Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bagʻishlangan yigʻilishdagi nutqi

0
387
marta koʻrilgan.

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

Barchangizga yaxshi maʼlum, mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda hayotning oʻzi barcha sohalar kabi tashqi siyosat yoʻnalishidagi faoliyatimizni ham tanqidiy qayta koʻrib chiqishni, Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalarimiz, butun diplomatik korpusimiz ishini yangicha tashkil qilishni talab etmoqda.

Sizlarning koʻpchiligingiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi bilan videokonferensiya orqali  bevosita tanishdingiz. Ayrim elchilarning hisobotlarini butun mamlakatimiz eshitdi.

Murojaatnomada Oʻzbekistonning tashqi siyosat sohasidagi faoliyatini kuchaytirish va samarasini oshirish gʻoyat muhim vazifa qilib qoʻyilganidan barchangiz xabardorsiz.

Davlatimiz va xalqimiz nomidan xorijiy mamlakatlarda ish olib borayotgan vakillarimiz, yaʼni, sizlar bilan yuzma-yuz uchrashib, har biringiz bilan atroflicha gaplashib olishni anchadan buyon rejalashtirib kelayotgan edim.

Bunday uchrashuv birinchi marta oʻtkazilmoqda va juda muhim ahamiyatga ega.

Yigʻilishimiz yil boshida tashkil etilayotgani sizlarning faoliyatingizga har tomonlama xolis baho berish va kelgusidagi rejalarni belgilab olish imkonini beradi.

Davlatimizning tashqi siyosati haqida soʻz yuritar ekanmiz, 2017 yil bu borada koʻp jihatdan muvaffaqiyatli boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etish oʻrinlidir.

Biz xorijiy sheriklarimiz, avvalo, yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha aniq natijalarga erishdik.

Koʻp yillardan buyon yechilmay kelayotgan masalalarni birgalikda amalda hal qilishni boshladik. Boʻlib oʻtgan koʻplab oliy darajadagi tashrif va uchrashuvlar barcha murakkab masalalarni hal etish uchun ochiq va amaliy muloqot, oʻzaro manfaatlarni hisobga olish va oqilona murosa yoʻlini izlash muhimligini koʻrsatdi.

2017 yilda biz qoʻshnilarimiz bilan suv resurslaridan birgalikda foydalanish, chegaralarni belgilash, oʻtish punktlarini ochish, transport qatnovini qayta tiklash va kengaytirish kabi koʻplab nozik masalalarning yechimini topdik.

Qoʻshni davlatlar bilan tovar ayirboshlash boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga erishildi. Ilk bor mintaqalararo va chegaraoldi hududlar oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi, barcha darajalarda oʻzaro aloqalarimiz faollashdi.

Yaqinda Qozogʻiston bilan muntazam avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Kecha uzoq yillardan buyon birinchi marotaba Oʻzbekiston Bosh vazirining Tojikistonga tashrifi boʻlib oʻtdi.

Rossiya va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining boshqa mamlakatlari, Xitoy, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, shuningdek, Yevropa va Osiyo qitʼalaridagi bir qator davlatlar bilan hamkorligimizni sezilarli darajada mustahkamladik.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar va moliyaviy institutlar bilan sherikligimiz sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi.

Toshkent shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining vakolatxonasi qayta ish boshladi.

Biz Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infrastruktura investitsiyalari banki bilan hamkorlikni yangicha asosda yoʻlga qoʻydik.

Oʻtgan yili xorijiy sheriklarimiz bilan 200 dan ortiq xalqaro shartnomalar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qiymati qariyb 60 milliard dollarlik kelishuv va bitimlar imzolandi.

Chet el mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 40 dan ortiq “yoʻl xaritalari” tasdiqlandi.

Koʻrib turganingizdek, qisqa vaqt ichida juda koʻp ishlar qilindi. Bunda Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi qator elchixonalarimizning ham munosib hissasi bor.

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

2018 yilda oldimizda yanada koʻlamli, oʻta muhim yangi vazifalar turibdi. Bu yil, hech shubhasiz, mamlakatimiz rivojida hal qiluvchi ahamiyatga ega yil boʻladi.

Shu munosabat bilan oʻtgan yili oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlar toʻliq amalga oshirilishi shart ekanini alohida taʼkidlamoqchiman.  

