Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosarini qabul qildi

0
131
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 mart kuni Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Turkmaniston hukumatlararo qoʻshma komissiyasining navbatdagi yigʻilishi doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Bayram Annameredovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, ikki davlat oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yili mart oyidagi Turkmanistonga davlat tashrifi, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlarining muntazam muloqotlari Oʻzbekiston – Turkmaniston hamkorligini strategik sheriklik darajasiga koʻtarib, uni sifat jihatdan yangi amaliy mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.

Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika sohalaridagi keng miqyosli hamkorlik istiqbollari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

2017 yilda Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 177 million dollarni tashkil qildi. Yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish koʻrsatkichlari ham oshib bormoqda.

Turkmanobod – Farob yangi avtomobil va temir yoʻl koʻpriklarining ishga tushirilishi hamda yuklarning temir yoʻl tranzitida oʻzaro chegirmalar  taqdim etilishi yuk tashish hajmi va ikki mamlakat tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Chegaraoldi mintaqalar oʻrtasidagi aloqalar, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik faollashyapti.

Davlatimiz rahbari erishilgan kelishuvlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash, navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvga puxta tayyorgarlik koʻrishning samarali mexanizmi sifatida Hukumatlararo qoʻshma komissiya faoliyatiga yuksak baho berdi.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

B.Annameredov Turkmaniston tomoni keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki qardosh davlat oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.