Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Yevroittifoq bilan koʻp qirrali hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgiladi

0
73
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Terxi Xakalani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston bilan YeI oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalarda, ekologiya, taʼlim va turizm yoʻnalishlarida oʻzaro manfaatli hamkorlikning dastur va loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv avvalida YeI maxsus vakili mamlakatimizdagi demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan, ortga qaytmaydigan Yangi Oʻzbekiston islohotlari dasturi Yevropa Ittifoqida yuksak baholanayotgani, uning davom ettirilishi izchil qoʻllab-quvvatlanayotganini taʼkidladi.

Keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgan ikki tomonlama munosabatlar koʻp qirrali va jadal tus olgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

YeIning Markaziy Osiyo boʻyicha yangilangan strategiyasi qabul qilingani, Oʻzbekistonga «GSP+» tizimining benefitsiari maqomi berilgani hamda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik shartnomasi dastlabki tarzda imzolangani buning dalolatidir.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik samarali rivojlanmoqda. Birgina joriy yilning 9 oyida oʻzaro savdo 15 foizga oʻsdi. Oʻzbekiston mahsulotlarining YeI mamlakatlariga eksporti hajmi 70 foizga koʻpaydi. Oʻzbekistondagi qoʻshma loyiha va korxonalar soni 1 mingdan oshdi.

Yevropalik investorlar ishtirokida energetika va avtomobilsozlik kabi yuqori texnologik tarmoqlarda, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda loyihalar amalga oshirilmoqda.

Suhbat chogʻida barqaror taraqqiyotga, mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashga koʻmaklashishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Transport, innovatsiya, raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika va suvdan oqilona foydalanish, inklyuziv taʼlim ustuvor sohalar sifatida belgilandi.

Afgʻonistondagi vaziyatni tez fursatda tinch yoʻl bilan tartibga solish va uning iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.