Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni Pokiston Islom Respublikasi, Shveysariya Konfederatsiyasi, Latviya Respublikasi, Isroil Davlati, Germaniya Federativ Respublikasi, Slovakiya Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Irfon Yusuf Shomiy, Olivye Shav, Mixails Popkovs, Eduard Shapir, Gyunter Overfeld, Yan Bori va Szyan Yandan ishonch yorliqlarini qabul qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Davlatimiz rahbari elchilarni mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy qutlab, masʼuliyatli faoliyatida yuksak yutuq va muvaffaqiyatlar tiladi.
Marosimda Oʻzbekiston kuchli fuqarolik jamiyati va jadal rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotiga ega erkin va demokratik davlat barpo etishning yangi tarixiy bosqichiga qadam qoʻygani alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan keng koʻlamli islohot va oʻzgarishlar muqarrarlik tusini olmoqda.
Ochiq tashqi siyosat olib bormasdan, koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, mustahkamlamasdan turib belgilangan vazifalarni amalga oshirib boʻlmasligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatida gʻoyat qisqa davrda salmoqli natijalar qoʻlga kiritildi. Xorijiy dvlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashda bundan buyon ham barcha saʼy-harakatlarini safarbar etishi hamda ochiq, doʻstona va amaliy tashqi siyosat olib borishni davom ettirishini alohida taʼkidladi. Bunda avvalo qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarga alohida eʼtibor beriladi.
Shuningdek, dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni kengaytirish siyosati davom ettiriladi.
Prezidentimiz oʻz nutqida yangi elchilarni tayinlagan mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlariga toʻxtaldi.
Oʻzbekiston Respublikasi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda anʼanaviy ravishda muhim oʻrin tutayotgan Pokiston Islom Respublikasi bilan koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berayotgani taʼkidlandi.
Oliy darajadagi muntazam siyosiy muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikni sezilarli faollashtirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, oʻzaro savdo-sotiq hajmini oshirish, agrosanoat, farmatsevtika, koʻnchilik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kuchaytirish uchun ulkan salohiyat mavjud.
Shveysariya Konfederatsiyasi Oʻzbekistonning Yevropadagi ishonchli va uzoq muddatli sherigidir.
Bugungi kunda Oʻzbekiston – Shveysariya munosabatlari siyosat, iqtisodiyot, moliya va bank, madaniyat va taʼlim kabi turli sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan samarali sheriklik yoʻlga qoʻyilgan.
Shveysariyaning yetakchi kompaniyalari bilan kimyo, toʻqimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, sogʻliqni saqlash va turizm sohasida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi alohida qayd etildi.
Latviya Respublikasi bilan faol siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyilgan, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanmoqda.
Rigada buyuk ajdodlarimiz Mirzo Ulugʻbek va Abu Ali ibn Sino haykallari oʻrnatilgani mamlakatimiz va xalqimizga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Savdo, investitsiya va innovatsiyalar, transport va logistika, energetika, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalaridagi dastur va loyihalarni amalga oshirish mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari ekani qayd etildi.
Oʻzbekiston Isroil Davlati bilan oʻzaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Isroilning ilgʻor texnologiyalari, tajribasi, ilmiy yutuqlarini jalb etish asosida biotexnologiyalar, energiya va suv resurslarini tejash, tibbiyot va farmatsevtika, turizm kabi yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish taklif etildi. Taʼlim, madaniyat va sport sohalarida mavjud katta salohiyatdan foydalanish muhimligiga eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimizning ishonchli va uzoq muddatli sherigi boʻlgan Germaniya Federativ Respublikasi bilan barcha sohalarda faol muloqot yoʻlga qoʻyilgan, yaqin aloqalar va tajriba almashuvi qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Asosiy eʼtibor mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori texnologik tarmoqlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli sheriklik aloqalarini rivojlantirishga qaratildi.
Ilm-fan va taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat hududlari oʻrtasida aloqalar oʻrnatish va rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Slovakiya Respublikasi Oʻzbekiston uchun Yevropadagi istiqbolli hamkorlardan biri hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari siyosiy muloqotni mustahkamlash bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida mavjud salohiyatni roʻyobga chiqarishni taklif etdi. Bu oʻrinda, avvalo, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo va oziq-ovqat sanoatida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Prezidenti Xitoy Xalq Respublikasi bilan doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
Ikki davlat rahbarlarining oʻtgan yili Pekin va Ostona shaharlarida boʻlib oʻtgan uchrashuvlari oʻzaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqib, aniq mazmun bilan boyitdi.
Davlatimiz rahbari hamkorlikning deyarli barcha sohalarida, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, moliyaviy-texnik, transport kommunikatsiyalari va boshqa yoʻnalishlardagi sheriklikni chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini alohida taʼkidladi.
Transport-tranzit yoʻlaklarini rivojlantirishga doir mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy temir yoʻl magistralini qurish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Xitoy bilan fan, madaniyat, taʼlim va turizm sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti soʻzining yakunida xorijiy elchilarga mamlakatimizning vazirlik, idora va tashkilotlari bilan faol ishlash, joylardagi salohiyat va imkoniyatlar, xalqimizning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish uchun hududlarga tez-tez tashrif buyurishni taklif etdi.
Turli masuʼliyatli lavozimlardagi faoliyati davomida toʻplangan tajriba xorijiy diplomatlarga belgilangan maqsadlarga samarali erishish hamda Oʻzbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yoʻlida oʻz zimmasiga yuklatilgan muhim missiyani muvaffaqiyatli ado etishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Oʻz navbatida, yangi tayinlangan elchilar samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng miqyosli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga bor saʼy-harakatlarini safarbar qilishini qayd etdilar.