Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida ishtirok etdi

0
89
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtgan sammitda Kengash Faxriy raisi, Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat — Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Yigʻilish kun tartibidan YeOII makonida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, jumladan, iqtisodiyot, savdo, sanoat, transport, bojxona maʼmuriyatchiligi, raqamlashtirish va boshqa yoʻnalishlarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari oʻrin oldi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqining avvalida Qozogʻistonning YeOIIdagi raisligi muvaffaqiyatli boʻlgani va uning tashabbusi bilan Birlashma doirasida muhim qarorlar qabul qilinganini taʼkidlab, Qozogʻiston mamlakatimiz va Tashkilot oʻrtasidagi konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni qoʻllab-quvvatlaganini alohida qayd etdi.

Oʻzbekiston YeOII faoliyatida kuzatuvchi davlat sifatidagi ishtirokini boshlaganidan oʻtgan bir yil mobaynida uch yillik Chora-tadbirlar rejasi doirasida Birlashmaning turli organlari, eng avvalo, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi.

Milliy qonunchilikni YeOII normalariga, birinchi navbatda standartlashtirish va tashqi savdoni notarif tartibga solish sohalarida yaqinlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimiz “COVIDsiz sayohat qilaman” raqamli platformasiga ulandi. Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qoʻshilish jarayoni boshlandi.

Bugungi davrning qiyinchiliklariga qaramay, murakkab sharoitlarga moslashish va yangi “oʻsish nuqtalari”ni topishga muvaffaq boʻlinayotgani qayd etildi. Xususan, Oʻzbekistonning Tashkilot mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan 30 foizga, 2019 yilga nisbatan esa 11 foizga ortdi.

Prezidentimiz qoʻshma qarorlar qabul qilishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.

Iqtisodiy aloqalarni barqaror rivojlantirish uchun yondashuvlarni yanada muvofiqlashtirish zarurligini qayd etib, Oʻzbekiston yetakchisi oʻzaro savdoda toʻsiq va cheklovlarni bartaraf etish muhim ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan yurtimiz YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashni koʻpaytirish uchun eng qulay sharoitlar yaratish borasidagi yondashuv va mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyorligi bildirildi.

Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashning dolzarb ahamiyatini yana bir bor taʼkidlab, bu borada, shu jumladan Tashkilot doirasida Industriallashtirish onlayn xaritasini yaratishda ishtirok etish orqali hamkorlikni tizimli asosda yoʻlga qoʻyish taklifini ilgari surdi.

Prezidentimiz yangi transport yoʻlaklarini yaratishga qaratilgan, mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan loyihalarni yanada faolroq ilgari surishga chaqirdi.

Oʻzbekiston yuk tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya tamgʻalarini joriy qilish dasturiga qoʻshilishi mumkinligi qayd etildi. YeOII logistika zanjirlarini rivojlantirish raqamli ekotizimini yaratish toʻgʻrisidagi tashabbus qoʻllab-quvvatlandi.

Ishtirokchilarning eʼtibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Oʻzbekiston yuqori darajadagi Ishchi guruhi faoliyatida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi hamda uning doirasida “yashil” taraqqiyot sohasida Chora-tadbirlar rejasini tasdiqlashni taklif etdi.

IT sohasida tajriba almashish va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish muhimligi qayd etildi va shu munosabat bilan navbatdagi Yevroosiyo raqamli forumini Oʻzbekistonda oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Kuzatuvchi davlatlarni Yevroosiyo makonidagi dolzarb tashabbuslar va kooperatsiya dasturlarini amalga oshirishga yanada faol jalb etish, shuningdek, ilmiy-texnik va gumanitar almashinuvlarni ragʻbatlantirish zarur ekani taʼkidlandi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari YeOII Taraqqiyot markazi imkoniyatlaridan foydalanishni hamda kuzatuvchi mamlakatlarning Kengash va YeIK organlari ishida ishtirok etishini taklif etdi.

Prezidentimiz nutqining yakunida Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga intilishi qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.