Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy delegatsiyalar rahbarlarini qabul qildi

0
155
marta koʻrilgan.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida Yevrokomissiya vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Federika Mogerini, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavushoʻgʻli, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asifni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Federika Mogerinini qabul qilar ekan,  turli darajadagi aloqalar kuchayganini mamnuniyat bilan qayd etdi, bu esa Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish yoʻlida birgalikdagi saʼy-harakatlardan dalolatdir. 

Suhbat chogʻida Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilishda zarur koʻmak koʻrsatish va mintaqani barqaror rivojlantirish, shuningdek savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, taʼlim va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Kelgusi yilda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi Strategiyasini qabul qilish muhimligi qayd etildi. 

Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yuqori surʼat bilan rivojlanib, izchil mustahkamlanayotganini alohida taʼkidladi. 

Soʻnggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik aniq amaliy mazmun bilan boyigani qayd etildi. Oʻzaro savdo hajmi ortib bormoqda, muhim sarmoyaviy loyihalar bajarilyapti, ishbilarmon doiralar va mintaqalar oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalari kuchaymoqda. Taʼlim, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar almashinuvga oid yangi dasturlar amalga oshirilmoqda. 

Joriy yilning kuzida kutilayotgan Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga tayyorgarlik jarayonlari koʻrib chiqildi. 
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari muhokama qilindi.  

Davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavushoʻgʻlini samimiy qutlar ekan, doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida oʻtgan yili oktyabr oyida Turkiyaga oliy darajadagi tashrif chogʻida erishilgan kelishuv va bitimlarni toʻla amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik koʻrish, avvalo muzokaralar kun tartibini savdo, sarmoya, yuqori texnologiyalar, transport va turizm, madaniyat sohalari va boshqa yoʻnalishlardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikka oid aniq loyihalar, dasturlar bilan boyitish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. 

Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Xavaja Muhammad Asif bilan uchrashuv chogʻida ikki tomonlama munosabatlarga amaliy ruh bagʻishlash zarurligi qayd etildi.  

Davlatimiz rahbari oʻzaro savdo, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, yengil sanoat va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya aloqalari, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Oʻzbekistonga ziyorat turizmi uchun tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini oshirish boʻyicha foydalanilmayotgan ulkan salohiyat mavjudligini alohida qayd etdi. Aloqalarni yanada faollashtirish, turli darajadagi oʻzaro tashriflar hamda qoʻshma tadbirlarni tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. 

Uchrashuvlar chogʻida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirib, u oʻz vaqtida tashkil etilgani va tadbir kun tartibiga kiritilgan masalalar dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. 

Forum natijalari ushbu mamlakatdagi vaziyatni tinch muzokaralar yoʻli bilan hal qilish jarayonini amalga oshirishga salmoqli hissa qoʻshishiga ishonch bildirildi. 
Mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy yangilanishlar va sotsial-iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi, shuningdek, Oʻzbekistonning mintaqada konstruktiv, oʻzaro manfaatli hamkorlikda tutgan faol ishtirokiga yuksak baho berildi. 

Yuqori martabali mehmonlar davlatimiz rahbariga Yevropa Ittifoqi rahbariyati, Rossiya, Turkiya, Pokiston rahbarlarining salomi va samimiy tilaklarini yetkazib, mamlakatlarining Oʻzbekiston Respublikasi bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.