25 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning amaliy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv Qozogʻiston tomonining taklifiga binoan Turkiston viloyatining Oʻzbekiston bilan chegaradosh hududidagi Sariagʻash shahrida oʻtkazildi.
Ikki mamlakat yetakchilari Oʻzbekiston-Qozogʻiston strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining oqibatlarini tez fursatda yengib oʻtish maqsadida hukumatlar darajasida yaqindan muvofiqlashuv va samarali hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va tovar ayirboshlashning oʻzaro kelishilgan koʻrsatkichlariga erishish uchun qulay sharoitlar shakllantirishni davom ettirish, qabul qilingan qoʻshma “Yoʻl xaritasi” doirasida sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi va transport sohalarida kooperatsiya boʻyicha ustuvor loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvlarni qoʻllab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, mintaqaviy sheriklikni, jumladan, 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi yakunida erishilgan kelishuvlar asosida ilgari surish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.
Bundan tashqari, MDH doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
Suhbat chogʻida Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev qardosh Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik rishtalari va har tomonlama aloqalarni mustahkamlashda doimo qatʼiy ekanliklarini yana bir bor taʼkidladilar.
Uchrashuv har doimgidek ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.