Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!
Bugungi yigʻilishimiz mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida oʻtkazilmoqda.
Avvalo, sizlarni va barcha yurtdoshlarimizni ana shu umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklashga ruxsat bergaysiz.
Bundan roppa-rosa bir yil avval mana shu oʻquv yurtida – Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini yanada isloh qilish boʻyicha oldimizda turgan vazifalarni atroflicha muhokama qilgan edik.
Uchrashuvda harbiy kadrlar tayyorlash sohasidagi dolzarb vazifalardan biri sifatida Akademiya faoliyatini takomillashtirish masalasi koʻrib chiqilgan edi. Bugungi yigʻilishimiz mutlaqo yangilangan Akademiyada oʻtkazilayotgani hammamizni quvontirmoqda. Bu yerda tashkil etilgan zamonaviy situatsion markaz yil davomida amalga oshirgan ishlarimiz natijasidir.
Oʻtgan yil mobaynida biz bu borada erishgan yutuq va ijobiy misollarni koʻplab keltirish mumkin. Shu bilan birga, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash sohasida hali ancha muammolar borligini qayd etish zarur. Ularni hal qilish yuzasidan 2018 yilda va kelgusi yillarda qattiq ish olib borishimiz lozim.
Men yil davomida Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini tahlil qilib bordim. Harbiy oʻquv mashqlarini Kattaqoʻrgʻon poligonida kuzatdim, Janubi-Gʻarbiy, Sharqiy va Toshkent harbiy okruglarida Mudofaa vazirligi va chegara qoʻshinlari boʻlinmalarini, bugun esa Chirchiq shahridagi harbiy qismni borib koʻrdim. Harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashdim, mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitdim. Natijada koʻp yillar davomida yigʻilib qolgan jiddiy, tizimli muammolar aniqlandi. Bular – kadrlar masalasi, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻlar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga taalluqli muammolardir.
Albatta, oʻtgan yili birinchi navbatda hal etilishi kerak boʻlgan koʻplab masalalar boʻyicha aniq qarorlar qabul qilindi.
Lekin, tan olishimiz kerak, ularning barchasi tizimli emas, balki maʼlum bir yoʻnalish va boʻgʻindagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ishlardir. Ana shu holatni hisobga olib, Vatanimiz xavfsizligini mustahkamlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirishdek gʻoyat muhim sohada koʻplab muammolar mavjudligini anglagan holda, biz yangi Mudofaa doktrinasini qabul qildik. Ushbu hujjatda mamlakatimizning harbiy qurilishi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari boʻyicha asosiy yoʻnalish va zamonaviy yondashuvlar aks ettirildi.
2017 yil 12 dekabrda Prezident farmoni qabul qilinib, unda mavjud murakkab holatdan chiqishning taʼsirchan va samarali chora-tadbirlari belgilab berildi.
Bugun sizlar bilan oʻtgan yilda amalga oshirgan ishlarimizga yakun yasab, kelgusidagi vazifalarimiz haqida gaplashib olishimiz zarur.
Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!
Hozirgi vaqtda mintaqamizda va dunyoda hukm surayotgan, oldindan aytib boʻlmaydigan murakkab sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini barchamiz chuqur anglaymiz. Bu esa oʻtgan davr mobaynida erishgan yutuqlarimiz va yoʻl qoʻygan kamchiliklarimiz, toʻplanib qolgan muammolarni chuqur tahlil qilish, bugun hayotning oʻzi ilgari surayotgan talablarni hisobga olishni taqozo etmoqda.
Biz ayni shu asosda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlashni Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab oldik. Strategiyaga binoan 2017 yilda boshqa sohalar qatorida harbiy qurilish borasida ham keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirildi. Qisqa muddatda dastlabki aniq natijalarga erishdik va yangilanayotgan Qurolli Kuchlarimiz boʻyicha strategik yondashuvni ishlab chiqdik.
Birinchidan, tashqi siyosatimizning moslashuvchanlik va ochiqlik prinsiplariga, eng asosiysi, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, Vatanimiz suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlashdek biz uchun ustuvor boʻlgan tamoyillarga tayangan holda, mamlakatimiz Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi. Bu doktrinaning maʼno-mazmuni birinchi marta ochiqlik xususiyatiga ega boʻldi. Bu esa bizning mudofaa siyosatimizning ochiqligini namoyish etmoqda. Doktrinada Oʻzbekistonning mudofaa sohasidagi siyosati boʻyicha prinsipial yondashuvlar, ularni qoʻllash asoslari, Qurolli Kuchlar oldida turgan vazifalar, shuningdek, milliy armiyamiz qurilishi va rivojlanishini davom ettirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar belgilab berildi.
Barchangizning eʼtiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman: Mudofaa doktrinasi qoidalari qogʻozda qolib ketmasligi, biz ularni hayotga soʻzsiz joriy etishni taʼminlashimiz shart.
Shu munosabat bilan Oliy Majlis Mudofaa doktrinasini amalga oshirish, bu masala boʻyicha muntazam ravishda parlament nazoratini olib borishi maqsadga muvofiqdir. Umuman olganda, deputat va senatorlarimiz mudofaa va harbiy qurilish masalalariga befarq boʻlmasdan, bu borada oʻz faoliyatlarini kuchaytirishlari, har bir chorakda ikki marta Oliy Majlis palatalarining yigʻilishlarida ushbu yoʻnalishdagi ishlarning ahvolini muhokama qilib borsalar, ayni muddao boʻlardi.