Bundan tashqari, joriy yilda 20 dan ortiq oliy darajadagi tashriflar va uchrashuvlarni, mamlakatimizda bir qator yirik xalqaro anjumanlarni oʻtkazish rejalashtirilgan. Bu ishlarning barchasi oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, albatta. Islohotlar va oʻzgarishlar jarayonida sizlar ham faol ishtirok etishingiz zarur.

Boshqacha qilib aytganda, har biringiz faoliyatingizni tanqidiy qayta koʻrib chiqib, uni kuchaytirishingiz shart.

Orangizda kimdir ana shu oʻta muhim jarayonlarni chetdan tomoshabin boʻlib kuzatib turishiga va loqaydlikka berilishiga biz yoʻl qoʻymaymiz.

Ming afsuski, bugungi kunda barcha elchi va diplomatlarimiz birdek samarali faoliyat koʻrsatmoqda, deb aytolmaymiz.

Qayd etish kerakki, oʻz faoliyatini tubdan oʻzgartirib, yangicha ruhda ishlayotgan elchilarimiz ham yoʻq emas. Ular aniq amaliy natijalarga erishmoqda.  

Ammo faoliyati bizni qoniqtirmaydigan, oʻz lavozimida uzoq oʻtirib qolgan, “mudrab yotgan” diplomatlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ularni uyqudan uygʻotishning oʻzi amrimahol. Bu meni qattiq tashvishga solmoqda.

Faqat 2017 yilning oʻzida tashabbusi va natijadorligi yoʻqligi, sustkashligi hamda yoʻl qoʻygan xatolari uchun 10 nafar elchi, jumladan, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Malayziya va boshqa davlatlardagi elchilar vazifasidan ozod etildi.

Bugungi majlisimiz natijalari boʻyicha ham oʻzgarishlar boʻladi.

Alohida taʼkidlash lozimki, elchi Prezidentning xorijdagi rasmiy vakilidir. U davlatimizning tashqi siyosatini samarali amalga oshirish uchun toʻliq masʼul va javobgar.

Shuning uchun elchi barcha xodimlaridan koʻproq ishlashi, oʻzining aql-zakovati, tashabbuskorligi va talabchanligi, bilim va salohiyati bilan  boshqalarga namuna boʻlishi lozim. U har kuni chuqur asoslangan yangi-yangi takliflar ishlab chiqib, taqdim etishi shart.

Oʻzi ishlayotgan mamlakat hududlariga bevosita borib, ularning bozor siyosatini chuqur oʻrganishi, biznesmenlar bilan uchrashib, oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini tashkil etishi darkor.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakili sifatida chet davlatlarda va elchixona xodimlari orasida obroʻ-eʼtibor va hurmatga sazovor boʻlishi kerak. Barcha diplomatlar, oʻzining idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, elchining xizmat topshiriqlarini soʻzsiz bajarishga majbur.

Elchining xalq, Vatan oldidagi burchi va vazifasi, uning kasb malakasi, maʼnaviy dunyosi haqida gapirganda, avvalo, bugungi oʻzbek diplomati, elchisi qanday xususiyat va fazilatlarga ega boʻlishi kerak, degan savol tugʻiladi.

Buning uchun avvalo “elchi” degan soʻzning maʼnosiga eʼtibor qaratish oʻrinli boʻladi. Bu soʻz elning, xalqning vakili, mamlakatlarni bir-biriga bogʻlaydigan inson, degan maʼnoni anglatishi oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdi.

Maʼlumki, bizning milliy davlatchiligimiz necha ming yillik qadimiy tarix va boy madaniyatga ega. Binobarin, diplomatik munosabatlar ham tariximizning eng chuqur qatlamlariga borib taqaladi.

Bu haqiqat nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo olimlari tomonidan keng eʼtirof etilgan.

Bizning ajdodlarimiz orasidan mashhur va mohir diplomatlar, elchilar yetishib chiqqani haqida koʻplab tarixiy maʼlumotlar mavjud.

Dunyodagi diplomatiyaga oid eng zoʻr kitoblar ham aslida Sharqda, jumladan, bizning zaminimizda yaratilgan desak, adashmagan boʻlamiz.

Shu oʻrinda bir misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Samarqand shahridagi qadimiy Afrosiyob davlati joylashgan makondan topilgan noyob devoriy rasmlarni hammangiz yaxshi bilasiz. Ana shu rasmlarda Samarqand hukmdorining Xitoy, Koreya, Hind, Chagʻaniyon kabi davlatlardan kelgan elchilarni qabul qilish marosimi aks ettirilgan.

