Assalomu alaykum, muhtarama opa-singillar!
Hurmatli doʻstlar!
Hammamiz orziqib kutgan mana shu goʻzal bahor kunlarida, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida siz, azizlar bilan uchrashib turganimdan gʻoyat mamnunman.
Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ana shu bayram bilan chin qalbimdan muborakbod etib, oʻzimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirishga ijozat bergaysiz.
Bu qutlugʻ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va moʻtabar Ona siymosiga taʼzim qilamiz.
Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoiyligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos boʻlib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk sanʼat asarlari, qoʻshiq va qasidalar, meʼmoriy obidalar ayollar shaʼniga bagʻishlangandir.
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Hech shubhasiz, Oʻzbekiston deb atalgan jonajon Vatanimizda har qaysi mard yigit avvalo mehribon onasi, oilasi, farzandlari baxtli boʻlishini albatta istaydi, hazrat Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu yoʻlda oʻzining butun borligʻini bagʻishlashga tayyor turadi.
Bugungi bayramni biz – Oʻzbekiston oʻgʻlonlari, mardi maydonlari avvalo, dilimizda, qalbimizda sizlarga boʻlgan mehr va muhabbatimizni yana bir bor izhor etish imkonini beradigan ayyom, deb qabul qilamiz.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Bugungi kunda Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan maqsad va vazifalarga erishishda siz, azizlarning beqiyos hissangiz bor. Buning uchun sizlarga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi, albatta.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarning 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Jumladan, davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin opa-singillarimiz rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda. Ulardan 17 nafari senator, 16 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati boʻlib, 1 ming 75 nafari esa xalq deputatlari mahalliy kengashlari tarkibida faoliyat yuritmoqda.
Oʻnlab opa-singillarimiz “Oʻzbekiston Qahramoni”, “Oʻzbekiston fan arbobi”, “Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi”, “Oʻzbekiston xalq shoiri”, “Oʻzbekiston xalq artisti” singari davlatimizning yuksak faxriy unvonlariga, orden va medallariga sazovor boʻlgan. Ularning orasida 500 nafardan ziyod fan doktorlari va akademiklar, minglab fan nomzodlari oʻz bilimi va isteʼdodi bilan Vatanimiz ravnaqiga astoydil xizmat qilib kelmoqda.
Bugungi davramizda ana shunday muhtarama ayollarimizni, ularning davomchilari boʻlgan isteʼdodli qizlarimizning munosib vakillarini koʻrib turganimdan xursandman.
Qadrli doʻstlar!
Sizlarga yaxshi maʼlum, hurmatli opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish maqsadida yaqinda “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, qobiliyat va salohiyatini roʻyobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan koʻplab chora-tadbirlar belgilandi.
Hech kimga sir emas, Xotin-qizlar qoʻmitasidan, uning joylardagi boʻlimlaridan koʻp narsalarni talab qilar edik. Lekin, ochiq aytish kerak, buning uchun ularda yetarlicha imkoniyat bormi-yoʻqmi, bu haqda koʻpincha oʻylab koʻrmas edik. Bu qoʻmita ayollarning muammolarini bilgani bilan, ularni hal etish boʻyicha deyarli amaliy choralar koʻrolmas edi.
Shularning barchasini hisobga olib, avvalo Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalarining yangilangan tuzilmalari tasdiqlanib, shtat birliklari hamda xodimlarining oylik ish haqi oshirildi. Ularga qoʻshimcha vakolat va imkoniyatlar berilib, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Farmonga binoan shu yil 1 apreldan boshlab fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etilmoqda.
Shunga eʼtibor bering, endi 8 ming 800 ta bilimdon, jonkuyar mutaxassis ayollar oilaviy munosabatlarni yaxshilash, nizoli vaziyatlar, ajralishlar, barvaqt nikohlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi boʻyicha doimiy ish olib boradi.
