Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 1 noyabrdagi qaroriga muvofiq tashkil etilib, Termiz shahrida oʻtkazilayotgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga katta tayyorgarlik koʻrildi. Qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, tanlov qatnashchilari va mehmonlari uchun qulay sharoitlar yaratildi. Folklor-etnografik chiqishlar, sayyohlik maskanlariga tashriflar, ilmiy konferensiya va koʻrgazmalarni oʻz ichiga olgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar dasturi tayyorlandi.
Bugun festivalning ochilish marosimida davlatimiz rahbari ishtirok etib maʼruza qildi. Ushbu maʼruzani eʼtiboringizga havola etamiz.
Muhtaram festival ishtirokchilari!
Qadrli doʻstlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, siz, azizlar bilan jonajon Oʻzbekistonimizda, goʻzal Surxondaryo zaminida koʻrishib turganimdan baxtiyorman.
Barchangizni Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining tantanali ochilishi bilan chin yurakdan muborakbod etaman.
Yurtimizda birinchi bor oʻtkazilayotgan ushbu sanʼat bayramida dunyoning 74 ta davlatidan 160 dan ziyod vakillar qatnashmoqda. Ularning orasida atoqli madaniyat arboblari, folklor sanʼati namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari borligi bizga katta mamnuniyat yetkazadi.
Bugungi festivalimizda ishtirok etayotgan hurmatli mehmonlarimiz: YUNYeSKOning Osiyo va Tinch okeani boshqarmasi boshligʻi Andrey Shevelevga, Islom hamkorlik tashkilotining tuzilmasi – AYSESKOning Madaniyat boʻyicha direktori Rxiati Salihga, Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi rahbari Gada Rida Xijjaviga, Qirgʻiz Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sultanbay Rayevga, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muxamet oʻgʻliga, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzodaga, Turkmaniston madaniyat vazirining oʻrinbosari Kurbanmurat Miradaliyevga, Afgʻoniston Islom Respublikasining Balx viloyati hokimi Muhammad Isʼhoq Raxguzar va boshqa xorijiy doʻstlarimizga chuqur tashakkur izhor etishga ijozat bergaysiz.
Siz, muhtaram mehmonlarimizni biz xalqimiz va madaniyatimizning yaqin doʻstlari sifatida qabul qilamiz. Butun el-yurtimiz nomidan barchangizga samimiy hurmat va ehtiromimizni bildiramiz.
Oʻzbekistonga xush kelibsizlar!
Aziz doʻstlar!
Insoniyat yaratgan bebaho madaniyat durdonalari eng avvalo har qaysi millatning folklor sanʼatida mujassam topgani hammamizga yaxshi maʼlum. Turli xalqlarning milliy oʻzligini, ularning tili va hayot tarzini, anʼana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik sanʼati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir.
Jahon madaniy merosining bu oʻlmas asarlari bizga insoniyatning naslu nasabi, tarixiy ildizlari, olijanob ideallari bir ekanini, binobarin, turli millat va elat vakillarining kelajak sari intilishlari ham mushtarak ekanini anglatadi.
Ayni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan “ommaviy madaniyat”, shou-biznesning salbiy taʼsiri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulogʻi boʻlgan folklor sanʼatiga eʼtibor va qiziqish, afsuski, susayib borayotgani ham sir emas. Holbuki, folklor sanʼati, taʼbir joiz boʻlsa, bu – insoniyatning bolalik qoʻshigʻidir.
Mana shunday noyob va buyuk sanʼat bugungi kunda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, koʻp joylarda unutilib ketayotgani, himoya va muhofazaga muhtoj boʻlib turgani – bu ham davrimizning achchiq haqiqatidir. Bu haqiqat ushbu goʻzal va betakror sanʼatning chinakam fidoyilari sifatida siz, azizlarni hammadan koʻra koʻproq tashvishga solayotganiga ishonaman.
Shu sababli tengsiz maʼnaviy boyligimiz boʻlmish mumtoz sanʼatni, xalq ijodining nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish jahondagi ilgʻor fikrli olimlar va sanʼatkorlarning, davlat va jamoat arboblari, barcha madaniyat ahlining ezgu burchidir.