Janubiy Koreyaga davlat tashrifi bilan borganimda muhtaram Prezident Mun Chje In janoblari Seuldagi muzeyda shu rasmning nusxasini menga katta iftixor bilan koʻrsatdi.

Bundan necha ming yil avval yaratilgan bu surat qadim zamonlardayoq yurtimiz zaminida diplomatik anʼanalar shakllanganidan, ota-bobolarimiz uzoq-yaqin mamlakatlar bilan doʻst va hamkor boʻlib yashashga intilib kelganidan dalolat beradi.

Yoki Amir Temur bobomiz va temuriylar saltanatini oladigan boʻlsak, ushbu sulola hukmronlik qilgan yillarda oʻlkamizda diplomatik munosabatlar naqadar yuksak darajaga koʻtarilganiga guvoh boʻlamiz.

Sohibqiron bobomizning Fransiya, Angliya, Ispaniya, Vizantiya, Misr, Xitoy, Hindiston, Usmoniylar imperiyasi kabi koʻplab davlatlarning hukmdorlari bilan olib borgan diplomatik aloqalari va yozishmalari buni yaqqol tasdiqlaydi.

Amir Temur saroyiga dunyoning turli mamlakatlaridan, jumladan, Yevropa davlatlaridan oʻnlab elchilar kelgani tarixdan yaxshi maʼlum.

Oʻsha davr manbalarida 1389-1398 yillar oraligʻida, yaʼni, salkam oʻn yil ichida Amir Temur nomidan Xitoyga 9 marta elchilar borgani qayd etiladi.

Ayni vaqtda Amir Temur va temuriylar saltanati nomidan Yevropa va Osiyo mamlakatlariga vakil boʻlib borgan, asli shahrisabzlik Muhammad Keshiy, shuningdek, Mavlono Hofiz, Gʻiyosiddin Naqqosh, Abdurazzoq Samarqandiy kabi elchilarning nomlari tarix sahifalarida saqlanib qolgan. Ularning hayoti va faoliyati, afsuski, hozirgacha chuqur oʻrganilmagan va oʻz tadqiqotchilarini kutib turibdi.

Tashqi ishlar vazirligi bunga eʼtibor qaratib, ushbu masalaning tarixiy ildizlari, mustaqillik davrida oʻzbek diplomatiyasining shakllanish jarayonlari haqida alohida bir kitob tayyorlab chiqarsa, bu soha xodimlari, avvalo, yosh  diplomatlar uchun muhim qoʻllanma boʻlardi.

Bu vazirlikka qancha odam rahbarlik qildi. Lekin ulardan birontasi ham bunga ahamiyat bermagani ularning faqat vaqtinchalik kayfiyat bilan ishlaganidan dalolat beradi.

Vaholanki, diplomatiya, diplomatlik – oddiy kasb emas, balki insondan juda koʻp fazilatlarni talab etadigan noyob sanʼatdir.

Haqiqiy diplomat boʻlish uchun faqat bilim va tajriba, chet tillarni bilish yetarli emas, buning uchun avvalo tugʻma talant kerak. Eng muhimi, diplomat haqiqiy vatanparvar boʻlishi, oʻz xalqi, oʻz yurtining chinakam fidoyisi boʻlishi zarur.

Shu maʼnoda XVII asrda yashab oʻtgan ulugʻ vatandoshimiz Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” yaʼni, “Mamlakat dasturi” degan kitobida elchilik sanʼati haqida shunday fikrlar bayon etilgan:

“Elchi ikki masalada nihoyatda hushyor boʻlishi zarur. U oʻz davlatiga sadoqatini namoyon etish uchun mamlakatning obroʻsi va shaʼnini, shon-shuhratini, saltanatning ulugʻvorligini har jihatdan ehtiyot qilishi lozim.

Shuning bilan birga, u chet mamlakatlar bilan boʻladigan munosabatlarda u yerdagi doʻstlarning xayrixohligi va gʻanimlarning makr-hiylasidan doimo ogoh va hushyor boʻlib turishi darkor”.

Bu dono gaplarga hech qanday qoʻshimcha qilishning zarurati yoʻq, deb oʻylayman.

Lekin, oʻzingiz ayting, elchi degan odam oʻzbek xalqining boy tarixini, madaniyatini, milliy qadriyatlarini, vatandoshlarining dardu tashvishlarini yaqindan bilmasa,  ularni yuragidan oʻtkazmasa, qanday qilib Oʻzbekistonni dunyoga tanitishi mumkin? Deylik, Alisher Navoiydan, Boburdan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovdan ikki qator sheʼr ayta olmasa, eng yomoni, ona tilimizni mukammal bilmasa, qanday qilib haqiqiy elchi boʻlishi mumkin?