Hammamiz yaxshi tushunamiz, bugungi tez oʻzgarayotgan, ziddiyatli davrda oilaviy masalalarni ilmiy asosda chuqur oʻrganmasdan turib, ijtimoiy hayotdagi koʻplab murakkab savollarga javob topish qiyin. Shuning uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil qilindi va ularning ish faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, bino va zarur jihozlar bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Shu bilan birga, ilgari Adliya vazirligi tasarrufida boʻlib kelgan fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idoralari, eskicha aytganda, ZAGS idoralari tuman yoki shahar hokimi oʻrinbosari – Xotin-qizlar qoʻmitasi raisiga boʻysundirildi. Endi ular nafaqat nikoh munosabatlariga oid hujjatlarni rasmiylashtirish, balki oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish boʻyicha ham faol ish olib boradi. Masalan, oila universitetlarini tashkil etish, nikohdan oʻtadigan shaxslar bilan suhbatlar olib borish, toʻy-marosimlarni tartibli oʻtkazish, ajralishlarning oldini olish va boshqa muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi.
Shu fursatdan foydalanib, siz, muhtarama opa-singillarimizdan toʻy va maʼrakalarimizni ixcham va mazmunli oʻtkazish boʻyicha oʻz fikrlaringizni bildirib, uni hal qilib berishlaringizni iltimos qilaman.
Farmonga asosan Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tuzilib, uning faoliyatini samarali tashkil etish uchun hozircha 300 milliard soʻm mablagʻ ajratilmoqda.
Ana shu mablagʻ hisobidan xotin-qizlar bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandlikka keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu boradagi saʼy-harakatlar faol tadbirkorlikni rivojlantirish, ayollarning oiladan, farzand tarbiyasidan ajralmagan holda kasanachilik, tomorqachilik bilan shugʻullanishi uchun zarur sharoit yaratadi.
Qabul qilingan Farmonga muvofiq, kam taʼminlangan, shaxsiy uy-joyga muhtoj oilalarga uy-joy olish uchun ajratiladigan kreditlarning boshlangʻich badallarini toʻlab berishda ham fond mablagʻlaridan foydalanish belgilangan.
Farmonda yana bir muhim yangilik koʻzda tutilgan. Unga binoan bu yildan eʼtiboran Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga berish boʻyicha yangi tartib joriy etildi.
Endi har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan qizimizga bu mukofot beriladi.
Bu yil 28 nafar isteʼdodli qizimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Bugun ularga ana shu mukofotlarni sizlarning huzuringizda tantanali ravishda topshiramiz.
Albatta, Farmonda belgilab berilgan dolzarb vazifalar haqida yana uzoq gapirish mumkin. Lekin, hammamiz yaxshi tushunamiz, bu vazifalar hali – maqsad, reja, xolos, ularni samarali amalga oshirish uchun hammamiz, avvalo, siz, hurmatli xotin-qizlarimiz bilan birgalikda faol ish olib borishimiz kerak.
Muhtaram yigʻilish ishtirokchilari!
Xabaringiz bor, oʻtgan bir yil davomida biz xalqimiz, jumladan, xotin-qizlar bilan muloqot olib borishni davlat siyosati darajasiga koʻtardik. Shu asosda qishloq va shaharlarimizda uyma-uy yurib, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish, bu boradagi muammolarni hal etish boʻyicha samarali tizim yaratildi. Hozirgi vaqtda ana shu tizimning muhim bir qismi sifatida markazdan tortib eng olis tumanlargacha jamoatchilik nazorati guruhlari faoliyat koʻrsatmoqda.
2017 yilda 5 milliondan ortiq xonadondagi muhit oʻrganilib, 15 million fuqaro bilan muloqot oʻtkazildi, aholi tomonidan koʻtarilgan 500 mingdan ziyod muammoning 72 foizi joyida hal etildi, 14 mingdan ortiq oiladagi notinch vaziyat bartaraf qilindi. Shular qatorida yurtimizda yashab kelayotgan, lekin fuqaroligi boʻlmagan 1 ming 100 dan ortiq shaxsga Oʻzbekiston fuqaroligi berildi. Ular orasida yuzlab ayollar ham borligi va ularga nisbatan adolatning tiklangani, hech shubhasiz, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamdir.
