Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya Respublikasi Prezidenti bilan telefon muloqoti toʻgʻrisida

0
162
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari Yangi yil kirib kelishi munosabati bilan xalqlarimizni qizgʻin tabriklab, koʻp qirrali hamkorlikning istiqbollariga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Yuqori darajadagi izchil aloqalar, oʻtgan yili kuzda Anqaraga hamda joriy yilning bahorida Toshkentga amalga oshirilgan tarixiy tashriflar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yuqori darajaga olib chiqqani alohida taʼkidlandi.

Siyosiy sohadagi konstruktiv hamkorlik rivojlanmoqda. Parlamentlararo muloqot faollashdi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik hamkorlik kengaymoqda. Eksport va import hajmi yuqori surʼatlar bilan oʻsmoqda.

Shahar, transport-logistika va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mamlakatimizda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida zamonaviy sanoat korxonalarini barpo etish boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik rivojlanayotgani, taʼlim va sogʻliqni saqlashda istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan eʼtirof etildi.

Suhbat yakunida davlatlar rahbarlari doʻstlik va strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Prezidentlar, shuningdek, yangi 2019 yilda qardosh Oʻzbekiston va Turkiya xalqlariga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.