Men shu maʼnoda Janubiy Koreyadagi elchimiz Vitaliy Vasilyevich Fenga alohida rahmat aytishni oʻzimning burchim, deb bilaman.

Bu odam shuncha yildan buyon elchilik lavozimida samarali ishlayotgani, Janubiy Koreya bilan iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni jadal rivojlantirayotgani albatta eʼtiborga loyiq, lekin uning xalqimizga juda katta hurmat bildirib, oʻzbek tilida ravon gapirishi barcha elchilarimizga oʻrnak boʻlishi kerak.

Oʻzingiz ayting, Oʻzbekistonning chet eldagi elchisi boʻlsa-yu, oʻzbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi? 

Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz bu borada hali juda koʻp ish qilishimiz lozim. Birinchi navbatda milliy diplomatiyamizni buyuk ajdodlarimizning bizga qoldirgan boy merosiga asoslangan holda, dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasi, diplomatiya fani va sanʼatining eng ilgʻor yutuqlari bilan boyitishimiz zarur.

Ayni paytda bugun zamon oldimizga qanday keskin talablar qoʻyayotganini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Jahon miqyosida raqobat, qarama-qarshilik, turli manfaatlar toʻqnashuvi, geopolitik ziddiyatlar tobora kuchayib bormoqda.

Bunday gʻoyat murakkab va tahlikali sharoitda biz kuchli tashqi siyosat olib bormasdan turib, koʻzlagan maqsadlarimizga erisholmaymiz.

Kuchli, samarali tashqi siyosat olib borish uchun esa avvalo kuchli diplomatlar korpusiga ega boʻlishimiz kerak.

Biz xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda muhim bir masalaga eʼtibor qaratishimiz kerak. Ming afsuski, ushbu masalaga biz koʻpincha ikkinchi darajali ish, deb qarashga oʻrganib qolganmiz.

Misol uchun, agar Italiyadagi elchimiz shu mamlakat ishbilarmonlarining vakillarini yigʻib, buyuk italyan shoiri va mutafakkiri Aligyeri Dantening “Ilohiy komediya” asarini bizning ulugʻ shoirimiz Abdulla Oripov tarjima qilganini aytib, oʻzbekcha dantexonlik uyushtirsa, bilasizlarmi, nima boʻladi? Ularda Oʻzbekistonga hurmat, qiziqish, hamkorlik qilishga intilish paydo boʻladimi-yoʻqmi? Men, oʻylaymanki, albatta paydo boʻladi.

Men Abdulla akaning bir kitobida shunday gaplarni oʻqiganman. U kishi Italiyaga borganida “Oʻzbekistondan Dantening tarjimoni kelibdi”, deb turli partiyalarning vakillari bir joyga toʻplanib, shoirimiz bilan suhbatlashgan ekan.

Oʻshanda bir siyosatchi Abdulla akaga:

“Hurmatli mehmon, biz aslida bir-birimizga ashaddiy raqibmiz. Partiyalarimiz, mafkuralarimiz har xil. Bir-birimiz bilan doim keskin raqobatdamiz. Lekin mana bugun buyuk Dantening hurmati, Sizning sharofatingiz bilan bir dasturxon atrofida ahil-inoq toʻplanib turibmiz. Sizga katta rahmat”, degan ekan.

Mana, odamning yuragiga qanday yoʻl topish mumkin! Inson qalbini, xalq qalbini avvalo uning madaniyati, adabiyoti va sanʼatiga, milliy qadriyatlariga hurmat-ehtirom koʻrsatish orqali zabt etish mumkin.

Muhtaram doʻstlar!

Mamlakatimizda faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili, deb eʼlon qilingan 2018 yilda biz oʻz oldimizga nihoyatda katta maqsadlarni qoʻydik. Bu oʻz navbatida sizlardan barcha yoʻnalishlar boʻyicha ish samaradorligini tubdan oshirishni talab etmoqda. Shundan kelib chiqib, bizning diplomatik muassasalarimiz faoliyati avvalo quyidagi eng muhim vazifalarni hal etishga qaratilishi lozimligini alohida taʼkidlamoqchiman.

Birinchidan, eksport, eksport va yana bir bor eksport!