Mamlakatimizda shu paytgacha xotin-qizlarni eng koʻp bezovta qilib kelgan masala – maktabgacha taʼlim muassasalarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Bu chuqur oʻylangan siyosat boʻlib, yurtimizda uzluksiz taʼlim va tarbiya tizimini mukammal shakllantirish imkonini beradi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Kelajak – bogʻchadan boshlanadi” degan shior balandparvoz gap emas. Aslida vatanparvarlik, el-yurtga fidoiylik bir qarashda oddiy, lekin hayot talabi boʻlgan ana shunday dolzarb ishlardan boshlanadi.
Biz bu yil 3 mingdan ziyod bolalar bogʻchasini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Shundan 1 ming 200 ta bogʻcha yangitdan quriladi, 1 ming 360 ta bogʻcha mavjud binolarda va 470 ta bogʻcha esa uy bogʻchasi sifatida tashkil etiladi. Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlari asosida hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar imkoniyatlarini keng ishga solamiz.
Men hududlarga borganimda shahar va tumanlarimizda barpo etilayotgan yangi bogʻchalar, ulardagi sharoitlar bilan tanishishga alohida eʼtibor beraman. Eng asosiysi, bunday ishlardan onalar, ayollarimiz, jajji farzandlarimiz mamnun boʻlmoqda.
Ayni vaqtda bu sohada hal qilishimiz zarur boʻlgan masalalar ham koʻp. Masalan, ushbu tizimda faoliyat koʻrsatayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 foizi oliy maʼlumotli, qolgani esa oʻrta maxsus maʼlumotga ega.
Ana shu masalani hal qilish uchun 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab oliy oʻquv yurtlarida maktabgacha taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi boʻlimda bakalavrlar tayyorlaydigan 3 yillik tizimni joriy etmoqdamiz. Shuningdek, bu yoʻnalish boʻyicha sirtqi va kechki taʼlim shaklida bakalavrlar tayyorlash tizimi ham yoʻlga qoʻyiladi.
Mart oyidan boshlab hududlarimizdagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bogʻcha pedagoglari va shu sohada mutaxassis boʻlmagan kadrlar uchun yarim yillik oʻquv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etilmoqda.
Xabaringiz bor, biz ushbu soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida yaqinda alohida qaror qabul qildik. Unga koʻra, shu yil 1 martdan boshlab bogʻcha xodimalarining ish haqi ikki bosqichda sezilarli ravishda oshirib boriladi. Ana shu maqsadlar uchun 2018 yilda davlat byudjetidan 386 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi.
Bundan tashqari, 2023 yilning 1 yanvarigacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatidagi iqtisodiy ahvoli ogʻir boʻlgan ayrim tumanlarda maktabgacha taʼlim muassasalarida bogʻcha toʻlovlari miqdori 50 foizga kamaytirildi.
Qadrli yurtdoshlar!
Mamlakatimizda onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash maqsadida tibbiyot sohasini, xususan, shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, dori-darmon taʼminotini yaxshilash boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda. Ana shu ishlarni yangi bosqichga koʻtarish uchun joriy yilda byudjet mablagʻlari hisobidan qariyb 1 trillion soʻm mablagʻ ajratilib, bu borada yangi qadamlar qoʻyiladi.
Barcha hududlarda perinatal yordam sifatini yaxshilash, onalar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmat darajasini oshirish maqsadida xalqaro moliya institutlarining yordamini ham jalb etish koʻzda tutilmoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning dam olishi, salomatligini tiklashiga ham katta eʼtibor berilmoqda. Bu haqda gapirganda, bir raqamga diqqatingizni qaratmoqchiman. Har yili kasaba uyushmalariga qarashli sanatoriylarda dam olayotgan aholining 60 foizini ayollar tashkil etmoqda. 2017 yilda 75 mingga yaqin ayol ana shunday maskanlarda imtiyozli yoʻllanmalar asosida sogʻlomlashtirildi.
