Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning taklifiga binoan 7 iyun kuni rasmiy tashrif bilan Rim shahriga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Italiya poytaxtining “Fyumichino” aeroportida Oʻzbekiston yetakchisining tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat davlat bayroqlari koʻtarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Oliy martabali mehmonni Italiya mudofaa vaziri Gvido Krozetto va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Tashrifning asosiy voqealari 8 iyun kuni boshlandi. Italiya Respublikasi Prezidentining qarorgohi – Rim shahridagi Kvirinal saroyida rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul hamda otliq gvardiya askarlari saf tortdi. Kvirinal saroyining minorasida Italiya, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi bayroqlari koʻtarildi.
Davlatimiz rahbarini Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella kutib oldi.
Harbiy orkestr ikki mamlakat milliy madhiyalarini ijro etdi. Faxriy qorovul boshligʻi davlatimiz rahbariga raport berdi.
Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.
Birgalikda suratga tushish marosimidan soʻng davlat rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvi boshlandi.