Shu maʼnoda, biz xalq ijodiyotini, turli oʻlkalarda baxshi, jirov, oqin, manaschi, shoir, oshiq kabi nomlar bilan ataladigan, oʻz timsolida ham shoirlik, ham sozandalik, ham xonandalik mahoratini mujassam etadigan insonlarning nodir isteʼdodini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz zarur. Bugun oʻz ishini boshlayotgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ayni shunday ulkan va muhim maqsadga qaratilganini alohida taʼkidlamoqchiman.
Bu borada, avvalo, baxshichilik sanʼatining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur oʻrganish va mustahkamlash, uni milliy madaniyatning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylantirish uchun birgalikda jiddiy ish olib borishimiz kerak.
Xususan, baxshichilik sohasida shakllangan ijodiy maktablar, “ustoz – shogird” anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish, baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, oʻqituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish, madaniyat va sanʼat muassasalari qoshida baxshichilik toʻgaraklari tashkil etish, baxshi-shoirlar ijodiga keng yoʻl ochib berish, toʻy-tomoshalar, turli bayram va madaniy tadbirlarda ularning doimiy ishtirokini taʼminlash, shu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, baxshichilik sanʼatini keng targʻib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish, folklor asarlarining audio va video variantlarini koʻpaytirish maqsadga muvofiqdir.
Agar biz bu noyob sanʼatni saqlab qolish uchun bugun barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech boʻladi, kelgusi avlodlar, tarix bizni kechirmaydi.
Bu borada Oʻzbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtishga ijozat bergaysiz.
Yurtimizda xalq ijodiyotini asrab-avaylash va yuksaltirish maqsadida mashhur “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlandi. Bugun biz toʻplanib turgan mana shu goʻzal maydonda bu ulugʻ badiiy obida sharafiga muhtasham haykal oʻrnatildi. Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi bunyod etildi. Davlatimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni taʼsis qilindi.
Termiz shahrida yangi tashkil etilgan baxshilar maktabida, respublikamizdagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida yuzlab yoshlarimiz milliy folklor sanʼatini mehr qoʻyib oʻrganmoqdalar. Yurtimizda 100 tomlik “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda. Uning 59 jildi aynan xalq dostonlaridan iborat ekanini qayd etish lozim. Shuningdek, koʻp tomlik “Qoraqalpoq folklori” toʻplami ham chop etildi. Bularning barchasi ushbu nodir sanʼat maʼnaviy hayotimizda benihoya muhim oʻrin tutishidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy oʻrganish ishlari muntazam davom etmoqda. Sohaga oid kitob va albomlar, filmlar va telekoʻrsatuvlar yaratilmoqda. Baxshilarimiz xalqaro koʻrik-tanlovlarda, xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston madaniyati kunlarida munosib ishtirok etib kelayotgani el-yurtimizni mamnun qiladi.
Albatta, bunday yutuqlar oʻz-oʻzidan, boʻm-boʻsh zaminda paydo boʻlgan emas.
Oʻzbek baxshichilik maktabi dunyoga Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Islom shoir, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Poʻlkan shoir, Bola baxshi, Esemurat jirov, Sherna baxshi, Mardonaqul Avliyoqul oʻgʻli, Qodir baxshi Rahimov singari mashhur namoyandalarni bergani bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bugungi kunda ana shu ijodiy anʼanalar ularning izdoshlari boʻlmish Shomurod Togʻayev, Shoberdi Boltayev, Abdunazar Poyonov, Qahhor va Abdimurod Rahimovlar, Qalandar baxshi, Gulnara Allembergenova, Gʻayratdin Otemuratov, Shodmon Xoʻjamberdiyev, Ilhom Norov kabi oʻnlab isteʼdodli ijrochilar tomonidan yanada boyitilmoqda.
