Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan xorijiy elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi

0
55
marta koʻrilgan.

 30 avgust kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Yuy Szyun, Malayziya elchisi Ilhom Tua Bin Ilyos, Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart, Turkmaniston elchisi Shodurdi Meredov va Bangladesh Xalq Respublikasi elchisi Muhammad Monirul Islomdan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalarning yangi tayinlangan rahbarlarini Oʻzbekistondagi faoliyati rasman boshlangani bilan samimiy qutladi.

Tantanali marosim Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqi davlat mustaqilligining 32 yilligini keng nishonlanayotgan paytda oʻtkazilayotgani ramziy maʼnoga ega ekani qayd etildi.

Joriy yilda mamlakatimizda umumeʼtirof etilgan demokratik normalarga muvofiq muhim siyosiy tadbirlar – yangilangan Konstitutsiyani qabul qilish boʻyicha referendum va Prezident saylovi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani taʼkidlandi. Ularning natijalari amalga oshirilayotgan islohotlar ortga qaytmasligini mustahkamlab qoʻydi. Bu “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham oʻz ifodasini topdi.

Oʻzbekiston yetakchisi dunyoda geosiyosiy keskinlik kuchayib, oʻzaro ishonch susayib borayotgan, turli mintaqalarda yangi nizo oʻchoqlari vujudga kelib, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdidlar ortayotgan sharoitda Oʻzbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritayotganini alohida taʼkidladi.

Jahondagi barcha mamlakatlar bilan oʻzaro hurmat va amaliy hamkorlikka asoslangan munosabatlar tizimli rivojlanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar bilan koʻp tomonlama sheriklik mustahkamlanmoqda.

Joriy yilda mamlakatimizda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya hamda Jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi boʻlib oʻtadi.

Davlatimiz rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga doir qator muhim masalalarga eʼtibor qaratdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xitoydan yangi tayinlangan elchiga murojaat qilar ekan, Pekin bizning ishonchli va vaqt bilan sinalgan doʻstlarimizdan biri ekani, u bilan munosabatlar keyingi yillarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini qayd etdi.

– Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblarining bir yil avval mamlakatimizga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi hamda joriy yil may oyida Sian shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti doirasidagi samarali uchrashuvimiz ikki tomonlama munosabatlarga kuchli surʼat bagʻishladi, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida oʻzaro savdoni koʻpaytirish, Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi sheriklikni kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, qayta tiklanuvchi energetika, ilgʻor sanoat va infratuzilma, “aqlli” qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va farmatsevtika boʻyicha qoʻshma loyiha va dasturlarni roʻyobga chiqarish, fan-taʼlim va madaniy almashinuvlarni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oktyabr oyida Xitoyda boʻlajak “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro forumi doirasida oliy darajali uchrashuv oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Malayziya – Oʻzbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi muhim hamkori.

– Munosabatlarimiz oʻzaro hurmat va anʼanaviy doʻstlik tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda. Davlatlarimizning dolzarb global va mintaqaviy masalalarga doir qarashlari va yondashuvlari oʻxshash yoki yaqin, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Elektronika va elektrotexnika, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, turizm, taʼlim va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari, ayniqsa, neft-kimyo korxonalari bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Toshkent va Urganch shaharlarida Malayziyaning “Binari” universiteti muvaffaqiyatli ishlamoqda.

Faol oʻzaro tashriflar ham oliy darajadagi uchrashuvlar uchun yaxshi zamin yaratmoqda.

Jahonda ulkan siyosiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Buyuk Britaniya Oʻzbekistonning uzoq muddatli va muhim hamkoridir.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro hurmatga asoslangan keng aloqalar yoʻlga qoʻyilib, barqaror rivojlanmoqda, yangi loyihalar va aniq dasturlar bilan boyimoqda.

Parlamentlar, sud idoralari, adliya, taʼlim va moliya vazirliklari oʻrtasidagi sheriklik kengaymoqda.

Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Iqtisodiy yoʻnalishda oʻzaro savdo hajmi yuqori surʼat bilan koʻpaymoqda.

Oʻzbekiston rahbari mamlakatimiz investitsiyalar va innovatsiyalar sohasidagi ishga solinmagan ulkan salohiyatni toʻliq roʻyobga chiqarishdan manfaatdor ekanini qayd etib, bank ishi va moliya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika, geologiya, kimyo va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi.

Turkmaniston – eng yaqin qoʻshnimiz. Tili, dini va urf-odatlari mushtarak boʻlgan xalqlarimiz koʻp asrlar davomida yonma-yon yashab kelmoqda.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar keyingi yillarda barcha yoʻnalishlarda – siyosat, parlamentlararo aloqalar, savdo va iqtisodiyot, transport, energetika, suv va qishloq xoʻjaligida, madaniy-gumanitar sohada yangi darajaga koʻtarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzbekiston Prezidentining Ashxobodga yaqindagi tashrifi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan sermahsul muzokaralar strategik sheriklikning yanada chuqurlashishiga xizmat qildi.

– Biz savdo aloqalarini kengaytirish, iqtisodiy sohada hamkorlikni mustahkamlash va aniq loyihalarni amalga oshirish, yuk tashish va tranzit hajmini koʻpaytirish uchun ulkan salohiyatga egamiz, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Koʻp qirrali aloqalarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi yaqin muloqotni va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish niyati bildirildi.

Bangladesh Xalq Respublikasi – Janubiy Osiyo va butun islom olamida tez rivojlanayotgan davlat. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi muloqotlar faollashgan.

Siyosiy va savdo-iqtisodiy yoʻnalishlarda “yoʻl xaritalari” qabul qilingan. Toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, turizm tarmoqlarida sheriklikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalari va qoʻshma dasturlarni amalga oshirish istiqbollari belgilab olingan.

Marosim yakunida Oʻzbekiston Prezidenti elchilarga masʼuliyatli va sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni yanada yuksaltirish uchun faolroq ishlash va hududlarimizga koʻproq borishga chaqirdi.

Diplomatlar samimiy qabul, samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, bor bilim va saʼy-harakatlarini ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratishlarini taʼkidladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.