Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz parlamentiga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etmoqda.
Davlatimiz rahbari oʻz soʻzining avvalida oʻtayotgan yilda amalga oshirilgan ishlarga toʻxtaldi.
– Buyuk yurtdoshimiz Imom Buxoriy hazratlari oʻz kitobida keltirgan “Barcha ezgu amallar niyatga bogʻliq, har bir kishiga, faqat niyat qilgan narsasi beriladi” degan hadisda, albatta juda chuqur maʼno bor. Biz 2018 yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” deb nom berib, Davlat dasturi doirasida, 21 trillion soʻm va 1 milliard dollarga teng 76 mingta loyihani amalga oshirganimiz, oʻtgan yili yaxshi niyat bilan boshlagan ishlarimiz natijasini koʻrsatib turibdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aholining real umumiy daromadlari 2017 yilga nisbatan 12 foizga oshgani qayd etildi. Soliqlarning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan hududlarda 5,5 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ qoldirilgani, bu oʻtgan yilga nisbatan 6 barobar, 2016 yilga nisbatan esa 32 barobar koʻp boʻlganiga eʼtibor qaratildi.
“Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar doirasida joylarda 2 ming 600 dan ortiq biznes loyihalari amalga oshirilgan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari natijasida 416 ta qishloq yangicha qiyofaga ega boʻlgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni mamlakatimiz tarixida birinchi marta Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etgan edi. Bu yilgi Murojaatnomada ham tugayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yilga moʻljallangan rejalar, davlatimiz ichki va tashqi siyosatidagi asosiy tamoyillar bayon etilgani bilan barchada katta qiziqish uygʻotmoqda.