Shu bilan birga, qishloq vrachlik punktlari faoliyatini, profilaktika va patronaj tizimini yanada takomillashtirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Ayni vaqtda hammamiz yaxshi bilamiz, bu sohada ham muammolar yoʻq emas. Xususan, homilador ayollarni skrining koʻrigidan oʻtkazish ishlari talab darajasida emas. Bu boradagi jiddiy kamchiliklarga barham berish maqsadida oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida qizlarimiz, ayollarimiz uchun alohida tibbiy maslahatxonalar tashkil etilmoqda.
Bu masalalarning ahamiyatini sizlar ona sifatida, tarbiyachi va murabbiy sifatida, oʻylaymanki, boshqalardan koʻra yaxshiroq tushunasiz.
Biz xalqimizning talab va istaklarini inobatga olib, koʻp yillar davomida ogʻir masala boʻlib kelgan uy-joy muammosini hal qilishga kirishdik.
Bu borada ayniqsa ipoteka kreditlari asosida qurilayotgan arzon uy-joylar koʻpchilikka maʼqul boʻlmoqda.
Oʻtgan yili shahar va qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va koʻp qavatli uy-joylar barpo etilib, minglab yurtdoshlarimiz yangi, zamonaviy turarjoylarga ega boʻlishdi. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi boʻlgan fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash, ularga imtiyozli uylar ajratish boʻyicha yangi tizim joriy etilgani ayniqsa muhim ahamiyatga egadir.
2017 yilning oʻzida 1 ming 207 nafar muhtoj, nogiron ayolga arzon uy-joylar berildi. Ularning 972 nafariga homiy tashkilotlar tomonidan tikuv mashinalari olib berilib, kasanachilik bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratildi.
Joriy yilda bu yoʻnalishdagi ishlarimiz yanada kengaytirilib, 10 mingdan ortiq ijtimoiy yordamga muhtoj, nogiron ayollar ish oʻrinlari bilan taʼminlanadi. 2018 yilda aholi, ayniqsa, yosh oilalarning ehtiyojini hisobga olib, arzon uy-joylarni qurish hajmi 1,5-2 barobar oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 5 trillion 286 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Shu bilan birga, ogʻir maishiy sharoitda yashayotgan, boquvchisini yoʻqotgan, nogironlarni parvarish qilayotgan oilalarga 242 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.
Oʻtgan yili mamlakatimiz boʻyicha 120 mingdan ortiq tadbirkor xotin-qizlarga jami 2 trillion 700 milliard soʻmlik kreditlar berildi, 84 mingdan ziyod xotin-qizlarimiz doimiy ish joylari bilan taʼminlandi, ayollarni kasbga oʻqitish kurslari tashkil etilib, ularda minglab opa-singillarimiz turli kasblarga oʻrgatildi.
Sizlarga maʼlumki, biz 2018 yilni yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvatlash yili, deb eʼlon qildik. Shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturi doirasida tadbirkor ayollarga bu yil 2 trillion 800 milliard soʻmlik kredit mablagʻlari ajratish moʻljallanmoqda.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish boʻyicha ikki yillik moratoriy eʼlon qilingani oilaviy biznes, kasanachilik, xususiy tadbirkorlik rivoji uchun keng imkoniyatlar ochib bermoqda.
Oʻtgan yili madaniy-gumanitar sohalarni rivojlantirish boʻyicha qilingan ishlar ham xotin-qizlarning hayotiy manfaatlariga bevosita daxldor, deb oʻylayman. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va bir qator viloyatlarda oliy oʻquv yurtlarining filiallari, isteʼdodli oʻgʻil-qizlarimiz uchun ulugʻ adiblarimizning nomlari bilan atalgan ijod maktablari hamda “Temurbeklar maktablari”, “Ulugʻbeklar maktablari” barpo etildi.
