Farmonga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan jazo muddatini oʻtayotgan 402 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 128 nafari jazodan toʻliq ozod qilinadi, 201 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 15 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, bir soʻz bilan aytganda 223 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda, 121 nafar shaxs probatsiya organlari nazoratidan chiqarilmoqda. Shuningdek, 58 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.
Afv etilganlarning 17 nafarini chet el fuqarolari, 26 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 63 nafarini ayol hamda 19 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining, xalqimizga xos bagʻrikenglik, kechirimli boʻlish, olijanoblik va mehr-muruvvat koʻrsatish kabi ezgu fazilatlarning namoyon boʻlganligining amaliy ifodasidir.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.