Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi

0
15
marta koʻrilgan.

20 sentyabr kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant, Koreya Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon, Moʻgʻuliston Favqulodda va muxtor elchisi Daadanxuu Batbaatar, Germaniya Federativ Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer, Isroil Davlati Favqulodda va muxtor elchisi Gideon Lustig va Yevropa Ittifoqi Favqulodda va muxtor elchici Toyvo Klaardan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini Oʻzbekistondagi sharafli va masʼuliyatli faoliyati rasman boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

Bugungi kunda jahondagi beqaror va tez oʻzgarayotgan davrda elchilarning nafaqat oʻz mamlakatlarining manfaatlarini ilgari surish, balki xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan sharafli faoliyatining ahamiyati keskin ortib borayotgani taʼkidlandi.

Prezidentimiz ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat natijasida Yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni va mavqei tobora mustahkamlanayotganini taʼkidladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan mamlakatimiz tashabbusi bilan 10 dan ortiq, jumladan, joriy yilning oʻzida katta ahamiyatga ega 4 ta maxsus rezolyusiya qabul qilingani buning tasdigʻidir.

Murakkab global vaziyatda ham Oʻzbekiston iqtisodiyoti barqaror oʻsmoqda, Jahon banki bu yil oʻsish 5,3 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi eʼtirof etganidek, oʻtgan yil yakuni boʻyicha mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshdi.

Parijdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari mamlakatimizning yangi sport tarixini yaratgan yosh sportchilarimizning rekordlari va misli koʻrilmagan yutuqlari maydoniga aylandi.

– Bularning barchasi ortga qaytmas tus olgan keng koʻlamli islohotlarimizning samarasidir, — dedi davlat rahbari.

Oʻzbekiston Respublikasi «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi asosida demokratik jamiyat qurish, iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, sanoat va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, tadbirkor va investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish siyosatini davom ettirishi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan kelgusi oyda Oliy Majlis va mahalliy vakillik organlariga oʻtkaziladigan saylovlar yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq ilk bor aralash saylov tizimi asosida oʻtkazilishi alohida qayd etildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlab kelayotgani uchun diplomatik vakolatxonalar rahbarlari vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga minnatdorlik bildirildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Hindiston Respublikasi elchisi Smita Pantga murojaat qilar ekan, ikki mamlakat yetakchilarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yil boshidan buyon ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi, qoʻshma korxonalar, aviaqatnovlar soni koʻpaymoqda, sayyohlik almashinuvi kengaymoqda, hududlararo aloqalar izchil rivojlanmoqda. Oʻzbekistonda Hindiston universitetlarining toʻrtta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbari yaqin kelajakda oʻzaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish zarurligini taʼkidladi. Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, transport, turizm va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlik loyihalarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va «Hindiston — Markaziy Osiyo» formatidagi muloqotni davom ettirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Oʻzbekiston yetakchisi Koreya Respublikasi biz uchun Osiyo qitʼasidagi vaqt sinovlaridan oʻtgan yaqin doʻst va alohida strategik sherik ekanini taʼkidladi.

Prezident Yun Sok Yolning Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Koreya hamkorligining yangi bosqichini boshlashga kelishib olindi. Mamlakatimizda zamonaviy sanoat va infratuzilmani barpo etish maqsadida yuqori texnologik va innovatsion sheriklik modeli joriy etilmoqda.

Oʻzaro savdo hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil etmoqda. 700 dan ziyod qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, yangi investitsiya loyihalari portfeli 10 milliard dollarga yetdi.

Oʻzbekistonda Koreyaning qator yetakchi universitetlari filiallari, kasb-hunar taʼlimi, innovatsiyalar va axborot texnologiyalari markazlari ochildi, maktabgacha taʼlim tizimini yaratishning ilgʻor tajribasi muvaffaqiyatli joriy etilmoqda, sogʻliqni saqlash sohasida birgalikda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

— Toshkentda barpo etilgan Bolalar klinikasi, Koreya madaniyati va sanʼati uyi, Seul bogʻi va koʻchasi mustahkam doʻstligimizning yorqin ramzlariga aylandi, koʻp millatli xalqimizning ajralmas qismi boʻlgan salkam 200 ming nafar fuqarolarimizdan iborat koreys diasporasi esa taraqqiyotimizga munosib hissa qoʻshmoqda, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari bilan oʻta muhim minerallar, yarim oʻtkazgichlar, kimyo sanoati, «yashil» energetika, mashinasozlik, «aqlli» qishloq xoʻjaligi va transport sohalarida hamkorlik boʻyicha strategik rejalarni toʻliq amalga oshirish zarurligi, shuningdek, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni yanada faollashtirish, gumanitar hamkorlikni kengaytirish, koʻp tomonlama hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Moʻgʻuliston elchisiga murojaat qilar ekan, Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning yaqinda Oʻzbekistonga qilgan davlat tashrifi oʻzaro manfaatli munosabatlarimizda yangi sahifa ochganini taʼkidladi.

