda muhim oʻrin tutishi lozim. 

Shuningdek, MDH, ShHT, YeXHT va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar mexanizmlari doirasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash zarur. 

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda barqaror va izchil taraqqiyotning istiqbollari qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish bilan chambarchas bogʻliqdir. 

Birinchi galdagi vazifalardan biri Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qoʻshilishiga har tomonlama koʻmaklashishdan iborat. 

Bu dunyo hamjamiyatining Afgʻonistonda tinch taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlariga gʻoyat muhim hissa boʻlib qoʻshiladi. 

Oʻzbekiston bundan keyin ham bu qoʻshni mamlakatni iqtisodiy jihatdan tiklash, uning transport va energetik infratuzilmasini rivojlantirish, milliy kadrlar tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etishini taʼkidlamoqchiman. 

Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashning ustuvor yoʻnalishi – ekstremistik gʻoyalarga qarshi qatʼiy kurashishdan iboratdir. Koʻpincha hayotga endi qadam qoʻyayotgan yoshlar uning taʼsiriga tushib qolmoqda. 

Markaziy Osiyo – aholining yoshi boʻyicha eng “yosh” mintaqalardan biridir: bu yerda aholining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etadi va bu dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ancha yuqoridir. 

Aynan shu maqsadda Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yaqinda Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish hamda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. 

Ushbu tashabbuslarni Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari qoʻllab-quvvatlagani yoshlar oʻrtasida radikal qarashlar tarqalishining oldini olish, toʻgʻri yoʻldan adashganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ularni sogʻlom hayotga qaytarishga tayyorligimizning amaldagi yaqqol ifodasi sifatida namoyon boʻladi. 

Bizning tajribamiz shuni koʻrsatmoqdaki, birinchi galda yoshlarni ilm-maʼrifatga oʻrgatish, ularga islom dinining insonparvarlik mohiyati, islom madaniyatining asl qadriyatlarini yetkazish ekstremizmga qarshi kurashishning eng samarali vositasi hisoblanadi. 

Bu borada biz Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etishga qaror qildik. 

Toʻrtinchidan, bu – davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini tezda va uzil-kesil yakuniga yetkazishdir. 

Biz chegaraoldi muammolarini hal etib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish yoʻlida mustahkam poydevor yaratamiz. 

Biz davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi muzokaralarda yuzaga keladigan murakkab masalalarni hal etish boʻyicha izchil yoʻlga qoʻyilgan va birgalikda chuqur oʻylab amalga oshirayotgan ishlarimizni davom ettirish zarur, deb hisoblaymiz. 

Biz oqilona murosa va oʻzaro teng almashinuv asosida, oʻzaro manfaatlarimizni hisobga olgan holda, bu oʻta dolzarb muammoni tez orada hal etamiz, deb ishonaman. 

Beshinchidan, mintaqada suv resurslaridan adolatli foydalanish muammosini imkon qadar tezroq tartibga solish lozim. 

Ishonchim komil, mazkur masalalarni hal etishda mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga oladigan xalqaro huquqiy meʼyorlar asosida ish olib borish kutilgan samarani beradi. 

Oʻzbekiston BMT tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish toʻgʻrisidagi konvensiyalar loyihalarini qoʻllab-quvvatlaydi. 

Orol dengizining ekologik halokati bilan bogʻliq eng oʻtkir muammolarni hal etish ham saʼy-harakatlarimizni birlashtirishni talab etadi. Orol muammosi bizning nafaqat umumiy dardimiz, balki umumiy vazifamizdir. 

Mintaqaviy va xalqaro darajada sayʼ-harakatlarimizni birlashtirmasdan turib, ushbu tahdidlarga qarshi munosib choralar ishlab chiqa olmaymiz. 

Biz Orolboʻyida yuzaga kelgan dolzarb muammolarni hal etish, shuningdek, ijtimoiy muhim ahamiyatga molik loyiha va dasturlarni amalga oshirishga donorlik koʻmagini jalb etish maqsadida Markaziy Osiyo mintaqasining barcha davlatlari faoliyatini yanada faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz. 

Oltinchidan, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalar, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash lozim. 

Bu Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikni jadallashtirishning asosiy shartlaridan biridir. 

Shu nuqtai nazardan, biz faol madaniy-gumanitar muloqotni davom ettirish, mamlakatlarimizda madaniyat kunlari va turli ijodiy tadbirlarni muntazam tashkil etish, taʼlim va sayyohlik sohasidagi almashuvlarni “xalq diplomatiyasi”ning eng muhim vositasi sifatida rivojlantirish tarafdorimiz. 

Oddiy va ochiq insoniy muloqot – mintaqada doʻstlik, hamjihatlik va barqarorlik muhitini mustahkamlaydigan eng ishonchli usuldir. 

Hurmatli xonimlar va janoblar! 

Markaziy Osiyodagi dolzarb masalalarni mamlakatlarimizning saʼy-harakatlarini umumiy masʼuliyat tamoyili asosida birlashtirish orqaligina hal etish mumkin, degan fikrimga, oʻylaymanki, sizlar ham qoʻshilasiz. 

Yuqorida qayd etilgan vazifalarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining oʻzaro maslahatlashuvlari boʻyicha uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish imkonini yaratgan boʻlar edi. 

Bizning bu boradagi yondashuvlarimiz bugungi kunda mintaqada umumiy muammolarni hal etishning yoʻllarini birgalikda izlab topishga real zarurat mavjud ekanini anglashdan kelib chiqqan yondashuvdir. 

Bu yondashuv Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining bayonotlarida ham oʻz ifodasini topgan.

Bu oʻrinda gap Markaziy Osiyoda yangi xalqaro tashkilot tuzish yoki oʻz ustavi va milliy davlat organlaridan ustun turadigan integratsiyalashuv sohasida qandaydir tuzilma tashkil etish haqida ketmayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. 

Mintaqaviy muloqotlarimiz faqat mintaqamiz taraqqiyotiga oid hal qiluvchi masalalar yuzasidan faoliyatimiz yoʻnalishlarini kelishib olishga yoʻnaltiriladi. 

Bugungi konferensiyamiz yakunlari boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga doir maxsus rezolyusiya qabul qilish haqida murojaat qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz. 

Bunday rezolyusiyaning qabul qilinishi BMT va butun xalqaro hamjamiyat tomonidan amaliy muloqotni mustahkamlash, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va mintaqadagi mavjud muammolarni hal etish boʻyicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish borasida bizning davlatlarimiz olib borayotgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida muhim ahamiyatga ega boʻlur edi. 

Hurmatli anjuman ishtirokchilari! 

Markaziy Osiyo – bu haqiqatdan ham noyob imkoniyatlar va hali ishga solinmagan ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega boʻlgan mintaqadir. 

Mintaqada mustahkam taraqqiyot, barqarorlik va farovonlikni taʼminlash – bizning toʻliq erisha oladigan mushtarak vazifamizdir. 

Hech shubhasiz, bugungi konferensiyamiz ana shu ezgu maqsadga erishish yoʻlida yana bir muhim qadam boʻlib, hal qiluvchi ahamiyatga ega vazifalarni amalga oshirish, barchamizning “Markaziy Osiyo” deb ataladigan umumiy diyorimizda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan, hayotning oʻzi talab qilayotgan yangi gʻoya va takliflarni ilgari surishga xizmat qiladi. 

Forumning barcha ishtirokchilari va mehmonlari ish faoliyati samarali boʻlishini, azim Samarqand shahrida ularga yaxshi kayfiyat yor boʻlishini tilayman. 

Eʼtiboringiz uchun rahmat. 

Maʼruza Prezident. uz saytidan olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.