Albatta, miqyosi va koʻlami tobora kengayib borayotgan bunday ezgu ishlarimiz haqida yana koʻplab misollar keltirish mumkin. Lekin biz bu ishlarning barchasini katta yoʻldagi dastlabki qadamlar, deb bilamiz. Hayotimizni yangilash, onalarimiz, opa-singillarimizni rozi qilish maqsadida boshlagan ishlarimiz biz kutgan amaliy natijalarni berishi uchun kelgusida ularni yanada kuchaytiramiz.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bugungi kunda xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ekologik muammolar kuchayib borayotgani butun insoniyatni, jumladan, bizni ham qattiq xavotirga solmoqda. Bunday murakkab sharoitda yurtimizda va mintaqamizda tinchlik va osoyishtalikni asrash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
Biz bu borada qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor bermoqdamiz.
Mana, erta-indin Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi bilan boramiz. Yaqin qoʻshnimiz boʻlgan bu mamlakat bilan ham koʻplab muhim masalalarni oʻzaro muhokama qilib, ularni amaliy jihatdan hal etish niyatidamiz.
Biz xorijiy mamlakatlarda qonuniy asosda mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan fuqarolarimizga nisbatan munosabatni tubdan oʻzgartirdik.
Yurtimizdan maxsus delegatsiyalar borib, chet ellardagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar oʻtkazayotgani, ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, haq-huquqlarini taʼminlash boʻyicha mahalliy boshqaruv idoralari bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar koʻrilayotganidan, oʻylaymanki, sizlar xabardorsiz. Jumladan, xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli ishlab yurgan yuqori malakali olim va mutaxassislarimiz, vrachlar, salohiyatli investorlarni – ularning orasida isteʼdodli opa-singillarimiz ham koʻp – yurtimizga taklif etib, oʻz bilim va tajribasini Vatanimiz ravnaqi yoʻlida ishlatishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqdamiz. Chunki bu insonlar ham bizning vatandoshlarimiz, Oʻzbekiston fuqarolaridir. Shuning uchun biz bu ishlarni kelgusida yanada kuchaytiramiz.
Maʼlumki, mamlakatimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish maqsadida diniy-ekstremistik oqimga mansub shaxs sifatida hisobda turadigan fuqarolarga nisbatan munosabatimizni butunlay oʻzgartirdik. Bunday shaxslarni oʻzimizga yaqin olib, dardiga quloq tutganimiz bugun oʻz natijasini bermoqda. Hozirgi vaqtda ana shunday minglab fuqarolar sogʻlom turmush tarziga qaytarildi.
Bu dunyoda eng yomon narsa nima? Taʼnayu malomat emasmi? Shu nuqtai nazardan qaraganda, bu insonlarning oilasi, farzandlari “Bu falonchining xotini”, “Bu falonchining bolasi” degan har xil taʼnalardan qutulgani eng katta ish boʻldi. Endi ular mahallada, maktabda, koʻcha-koʻyda boshini koʻtarib, ijtimoiy hayotimizda faol qatnashish imkoniga ega boʻldi. Bugungi kunda ana shu fuqarolarning hayotiy muammolarini hal etish, ishga joylashtirish, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirganlariga bank kreditlari ajratish boʻyicha aniq choralar koʻrilmoqda.
Yurtimizda toʻgʻri yoʻldan adashgan insonlar umuman boʻlmasligi uchun bu boradagi ishlarni susaytirmasdan, izchil davom ettirishimiz kerak. Oʻz faoliyatimizni jaholatga qarshi maʼrifat asosida tashkil etishimiz lozim.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom akademiyasi kabi ilmiy-maʼrifiy muassasalar ham ayni shu maqsadlarni koʻzlab tashkil etilgani barchangizga yaxshi maʼlum, deb oʻylayman.