Toshkentda Moʻgʻuliston elchixonasi oʻz faoliyatini boshladi. Joriy yil boshidan buyon oʻzaro savdo hajmi ikki barobar oshdi. Turli vazirlik va idoralar oʻrtasidagi aloqalar faollashdi.

Erishilgan kelishuvlarni soʻzsiz bajarish, xususan, Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni qabul qilish, foydali qazilmalarni oʻzlashtirish va qayta ishlashda ishtirok etish, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, charm, toʻqimachilik, farmatsevtika sanoati va tibbiyot sohalarida loyihalarni amalga oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, taʼlim va madaniy dasturlarni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

BMT, ShHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Oʻzbekiston rahbari dunyoning yetakchi davlatlaridan biri, ulkan intellektual va iqtisodiy salohiyatga ega Germaniya Oʻzbekistonning Yevropadagi muhim va uzoq muddatli hamkori ekanini taʼkidladi.

Oʻtgan yili Germaniyaga amalga oshirilgan ikkita oliy darajadagi tashrif, shuningdek, Federal Kansler Olaf Sholsning yaqinda Oʻzbekistonga qilgan rasmiy tashrifi koʻp qirrali Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlari tarixida yangi davrni boshlab bergan muhim voqealar boʻlgani taʼkidlandi.

Keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi va qoʻshma korxonalar soni ikki barobar, oʻzlashtirilgan investitsiyalar esa 10 barobar koʻpaydi.

Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati 9 milliard yevroga teng boʻlgan qoʻshma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

“Siemens”, “Linde”, “BASF”, “MAN”, “CLAAS”, “Henkel”, “Knauf”, “Papenburg”, “Deutsche Bahn” va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish mexanizmlari joriy etilmoqda, Sanoat va texnologik hamkorlik dasturi qabul qilindi.

— Shu bilan birga, madaniy-gumanitar, taʼlim, migratsiya va turizm sohalarida ham katta natijalar kutayapmiz, — deb taʼkidladi mamlakatimiz Prezidenti.

Shuningdek, yaqinda Ostona shahrida boʻlib oʻtgan «Markaziy Osiyo — Germaniya» ikkinchi sammitida bildirilgan mintaqaviy strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan tashabbuslar qoʻllab-quvvatlandi.

Prezidentimiz Isroil Oʻzbekistonning muhim iqtisodiy sherigi ekanini taʼkidladi.

Oʻtgan yilda savdo hajmi ikki barobar oshdi, mamlakatimizda Isroil sarmoyasi ishtirokidagi 120 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekistonda qadimdan yashab kelayotgan Buxoro yahudiylari hamon xalqlarimiz aloqalarida mustahkam bogʻlovchi rishta vazifasini oʻtamoqda.

Prezident ikki tomonlama hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi. Xususan, innovatsiyalar, «aqlli» qishloq va suv xoʻjaligi, resurs tejaydigan texnologiyalar, farmatsevtika va sogʻliqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat tez orada adolatli yechim topishi, umumeʼtirof etilgan hujjatlar asosida uzil-kesil tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishining qatʼiy tarafdori ekanini tasdiqladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Yevropa Ittifoqi ishonchli va vaqt sinovidan oʻtgan hamkor ekanligini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda munosabatlarimiz izchil rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Joriy yilda diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanmoqda.

Oliy darajadagi tashriflar soni ortib bormoqda, Yevropaning bir qator davlatlari bilan strategik sheriklik oʻrnatildi, oʻtgan yili Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi.

«Yashil» iqtisodiyot, muqobil energetika, yuqori texnologik sanoat, innovatsiyalar, mineral resurslar, qishloq xoʻjaligi, ekologiya, fan va taʼlim sohalarida yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning tez orada imzolanishi munosabatlarimizni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

– Yevropa tomoni bilan siyosiy muloqotlarni faollashtirish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlari masalalarida ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish, iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlikning yangi «oʻsish nuqtalari»ni topish, fuqarolarimiz bordi-keldilari uchun viza rejimini yengillashtirish kabi dolzarb yoʻnalishlarda birgalikda ishlash niyatidamiz, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorligi kengayib borayotgani ham qayd etildi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari kelgusi yilda Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» sammitini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganini maʼlum qildi.

Marosim yakunida Oʻzbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarga sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va islohotlar natijalari bilan, ayniqsa, eng chekka tuman va qishloqlarga borib yaqindan tanishishni tavsiya qildi.

Oʻz navbatida, xorijiy diplomatlar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasidagi faoliyatini samarali olib borishlariga yaratilgan sharoitlar uchun tashakkur izhor etdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.