Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
101
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Davlatimiz rahbari Prezident Vladimir Putinga samimiy qutlov hamda kuni kecha Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi yakunlangani va ishga tushirilgani munosabati bilan boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda Rossiyadan nufuzli delegatsiya ishtirok etgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. 

«LUKOYL» kompaniyasi bilan hamkorlikda tabiiy gazni chuqur qayta ishlash boʻyicha ishga tushirilgan yuqori texnologik ishlab chiqarish majmuasi mamlakatlarimiz oʻrtasida tobora mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining yana bir yorqin namunasi ekani alohida taʼkidlandi. 

Muloqotda oliy darajadagi uchrashuvlar chogʻida erishilgan kelishuvlar doirasida Oʻzbekiston – Rossiya koʻp qirrali aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.  

Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya Prezidentiga davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelishni yana bir bor taklif etdi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. Tashrifning aniq muddati diplomatik kanallar orqali kelishib olinadi. 

Muloqot soʻnggida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin turli formatlarda oʻzaro aloqalarni faol davom ettirishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.  
 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.