Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Binali Yildirimni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, siyosiy iroda va birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi anʼanaviy yaqin va doʻstona munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi.
Oʻtgan yil kuzda Turkiyaga va joriy yil bahorda Oʻzbekistonga amalga oshirilgan davlat tashriflari davomida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi samarali muzokaralar, ular yakunida imzolangan muhim hujjatlar turli sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilgani alohida qayd etildi.
Siyosiy muloqot faol rivojlanmoqda. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan hamkorlikda savdo, innovatsiyalar, energetika, infratuzilma, transport, turizm, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda investitsiya dasturlari va loyihalari amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshidan buyon 230 dan ortiq Oʻzbekiston – Turkiya qoʻshma korxonasi tashkil etilgani Turkiya ishbilarmonlarining Oʻzbekistonda biznes yuritishga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi shu davrda 40 foizdan ziyodga oshdi.
Madaniy-gumanitar, jumladan, sogʻliqni saqlash, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.
Ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirish va mustahkamlashda parlamentlararo aloqalar muhim oʻrin tutadi. Mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasida faol muloqot kuzatilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisida doʻstlik guruhlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha memorandum va «Yoʻl xarita»si qabul qilingan.
Suhbatda oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish, shuningdek, hamkorlikka oid qoʻshma dastur va loyihalarning parlamentlar vakillari tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanishi muhimligi qayd etildi.
Binali Yildirim Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mehmon Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholab, Turkiya mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Konstruktiv muloqot davomida tomonlarning anʼanaviy doʻstlik munosabatlari va uzoq muddatli strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga intilishi qatʼiy ekani qayd etildi.