Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari qadimdan mintaqamizda keng nishonlanib kelayotgan, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, tarix, madaniyat va anʼanalar mushtarakligini ifoda etuvchi bahor va yangilanish bayrami — Navroʻz munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdilar.
Oʻzbekiston va Qirgʻiz Respublikasi rahbarlari koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bogʻliq joriy epidemiologik vaziyatni muhokama qildilar.
Ushbu pandemiyaga qarshi samarali kurashish, shuningdek, uning oqibatlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish va oʻzaro koʻmakni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Prezidentlar, shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishga doir hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni koʻrib chiqdilar.