Quyi palata hamda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari boʻyicha qoʻmitalari raislari, mudofaa vaziri va boshqa tegishli tuzilmalar rahbarlari quyidagi vazifalarni amalga oshirishlari zarur:
– amaldagi qonunchilikka tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, Mudofaa doktrinasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini strategik qoʻllash boʻyicha hujjatlar qayta ishlab chiqilishini taʼminlash;
– harbiy xizmatchilar, jamoatchiligimiz va chet ellik hamkorlarimiz oʻrtasida mudofaa siyosatimizning asosiy prinsiplarini tushuntirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni tashkil etish lozim. Bu borada mazkur siyosatning ochiqligi hamda xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa xorijiy mamlakatlar bilan amaliy munosabatlarni rivojlantirish biz uchun ustuvor ahamiyatga ega ekaniga eʼtibor qaratish darkor.
Ikkinchidan, Mudofaa doktrinasi qoidalari va mamlakatimizning geostrategik joylashuvini hisobga olgan holda, harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta koʻrib chiqildi.
Xususan, Mudofaa vazirligining barcha birlashma va qismlarining tarkibiy tuzilmasi toʻliq yangilandi. Biz boʻlinmalarga jangovar tayyorgarlik bilan toʻlaqonli shugʻullanish, harbiy xizmatchilarning kasbiy malakasini oshirish va oʻz yoʻnalishi boʻyicha vazifalarni aniq bajarish uchun tayyor boʻlishiga alohida eʼtibor qaratdik. Bunga imkon bermagan tuzilmalardan butunlay voz kechdik.
Shundan kelib chiqqan holda, harbir ofitser va serjant egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, oʻz faoliyatiga tanqidiy baho berishi kerak. Ular “Men kelgusida xizmatni davom ettirishga munosibmanmi yoki yoʻqmi?” degan savolga javob berishi shart.
Men harbiy xizmatchilarimizning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi bilan bogʻliq bir qator muammolarga eʼtibor qaratmoqchiman. Nega deganda, jismoniy tayyorgarlik harbiy xizmatchilar uchun xizmat faoliyatida, harbiy karyerasida va umuman, turmush tarzida hal qiluvchi omillardan biri boʻlishi zarur.
Harbiy xizmatchilarning ruhiy jihatdan chidamli boʻlishi haqida gapirganda, keyingi paytda dunyoning turli mintaqalarida sodir boʻlayotgan qurolli toʻqnashuvlarda koʻzga tashlanayotgan bir holatga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Yaʼni, jangovar harakatlar davomida shaxsiy tarkib oʻrtasidagi yoʻqotishlarning asosiy qismi kuchli ruhiy taʼsir va zarbalar bilan bogʻliq ekani maʼlum boʻlmoqda. Bunday ruhiy jarohatlarni hatto tinch hayot sharoitida ham davolash juda murakkab masaladir.
Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari barcha toifadagi harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi boʻyicha prinsipial jihatdan yangi meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqishi zarur. Bu borada asosiy eʼtiborni harbiy-amaliy masalalarni hal etishga yoʻnaltirish lozim. Harbiy xizmatchilar har tomonlama sogʻlom va chidamli boʻlishi, har qanday murakkab jismoniy va ruhiy sinovlarga bardosh berishi kerak.
Qoʻshinlardagi tashkiliy-shtat oʻzgarishlariga oid masalalarga yana bir bor eʼtibor qaratib, taʼkidlab aytmoqchiman: hozirgi paytda Mudofaa vazirligi tomonidan qoʻshinlarni yangi tashkiliy tuzilmaga oʻtkazish ishlari boshlandi. Bu ishlar yangi oʻquv yiliga qadar yakunlanishi zarur.
Ana shu chora-tadbirlar haqida gapirganda, mudofaa vaziri va uning oʻrinbosarlari eʼtiborini ushbu vazifalarning naqadar muhim ekaniga qaratmoqchiman. Ularning ijrosini shaxsan oʻzim nazorat qilib boraman.
Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi P.Ergashev bu borada faqat mexanizm yaratish emas, balki uni samarali ishlatish oʻta muhim ahamiyatga ega ekanini chuqur anglab yetishi kerak. Qoʻshinlar istalgan daqiqada oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishga qodir boʻlishi kerak. Ular jangovar tayyorgarlikning yangi tizimi boʻyicha muntazam shugʻullanib borishi, barcha harbiy xizmatchilar haqiqiy professional kadr boʻlishi uchun oʻz sohasini puxta egallashi shart.
Nima uchun bu talablar bugun kun tartibiga keskin qilib qoʻyilmoqda? Chunki, Mudofaa vazirligidagi koʻplab mansabdor shaxslar ishonchni oqlamagani, oʻzlarini koʻrsatishda sustkashlikka yoʻl qoʻygani, ularda tashabbus yoʻqligi, mustaqil qarorlar qabul qilishni, masʼuliyatni oʻziga olishga tayyor emasligi bunga sabab boʻlmoqda.
Holbuki, ularga oʻz qobiliyatini amalda namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan edi. Bunday kamchiliklar mudofaa vazirligi sobiq rahbariyati faoliyatining natijasi, desak xato boʻlmaydi. Ochiq aytish kerak, ular asosan eski usullar bilan ishlab, qoʻshinlar bilan muntazam aloqa oʻrnatmagan, harbiy kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratmagan, zarur hollarda mustaqil qaror qabul qilishda ularga qatʼiyat yetishmagan.