Siz, hurmatli ayollarimiz oʻzingizning onalik mehringiz, hayotiy bilim va tajribangiz bilan farzandlarimizni turli xavf-xatarlardan asrashda, ularni mustahkam irodali, maʼnaviy-intellektual jihatdan yetuk, jonajon Vatanimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashda bundan buyon ham kuch-gʻayratingizni ayamaysiz, deb ishonaman. Ayniqsa, qiz bolalarni hayotga tayyorlash, ularni zamonaviy bilimlar, kasb-hunarlarga oʻrgatishda biz avvalo sizlarga suyanamiz.
Xabaringiz bor, oʻtgan yili koʻpchilik ota-onalar, yoshlarimiz, keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni hisobga olib, umumtaʼlim maktablarida 11 yillik tizimni tikladik. Bunday qarorni qabul qilishda birinchi navbatda sizlarning fikringizni eʼtiborga olganimiz, qizlarimizning taqdiri, kelajagi haqida oʻylaganimiz – buyam ayni haqiqat. Chunki qiz bola uzoq shahar yoki tumandagi kollejga bormasdan, ota-onasining bagʻrida turib, oʻzining qadrdon maktabida oʻqishni davom ettirsa, uning oʻzi ham, oilasi ham tinch-xotirjam boʻladi.
Farzandlar tinchligi, ularning baxti, kamoli – jamiyatning eng katta boyligi. Buning ahamiyatini ota-ona boʻlgan odam biladi. Ayniqsa, hozirgi notinch, murakkab zamonda bu haqiqatni yanada chuqurroq anglash – bu ham hayot talabidir.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Bugungi davramizda muhtaram mehmonlarimiz – Amerika Qoʻshma Shtatlari elchisi Pamela Spratlen xonim, Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Szyan Yan xonim, Fransiya elchisi Violen de Vilmor xonim, Misr Arab Respublikasi elchisi Amani Eletr xonim, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi boshligʻi Xelena Freyzer xonimlar ishtirok etib, bayram quvonchini biz bilan baham koʻrishmoqda. Bu aziz mehmonlarimizni sizlarning nomingizdan, oʻz nomimdan samimiy tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida katta yutuq va omadlar tilashga ruxsat bergaysiz.
Qadrli opa-singillar!
Biz shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizni yanada ravnaq toptirish, xalqimiz hayotini munosib darajaga koʻtarish boʻyicha qanday reja va dasturlar qabul qilsak, avvalo siz, azizlarning orzu-niyatlaringiz va manfaatlaringizni roʻyobga chiqarishni oʻz oldimizga vazifa qilib qoʻyganmiz. Hozirgi kunda bu borada katta amaliy ishlarni boshlamoqdamiz.
Butun mamlakatimiz boʻyicha zamonaviy loyihalar asosida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada ayniqsa “Obod qishloq” dasturi muhim ahamiyatga egadir. Bu avvalo ayollarimizning turmush sharoitini yaxshilash, ularning kayfiyati, dunyoqarashini yuksaltirishga juda katta ijobiy taʼsir koʻrsatadigan dasturdir. Ana shunday dasturlarimiz asosida yoʻllar, taʼlim va tibbiyot, madaniyat, sport maskanlari, uy-joylar yangilanmoqda. Minglab zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes, turizm va xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etilmoqda.
Ayniqsa, ichki turizm boʻyicha yaratilayotgan imkoniyatlar yurtimiz boʻylab sayohat qilish, oʻz tariximiz va madaniyatimizni yanada chuqur bilishga qaratilgani bilan eʼtiborlidir.
Oʻylaymanki, Navroʻz bayrami munosabati bilan belgilangan qoʻshimcha dam olish kunlarida sizlar oilangiz, farzandlaringiz bilan ana shunday sharoitlardan foydalanib, mazmunli dam olish imkoniga ega boʻlasiz.
Aziz opa-singillar!
Soʻzimning oxirida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Mening tilagim, mening maqsadim bitta – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sogʻ-omon boʻlinglar!
Nega deganda, ayollarimizning baxti – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.
Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.
Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardogʻida boʻlish hammangizga nasib etsin!
Katta rahmat sizlarga.