Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan elchilarni qabul qildi

0
99
marta koʻrilgan.

24 noyabr kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi elchisi Kim Xi Sang, Qirgʻiz Respublikasi elchisi Musa Jamanbayev, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Bumediyen Gennad, Qozogʻiston Respublikasi elchisi Beybut Atamkulov, Amerika Qoʻshma Shtatlari elchisi Jonatan Xenikdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarni samimiy qutlab, Oʻzbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabrikladi.

Mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq kuchli demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli va muqarrar tus olgan islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy vaziyatda Oʻzbekiston oʻzaro ishonch va hurmat, manfaatli hamkorlikka asoslangan vazmin tashqi siyosat yuritib, barcha davlatlar bilan ikki va koʻp tomonlama sheriklikni mustahkamlab kelmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa va Amerika davlatlari, arab-musulmon mamlakatlari bilan aloqalar yangi bosqichga chiqdi.

Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliya institutlari bilan sheriklik kengayib bormoqda. Yaqinda Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari yuqori darajada oʻtdi.

Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini chuqurlashtirish, xususiy sektorni faol qoʻllab-quvvatlash, xorijiy sarmoya va texnologiyalarni keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Bularning natijasida soʻnggi 5 yilda iqtisodiyotimizdagi xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, 40 milliard dollarga yaqinlashdi.

– Biz kelgusi 10 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki barobarga oshirishni maqsad qilib qoʻyganmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Buning uchun bizda xohish-iroda ham, intilish va imkoniyatlar ham yetarli. Bunday ulugʻvor marralarga erishish uchun sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etishni hisob-kitob qilganmiz. Mamlakatimiz eshiklari jahon uchun, dunyo bozorlari esa yurtimiz uchun ochiq boʻlishi kerak.

Davlatimiz rahbari yangi elchilar vakillari boʻlgan davlatlar bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir. Davlatlararo munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan. Oxirgi besh yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo hajmi ikki barobar koʻpaygan, bu yil esa 30 foizga oʻsib, 2 milliard dollarga yetgan.

Koreya Respublikasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmi va qoʻshma korxonalar soni ham ikki barobarga koʻpaygan. Bugungi kunda ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida Oʻzbekistonda toʻqimachilik, sogʻliqni saqlash, uy-joy qurilishi, geologiya, farmatsevtika, metallurgiya, avtomobilsozlik sohalarida qiymati 14 milliard dollardan ziyod boʻlgan yuzga yaqin investitsiya loyihalari samarali amalga oshirilmoqda.

Axborot texnologiyalari, davlat boshqaruvi, taʼlim va tibbiyot sohalarida ham Koreyaning ilgʻor tajribasi yurtimizda keng tatbiq etilmoqda.

Bu yil mamlakatimizda yashayotgan 200 mingdan ziyod koreys diasporasi vakillari Oʻzbekiston zaminida istiqomat qila boshlaganining 85 yilligini nishonlamoqda. Ularning jamoatchilik faoliyati davlatlarimiz oʻrtasida oʻziga xos doʻstlik koʻprigi boʻlayotgani qayd etildi.

2023 yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va Oʻzbekiston-Koreya biznes forumi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlardan  hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini topish va rivojlantirish uchun samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Qirgʻiziston elchisiga murojaat qilar ekan, davlatimiz rahbari oʻzbek va qardosh qirgʻiz xalqi tarixi va anʼanalari mushtarak boʻlgan yaqin qoʻshnilar ekanini qayd etdi. Bugun davlatlarimiz oʻrtasida ishon va oʻzaro hurmatga asoslangan konstruktiv muloqot qaror topgan.  Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning oʻtgan yili 11-12 mart kunlari Oʻzbekistonga davlat tashrifi munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochdi.

Barcha dolzarb masalalar oʻz vaqtida, har ikki tomon manfaatlarini hisobga olgan holda qardosh xalqlarimizning farovonligi yoʻlida hal etilmoqda. Ayniqsa, erishilgan kelishuvlar asosida chegara masalalari hal qilingani misli koʻrilmagan umumiy yutugʻimiz boʻldi.

Iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, energetika, transport, taʼlim va madaniy-gumanitar jabhalardagi aloqalar ham faollashib borayotir. Yil boshidan buyon mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash koʻrsatkichi 30 foizga oshib, 1 milliard dollarga yetgan.

Mintaqaviy infratuzilma loyihalari, jumladan, Qambar-ota gidroelektr stansiyasi hamda Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy temir yoʻli qurilishi boshlangani ham doʻst xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Prezidentining kelgusi oyda Qirgʻizistonga boʻlajak tashrifi ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.

Jazoir – arab-musulmon olamida jadal rivojlanib borayotgan mamlakat. Bugungi kunda davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy asosi yaratilmoqda, parlamentlararo doʻstlik va hamkorlik guruhlari samarali faoliyat olib bormoqda.

Mamlakatimiz rahbari mushtarak qadriyatlar va oʻzaro hurmatga asoslangan munosabatlarga tizimli tus berish vaqti yetganini taʼkidladi. Ayniqsa, neft va gaz, togʻ-kon, toʻqimachilik, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, sayyohlik sohalari sheriklikning istiqbolli yoʻnalishlari hisoblanadi.

Ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish maqsadida kelgusi yili Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning ilk yigʻilishini hamda “Made in Uzbekistan” sanoat koʻrgazmasini oʻtkazish taklifi bildirildi.

Qozogʻiston asrlar davomida qalin doʻst va yon qoʻshnimiz, strategik hamkor va yaqin ittifoqchimizdir. Soʻnggi yillarda ikki tomonlama aloqalarning surʼati yuqori boʻlib kelmoqda. Parlamentlararo munosabatlar, hududlar oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Ustuvor sohalarda 3 milliard 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Oʻzaro savdo hajmi ham muttasil oʻsib borayapti. Bu koʻrsatkich yil boshidan buyon 20 foizga ortib, 4 milliard dollarga yaqinlashgani ham mamlakatlarimiz salohiyati naqadar katta ekanini koʻrsatadi.

Yaqinda Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari ham ikki qardosh elni yanada yaqinlashtirishga xizmat qildi.

Dekabr oyi boshida Qozogʻiston Prezidentining Oʻzbekistonga kutilayotgan tashrifi davlatlararo munosabatlarda yangi davrni boshlab berishiga ishonch bildirildi.

Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonning global miqyosdagi eng muhim va ishonchli hamkorlaridan biridir. Bu yil davlatlarimiz oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining oʻttiz yilligi hamda Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiya imzolanganining yigirma yilligi nishonlandi.

AQSH mamlakatimizning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, keng koʻlamli islohotlarni doimiy qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Yurtimizda Amerika Qoʻshma Shtatlarining «General Electric», «General Motors», «Hyatt», «John Deere», «Boeing», «Honeywell» kabi yetakchi kompaniyalari samarali faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbari oʻzaro strategik sheriklikning yangi sharoitida Oʻzbekiston savdo va investitsiyalar, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, energetika, taʼlim, innovatsiya, sogʻliqni saqlash kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yaqinda boʻlib oʻtgan birinchi yigʻilishida Amerika kompaniyalari vakillari ham qatnashgani yangi loyihalarga yoʻl ochishiga ishonch bildirildi.

Shuningdek, “S5+1” formatidagi koʻp tomonlama hamkorlikni hamda Afgʻoniston boʻyicha muloqotlarni izchil davom ettirish mintaqamizning umumiy barqarorligiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Marosim yakunida Oʻzbekiston Prezidenti elchilarning masʼuliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi. Mamlakatimiz bilan hamkorlikni mustahkamlash, hali ishga solinmagan salohiyatni roʻyobga chiqarish, yangi “oʻsish nuqtalari”ni topish borasida faol va tashabbuskor boʻlishga chaqirdi.

Elchilar samimiy qabul va samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga bor bilim va kuch-gʻayratini yoʻnaltirishini qayd etdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.