Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi

0
97
marta koʻrilgan.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Qadrli yurtdoshlar!

Sizlarni, sizlar orqali koʻpmillatli butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda oʻz hayotini ona yurt himoyasidek ulugʻ ishga bagʻishlagan siz, azizlarga oʻzimning yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman.

Hech shubhasiz, mard va olijanob xalqimiz oʻzining muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq boʻlib, xizmat burchini yerda ham, koʻkda ham sharaf bilan ado etayotgan sizlar kabi zabardast farzandlari – bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Muhtaram doʻstlar!

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan oʻzgardi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlashga qodir boʻlgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini taʼminlash, eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz albatta chuqur anglaymiz.

Aynan shuning uchun ham biz 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgiladik.

Ushbu strategiya asosida Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini amalga oshirish, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar bilan taʼminlash hamda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni koʻzda tutadigan qarorlar qabul qildik.

Oʻtgan yili harbiy qismlarda ilk bor “Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” musobaqalar boʻlib oʻtdi. Qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligini oshirish, harbiy anʼanalarni yanada mustahkamlash, buyuk ajdodlarimizga munosib mard va jasur, bilimli va jismonan baquvvat Vatan himoyachilarini tarbiyalashda ushbu musobaqalar beqiyos ahamiyatga ega.

Ayni vaqtda azmu shijoatli askarlarimiz xalqaro maydonlarda oʻtkazilayotgan koʻplab nufuzli harbiy musobaqalarda ham faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston harbiylari Xalqaro armiya oʻyinlari, “Kembriya patruli” va boshqa yirik harbiy-sport musobaqalarida bir necha yillardan buyon salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani barchamizni quvontiradi.

Yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada oʻtgan yili mamlakatimiz boʻylab “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harakatini tashkil etganimiz hamda barcha umumtaʼlim maktablarida mazkur harakatning 20 mingdan ziyod oʻquvchi yoshlarni qamrab olgan guruhlari tuzilgani farzandlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshayotganini taʼkidlash lozim.

Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari hamda soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham jiddiy ahamiyat berilmoqda. Faqat soʻnggi bir yilning oʻzida 3 mingdan ortiq harbiylar uy-joy bilan taʼminlandi, salkam 2 ming harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berildi, 4 mingdan ziyod harbiylarning turmush oʻrtoqlari kasbga oʻqitilib, ishga joylashtirildi, 1250 nafar harbiy pensionerning bandligi taʼminlandi.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugungi kunda butun jahonda, jumladan, bizning mintaqamizda, bevosita chegaralarimiz yaqinida turli tahdid va xatarlar tobora kuchayib bormoqda.

Dunyoda roʻy berayotgan gibrid xarakterdagi qurolli toʻqnashuvlar tahlili bizdan Qurolli Kuchlarimizning jangovar harakatlar jarayonida ilgari amalda qoʻllanilmagan qurollardan foydalanadigan kuchlarga qarshi kurasha olish qobiliyatini oshirishni taqozo etmoqda.

Bunday sharoitda, avvalo, jangovar harakatlarning samarali shakl va usullarini tadqiq va tatbiq etish, Qurolli Kuchlarning yagona avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini yaratish va rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi ishlarni jadallashtirishimiz lozim.

Mamlakatimiz hududlarining operativ jihozlanishini taʼminlash, hududiy mudofaa va fuqaro muhofazasi tizimini takomillashtirish hamda davlat organlari barcha subyektlarining favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha tayyorgarlik darajasini kuchaytirish muhim vazifadir.

Mudofaa sanoatini tizimli rivojlantirish, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli avtomashinalar kompleksini takomillashtirish ishlari ham faoliyatimizning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, quyi pogʻonalardagi boʻlinmalarning axborot-psixologik taʼsirlarga bardosh bera olish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tayyorgarlik ishlarini doimiy yoʻlga qoʻyish zarur.

Maʼlumki, biz 2023 yilni mamlakatimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qildik.

Shu maqsadda harbiy qismlarda shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini, bilim va malakasi, dunyoqarashini yuksaltirish, ularning kasbiy va madaniy qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash masalalariga muhim ahamiyat beriladi.

Harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, moddiy va tibbiy taʼminotini yaxshilash, hududlarimizda harbiylar uchun uzoq muddatli, imtiyozli kreditlar asosida koʻp qavatli uy-joylar barpo etish bundan buyon ham oldimizdagi muhim va ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib qoladi.

Bugungi qutlugʻ ayyomda bir fikrni alohida taʼkidlab aytmoqchiman: harbiy-jangovar salohiyat va yuksak maʼnaviy salohiyat Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur. Shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimiz, yengilmas sarkardalarimiz jasorati, ularning “Bilagi zoʻr – birni yengar, ongi va yuragi zoʻr esa – mingni” degan dono oʻgitlari bizga aynan mana shunday hayotiy haqiqatni uqtiradi.

Shu maʼnoda, harbiy taʼlim va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida, milliy oʻzligimiz, ezgu qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirish barchamizning eng muhim vazifamizdir.

Oʻtgan yili uzluksiz harbiy taʼlim tizimini jahon standartlari darajasiga olib chiqish borasida jiddiy qadamlar tashlandi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi isloh qilinib, kelgusida uning harbiy ilm-fan sohasi lokomotiviga aylanishi uchun mustahkam zamin yaratildi. Endilikda oliy harbiy taʼlim muassasalarida ham yangicha yondashuv va oʻquv uslublari joriy etiladi.

Navqiron avlodimizni bugungi axborot makonida mavjud tahdidlardan himoya qilish, ularda yot va zararli gʻoyalarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi amaliy ishlarimiz samaradorligini oshirishimiz zarur.

Tabiiyki, ushbu vazifalarni bajarishda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” degan tamoyildan kelib chiqib, harbiy-maʼmuriy sektorlar va keng jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Bugungi shonli ayyomda mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yoʻlidagi fidokorona xizmatlaringiz uchun barchangizga oʻz nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Siz, azizlarni, sizlar orqali oila aʼzolaringizni Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt, olijanob va masʼuliyatli xizmat vazifangizda ulkan zafarlar tilayman.

Kuch-gʻayratingiz, shaʼnu sharafingiz yanada ziyoda boʻlsin!

El-yurtimizning yuksak mehri va ishonchi sizlarga doimo yor boʻlsin!

 

Shavkat MIRZIYOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti,

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.