Gap Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijiy davlatlar bozorlariga eksport qilishga har jihatdan amaliy koʻmaklashish haqida bormoqda. Bugungi kunda dunyodagi koʻplab davlatlar, xususan, rivojlangan mamlakatlarning tashqi siyosat faoliyatida aynan shu masalaga eng ustuvor ahamiyat berilishini sizlar yaxshi bilasizlar.

Ikkinchidan, mamlakatimiz sanoati va infratuzilmalarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar, ilgʻor zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish zarur.

Mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishi koʻp jihatdan faol investitsiya siyosatiga bogʻliq. Shu asosda davlatimizning raqobatbardoshligi va eng asosiysi, aholi farovonligi tubdan oshishi, yangi korxona va tarmoqlar, yangi ish oʻrinlari yaratilishini, oʻylaymanki, tushuntirib oʻtirishning hojati yoʻq.

Uchinchidan, Oʻzbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimini kengaytirish boʻyicha elchixonalarimiz ham faol va tizimli ish olib borishi lozim. Men bu haqda ilgari ham bir necha bor aytganman.

Bu borada Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) zarur turistik infratuzilmani yaratish boʻyicha faol ish olib bormoqda.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, xorijiy turistlarni mamlakatimizga jalb etish yuzasidan elchilarimizning Turizmni rivojlantirish boʻyicha davlat  qoʻmitasi raisi A.Abduhakimov va Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov bilan birgalikda tizimli ravishda qattiq ishlashi talab qilinadi.

Yana bir muhim masala. Sizlar Oʻzbekiston ochiq, amaliy va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini xorijiy mamlakatlarning keng jamoatchiligiga yetkazish boʻyicha muntazam ish olib borishingiz zarur.

Ana shu muhim vazifalarning barchasi sizlarning kundalik faoliyatingizning ustuvor yoʻnalishlari boʻlishi darkor.

Biz mamlakatimizga chet el investitsiyalarini jalb qilishda elchilarimiz, diplomatlarimizning ishtirokini kuchaytirish haqida soʻz yuritdik.

Tarixga murojaat qiladigan boʻlsak, bu masala Amir Temur zamonida ham kun tartibiga dolzarb vazifa sifatida qoʻyilganini koʻrishimiz mumkin. Masalan, Sohibqiron bobomizning 1402 yilda Fransiya qiroli Karl VI ga yoʻllagan maktubida, jumladan, shunday deyiladi:

“Siz, aʼlo hazratlari, oʻz savdogarlaringizni bizning mamlakatimizga yuborsangiz. Biz oʻz tomonimizdan ularning izzat-hurmatini saqlash, ularga hech kim zoʻrlik koʻrsatib, ziyon-zahmat yetkazmasligini taʼminlaymiz. Chunki dunyo savdo ahli bilan obod va farovondir.”

Qarang, bu hikmatli soʻzlar bugungi xalqaro munosabatlarda ham oʻzining ahamiyati va qimmatini yoʻqotmagan. Ular xuddi shu bugun aytilgandek jaranglamoqda. 

Bugungi majlisga tayyorgarlik koʻrish jarayonida men vaqtimni ayamasdan, har bir elchixona yuborgan hisobotlarni diqqat bilan oʻrganib chiqdim.

Bu hisobotlar juda chiroyli, silliq qilib yozilgan. Ammo amalda vaziyat butunlay boshqacha.

Mana, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar va Turizmni rivojlantirish boʻyicha davlat qoʻmitalarining 2017 yil yakunlari boʻyicha maʼlumotlari qoʻlimda turibdi. Ularda sizlar faoliyat koʻrsatayotgan mamlakatlarga oid amaldagi eksport
va xorijiy investitsiyalar hajmi, yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni aniq aks ettirilgan.

Bu maʼlumotlar sizlarning hisobotingizdagi raqamlardan butunlay farq qiladi. Haqiqiy vaziyat faoliyatingiz boʻyicha real natijalarni yaqqol koʻrsatib turibdi.

Koʻpchilik elchi va diplomatlar bugun amaliy ish oʻrniga internetdan olingan, dolzarb boʻlmagan maʼlumotlar, “tahlillar”
va hisobotlar tayyorlash bilan shugʻullanib oʻtiribdi.  

Bunday nomaqbul ish uslubining turlicha sabab va omillari bor, albatta.

Ayrim elchilar yengil-yelpi ish yuritishga, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, ogʻirning – ustidan, yengilning – ostidan yurishga oʻrganib qolgan. Ular davrning qatʼiy talablarini hisobga olishni, oʻzini, ish uslubini oʻzgartirishni istamayapti. Biz bunday elchilar bilan xayrlashamiz.  