Afsuski, buning oqibatida bizda koʻp hollarda harbiy boshliqlar tepadan buyruq kutib oʻtirishga oʻrganib qoldi. Yana bir bor takrorlab aytaman: har bir komandir va qoʻmondon oʻz harbiy qismi va okrugining sharoitidan, mavjud jangovar vaziyatdan kelib chiqqan holda, tezkorlik bilan har tomonlama asoslangan, mustaqil qaror qabul qilishga qodir boʻlishi shart.
Men mudofaa vazirining tavsiyasiga binoan, vazirning ikkita oʻrinbosari, Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbari va Chirchiq harbiy bilim yurti boshligʻini lavozimidan ozod qildim. Hozirgacha harbiy okrug qoʻshin qoʻmondoni vazifasini vaqtincha bajarib kelayotganlardan biri bu lavozimga tasdiqlanmadi.
Ayni paytda, qoʻyilgan talablarga javob bermayotgan va qoʻshinlar bilan faol ishlashdan oʻzini chetga olgan 40 ga yaqin harbiy xizmatchi mudofaa vaziri tomonidan ishdan boʻshatilgani, 36 nafarining lavozimi pasaytirilgani nimadan dalolat beradi? Bu birinchi navbatda, sohada harbiy kadrlar faoliyatini aniq baholashning reyting tizimi mavjud emasligini, oqibatda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish ishlari qoniqarsiz ekanini koʻrsatadi.
Mana shu va boshqa mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, tizimda barcha ishlarni zamon talablari darajasida tashkil etish, harbiy sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida men Bosh shtab boshligʻi hamda barcha harbiy okrug qoʻmondonlarini yangitdan tayinladim.
Shu munosabat bilan barchangizni ogohlantirib aytmoqchiman: 2018 yil sizlar uchun katta sinov yili boʻladi. Nega deganda, har qaysi okrug oldida turgan vazifalar, mavjud tahdid va xavf-xatarlar bir-biriga oʻxshamaydi. Buni har qaysi rahbar chuqur bilishi va oʻz faoliyati uchun zarur xulosa chiqarib olishi darkor.
Yana bir muhim masala – Mudofaa vazirligi qismlari va muassasalari sonini optimallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida harbiy shaharchalarni inventarizatsiyadan oʻtkazish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.Ramatov va joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari mudofaa vaziri A.Azizov bilan birgalikda barcha istiqbolli harbiy shaharchalardagi mavjud holatni, masalaga jiddiy yondashgan holda, puxta tahlil qilishi zarur.
Bu borada boʻshayotgan harbiy shaharchalarni belgilangan tartibda tegishli idoralarga berish va kelgusida ulardan maqsadli va oqilona foydalanish boʻyicha nazorat oʻrnatish Bosh vazir A.Aripov zimmasiga yuklanadi.
Keyingi paytlarda Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida soʻz yuritganda, Milliy gvardiya tashkil etilganini alohida taʼkidlash lozim. Maʼlumki, bu maxsus harbiy boʻlinma faoliyati jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qaratilgan.
Qisqa vaqt ichida Milliy gvardiya mamlakat xavfsizligini taʼminlash tizimidagi muhim boʻgʻinga aylandi va Qurolli Kuchlar tarkibiy qismlari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatdi.
Afsuski, oxirgi 15-20 yil davomida jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalariga notoʻgʻri yondashuv tufayli bu muhim masala eʼtiborimizdan chetda qolib keldi. Jumladan, Xavfsizlik kengashi ham bunga yetarlicha eʼtibor bermaganini ochiq aytish kerak. Bu tizimning aniq egasi boʻlmagan, bu masalalar bilan shugʻullanadigan boʻlinmalar goh Ichki ishlar vazirligi, goh Mudofaa vazirligi tasarrufida boʻlib kelgan. Shu sababli ushbu boʻlinmalar oʻz oʻrnini topolmadi. Jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash boʻyicha oʻquv mashqlari deyarli oʻtkazilmagan. Tezkor vazifalarni bajarish zarur boʻlgan paytda turli byurokratik toʻsiqlarga duch kelingan. Natijada tezkor qarorlar oʻz vaqtida qabul qilinmagan, vazifalar samarali bajarilmagan.
Holbuki, butun dunyoda mamlakat ichida tartib-intizom va jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan armiya emas, Mudofaa vazirligi emas, balki alohida tuzilmalar shugʻullanadi.
Maʼlumki, bugungi kunda biz “Xavfsiz shahar – xavfsiz mamlakat” konsepsiyasi asosida yurtimizda jamoat tartibini taʼminlashga qaratilgan katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Shu munosabat bilan mana shu yangi tuzilma, yaʼni, Milliy gvardiya tashkil etildi. Endi bundan buyon har bir shahar va viloyatda xavfsiz hudud loyihasini amalga oshirish, jamoat tartibini saqlash uchun Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya masʼul va javobgar etib belgilanadi. Bu vazifalarni bajarish uchun Milliy gvardiya joylardagi davlat hokimiyati idoralari, jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradi.
Shu munosabat bilan Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Toshmatovga tashkiliy ishlarni tezroq yakunlab, oʻzining bevosita vazifasi boʻlgan jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasi bilan yaqindan shugʻullanish topshiriladi. Bundan buyon mamlakatimizda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasiga ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Toshmatov shaxsan javobgar boʻladi.
Hozirgi paytda Milliy gvardiya tomonidan qoʻshinlar faoliyatining samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda, shuningdek, oʻz Vataniga sadoqatli, yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.
Uchinchidan, mamlakatimizdagi barcha turdosh korxonalarni birlashtirgan Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasining tashkil qilinishi milliy mudofaa-sanoat kompleksini shakllantirish yoʻlidagi birinchi va muhim qadam boʻldi.
Shuni ochiq tan olish kerakki, tegishli ilmiy va sanoat salohiyatiga ega boʻlgan holda, biz 25 yil davomida mamlakatning mudofaa-sanoat kompleksini tashkil qilishga umuman eʼtibor qaratmadik. Bu esa, tabiiyki, Qurolli Kuchlarni harbiy texnika va qurol-yarogʻlar bilan taʼminlash darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Masalan, radio aloqa uskunalarini ishlab chiqarish boʻyicha biz amalga oshirgan loyihani olaylik. Oʻzingiz guvoh boʻlganingizdek, uni hayotga joriy etish uchun bor-yoʻgʻi toʻqqiz oy yetarli boʻldi. Bu haqda jiddiy oʻylab koʻrish kerak.
Jahon tajribasidan maʼlumki, rivojlangan mudofaa sanoati innovatsion va yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.
Ishonchim komilki, iqtisodiyotning toʻlaqonli mudofaa sektorini shakllantirish boʻyicha biz boshlagan ish yaqin kelajakda milliy armiyamizni qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash bilan birga qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, mamlakatimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish imkonini ham beradi.
Ushbu yoʻnalishda harbiy va ikki xil maqsadda foydalanish mumkin boʻlgan, import oʻrnini bosadigan, raqobatbardosh va eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga qaratilgan kompleks vazifalarni ham hal qilishimiz kerak.
Mamlakatimizda mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish boʻyicha ulkan salohiyat va imkoniyatlar mavjud. Biroq biz ulardan umuman foydalanmayapmiz. Masalan, joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari hududlarda harbiy xizmatchilar uchun maxsus kiyim-kechaklar, ekipirovka, turli asbob-uskunalar, quruq payoklar ishlab chiqarish, ikki xil maqsadda foydalanish mumkin boʻlgan mahsulotlarni tayyorlaydigan sexlarni tashkil qilish boʻyicha katta imkoniyatlarga ega. Bularning barchasi bizga qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishda juda qoʻl keladi. Prezidentning yaqinda eʼlon qilingan farmoni bilan sizlarga bu borada tegishli vakolatlar berilgan. Sizlar harbiy qoʻshin turlarining talab va ehtiyojlarini oʻrganib, bu yoʻnalishda ishni toʻgʻri tashkil etishingiz mumkin-ku!
Endi viloyat hokimlari va okrug rahbarlarining faoliyatiga shu vazifa qanday bajarilayotganiga ham qarab baho beramiz.
Biz Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasini Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi hududida joylashtirish haqida qaror qabul qildik. Nega deganda, mazkur qoʻmitaning boshqaruv apparati bevosita ishlab chiqarish muhitida doimiy faoliyat olib borishi lozim.
Bosh vazir oʻrinbosari N.Otajonov va Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi A.Ibodullayev 2018 yilda qoʻmita faoliyatini samarali tashkil qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqishni qisqa muddatda yakunlab, Qurolli Kuchlarning bugungi holati va kelajak istiqbollarini hisobga olib, uni amalga oshirishga kirishishi zarur.
Bu borada tegishli muassasalar va xorijiy hamkorlarimizning yetakchi tashkilotlari bilan bitimlar tuzish va davlatlararo qoʻmitalar yigʻilishlarini oʻtkazgan holda, toʻgʻridan-toʻgʻri yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kerak.
Bosh vazir A.Aripov, Bosh vazir oʻrinbosari N.Otajonov, Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov, Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi A.Ibodullayev, Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yoʻldoshev 15 kun muddatda bu masala boʻyicha tegishli hujjatlarni tayyorlab, koʻrib chiqish uchun kiritsin.
Toʻrtinchidan, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda joylardagi davlat hokimiyati organlarining faolligini va rolini oshirish boʻyicha ishlar sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga koʻtarildi. “Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va gʻururimiz” tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning yakdilligini taʼminlash maqsadida harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi.
Barchamiz bir fikrni yaxshi anglab olishimiz kerak: el-yurtimizning tinchligini taʼminlash maqsadida bugun mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning qanchalik samara berishi armiya va xalqning birdamligiga bogʻliq.
Afsuski, yoshlarni, umuman, mamlakatimiz aholisini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga Mudofaa vazirligi va boshqa daxldor idoralar tomonidan yetarli ahamiyat berilmagan, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Biz bu borada quyidagi holatlarni hisobga olgan holda, harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etish haqida qaror qabul qildik.
Birinchidan, harbiy okruglar va joylardagi davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik darajasi qoʻshinlarda vujudga kelgan dolzarb muammolarni hal qilish boʻyicha ishlarni samarali olib borish imkonini bermayotgan edi.
Bu tadbirlar asosan muddatli harbiy xizmatga chaqiruvlar, harbiy xizmatchilarni zaxiraga boʻshatish va shuningdek, bayramlar paytidagi birgalikdagi faoliyat bilan cheklanar edi.
Ikkinchidan, harbiy okruglar va qismlarning mansabdor shaxslari tomonidan aholi bilan muloqot yoʻlga qoʻyilmagan edi. El-yurtimizni harbiy qurilish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash sohasidagi oʻzgarishlardan xabardor qilish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha ishlar olib borilmagan edi.
Uchinchidan, mahalliy byudjetlar mablagʻlarini harbiy qismlardagi ustuvor ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish uchun jalb qilish boʻyicha amaliy mexanizm yoʻq edi. Bu hol harbiy-vatanparvarlik, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, harbiy infratuzilmalarni rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni tez va samarali hal etish imkonini bermas edi.
Toʻrtinchidan, eng yomoni, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash va oʻqitish, navqiron avlodimizni bizning xalqimizga mutlaqo begona boʻlgan buzgʻunchi gʻoyalardan himoya qilish masalalariga zarur darajada eʼtibor qaratilmadi.
Ayniqsa, diniy ekstremizm gʻoyalariga berilib, yoʻldan adashgan yoshlarni sogʻlom turmush tarziga qaytarishda biz Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan askar va ofitserlarimizning salohiyatidan foydalana olmayapmiz.
Holbuki, Vatan himoyasida toblangan mard oʻgʻlonlarimiz oʻzining mardlik va jasurlik fazilatlari, yuksak vatanparvarlik tuygʻusi bilan obroʻ-eʼtibor qozongan harbiy xizmatchilarimiz yoshlarga har tomonlama ibrat va oʻrnak namunasi boʻlishi mumkin.
Bir fikrni hech qachon unutmasligimiz kerak: armiyani moddiy jihatdan barcha zamonaviy zarur texnika va jihozlar, qurol-yarogʻlar bilan taʼminlash mumkin. Ammo shaxsiy tarkib maʼnaviy jihatdan zaif boʻlsa, yaʼni, askar va ofitserlarimizda jangovar ruh, Vatanga mehr va sadoqat, uning taqdiri uchun masʼuliyat boʻlmasa yoki ularning oʻrtasida beparvolik hukm sursa, bunday holat nihoyatda noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bugungi yigʻilishning barcha ishtirokchilari va joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari ushbu masalani ulkan hayotiy ahamiyatga ega, mamlakatimiz va fuqarolarimiz xavfsizligiga, milliy armiyamizning mudofaa qobiliyatiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan oʻta muhim vazifa sifatida qabul qilsin.
Beshinchidan, yosh avlodimizda qatʼiy hayotiy pozitsiya va Vatanimiz taqdiri uchun yuksak masʼuliyat tuygʻusini shakllantirish alohida muhim ahamiyatga ega. Shuni hisobga olib, mamlakatimizda oʻrta maktabdan boshlab oliy oʻquv yurtlarigacha qamrab oladigan uzluksiz harbiy taʼlim va vatanparvarlik tarbiyasi boʻyicha oʻziga xos noyob va yaxlit tizim yaratilmoqda. Ushbu tizim mutlaqo yangi Qurolli Kuchlar akademiyasini shakllantirishni, harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar faoliyatini takomillashtirishni, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari tashkil etishni koʻzda tutadi.
Ayni vaqtda, aytish joizki, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, harbiy kadrlarni tayyorlash tizimi zamon talablariga toʻliq javob bermaydi. Buning sababi – ayrim mansabdor shaxslar, masalaning mohiyati va ahamiyatini yetarli darajada tushunmagani bilan bogʻliq desak, toʻgʻri boʻladi.
Akademiyada oʻquv jarayonini tashkil qilishda eskicha yondashuvlar hali ham bartaraf etilmagan. Bunday holat bilan murosa qilib boʻlmaydi. Biz bu masalada doimo zamon bilan birga qadam tashlashimiz, kerak boʻlsa, undan oldinda yurishimiz zarur. Akademiyada va boshqa harbiy oʻquv yurtlarida zamonaviy shart-sharoitlarni xoʻjakoʻrsinga yaratganimiz yoʻq. Aksincha, kursantlarimiz va tinglovchilarimiz taʼlim sohasida eng ilgʻor, innovatsion bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi zarur. Mana, bizning asosiy maqsadimiz.
Bundan tashqari, harbiy qoʻshinlarni zamonaviy texnika va qurol-yarogʻ bilan taʼminlash masalasining dolzarb ahamiyatga ega ekanini hisobga olib, yuqori malakali ofitser kadrlarni tayyorlashda xorijiy tillar, jumladan, rus tilini oʻrganishga alohida ahamiyat berish darkor.
Shuningdek, avlodlar oʻrtasida uzviylik va ustozlik anʼanalari yoʻqolgani ham oʻtkir muammo boʻlib qolmoqda. Buning sababi, birinchi navbatda, ayrim rahbarlarning oʻziga oʻrinbosarlar tayyorlash, oʻzining “issiq joyi”ni yoshlarga boʻshatib berishni xohlamasligi bilan bogʻliq. Ular yoshlarning malakasini oshirish va xizmat pillapoyalaridan koʻtarilishiga ongli ravishda toʻsiq boʻlmoqda, desak, buyam haqiqat.
Men eʼtibor qaratmoqchi boʻlgan yana bir masala, bu – kadrlarimizni xorijiy davlatlarda tayyorlash bilan bogʻliq. Maʼlumki, biz oshib-toshib ketgan boy davlat emasmiz. Shuning uchun bu masalaga chuqur oʻylamasdan yondashishga haqqimiz yoʻq. Bu borada nomzodlarni har tomonlama puxta saralashimiz va tayyorlashimiz kerak. Toki, ular olgan bilim va tajribalarini keyinchalik amalda qoʻllash va joriy etishga qodir boʻlsin. Shu bilan birga, yangi bilim va gʻoyalarni yanada keng yoyish maqsadida harbiy oʻqituvchilarimizni chet ellarda tayyorlash masalasiga katta eʼtibor qaratish zarur.
Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi R.Qosimov, mudofaa vaziri A.Azizov Akademiya faoliyatini takomillashtirish boʻyicha ishlarning birinchi bosqichini oʻz vaqtida va sifatli yakuniga yetkazishni, navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, tegishli infratuzilmalarni yaratishni taʼminlasin.
Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Toshmatov Harbiy-texnika instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlarni sifatli va toʻliq amalga oshirishni taʼminlasin. Bu jarayonda oʻzi shaxsan ishtirok etib, mazkur institutni mamlakatimizning eng yaxshi oliy oʻquv yurtlaridan biriga aylantirishi lozim. Kelgusida armiyamiz uchun yuksak malakali tayyor kadrlar, kerak boʻlsa, Qurolli Kuchlar qoʻmondonlari darajasidagi nomzodlar zaxirasi aynan mana shu oʻquv yurtidan yetishib chiqishi zarur.
Bosh vazir A.Aripov, Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov, Davlat maslahatchisi R.Qosimov, Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Toshmatov Harbiy-texnika institutining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlab, belgilangan tartibda kiritsin.
Mudofaa vaziri oʻrinbosari A.Ikromov:
– yuqorida aytib oʻtilgan muammolarni hisobga olgan holda, kadrlar bilan ishlash, ularni tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha samarali tizim faoliyatini taʼminlasin, oliy harbiy taʼlim muassasalarimiz bilan mamlakatimizdagi va xorijdagi yetakchi oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻysin;
– boy amaliy tajribaga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar orasidan eng munosib shaxslarni oʻqituvchilik faoliyati uchun tanlab olish boʻyicha samarali tizimni joriy etsin. Tanlab olingan oʻqituvchilar malakasini oshirishni shunday yoʻlga qoʻyish kerakki, ular yosh kadrlarni tayyorlashda oʻz salohiyatini yanada toʻliq safarbar etishga erishsin. Shu munosabat bilan biz baʼzi harbiy pensionerlarni oʻqituvchilik faoliyatiga jalb etish boʻyicha qaror qabul qildik.
Milliy gvardiya qoʻmondoni B.Toshmatov Milliy gvardiya oʻquv yurtlarida ham xuddi shunday tizimni joriy etsin.
Shu munosabat bilan Qurolli Kuchlar akademiyasi qoshida mamlakatimizdagi barcha harbiy taʼlim yoʻnalishidagi oliy va oʻrta maxsus bilim yurtlari faoliyatini oʻquv jarayoni va ilmiy nuqtai nazardan muvofiqlashtiradigan Ilmiy-metodik kengash tashkil etilsin. Ushbu kengashga raislik qilish Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudovga, kengash raisining oʻrinbosari vazifasi esa Davlat maslahatchisi R.Qosimov zimmasiga yuklatilsin.
Oltinchidan, yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarimizning mantiqiy davomi sifatida Qurolli Kuchlar tizimida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkilotlari tashkil etildi va oʻz faoliyatini boshladi. Bu, oʻz navbatida, yosh harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb etish, intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Maʼlumki, hozirgi vaqtda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan mamlakatimizdagi harbiy tuzilmalar bilan birgalikda unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha ish olib borilmoqda va uning samarasini oshirish lozim.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy tuzilmalarini tashkil etish orqali mazkur kengashning vazifalari qayta koʻrib chiqildi va kengaytirildi. Ushbu kengash va uning tuzilmalari bugungi kunda jamoat birlashmalari, fuqarolik jamiyati institutlari va harbiy qismlar oʻrtasida yaqin hamkorlikni taʼminlash boʻyicha ishonchli koʻprikka aylandi. Ular harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish, harbiy xizmat nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilarni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilishni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarning samarasini oshirish maqsadida Prezidentning Davlat maslahatchisi Q.Quronboyev, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi I.Mirzaaliyev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari A.Qodirovga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.
Yettinchidan, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz sezilarli darajada faollashdi. Chet ellik sheriklarimiz bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha 13 ta amaliy harakatlar rejasi yoki “yoʻl xaritasi” amalga oshirilmoqda.
Bu oʻrinda shuni taʼkidlash kerakki, harbiy sohada xalqaro miqyosdagi tadbirlar soni koʻpayishiga qaramasdan, Mudofaa vazirligi qoʻshinlari faoliyatiga ilgʻor xorijiy tajribalarni amaliy jihatdan joriy etish darajasi pastligicha qolmoqda. Orttirilgan tajribani oʻrganish va joriy qilish borasidagi ishlar tizimli asosda olib borilmayapti.
Shu munosabat bilan mudofaa vaziri A.Azizov bu masalaga ham alohida eʼtibor qaratishi zarur. Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash jarayonida harbiy xizmatchilarimizni professional jihatdan shunga mos ravishda tayyorlash hal qiluvchi vazifalardan biri boʻlib turibdi.
Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi P.Ergashev qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligi boʻyicha tizimni takomillashtirish doirasida ushbu masalaga ham jiddiy eʼtibor qaratsin. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar tomonidan zamonaviy texnika va qurol-yarogʻlarni puxta egallash, ularni asrab-avaylab ishlatish, bu borada yoqilgʻi-moylash materiallari, oʻq-dori va boshqa resurslardan oqilona foydalanish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatishga alohida ahamiyat berish zarur.
Sakkizinchidan, mamlakatimizda harbiy xizmatchilarni, ularning oila aʼzolari va faxriylarni ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududlarda koʻp qavatli uylar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda. Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan taʼminlash borasida, jumladan, uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berilishini koʻzda tutadigan yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda.
Hozirgi kunga qadar mamlakatimiz hududlarida 28 ta ana shunday uy-joy foydalanishga topshirildi, 522 nafar harbiy xizmatchining oilasi zamonaviy, shinam kvartiralar bilan taʼminlandi.
Yaqin ikki oy ichida yana 720 nafar harbiy xizmatchining oilasi yangi uylarga koʻchib oʻtadi. Bu ishlar doimiy asosda davom ettirilib, har yili 1500 nafar Vatan himoyachisining oilasi uy-joy bilan taʼminlanadi.
Afsuski, bu masalada ham barcha rahbarlar berilgan topshiriqning maʼno-mohiyati va ahamiyatini toʻliq tushunib yetmayapti. Natijada ushbu loyihani boshlash hech bir sababsiz bir necha oyga choʻzilib ketdi va shaxsan oʻzim ushbu masala bilan shugʻullanishimga toʻgʻri keldi.
2018 yil uchun rejalashtirilgan uylarni qurish boʻyicha ishlar bugunoq boshlanishi kerak. Nega deganda, joriy yilda harbiy xizmatchilarning oilalari uchun yurtimizning barcha hududlarida 100 ta koʻp qavatli uy qurish belgilangan. Bu borada qandaydir bahona yoki sabablarni roʻkach qilishga hech kimning haqqi yoʻq, bu masala boʻyicha talab qattiq boʻladi.
Bundan tashqari, qoʻshinlarni oziq-ovqat bilan taʼminlash boʻyicha birinchi marta autsorsing tizimi joriy qilindi. Autsorsing degani shuki, harbiy xizmatchilarga kunlik ovqat tayyorlab berish bilan endi armiyaning oʻzi emas, balki mustaqil tashkilotlar shugʻullanadi. Bu ishni tashkil qilish joylardagi hokimiyatlarga topshiriladi. Bunday tizimning joriy etilishi shaxsiy tarkibni unga xos boʻlmagan vazifalardan ozod qilib, harbiy xizmatchilarning butun kuch-gʻayratini oʻz professional malakasini oshirishga qaratish imkonini beradi. Biz bu yoʻnalishdagi ishlarni albatta davom ettiramiz.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Barchangizning eʼtiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman. Bundan buyon men qaysi hududga xizmat safariga boradigan boʻlsam, birinchi kuni joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qanday borayotgani bilan tanishaman. Ikkinchi kuni esa, shu hududdagi harbiy-maʼmuriy sektorlardagi ahvolni har tomonlama oʻrganib chiqaman. Yil davomida shunday tartibda ish olib boramiz. Hokimlar, okrug qoʻmondonlari va boshqa tegishli mutasaddi rahbarlar buni albatta eʼtiborga olishi lozim.
Sizlarga maʼlumki, amalga oshirilayotgan chuqur oʻzgarishlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari jamiyatimizning ajralmas bir qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining kafolatiga, harbiy xizmatchilar va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanmoqda.
Ayni paytda butun dunyoda, jumladan, yon-atrofimizda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib bormoqda, ayrim hududlarda qurolli toʻqnashuvlar hamon davom etmoqda. Ana shunday keskin vaziyatdan kelib chiqqan holda, mavjud tahdidlarga qarshi munosib zarba berishga tayyor boʻlishimiz, Oʻzbekistonning tinch va barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida Qurolli Kuchlarimizni yanada isloh qilish, uning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini yuksaltirish boʻyicha kelgusida amalga oshiradigan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarur.
Shu munosabat bilan asosiy saʼy-harakatlarimizni quyidagi ustuvor vazifalarga qaratishni gʻoyat muhim, deb hisoblayman.
Birinchidan, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati va joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini oshirish va faollashtirish lozim.
Barcha boʻgʻindagi hokimiyat organlari rahbarlari qoʻshinlarning kundalik hayotida, harbiy shaharchalar barpo etish va ularning infratuzilmasini yaxshilash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy xizmatchilarda gʻurur, sadoqat va vatanparvarlik tuygʻusini, jangovarlik ruhi va istalgan paytda Vatan himoyasiga tayyorgarlikni tarbiyalashda faol ishtirok etishi shart.
Ushbu sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqishda asosiy masʼuliyat Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar keng dunyoqarash va yuksak intellektual darajaga ega boʻlgan, oʻz fuqarolik burchini ado etishga masʼuliyat bilan yondashadigan yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilishi darkor.
