Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan joriy yil 8-9 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Fransiyada boʻladi.
Tashrif davomida davlat rahbarlari oʻrtasida muzokaralar, Fransiya parlamenti rahbariyati, yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Oliy darajadagi Oʻzbekiston – Fransiya muzokaralari kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va moliyaviy sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, turli tarmoqlarda investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashuvlarni faollashtirish masalalari oʻrin olgan.
Uchrashuv va muzokaralar yakunida 10 dan ortiq hukumatlararo va idoralararo, jumladan, iqtisodiyot va moliya, transport, turizm, ekologiya, madaniyat va sanʼat sohalarida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar, tashqi siyosat mahkamalari oʻrtasidagi hamkorlik dasturi va boshqa hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, davlatimiz rahbari BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashadi. Unda Oʻzbekiston va YUNYeSKO oʻrtasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollari muhokama etiladi hamda 2018-2021 yillarga moʻljallangan qoʻshma Harakatlar rejasi qabul qilinadi.