Tashqi ishlar vazirligi tizimida byurokratiya va ortiqcha qogʻozbozlik bilan bogʻliq holatlar borligini ham yaxshi bilaman. Bugungi kunda hayotning oʻzi ushbu tizimni chuqur qayta koʻrib chiqish va optimallashtirishni talab etmoqda. Bu birinchi navbatda xorijdagi elchixonalarimiz tomonidan hisobot taqdim etish, ularni moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash masalalariga taalluqlidir.

Vazirlik va unga qarashli muassasalarda tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, ularning faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarur.

Sizlarga maʼlumki, biz Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalari faoliyatini tanqidiy oʻrganish va tubdan takomillashtirish boʻyicha maxsus komissiya tashkil etdik. Ushbu komissiya ishiga Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov rahbarlik qilmoqda.

Komissiya Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi har bir xodimning ishiga xolis baho berishi, mavjud kamchiliklarni tahlil qilib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq takliflar kiritishi lozim.

Bugun sizlar bilan birga vazirlik va uning diplomatik muassasalarining samarali faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qilayotgan sabab va omillarni muhokama qilib olishimiz kerak.

Shu borada eʼtiboringizni quyidagi masalalarga qaratmoqchiman.

Birinchidan, biz elchixonalar faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etamiz. Bu nafaqat elchixonalarning tashkiliy tuzilmasi, balki sizlarning kundalik amaliy faoliyatingizga ham daxldordir.

Biz har bir elchixonaga mamlakatimizning muayyan hududlari va iqtisodiyot tarmoqlari hamda yirik korxonalarni biriktirib qoʻyishga qaror qildik.

Bu oʻz navbatida eksport va turizmni rivojlantirish, investitsiya, biznes kooperatsiyani kuchaytirish boʻyicha aniq loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni tezkor hal qilish imkonini beradi.

Shuningdek, viloyat hokimlari bir yilda kamida ikki marta tegishli mamlakatlarga xizmat safariga yuboriladi. Ular shaharsozlik va obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xoʻjaligi, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganib, oʻz hududlarida keng joriy qilishi lozim.

Bu ishlarning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir A.Aripovga topshiriladi.

Ikkinchidan, elchixonalar va diplomatlarning faoliyati, ularning real ish hajmi va amaliy natijalarini sinchiklab oʻrganib, shu asosda har tomonlama puxta oʻylangan takliflar tayyorlash kerak.

Bizning asosiy iqtisodiy hamkorlarimiz boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya va Yevropaning yetakchi davlatlariga alohida eʼtibor qaratish zarur. Ushbu mamlakatlardagi elchixonalarimizning har birida savdo va investitsiya boʻyicha diplomat xodimlar shtatini joriy qilish va kengaytirish lozim.

Xorijiy mamlakatlardagi elchilar va diplomatik vakolatxonalarimiz faoliyatini, avvalo, ularning amaliy ish natijalari va kelgusiga moʻljallangan aniq rejalarini chuqur va atroflicha oʻrganish maqsadida Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashining sektor mudiri E.Gʻaniyev hamda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov rahbarligida komissiya tashkil etishga qaror qilindi.

Men ushbu komissiyadan aniq taklif va natijalar kutaman.

Uchinchidan, qoʻyilgan vazifalarni samarali bajarish va elchixonalar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparati tuzilmasini qayta koʻrib chiqish va optimallashtirish zarur.

Shu oʻrinda qiyoslash uchun bir misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Men Bosh vazir lavozimida ishlagan paytimda butun Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlarining soni 180 kishidan iborat edi. Ana shu 180 kishi mamlakatimiz iqtisodiyotining ogʻir aravasini, har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan, oʻz yelkasida tortar edi. Xususan, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, kommunal soha, qurilish, hududlarni rivojlantirish, eksport va investitsiyalardan boshlab taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport sohalarida keng qamrovli ishlar olib borilar edi.

Endi quyidagi raqamlarga eʼtibor bering: hozirgi kunda Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparatida 334 xodim, uning quyi muassasalarida 900 dan ortiq, elchixonalarimizda esa 300 kishi ishlamoqda. Jami bir yarim ming kishidan ortiq.

Lekin mana shunday yirik vazirlikning ish faoliyati bugungi kunning keskin va oʻtkir talablariga javob beryaptimi, degan tabiiy savol tugʻiladi.

Afsuski, bu savolga ijobiy javob berish qiyin.