Ushbu quvonchli ayyomda baxshilik sanʼatini ilmiy oʻrganishdek muhim ishga katta hissa qoʻshgan atoqli shoir Hamid Olimjon, Hodi Zarif, Muzayyana Alaviya, Mansur Afzalov, Buyuk Karimiy, Zubayda Husainova singari fan arboblarining xotirasini hurmat bilan yod etamiz. Bugun ularning ishlarini munosib davom ettirayotgan Toʻra Mirzayev, Jalgʻas Xushniyozov, Safarboy Roʻzimboyev, Shomirza Turdimov, Mamatqul Joʻrayev, Toshtemir Turdiyev, Jabbor Eshonqulov va boshqa jonkuyar olimlarimizning nomlarini minnatdorlik bilan tilga olamiz.
Ayni paytda oʻzbek milliy folklor sanʼatini chuqur oʻrganib, uni dunyo miqyosida keng targʻib etib kelayotgan koreyalik Ing-Yong O, germaniyalik Karl Rayxil, turkiyalik Fikrat Turkman, Selami Fidakor singari xorijiy olimlarga samimiy rahmat aytamiz.
Qadrli festival ishtirokchilari!
Biz ushbu nufuzli anjumanni aynan koʻhna va navqiron Surxon oʻlkasida oʻtkazayotganimiz bejiz emas, albatta.
Surxondaryo deganda, avvalo, ulugʻ aziz-avliyolar, allomalarga vatan boʻlgan, mard va olijanob, oriyatli el yashaydigan tabarruk zamin koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi.
Koʻhna Zarautsoy va Teshiktosh gʻorlari, Bobotogʻ va Boysundagi petroglif rasmlar, Baqtriya va Kushon kabi davlatlar, Dalvarzintepa, Kampirtepa, Xolchayon singari noyob yodgorliklar bu zamindagi qadimiy sivilizatsiya va madaniyatdan guvohlik beradi.
Vohaning goʻzal tabiatini, Oltinsoy, Sangardak, Xonjizza, Sayrob, Darband kabi suluv goʻshalarini bir bora koʻrgan, bepoyon qir-adirlarda baxshilardan doston va termalar tinglagan inson bu diyorga umrbod maftun boʻlib qoladi.
Surxondaryo – azaldan baxshilar yurti sifatida nom qozongan. Mamlakatimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Xorazm viloyatlari bilan bir qatorda Surxondaryo, xususan, Sherobod dostonchilik maktabi butun mintaqamizda maʼlum va mashhur.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan Surxondaryo Oʻzbekistonning eng obod hududlaridan biriga, zamonaviy ilm-fan, madaniyat va turizm maskaniga, mana endi xalqaro baxshichilik sanʼati markaziga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Sanʼat va musiqani chin dildan sevadigan, ijod ahlini yuksak qadrlaydigan Surxon eli ushbu anjumanni katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.
Bugungi davramizda jahonning uzoq va yaqin mamlakatlaridan tashrif buyurgan oʻnlab mashhur baxshilar, folklor guruhlari, sohaning jonkuyar namoyandalarini koʻrib turganimizdan gʻoyat xursandmiz.
Kelinglar, aziz doʻstlar, ularni chin qalbimizdan qutlab, barchalariga ijodiy yutuqlar tilab, hurmat va olqishlarimizni izhor etaylik!
Hurmatli yurtdoshlar!
Aziz mehmonlar!
Sizlarning ishtirokingizda ochilayotgan ushbu festival dunyodagi eng nufuzli sanʼat anjumanlari qatoridan mustahkam oʻrin egallaydi, deb ishonaman.
Baxshilar nafaqat xalq oʻtmishining aks-sadosi, ayni paytda bugungi kunning ham jarangdor ovozidir.
Goʻzal yurtimiz hayoti bilan tanishgan siz, azizlar oʻz fikr va tuygʻularingiz haqida, bagʻrikeng va mehmondoʻst xalqimiz, uning madaniyati va betakror qadriyatlari haqida yangi-yangi qoʻshiq va dostonlar yaratishingizga tilakdoshmiz.
Festival doirasida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga ham muvaffaqiyatlar tilayman.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda qatnashayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Aziz vatandoshlar!
Bugungi sanʼat va nafosat bayramini baland saviyada oʻtkazish uchun astoydil mehnat qilgan barcha-barcha insonlarga, mehmondoʻst va olijanob Surxondaryo ahliga chin yurakdan tashakkur bildirishga ruxsat etgaysiz.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuqlar yor boʻlsin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat.