Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiy kengashning navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi

0
102
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va saʼy-harakatlarni birlashtirish uchun videoanjuman tarzida oʻtkazilgan navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida oʻtgan tadbirda, shuningdek, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban hamda kengash bosh kotibi Bagʻdat Amreev va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, pandemiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatlarimizda koʻrilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida fikr almashildi. Tomonlar epidemiologik nazoratni taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini muhofaza qilish, murakkkab sharoitda iqtisodiyot tarmoqlari va biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan kompleks tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berdilar.

Koronavirusga qarshi kurashishda tajriba va eng namunali amaliyot almashish maqsadida yaqindan hamkorlik qilish, savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi qoʻshma loyihalarni muvofiqlashtirish va qoʻllab-quvvatlash muhim ekani taʼkidlandi.

Turkiy kengash mamlakatlari azaldan doʻstlik va sheriklik rishtalari bilan bogʻlangani, keyingi yillarda koʻp qirrali hamkorlikni faol rivojlantirib borayotganini alohida taʼkidlash joiz.

Afsuski, tezlik bilan tarqalib borayotgan bu xatarli infeksiya 160 millionga yaqin aholiga ega boʻlgan davlatlarimizni ham chetlab oʻtmadi.

Bu pandemiya butun bashariyat va jahon iqtisodiyoti uchun gʻoyat jiddiy sinovga aylandi. Global miqyosdagi epidemiologik inqiroz dunyoda transport qatnovining ancha qisqarishiga, yirik korxona va tarmoqlar faoliyatining toʻxtashiga, ishsizlikning ortishiga olib keldi hamda barcha mamlakatlarda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga katta salbiy taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda.

Bu boradagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida soʻz yuritar ekan, davlatimiz rahbari infeksiyaning keng tarqalishini oldini olish boʻyicha taʼsirchan va keng qamrovli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, sogʻliqni saqlash tizimlari salohiyatini mustahkamlash, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va nisbatan zaif sohalari uchun oqibatlarni yumshatish, ochiq xalqaro muloqotni yoʻlga qoʻyish muhimligini alohida qayd etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimizda koronavirusga qarshi olib borilayotgan mislsiz kurash tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiya va talablariga muvofiq joriy etilgan karantin choralari toʻgʻrisida soʻzlab berdi.

Yurtimiz hududlarida karantin zonalari va zamonaviy modul kasalxonalarini barpo etish ishlari, vrachlar uchun ijtimoiy kafolatlarni kengaytirish, masofaviy taʼlimni tashkil etish, iqtisodiyot va biznesni real qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qabul qilingan choralar, Oʻzbekistonda epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va prognozlash milliy tizimi joriy etilayotgani, boshqa tadbirlar alohida qayd etildi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oqibatlariga qarshi samarali kurashish boʻyicha taʼsirchan amaliy choralar koʻrish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan qator aniq takliflar ilgari surildi, shu jumladan:

— Turkiy kengash doirasida epidemiologik holatni monitoring, tahlil qilish va uning rivojlanishini prognozlash boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi tizim yaratish;

— xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish, diagnostika qilish va davolash sohasida tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun sogʻliqni saqlash vazirliklari va yetakchi tibbiyot muassasalari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish. Shu maqsadda yaqin vaqtda yetakchi ekspertlar ishtirokida birinchi videoanjuman oʻtkazish;

— Turkiy kengash kotibiyatining muvofiqlashtiruvchi funksiyalarini kuchaytirish hamda pandemiyaga qarshi kurashish milliy shtabtlari bilan yaqin amaliy aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun tegishli guruh tuzish;

— transport infratuzilmasi va kommunikatsiyalaridan maksimal darajada toʻliq foydalanish, yuk tashishda va ularning soddalashtirilgan tartibda chegaradan oʻtkazilishida amaliy koʻmaklashish, tashkilotga aʼzo mamlakatlarning transport vazirlari rahbarligida ishchi guruh tuzish orqali yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish;

— pandemiya oqibatlarini yumshatishga keng xalqaro yordamni jalb etish, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maqomi va vakolatlarini yanada oshirish, JSST va Turkiy kengash oʻrtasida sheriklik aloqalarini oʻrnatish.

Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida shuni alohida taʼkidladi:

«Hammamizga ayonki, biron bir davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi.

Biz birdamlik, hamkorlik va oʻzaro gʻamxoʻrlik tamoyillari asosida ish tutishimiz lozim. Biz birgalikda koʻp narsaga qodirmiz».

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining barcha taklif va tashabbuslari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitining yakuniy hujjatida – Boku deklaratsiyasida oʻz aksini topdi.

Ushbu muhim hujjat turkiy tilli mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda siyosiy va huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.