Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida 26 mayda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishi avvalida alohida gapirdi:
– Keyingi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni respublikamizda ham koʻpayganligi qayd etilmoqda.
Aytish kerakki, aksariyat hudud va korxona rahbarlari, fuqarolarimiz karantin choralarining yumshatilganini “kasallik tugadi” deb, notoʻgʻri qabul qilmoqdalar.
Bugungacha chet eldan olib kelingan fuqarolarimiz soni 47 mingtani tashkil etmoqda. Afsuski, ularning, ayniqsa keyingi ikki hafta davomida kirib kelganlarning aksariyatida koronavirus aniqlangan.
Bemorlarning qariyb 50 foizini ham xorijdan kelgan fuqarolar tashkil etadi.
Keyingi 10 kunda 3,5 ming odam havo yoʻllari, 7 mingga yaqin vatandoshimiz chegara postlari orqali yurtimizga kirib kelishi kutilyapti. Bunga qoʻshimcha yana 100 ming nafardan ortigʻi Oʻzbekistonga qaytish istagini bildirib, navbat kutmoqda.
Fuqarolarimiz qaytib kelayotgan davlatlar hamda qoʻshni mamlakatlardagi vaziyatning ogʻirligini hisobga olib, xotirjamlikka berilish mumkin emas.
Ayniqsa, bozorlar, savdo komplekslari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, koʻcha-koʻyda tibbiy niqob taqmaslik, bemalol va xotirjam boʻlib, uylarda turli tadbirlar oʻtkazish holatlari koʻpaymoqda.
Bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash uchun qilayotgan barcha harakatlarimiz, byudjetdan olinayotgan trillionlab xarajatlarimiz natijadorligini yoʻqqa chiqarishi mumkin.
Shuningdek, videoselektor yigʻilishida Shavkat Mirziyoyev topshiriq berdi:
Sogʻliqni saqlash vazirligi «qizil» va «sariq» hududlarda kunlik test olish sonini oshirishi lozim. Bunda tibbiyot muassasalari, bozorlar, banklar va aholi koʻp joylarda nazorat testlar olishni koʻpaytirsin.
Respublika komissiyasi viloyat hokimlari bilan birga bir kun muddatda epidemiologik vaziyat yomonlashgan hududlarning toifasini qayta koʻrib chiqsin hamda karantin choralarini kuchaytirish boʻyicha taklif kiritsin.