Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilgʻor ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash hamda tegishli hududiy va tarmoq muammolarini hal qilishda ularning faol ishtirokini taʼminlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga oxirgi saylovlar 1995-yilda oʻtkazilgani mazkur Farmonning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi. Oʻtgan yillar mobaynida akademiklarning soni ikki martadan koʻproqqa qisqardi va hozirgi kunga kelib akademiyaning atigi 63 nafar haqiqiy aʼzosi qolgan edi.
Davlatimiz ragʻbarining topshirigʻlari ijrosi doirasida qisqa vaqt ichida ilmiy-tadqiqot faoliyatining normativ-huquqiy bazasi va moliyalashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan maqsadli kompleks chora-tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda.
Bu keng qamrovli vazifalarni amalga oshirishda mamlakat fundamental fanining yetakchisi sifatida Fanlar akademiyasi haqli ravishda alohida oʻrin tutadi.
9 ta ilmiy-tadqiqot muassasasi Fanlar akademiyasi tarkibiga qaytarildi, qator ilmiy tashkilotlar qayta tashkil etildi, Fanlar akademiyasining fan yoʻnalishlari boʻyicha 3 ta boʻlimi va Navoiy boʻlimi tashkil etildi, Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha Jamoatchilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. «2017-2021-yillarda respublikada ilmiy-tadqiqot muassasalari infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi» amalga oshirilmoqda.
2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasida fan va taʼlim sohalarini rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari sifatida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini ragʻbatlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-taddqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish belgilangan.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018-yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili, deb eʼlon qilinishi harakatlar strategiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi hamda iqtisodiyot va jamiyat hayotining barcha sohalarida innovatsion jarayonlarni jadallashtirishga katta turtki beradi.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 22 yillik uzoq tanaffusdan soʻng akademiklikka tasdiqlash uchun eng munosib olimlarni tanlov asosida saralab olish ishlariga yakun yasalmoqda. Farmonga muvofiq, akademiyaning hayʼati va faoliyat koʻrsatayotgan haqiqiy aʼzolari tavsiyasiga koʻra, Fanlar akademiyasining 32 nafar yangi haqiqiy aʼzolari tasdiqlandi.
Tasdiqlangan akademiklar qatoridan – respublikaning fizika-matematika, kimyo, biologiya, texnika, qishloq xoʻjaligi, tarix, iqtisodiyot, filologiya, huhuqshunoslik, pedagogika, tibbiyot fanlari hamda sanʼatshunoslik sohalarida koʻzga koʻringan, zamonaviy ilmiy-tadqiqot faoliyatini belgilab beradigan quyidagi qator muhim mezonlar boʻyicha koʻp bosqichli saralashdan muvaffaqiyatli oʻtgan olimlari oʻrin oldi:
ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan, ilm-fanni shaxsiy yutuqlari va yirik ilmiy natijalari bilan boyitgan;
oʻz yoʻnalishida yangi ilmiy maktab tashkilotchisi va rahbari boʻlgan yoki mavjud ilmiy maktabni rivojlantirishda bevosita ishtirok etgan;
amaliyotga joriy etilgan ishlanmalarga ega boʻlgan yoki oʻzi rahbarlik qilayotgan jamoa xodimlari tomonidan erishilgan fan yutuqlarini ishlab chiqarishga yoki amaliyotga joriy etishda bevosita qatnashgan;
fundamental, amaliy ilmiy loyihalar va innovatsion ishlanmalarga ilmiy rahbarlik qilgan;
xalqaro ilmiy loyihalarga ilmiy rahbar boʻlgan yoki ularni bajarish va xalqaro ilmiy hamkorlikda ishtirok etgan.
Tanlovli saralash asosida akademiklar qatorini toʻldirish natijasida Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari tarkibi yoshardi, bu akademiklarning boy hayotiy tajribasi va intellektual salohiyatidan ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish sohalarida samarali foydalanish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari, akademiklarni ilmiy, taʼlim va ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etish rejalashtirilgan.
Farmon bilan, shuningdek, akademiklarning asosiy faoliyat yoʻnalishlari doirasida 2018-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritalari”ni tasdiqlash topshirilib, ular tomonidan ilmiy-innovatsion sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini targʻib qilish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish boʻyicha maqsadli tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.
“Yoʻl xaritalari”da respublikamizning chekka hududlari, olis tuman va qishloqlari bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Mamlakatimiz Prezidenti, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari hamda sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari va muxbir aʼzolari faoliyatini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonga ham imzo chekdi. Farmonda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab:
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari va sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolariga eng kam oylik ish haqining oʻn ikki barobari;
sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining muxbir aʼzolariga eng kam oylik ish haqining sakkiz barobari miqdorida oylik gonorar toʻlanishi belgilab berildi.
Bundan tashqari, akademiklar va muxbir aʼzolarga toʻlanadigan oylik gonorarlar jismoniy shaxslar daromadlariga solinadigan daromad soliqisiz amalga oshiriladi.
Mazkur farmonlarning qabul qilinishi akademik ilm-fan nufuzini yanada oshirish, uning kadrlar va intellektual salohiyatini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni ilm-fan sohasiga keng jalb qilish, Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yilida innovatsion jarayonlarni jadallashtirish borasida davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning izchil ravishda davom ettirilishidan dalolat beradi.
Manba: OʻzA