Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va YUNYeSKO Bosh direktori oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qildilar

0
95
marta koʻrilgan.

15 noyabr kuni Toshkentda oʻtayotgan Kichik yoshdagi bolalarga tarbiya va taʼlim berish boʻyicha Butunjahon konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNYeSKO) Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston bilan BMT tizimidagi ushbu nufuzli institut oʻrtasidagi konstruktiv va samarali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Sermahsul sheriklikning bugungi darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakat dasturi va qabul qilingan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq qoʻshma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz ilk bor Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish xalqaro qoʻmitasining aʼzosi etib saylandi. Baxshichilik sanʼati va lazgi raqsi nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritildi.

Oʻzbekistonda tarixiy meros obyektlarini himoya qilish masalalari boʻyicha xalqaro maslahat qoʻmitasi faoliyati va Mintaqaviy gumanitar hamkorlik boʻyicha “Xiva jarayoni” yoʻlga qoʻyildi.

YUNYeSKO, shuningdek,  mamlakatimizning qishloq joylarida professional taʼlim tizimini rivojlantirishga texnik koʻmak koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.

Uchrashuvda Odri Azule Oʻzbekistonda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, bolalarga tarbiya va taʼlim berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi hamda ular, xalqaro miqyosda solishtirilganda, eng samarali boʻlayotganini taʼkidladi.

Bosh direktor maktabgacha taʼlimni rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan Toshkent xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.

Yangi Mamlakat dasturini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Toshkent shahrida YUNYeSKOning mintaqaviy markazini ochishga, shuningdek, samarali hamkorlik doirasida qoʻshma tashabbus va ilgʻor loyihalarni ilgari surish boʻyicha yangilangan “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.