Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga sharh

0
209
marta koʻrilgan.
Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan ayrim mahkuma ayollarni afv etish yuzasidan bildirilgan tashabbusi doirasida Prezident huzuridagi Afv etish masalalari boʻyicha komissiya, boshqa mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, bevosita joylarga chiqqan holda mahkuma ayollarning shaxsini oʻrganish va ular bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilishi taʼminlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻtkazilgan tadbir yakuni boʻyicha Komissiyaning adashib, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish haqidagi taklifi davlatimiz rahbari tomonidan maʼqullanib, “Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.

Farmonga muvofiq jazo muddatini oʻtayotgan 83 nafar ayollar afv etildi.

Afv etilgan ayollarning 12 nafari jazodan toʻliq ozod qilinadi, 29 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 17 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi, bir soʻz bilan aytganda, 58 nafar ayol jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda. Shuningdek, 25 nafar mahkuma ayolga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 7 nafarini chet el fuqarolari tashkil etadi.

Bu voqea yurtimizda xalqimizga xos ayolni eʼzozlash, ayolga ehtirom koʻrsatish, bagʻrikenglik, mehr-shafqat, insonparvarlik va kechirimli boʻlish kabi ezgu fazilatlarning namoyon boʻlganligining amaliy ifodasidir.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan ayollarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish yuzasidan masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.