Shu bilan birga, harbiy xizmatni oʻtab qaytgan yoshlarning ijtimoiy muammolarini hal etish, jumladan, ularni ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish lozim. Qurolli Kuchlarimiz barcha davlat idoralari, muassasa va korxonalar uchun yetuk kadrlar tayyorlaydigan haqiqiy mardlik va yuksak vatanparvarlik maktabiga aylanishiga erishishimiz zarur.
Harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashni yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqimizning qadimiy tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi va ularning harbiy sanʼatni rivojlantirishga qoʻshgan hissasini chuqur oʻrganish muhim ahamiyatga ega.
Hech shubhasiz, Vatan oldidagi burchini ado etish chogʻida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch va osoyishta hayotini taʼminlash yoʻlida halok boʻlgan mard va jasur oʻgʻlonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom koʻrsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir.
Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va huquq-tartibot idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ana shunday qahramonlarimizning xotirasini abadiylashtirish, ularning oilasi va yaqinlariga har tomonlama gʻamxoʻrlik koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozim.
Oʻz xizmat burchini bajarish chogʻida mardlarcha halok boʻlgan harbiy xizmatchilarimiz jasoratini ulugʻlash, yosh avlod uchun ibrat namunasiga aylantirish maqsadida Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi X.Sultonovga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda shu mavzuga bagʻishlangan Xotira kitobini yuqori saviyada nashr etish boʻyicha taklif tayyorlash vazifasi topshiriladi.
Ikkinchidan, harbiy okruglar qoʻshinlarining jangovar tarkibini yanada takomillashtirish, jangovar shayligi va harbiy qobiliyatini kuchaytirish, shuningdek, qoʻshinlarni boshqarish tizimini avtomatlashtirish va optimallashtirish orqali armiyamizning oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish salohiyatini oshirishimiz zarur.
Uchinchidan, mamlakatimiz xavfsizligini taʼminlash va tashkiliy-shtat tuzilmalarini takomillashtirish boʻyicha konseptual hujjatlar yangilangani munosabati bilan Qurolli Kuchlarni rejalashtirish va ularni qoʻllashning meʼyoriy-huquqiy asoslarini qayta koʻrib chiqish lozim.
Toʻrtinchidan, qoʻshinlarning jangovar va tezkor tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirish, oʻquv mashqlari faolligini, ularning samaradorligini oshirish – muhim vazifadir.
Oʻquv mashgʻulotlari harbiy boʻlinmalarni imkon qadar toʻliq qamrab olgan va oʻzaro hamkorlikda harakat qiladigan tuzilmalarni jalb etgan holda oʻtkazilishi lozim. Shu asosda boshqaruv organlari va boʻlinmalar imkoniyatlari, askardan tortib komandirgacha boʻlgan har bir harbiy xizmatchining xatti-harakati va jangovar vazifalarni bajarishda qoʻllanayotgan taktikaning maqsadga muvofiqligi va toʻgʻri ekanini baholash mumkin boʻladi.
Beshinchidan, qoʻshinlarning real ehtiyojlarini tizimli ravishda tahlil qilib borish, ularning zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlanish darajasini oshirish doimo eʼtiborimiz markazida boʻlishi kerak.
Bu borada Mudofaa vazirligi, Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi tomonidan 2018-2021 yillarga moʻljallangan qoʻshinlarni modernizatsiya qilish va zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash boʻyicha kompleks dasturni toʻliq amalga oshirish lozim.
Oltinchidan, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy taʼminot tizimini yanada takomillashtirish biz uchun eng muhim vazifa boʻlib qoladi. Bu borada 2020 yilgacha moʻljallangan Qurolli Kuchlarni ijtimoiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish dolzarb ahamiyatga egadir.
Hurmatli majlis qatnashchilari!
Bugungi yigʻilishni yakunlar ekanmiz, quyidagi masalalarni alohida taʼkidlash zarur, deb hisoblayman.
Birinchidan, Qurolli Kuchlar, harbiy okruglar qoʻmondonligi, davlat hokimiyati organlari rahbarlari va ushbu yigʻilishda ishtirok etayotgan barcha mansabdor shaxslar chuqur tushunib olsin: bizning barcha kuch va imkoniyatlarimiz men bugun qisqacha bayon qilgan, kuni kecha qabul qilingan aniq chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish uchun toʻla safarbar etilishi shart.
Ikkinchidan, yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kunini nishonlash masalasiga alohida toʻxtalib oʻtish lozim, deb hisoblayman.
Maʼlumki, hozirga qadar biz ushbu sana munosabati bilan Toshkent shahrida respublika miqyosida tantanali bir tadbir oʻtkazish bilan cheklanar edik. Bunday tajriba endi eskirib qoldi va undan voz kechish vaqti keldi, deb oʻylayman.
Bu masalaning hayotimizdagi oʻta muhim, aytish mumkinki, hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini inobatga olib, Vatan himoyachilari kunini rasmiyatchilikdan xoli, koʻtarinki va taʼsirchan ruhda, haqiqiy xalq bayrami sifatida, yangicha shaklda tashkil etish zarur. Bunday tadbirlarni ayniqsa hududlarda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda harbiy-maʼmuriy sektorlar – mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirokida, yuksak saviyada oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratish darkor.
Qadrli doʻstlar!
Soʻzimning yakunida sizlarni va oila aʼzolaringizni yana bir bor Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklayman.
Sizlarning sharafli va masʼuliyatli xizmatingizda ulkan yutuqlar va oilaviy baxt tilayman.