Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti bilan telefon muloqoti toʻgʻrisida

0
167
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan bir-birini qutladi, shuningdek, koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlar va aniq loyihalarni muhokama qildi.

Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilingan 2018 yilda ikki tomonlama munosabatlar yangicha surʼat, sifat va mazmun kasb etgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Koʻp qirrali Oʻzbekiston – Qozogʻiston hamkorligini yanada rivojlantirishning taʼsirchan mexanizmiga aylangan Hukumatlararo qoʻshma komissiya doirasida uchrashuvlar muntazam tashkil qilinmoqda. Noyabr oyida birinchi hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli oʻtdi.

Oʻzaro savdo hajmi yuqori surʼatlarda oʻsib bormoqda, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati, turizm, transport va logistika sohalarida kooperatsiya dasturlari va loyihalari roʻyobga chiqarilmoqda. Madaniy-gumanitar almashuv dasturi sermazmun boʻlgani qayd etildi.

Hozirgi paytda 2019 yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilini oʻtkazish doirasida qator yirik tadbirlarga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev qardosh Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari manfaati yoʻlida koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, shuningdek, strategik sheriklik munosabatlarini bundan buyon ham faol rivojlantirishga intilishi qatʼiy ekanini taʼkidladilar.

Muloqot soʻngida Prezidentlar yangi 2019 yilda mamlakatlarimizga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tilab, xalqlarimizni yana bir bor samimiy tabrikladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.