Shu munosabat bilan Davlat maslahatchisi O.Murodov rahbarligidagi komissiya Tashqi ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmasini tubdan qayta koʻrib chiqish boʻyicha aniq takliflar kiritishi zarur.  

Jumladan, vazirlik tarkibida quyidagi masalalar boʻyicha ixtisoslashgan alohida tuzilma va boshqarmalar tashkil etilishi lozim:

— tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportni qoʻllab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb qilish;

— savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyalar faoliyatini masʼul kotibiyat sifatida muvofiqlashtirish;

— turizmni har tomonlama rivojlantirish;

— xorijdagi fuqarolarimiz va vatandoshlarimiz bilan tizimli ishlash.

Shu bilan birga, diplomatik xizmatni huquqiy jihatdan tartibga solishning samarali va adolatli tizimini shakllantirish lozim. Bugungi kunda Tashqi ishlar vazirligi 20 yil avval qabul qilingan hujjatlar asosida faoliyat koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, vazirlikda kadrlarni rotatsiya qilishning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish zarur. Baʼzi elchi va diplomatlarimiz xorijda 8-10 yil davomida oʻz vazifasida ishlab kelmoqda. Oqibatda ular mamlakatimizda roʻy berayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan uzoqlashib qolmoqda. 

Shu oʻrinda men oʻzining vakolat muddatini tugatib, yurtimizga qaytgan tajribali elchi va katta diplomatlarimizni vazirlik, idora va viloyat  hokimliklaridagi masʼul rahbarlik lavozimlariga tayinlash tartibini joriy qilish lozim, deb hisoblayman.

Mening fikrimcha, chet mamlakatda elchi boʻlib  muvaffaqiyatli ishlagan odam xizmat missiyasi tugagandan keyin davlat tizimidan uzoqlashib ketmasligi kerak.

Afsuski, bizda oʻz missiyasini bajarib qaytgan yuqori malakali diplomat xodimlarga munosib ish berish, ularga hurmat-eʼtibor koʻrsatish masalasi eʼtibordan chetda qolgan, desak, buyam adolatdan boʻladi. Biz bundan buyon bunday notoʻgʻri ishlarga yoʻl qoʻymaymiz.

Shu tariqa elchi va diplomatlarimizning xorijda orttirgan boy tajriba va bilimlaridan tarmoq va hududlarimizning xalqaro aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, eksport hajmini oshirish va investitsiyalarni jalb etishda foydalanish imkoniyati paydo boʻladi.

Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalarning tegishli vazirlik va idoralar, joylardagi ijro hokimiyati organlari bilan samarali ishlashi boʻyicha aniq va yaxlit tizimni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratish zarur. 

Bu borada mamlakatimizning yagona tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish va muvofiqlashtirish vazifasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklatiladi.

Toʻrtinchidan, bugungi kunda Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalarimiz faoliyatida tizimli va aniq maqsadga qaratilgan informatsion-targʻibot ishlarini kuchaytirish lozim.

Afsuski, xorijiy sheriklarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarish va islohotlardan, ichki va tashqi siyosatimizning ustuvor jihatlari, biznes va investitsiya uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida yetarlicha maʼlumotga ega emas. 

Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Jahon” axborot agentligi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni toʻliq bajara olmayapti. Shu munosabat bilan “Jahon” axborot agentligi negizida yosh, salohiyatli mutaxassislarni jalb qilgan holda, moliyalashtirish manbalari aniq boʻlgan va eng ilgʻor texnika bilan jihozlangan zamonaviy media-markaz tashkil etish zarur, deb hisoblayman.

Bosh vazir oʻrinbosari S.Xolmurodov bu masalaga masʼul etib belgilanadi.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boʻyicha alohida tuzilma tashkil etish lozim. Ushbu tuzilma rahbari Tashqi ishlar vazirligining toʻlaqonli rasmiy vakili, davlatimiz tashqi siyosatining “jarchisi” boʻlishi kerak.

Beshinchidan, Tashqi ishlar vazirligining kadrlar siyosatiga ham alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Hozirgi kunda 10 ta elchi lavozimi, jumladan, Avstriya, Polsha, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur davlatlaridagi elchi lavozimlari koʻp yillardan buyon vakant boʻlib turibdi.

Tegishli qaror qabul qilingan boʻlsa-da, Oʻmon va Belarus mamlakatlarida elchixonalarimiz faoliyati hali tashkil etilmagan.

