6 mart kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Misr Arab Respublikasidan Tamer Fatxi, Italiya Respublikasidan Pergabriyel Papadia de Bottini, Qirgʻiz Respublikasidan Duyshonqul Chotonov, Belarus Respublikasidan Aleksandr Ogorodnikov, Gruziyadan David Kotariya va Turkiya Respublikasidan Ufuk Ulutashning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Davlatimiz rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini Yangi Oʻzbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan samimiy tabrikladi.
Dunyoda ziddiyatlar keskinlashib, geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan hozirgi davrda doʻst davlatlarning bir-birini qoʻllab-quvvatlashi har qachongidan ham muhim ekani taʼkidlandi.
Bunday sharoitda Oʻzbekiston oʻzining ochiq va pragmatik tashqi siyosati bilan oʻzaro hurmat va doʻstlikni mustahkamlab, dunyoning barcha mintaqalaridagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar va global moliyaviy institutlar bilan amaliy sheriklikni rivojlantirmoqda.
Prezidentimiz umumiy siyosiy iroda tufayli Markaziy Osiyo yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va integratsiya mintaqasiga aylanib borayotganini alohida taʼkidladi.
Joriy yilda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida raislik qilmoqda va Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan tarixiy sammitga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Boʻlayotgan jadal oʻzgarishlar tufayli mintaqamizga qiziqish tobora ortib, «Markaziy Osiyo plyus» muloqot maydoni kengayib borayotgani taʼkidlandi.
Joriy yil aprel oyida mamlakatimizda «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti, may oyida esa «Markaziy Osiyo — Koʻrfaz arab mamlakatlari» formatidagi ikkinchi uchrashuv boʻlib oʻtadi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida 11 ta rezolyusiya qabul qilingani alohida qayd etildi.
Joriy yilda mamlakatimizda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi va YUNYeSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻtkazilishi, 2027 yilda Oʻzbekiston Qoʻshilmaslik harakatiga raislik qilishi ham davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Oʻtgan yili jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 35 milliard dollarni tashkil etib, eksport 27 milliard dollardan oshgan. Yangi innovatsion formatda oʻtkaziladigan Toshkent investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
— Islohotlarimizdan koʻzlangan asosiy maqsad — har bir inson manfaatlarini taʼminlash va aholi daromadlarini oshirish, «kelajak iqtisodiyoti» va ilgʻor infratuzilmani barpo etish, jozibador investitsiya va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashdan iborat. «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi doirasida belgilab olgan ulkan maqsad va rejalarimizni amalga oshirish uchun bizda yetarli salohiyat va imkoniyatlar, eng muhimi, kuchli intilish va siyosiy iroda bor, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlagani uchun diplomatik missiyalar rahbarlari vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga minnatdorlik bildirildi.
Davlatimiz rahbari Misr Arab Respublikasi elchisiga murojaat qilar ekan, ushbu mamlakat Oʻzbekistonning Yaqin Sharqdagi ishonchli hamkori ekanini taʼkidladi.
Siyosiy maslahatlashuvlar muntazam ravishda oʻtkazilmoqda. Oʻtgan yili Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, 3 ta yirik biznes forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiyasi kengaymoqda.
Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining mamlakatimizga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlashda muhim voqea boʻlishi taʼkidlandi.
Misrning yetakchi tashkilotlari va kompaniyalari ishtirokida energetika, kimyo, qishloq xoʻjaligi, geologiya, turizm, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarda qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish istiqbollari qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Arab davlatlari ligasining yaqinda oʻtgan sammitida Misr Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Gʻazoni tiklash rejasini qabul qilish tashabbusini yuqori baholadi.
Oʻzbekiston yetakchisi Italiya ulkan siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega muhim strategik sherik ekanini taʼkidladi.
Bugungi kunda Italiya kompaniyalari bilan «yashil» energetika, kimyo, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, taʼlim va turizm sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Tashqi ishlar vazirlarining «Italiya — Markaziy Osiyo» formatidagi muloqoti davom etmoqda. Turin politexnika va Piza universitetlarining Toshkent shahridagi filiali samarali faoliyat yuritmoqda.
Oʻtgan yili birinchi marta yetakchi oliy taʼlim muassasalari forumi oʻtkazildi. Yaqinda Rim va Viarejio shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi.
Yaqin kunlarda Hukumatlararo ishchi guruh yigʻilishi va biznes forumi, Lombardiya gubernatorining Oʻzbekistonga tashrifi hamda Hududlar kengashi boʻlib oʻtadi. Bundan tashqari, qoʻshma investitsiya fondini tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Italiya Bosh vazirining mamlakatimizga javob tashrifini tashkil etish asosiy vazifa etib belgilandi.
Qirgʻiziston Oʻzbekistonning yaqin qoʻshnisi va strategik sherigidir.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar ortdi, qoʻshma korxonalar soni 300 taga yetdi. Hududlarda avtomobil zavodi, toʻqimachilik fabrikalari, tibbiyot markazlari, agroklasterlar ishga tushdi.
Oʻtgan yil dekabr oyida «Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston» temir yoʻli qurilishi boshlangani muhim tarixiy voqea boʻldi.
Shu oyda Xoʻjand shahrida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston yetakchilari ishtirokida uch tomonlama sammit boʻlib oʻtadi.
Hukumatlararo va parlamentlararo komissiyalar, Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashi faoliyati natijadorligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston-Belarus hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
Oʻtgan yil fevral oyida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning mamlakatimizga rasmiy tashrifi koʻp qirrali sheriklikni kengaytirishga qoʻshimcha surʼat bagʻishladi.
Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, qoʻshma korxonalar soni 240 taga yetdi. Yaqin kunlarda siyosiy maslahatlashuvlar, Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va ishbilarmonlik tadbirlari boʻlib oʻtadi.
Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, sogʻliqni saqlash, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Hududlararo, tibbiyot va taʼlim forumlarini samarali oʻtkazish muhimligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Gruziya Janubiy Kavkazdagi ishonchli hamkorimiz ekanini taʼkidladi.
Oʻtgan yili tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi. Yuk tashish hajmi ortmoqda, bank sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Hukumatlar va parlamentlar darajasidagi aloqalar faollashdi, madaniy va turizm almashinuvlari kengaymoqda.
Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening kuni kecha Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqich boʻlishiga ishonch bildirildi.
Tovar ayirboshlashni yanada oshirish, logistika va tranzit, turizm, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Joriy yilda hududlar biznes forumi, milliy mahsulotlar yarmarkasi, madaniyat kunlarini oʻtkazish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Turkiya elchisiga murojaat qilar ekan, faol siyosiy muloqot tufayli ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi.
Oʻtgan yili tovar ayirboshlash 3 milliard dollarga, oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2 milliard dollarga, qoʻshma korxonalar soni 2 mingtaga yetdi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilmoqda.
Yangi istiqbolli yoʻnalishlar va aniq loyihalarni ilgari surish maqsadida joriy yilda Oʻzbekistonda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishini tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli va masʼuliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, sheriklikni mustahkamlash uchun mavjud barcha imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy biznes vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.
Oʻz navbatida, diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarga minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yoʻlida oʻzlarining butun professional tajribasi va bilimidan foydalanishga tayyor ekanini taʼkidladilar.