Oʻzbekiston Respublikasida aholining yashash farovonligi va turmush darajasini koʻtarish, xodimlarning mehnat qilishi va dam olishiga qulay sharoitlarni yaratish, ularning yuqori ijtimoiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, har tomonlama ichki turizm va oilaviy dam olish rivojlantirilishi hisobiga mamlakatimizning tarixiy-madaniy boyligi, uning noyob tabiiy resurslari bilan chuqur tanishish uchun fuqarolarga imkoniyatlarning kengaytirilishi boʻyicha izchil choralar amalga oshirilmoqda, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimchi ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini qoʻchirish toʻgʻrisida”gi farmoni davlat bayramlari davrida, qonunchilikda belgilangan dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida fuqarolarga toʻliq va foydali dam olish uchun qoʻshimcha sharoitlarning yaratilishini taʼminlashga qaratilgan.
Shu maqsadda 2018 yilda Yangi yil, Navroʻz va Mustaqillik bayramlariga toʻgʻri kelgan qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlar qonunchilikda belgilanmoqda, shuningdek, ayrim dam olish kunlari ushbu bayram sanalariga yaqin boʻlgan ish kunlariga koʻchirilishi amalga oshirilmoqda.
Natijada 2018 yilda bayram kunlarida uzluksiz dam olish davomiyligi qoʻshimcha ishlamaydigan kunlarni belgilash va ayrim dam olish kunlarni koʻchirish orqali taʼminlanadi:
Yangi yilga – 5 kalendar kuni (2017 yil 30 va 31 dekabr –kalendar boʻyicha dam olish kunlari, 2018 yil 1 yanvar – ishlamaydigan bayram kuni, 2018 yil 2 yanvar – qoʻshimcha ishlamaydigan kun, 2018 yil 3 yanvar – 6 yanvardan koʻchirilgan dam olish kuni);
Navroʻz bayramiga – 5 kalendar kuni (18 mart – kalendar boʻyicha dam olish kuni, 19 mart – 17 martdan koʻchirilgan dam olish kuni, 20 mart – koʻshimcha dam olish kuni, 2018 yil 21 mart – ishlamaydigan bayram kuni, 22 mart – 24 martdan koʻchirilgan dam olish kuni);
Mustaqillik kuniga – 5 kalendar kuni (2018 yil 31 avgust – koʻshimcha ishlamaydigan kun, 2018 yil 1 sentyabr – ishlamaydigan bayram kuni, 2 sentyabr – kalendar boʻyicha dam olish kuni, 3 sentyabr – 8 sentyabr shanba kunidan koʻchirilgan dam olish kuni, 4 sentyabr – 15 sentyabrdan koʻchirilgan dam olish kuni).
Yangi yil, Navroʻz va Mustaqillik bayramlari kunlariga qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlar belgilanishi mehnat taʼtili davomiyligi uch ish kuniga qisqartilishi hisobiga qoplanishi koʻzda tutilmoqda. Bunda:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 134-moddasida belgilangan mehnat taʼtilining eng kam davomiyligi (15 ish kuni);
davlat bayramlariga toʻgʻri kelgan, belgilangan mehnat taʼtilining qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarini qoʻshish yoʻli bilan xodimga yillik mehnat taʼtili davomiyligiga berilishi lozim boʻlgan toʻlovlar miqdori saqlanishi taʼminlanadi.
Bundan tashqari, xalqimizning maʼnaviy hayotida olijanoblik, minnatdorchilik, ezgulik, rahmdillik, hamjihatlik fazilatlari belgilanishida muqaddas Qurbon hayit va Ramazon hayit bayramlarining muhimligi va ahamiyatini inobatga olgan holda, milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizni yuksaltirish va saqlab qolish maqsadida 2018 yildan boshlab ayrim dam olish kunlarini bayram kunlariga yaqin boʻlgan ish kunlariga qoʻchirish hisobiga uzluksiz uch kunlik dam olish kunlari belgilanishi koʻzda tutilmoqda.
Xodimlar tomonidan farmon bilan belgilangan uzluksiz dam olish kunlaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida oilaviy dam olishni tashkil qilish choralari amalga oshirilishi, shu jumladan, ichki turizm marshrutlarini shakllantirish va yurtimizning tarixiy-madaniy markazlariga tashrif buyurishni, respublika pansionat va dam olish uylarida uzaytirilgan dam olish kunlarini oʻtkazish istagini bildirgan xodimlar, ularning oila aʼzolariga mehmonxona va transport xizmatlariga chegirmalar tizimini joriy qilish koʻzda tutilmoqda.
Bunda Mehnat kodeksining 131-moddasida belgilangan bayram (ishlanmaydigan) kunlariga toʻgʻri kelgan hafta kunlarining oʻzgarishini inobatga olgan holda bayram sanalari bilan bogʻliq boʻlgan dam olish kunlaridan uzluksiz va samarali foydalanish maqsadida shu kundan eʼtiboran ayrim dam olish kunlarini bayram kunlariga toʻgʻri kelgan yaqin ish kunlariga koʻchirish boʻyicha har yili belgilanadigan sanalarni koʻchirish tartibi, shuningdek, ish vaqtining Kalendarini ishlab chiqish va tasdiqlashda turli ish rejimlarida ish kunlari va soatlarining soni belgilanishi bilan joriy qilinmoqda.