Vazirlikning markaziy apparati faoliyatida ham jiddiy muammolar mavjud. Avvalo, oʻrta boʻgʻin rahbarlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni toʻliq bajara olmayapti. Keyingi yillarda vazirlikda boshqarma boshligʻi lavozimining nufuzi tushib ketgan. Aksariyat boshqarma boshliqlarining oʻzlari ham ishlamayapti, yoshlarni ham tarbiyalamayapti. Ular faqat navbatdagi xorij safarlarini kutib oʻtiribdi.

Tashqi ishlar vazirligining markaziy apparati, shuningdek, xorijdagi muassasalar uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini qaytadan koʻrib chiqish kerak.

Shu paytgacha vazirlikning markaziy apparati va diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari faoliyatining samaradorligini baholashning yagona mezonlari ishlab chiqilmagan. Shuning uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda zarur meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish va qabul qilish kerak.

Ayni vaqtda diplomat kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.

Afsuski, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (A.Jumanov) chinakam istiqbolli, oʻz kasbiga sadoqatli
va professional yosh kadrlar tayyorlash boʻyicha vazifalarni toʻlaqonli bajarayotgani yoʻq. Universitet bitiruvchilarining davlat idoralariga ishga joylashishi oʻta past darajada qolmoqda.

Misol uchun, 2017 yilda universitetni bitirgan 235 yoshlarning atigi 14 nafari Tashqi ishlar vazirligiga ishga qabul qilingan. Ular orasida xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini bitirgan bironta ham yigit-qiz yoʻq. 

Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga ham ushbu universitetni oʻtgan yil tamomlagan bironta yosh mutaxassis ishga olinmagan.

Shu munosabat bilan Komissiya (O.Murodov) Bosh vazir A.Aripov, Prezidentning Davlat maslahatchilari R.Qosimov, U.Ismoilov bilan birgalikda bir oy muddatda:

Tashqi ishlar vazirligida kadrlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, avvalo, iqtidorli yosh mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha aniq takliflar;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini tayyorlashi lozim.

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

Bugun biz Tashqi ishlar vazirligi va elchixonalar faoliyati bilan bogʻliq kompleks masalalarni ochiqchasiga muhokama qilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha atroflicha fikrlashib oldik.  

Fursatdan foydalanib, davlatimiz manfaatlarini himoya qilayotgan, tashqi siyosatimizni amalga oshirishda muhim oʻrin egallaydigan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi yuzi boʻlgan siz, hurmatli diplomatlarning masʼuliyatli mehnatingizni yuksak qadrlashimizni qayd etmoqchiman.

Yana bir bor taʼkidlayman, diplomatlar – bu jamiyatning eng yetuk vakillaridir. Oʻzbekiston manfaatlarini xalqaro miqyosda qatʼiy himoya qilish va uni ilgari surish borasida sizlarning alohida oʻrningiz va taʼsiringiz bor.

Lekin, tan olib aytishimiz kerak, biz Tashqi ishlar vazirligi va uning tizimidagi xodimlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz zarur.  

Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi O.Murodov, Toshkent shahar hokimi R.Usmonov va tashqi ishlar vaziri A.Komilov ikki oy muddatda Tashqi ishlar vazirligining faoliyatini takomillashtirish boʻyicha Prezident qarori loyihasini tayyorlab, tasdiqlash uchun kiritsin.

Bunda, jumladan, Toshkent shahrida vazirlik tizimidagi xodimlar, chet ellarda ishlab kelgan diplomatlarimiz uchun imtiyozli ipoteka kreditlari asosida koʻp qavatli uylar qurish masalasi ham koʻzda tutilsin.

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Barchamizga ayonki, tashqi va ichki siyosat sohalarida oldimizda turgan muhim va ulkan vazifalarni hech kim chetdan kelib hal qilib bermaydi. Faqat oʻzimizning kuch va imkoniyatlarimizga ishonishimiz, oʻz salohiyatimizga tayanishimiz zarur.

Agar biz oʻzimiz oʻzimizga xiyonat qilmasak, oʻzimiz oʻzimizni aldamasak, vijdonan mehnat qilsak, koʻzlagan yuksak marralarimizga – Oʻzbekistonni izchil rivojlantirish, xalqimiz turmush darajasi va farovonligini tubdan oshirishga albatta erishamiz.

Ishonchim komilki, sizlar bu yuksak vazifalarni sharaf bilan ado etasiz.

Ana shu ezgu maqsad yoʻlida barchangizga sihat-salomatlik, yangi muvaffaqiyatlar, baxt va omad tilayman.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.