Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Bahodir Yoʻldoshev vafoti munosabati bilan hamdardlik

0
189
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz sanʼati va madaniyati ogʻir judolikka uchradi. Milliy teatr sanʼatimiz va madaniyatimiz rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk va betakror isteʼdod sohibi, atoqli rejissyor, ustoz sanʼatkor, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, Xalq artisti Bahodir Tursunovich Yoʻldoshev shu yil 16 may kuni 76 yoshida vafot etdi.

​B.Yoʻldoshev 1945 yil 7 sentyabrda Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahrida sanʼatkorlar oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent teatr va rassomchilik institutida rejissyorlik mutaxassisligi boʻyicha tahsil oldi.

​Mehnat faoliyatini Oʻzbek davlat akademik drama teatri (hozirgi Oʻzbek Milliy akademik drama teatri) artisti lavozimida boshladi. Oʻzining shonli anʼanalariga ega boʻlgan mazkur ijodiy dargohda tez orada oʻziga xos yorqin uslubi va ijodiy prinsiplariga ega boʻlgan mohir rejissyor sifatida shakllandi. Yigirma yetti yoshida ushbu nufuzli teatrga bosh rejissyor va badiiy rahbar etib tayinlandi. Oʻn uch yil davomida jamoada ishchan ijodiy muhit yaratish, teatr repertuarini zamonaviy hamda mumtoz milliy va xorijiy asarlar bilan boyitish, iqtidorli isteʼdod egalarini tarbiyalashga ulkan hissa qoʻshdi.

1984-2004 yillarda Abror Hidoyatov nomidagi Oʻzbek davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida samarali faoliyat koʻrsatdi.

​Sanʼatni chin dildan sevgan, unga sadoqat bilan xizmat qilishni oʻz hayotining maʼno-mazmuni deb bilgan yorqin isteʼdod sohibi oʻzbek rejissyorlik sanʼatida oʻz ijodiy maktabini yaratdi.

B.Yoʻldoshev tomonidan sahnalashtirilgan «Abu Rayhon Beruniy», «Ibn Sino», «Iskandar», «Nodirabegim», «Yulduzli tunlar», «Qora kamar», «Farmonbibi arazladi», «Kelinlar qoʻzgʻoloni», «Maysaraning ishi», «Checha», «Arshin mololon» kabi oʻnlab dramatik asarlar millionlab sanʼat muxlislarining qalbidan chuqur joy olib, teatr sanʼatimizning «oltin fondi»dan oʻrin egalladi. Ushbu asarlarning aksariyat koʻpchiligi chet ellarda ham katta muvaffaqiyat bilan namoyish etildi.

​Milliy teatr sanʼatimizni yangi gʻoya va talqinlar, betakror asarlar bilan boyitish haqida tinimsiz izlanib yashaganB.Yoʻldoshev maydon tomoshalari, ommaviy madaniy tadbirlarni sahnalashtirish boʻyicha nafaqat respublikamiz, balki xorijiy mamlakatlarda ham eʼtirof etilgan, badiiy tafakkuri nihoyatda keng, oʻz kasbining chinakam ustasi va fidoyisi boʻlgan atoqli ijodkor edi.

Ulkan isteʼdod sohibi B.Yoʻldoshevning ijodiy faoliyati, tashkilotchilik salohiyati ayniqsa mustaqillik yillarida yorqin namoyon boʻldi. Mustaqillik va Navroʻz umumxalq bayramlari hamda yurtimiz va chet ellarda katta shuhrat qozongan «Sharq taronalari» musiqa festivalini, maqom va baxshichilik, milliy hunarmandchilik sanʼatlariga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarning badiiy dasturlarini yaratish borasida oʻzini ayamasdan, fidokorona xizmat qilganini xalqimiz, madaniy jamoatchiligimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Butun ongli hayotini milliy sanʼatimizni ravnaq toptirishga bagʻishlagan ulugʻ sanʼatkor 2009 yilda «Diydor» yoshlar eksperimental teatr-studiyasini tashkil etib, umrining oxiriga qadar unga rahbarlik qilib keldi. Ushbu studiya faoliyati orqali oʻnlab iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularning isteʼdodini roʻyobga chiqarish, mumtoz milliy adabiyotimiz namunalarini sahnalashtirish va targʻib etish yoʻlida jonbozlik koʻrsatdi.

B.Yoʻldoshev oʻzining boy bilim va tajribasi asosida yoshlarga sahna ilmi, rejissyorlik sanʼatining nazariy va amaliy masalalaridan saboq berish maqsadida markaziy telekanallarimiz orqali gʻoyat ibratli «Mahorat darslari»ni oʻtkazib keldi.

B.Yoʻldoshevning milliy sanʼatimiz va madaniyatimizni rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi» hamda «Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvonlari, «Mehnat shuhrati» , «Fidokorona xizmatlari uchun», «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan mukofotlangan edi.

​Xalqimizning buyuk sanʼatkor farzandi, betakror shaxs, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Bahodir Tursunovich Yoʻldoshevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

​​​Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, O.Nazarbekov, S.Saidov

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.