Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdoridir

0
136
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga nufuzli global tashkilotlar rahbarlari va xorijiy yetakchilardan ham qutlovlar kelgan,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakat muhim islohotlar jarayonini amalga oshirish bilan bir qatorda iqlim oʻzgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik borasidagi xalqaro saʼy-harakatlarga hissa qoʻshmoqda».

Bosh kotib Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi sifatida inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish boʻyicha oʻz zimmasiga alohida majburiyat olganini qayd etdi.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti bundan buyon ham BMT nizomida mustahkamlab qoʻyilgan qadriyat va prinsiplarni ilgari surishda Oʻzbekiston Respublikasiga tayanadi», deyiladi eng nufuzli global institut Bosh kotibining maktubida.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin oʻz tabriknomasida «Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda turli sohalardagi yangilanishlar dadil amalga oshirilmoqda va Yangi Oʻzbekistonni barpo etish ishlari keng quloch yozmoqda, bundan esa Xitoy tomoni juda mamnun», deb taʼkidlagan.

«Joriy yilda Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanmoqda. Oʻttiz yil davomida Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlari uzluksiz rivojlanib, davlatlar oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlikka namuna boʻlib xizmat qilmoqda.

Joriy yil fevral oyida Pekinda sermahsul uchrashuv oʻtkazdik va ikki tomonlama munosabatlarni yangi tarixiy voqelik sharoitlarida ilgari surish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishdik.

Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqdaman va Siz bilan oʻrtamizdagi mustahkam doʻstlikni qadrlayman. Ikki mamlakat va xalq farovonligi yoʻlida koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga birgalikda harakat qilishga tayyorman», deb taʼkidlagan Rais Si Szinpin.

*****

Quyidagilar ham oʻz tabriklarini yoʻllagan:

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan;

Moʻgʻuliston Prezidenti Uxaagiyn Xurelsux;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin;

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi Raisining oʻrinbosari Dmitriy Medvedev;

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan;

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev;

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Bagʻdod Amreev;

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hayʼati raisi Mixail Myasnikovich;

Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;

Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.